Qirg‘iziston Jogorku Keneshi yig‘ilishida Madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Mirbek Mambetaliyev mamlakatdagi kutubxonalarni raqamlashtirish rejalari haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamiyatning dolzarb talablariga javob beradigan zamonaviy kutubxonalar tashkil etiladi, deya xabar berdi AKI press.
Mambetaliyevning ta’kidlashicha, qishloqlarda deyarli hech kim tashrif buyurmaydigan ko‘plab kutubxonalar mavjud. U ushbu muassasalar binolarining keyingi taqdiri masalasini ko‘tardi. Vazirning tushuntirishicha, har bir bino salohiyati va imkoniyatlari bo‘yicha tahlil qilinadi, shundan so‘ng mahalliy hokimiyat bilan birgalikda tegishli qarorlar qabul qilinadi.
“Raqamlashtirish”ga misollar
Voice of America ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH Kongressi kutubxonasi raqamlashtirish jarayonini 90-yillardayoq boshlagan. 2008-yilga kelib, muassasada 10 milliondan ortiq kitob va materiallar raqamlashtirilgan edi.
Europeana – Yevropaning madaniy va ilmiy merosiga kirish imkonini beruvchi eng yirik raqamli platformalardan biri. Loyiha 2008-yilda Yevropa Ittifoqi ko‘magida boshlangan bo‘lib, butun Yevropa bo‘ylab minglab kutubxonalar, muzeylar, arxivlar va galereyalarning raqamlashtirilgan materiallarini birlashtirdi. Europeana 50 milliondan ortiq raqamlashtirilgan obyektlarga kirish imkonini beradi.
O‘zbekistondagi raqamlashtirish
O‘zbekistonda 2021-yil fevral oyida birinchi Raqamli kutubxona ochildi. Loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevning Namanganga tashrifi doirasida ushbu viloyatda amalga oshirildi. Ayni paytda u yerda olti milliondan ortiq elektron kitob, shuningdek, 250 mingta audiokitob mavjud.
Mamlakatda kutubxonalarni ommaviy raqamlashtirish jarayoni haqida birinchi marta 2010-yilda so‘z yuritilgan. O‘shanda bu maqsadlar uchun 54,8 million dollar ajratish rejalashtirilgan edi. Shu bilan birga, amalga oshirilgan ishlar natijalari to‘g‘risida ochiq ma’lumot mavjud emas.
Keyinchalik, 2014-yilda Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona fondini raqamlashtirish loyihasini besh yil ichida amalga oshirish rejalari haqida xabar berilgan edi. Loyiha Koreya Respublikasining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi yordamida amalga oshirildi. Mazkur jamg‘arma respublikaga 14,6 million dollar miqdorida kredit ajratdi.