Atamalar komissiyasining Fanlar Akademiyasi (FA) O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti olimlaridan iborat ishchi guruhi yangi so‘z-atamalar bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.
Hozircha 30 ta atamaning o‘zbekcha muqobili taklif etildi:
  • Aysberg — Muztog‘;
  • Aksiya — Yalpi harakat;
  • Balansirovka — Muvozanatlashtirish;
  • Bruschatka — Yo‘lg‘isht;
  • Vnedorojnik — Yo‘ltanlamas;
  • Diskussiya — Bahs, munozara;
  • Dostavka — Yetkazish;
  • Zona — Hudud;
  • Instrument — Ish quroli;
  • Intensiv — Jadal;
  • Kamera — Bo‘lma;
  • Karving — Meva bezakchiligi.
  • Konstruksiya — Tuzilma;
  • Koordinator — Muvofiqlashtiruvchi;
  • Koridor — Yo‘lak;
  • Kuler — Suvlik;
  • Keshbek — Hadya-qaytim;
  • Lider — Yo‘lboshchi, yetakchi;
  • Marshrut — Yo‘nalish;
  • Navigator — Yo‘llagich;
  • Oprava — Ko‘zoynak bandi;
  • Probeg — Yurim;
  • Poverbank — Kuchlantirgich;
  • Progress, progressiv — Ilg‘or, rivojlanish;
  • Polik — To‘shama;
  • Sveteofor — Yo‘lchiroq;
  • Selfi — O‘zchekim;
  • Set (ovqat uchun) — To‘plam;
  • Chellenj — Chorlov;
  • Ekspluatatsiya — Foydalanish.
Bular hozircha yakuniy to‘xtam emas. Ushbu havola orqali har bir atama bo‘yicha izohlar mavjud va har kim o‘z fikri, variantini qoldirishi mumkin.
Munosabatlar
Ushbu taklifga keng jamoatchilik o‘z fikrlari va takliflarini yozib qoldirmoqda.
“Keshbek”ni “hadya-qaytim” so‘ziga almashtirish taklifi ostidagi izoh:
  • Tortiq. Podshoxlar zamonida sovg‘ani tortiq deyilgan. Shu so‘zga yangi nafas berish kerak. Uni ustiga "back" bilan "tortmoq" so‘zlari uyg'un. "Klikdan to‘lang va 5% tortiq oling!!"
“Kuler”ni “suvlik”ka almashtirish taklifi ostidagi izoh:
  • Kuler sovutish uchun ishlatilinadigan qurilma, u suyuqlikli yoki oddiy havo haydaydigan bo‘lishi mumkin. Uni “suvlik” deyish juda katta xato. Sovutish tizimi, salqinlatgich yoki sovutgich, to‘g‘riroq bo'ladi.
Xuddi shu izoh ostida “salqinlatgich” varianti ham taklif qilingan.
“Poverbank” o‘rniga “kuchlantirgich”ni ishlatish taklifiga izoh:
  • Quvvatdon yaxshiroq variant. Kuchlantirgich deganda zaryadka turadigan quti esga kelmaydi oddiy zaryadchik xayolga keladi. Agar kuchga kirsa juda ko'pchilik quvvatlagich va kuchlantirgichni farqlolmay qoladi.
“Ekspluatatsiya” so‘zining o‘rniga “foydalanish” so‘zini qo‘llash taklifiga izoh:
  • “Ekspluatator” so‘zi o‘rniga “foydalanuvchi” bo‘ladimi? Kontekstga qarab “ekspluatatsiya” so‘zining ma‘nolari “foydalanish”dan kengroq bo'lishi mumkin.
“Probeg” o‘rniga “yurim”ni ishlatish taklifiga izoh:
  • Mos so‘z chiqibdi. “Probeg” ko‘pincha avtomashinalarga nisbatan qo‘llaniladi. Shunda, “avtomobil probegi” – “avtomobil yurimi” bo‘lar ekan.