1974-yilda Polsha milliy muzeyidan o‘g‘irlanganidan so‘ng, rassom Kichik Piter Breygelning asari ellik yil davomida bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. Yaqinda kartina to‘satdan Niderlandiyadagi Gauda muzeyida namoyish etildi. Bu haqda Germaniyaning De Telegraaf nashri xabar berdi.
Kartina Polshada eng ko‘p qidirilayotgan o‘g‘irlangan san’at asarlari ro‘yxatida edi. Muallifning bu kabi boshqa asarlari millionlab yevroga baholanmoqda.
O‘tmish 
1974-yilda muzey xodimi tozalash paytida unga tegib ketganidan so‘ng, rasmning ramkasi polga tushib ketgan. Kurator kartinani ko‘zdan kechirgach, ramkada rassomning asl ishi emas, balki asarning jurnaldan qirqib olingan fotosi turganligini payqab, bundan hayratda qoladi. Bundan tashqari, Antonis van Deyk tomonidan chizilgan XVII asrga oid asar ham qog‘ozga almashtirib qo‘yilgan edi. Shu tarzda, ikkita shedevr yo‘qolgan edi.
O‘tgan yilning sentyabr oyida taniqli san’at detektivi Brand (u allaqachon o‘g‘irlangan yuzlab san’at asarlarini joyiga qaytarishga ulgurgan) bu asarni qidirishga buyurtma oladi.
Topilma
San’at va antikvarlarga bag‘ishlangan “Vind” jurnali xodimi Valter Lensink Gauda muzeyidagi ko‘rgazma haqida maqola chiqaradi.
“U yerda namoyish etilgan asarlardan biri – kichik Piter Breygelning unchalik katta bo‘lmagan hajmdagi kartinasi edi”

– deydi Brand.

Shaxsi sir qolishini istagan xo‘jayinning so‘zlariga ko‘ra, uning otasi asarni galereya egasidan sotib olgan.
“Men Interpolning arxivlari va ma’lumotlar bazasidan o‘g‘irlangan san’at asarlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdim va Gaudadagi kartina Gdanskdagi Breygelning o‘g‘irlangan asari degan xulosaga keldim”

– deydi Brand De Telegraaf nashriga.

Brandning so‘zlariga ko‘ra, Polsha rasmiylari kartinani qaytarish bo‘yicha xalqaro talabnoma tayyorlamoqda.
“Yaxshiyamki, o‘g‘irlikning muddati yo‘q, chunki bu jinoyat kommunistik tuzum davrida sodir etilgan edi”

– dedi Brand.

Kichik Piter Breygel kim?
Kichik Piter Breygel (1564-1638) flamand rassomi bo‘lib, dehqonlar va diniy mavzulardagi kartinalari, shuningdek, otasi Katta Piter Breygel asarlarining nusxalarini yaratish bilan tanilgan.
Uning asl asarlari orasida “Tuvakli do‘zax”, “Cho‘qintiruvchi Ioanning va’zi”, “Xoch yo‘li” mashhur hisoblanadi.