Arxitektor. Bu so‘z hali ham erkaklarga xos tarzda jaranglaydi, go‘yoki kuch va monumental san’atni anglatayotgandek. Bugungi kunda ham ayollarning bu kasbni tanlashi hayratlanarli, ba’zan esa shubha uyg‘otadi. Biroq, tarix stereotiplarni buzgan ko‘plab iste’dodli me’morlarni ko‘rgan: Uyg‘onish davridagi Ketrin Brissonne va Plautilla Brichchidan tortib, bugungi kunda shuhratga erishgan Zaha Hadid va Kazuyo Sedzimagacha. O‘zbekistonda me’morchilik rivojiga Ofeliya Aydinova va Firuza Xayrutdinovalar o‘z hissalarini qo‘shishgan. 8-mart arafasida men me’morchilikni shunchaki kasb emas, balki hayotiy ishga aylantirgan uch taniqli ayol haqida so‘zlab beraman.
Ularning har biri o‘z ishining ustasi, shunchaki binolar emas, balki qalb bilan to‘ldirilgan betakror makonlarni yaratuvchi me’mor. Qadimdan ayollar har qanday joyni san’at asariga aylantirib, shinamlik yaratishgan. Bugun ular bu ulug‘ ishni faqat butun boshli shaharlar miqyosida davom ettirishmoqda.
Hayotimning turli bosqichlarida ular bilan tanishish sharafiga muyassar bo‘lganman. Har bir uchrashuv o‘ziga xos, har bir hikoya ilhombaxsh edi. Bugun havo bahoriy tarovatga to‘lib, oldinda bizni bayram kutayotgan ekan, men bu hikoyalarni sizlar bilan bajonidil baham ko‘raman.
Marina Borodina: arxitektor, rassom, ustoz
Birinchi muhim uchrashuv 2013-yilda, chorrahada turgan paytimda sodir bo‘lgan. Jurnalist bo‘lishni orzu qilardim va shu mutaxassislik bo‘yicha oliy o‘quv yurtiga kirishga tayyorlanayotgan edim. Ammo mening oilamda hamma me’mor edi va buvim ohistalik bilan meni boshqa imkoniyatlar olamiga – o‘zimni me’moriy makon dizayni sohasida sinab ko‘rishga yo‘naltirdi. Aynan u meni Toshkent arxitektura-qurilish institutiga (TAQI) olib keldi va dizayn kafedrasi mudiri Marina Rostislavovna Borodina bilan tanishtirdi.
Marina Borodina – pedagog, haykaltarosh, rassom va dizayner. O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi akademiki, “Do‘stlik” ordeni, “O‘zbekistonda rus madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” Faxriy nishoni va Xalqaro madaniy merosni asrash jamiyatining “Kelajak uchun meros” mukofoti sohibi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ekspert kengashi va Respublika “Madaniy meros” agentligi Ekspert kengashi a’zosi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Arxitekturaviy muhit dizayni” seksiyasi raisi.
Marina Rostislavovna ajoyib ayol bo‘lib chiqdi – nafis, ziyoli, iliq quyoshdek tabassum sohibasi. Biz birgalikda kafedrani aylanib, talabalarning ishlarini o‘rganib chiqdik va har bir yangi qadam tashlaganimda, men o‘zimda yangicha g‘oyalar tug‘ilayotganini his qilardim. Arxitekturaga qiziqish kutilmaganda, ammo shu qadar yorqin tarzda namoyon bo‘ldiki, men Toshkent arxitektura-qurilish institutiga o‘qishga kirishga qaror qildim.
Shu taqdiriy qarordan so‘ng, Marina Rostislavovna rahbarligidagi tayyorgarlik kurslariga qatnashishni boshladim. Bizning kichkina guruhimiz uning uyida to‘planganini eslayman. U shinamlik muhitini yaratib, choy damlab, so‘ngra g‘oyatda sabr-toqat va nozik e’tibor bilan bizga rasm chizishning asoslarini tushuntirar edi. Uning ustoz sifatidagi yo‘naltirishlari tufayli men akademik rasm chizish va akvarel rangtasvirini shunday darajada o‘zlashtirishga erishdimki, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirib, TAQU (Toshkent arxitektura-qurilish universiteti)ga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim.
O‘qish menga san’at dunyosini ochib berdi, Marina Rostislavovna esa uning teranliklariga bizni yetaklaydigan yo‘lboshchiga aylandi. U bir nechta maxsus fanlarni o‘qitardi, lekin ayniqsa, rangshunoslik va kompozitsiya asoslari yodimda qoldi. Aynan o‘shanda men soya rangga ega ekanligini va qora rang oq rangga qaraganda, hatto teng nisbatlarda ham, vizual ravishda ko‘proq joy egallashini angladim. U yumshoq, biroq qiziqarli tarzda bizga tafsilotlarda go‘zallikni ko‘rishni va rang, faktura hamda shaklning uyg‘unligini tushunishni o‘rgatardi.
Oliygohda o‘qibgina Marina Borodinaning naqadar serqirra shaxs ekanligini anglab yetdim. U nafaqat o‘qituvchi, balki haykaltarosh, rassom, dizayner, endi esa O‘zbekiston madaniy merosini muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassis hamdir. O‘shanda ham, hozir ham uning san’atga cheksiz sadoqati meni hayratlantirib keladi. Men ham bu ajoyib dunyoga shu kabi darajada chuqur kirishib ketishga intilishim kerak.
Olga Rahimova: shahar tabiati yo‘lboshchisi
Ikkinchi ustozim bilan 2021-yilda Hindiston bo‘ylab ikki yillik safardan qaytganimdan so‘ng uchrashdim. Bu vaqtgacha men landshaft dizayneri mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan edim, ammo sayohatdan oldin ko‘proq interyer dizayni bilan shug‘ullanganman. Biroq, tabiat bilan uyg‘unlikda yashaganimdan so‘ng, men o‘z kasbimga yangicha nazar bilan qaray boshladim va tug‘ilgan shahrimni ko‘kalamzorlashtirish qanchalik muhim va qiziqarli ekanligini angladim. O‘shanda men Olga haqida bilib qoldim va biz birga ishlay boshladik. Aslini olganda, bu men uchun institutda o‘qib yurgan kezlarimda yetishmagan amaliyot bo‘ldi.
Olga Rahimova – 25 yillik tajribaga ega landshaft dizayneri, “Anhor Evolution” xoldingining landshaft ta’minoti bo‘yicha direktori va O‘zbekiston landshaft dizaynerlari assotsiatsiyasi asoschisi. Bundan tashqari, u jamoat ishlari bilan faol shug‘ullanadi va Moviy gumbazdagi xiyobonni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan asosiy ko‘ngillilardan biriga aylandi.
Olga Vladimirovna bilan ishlash men uchun yangi, qiziqarli bir dunyoni ochib berdi. Biz birgalikda ofislar yonidagi kichik bog‘lardan tortib to tog‘lar va O‘zbekistonning boshqa shaharlaridagi yirik loyihalargacha bo‘lgan turli xil obyektlarga tashrif buyurdik. U menga nafaqat landshaft dizayni asoslarini o‘rgatdi, balki botanikaning nozik jihatlariga sho‘ng‘ib, bu fanning qanchalik chuqur va murakkab ekanligini ko‘rishga yordam berdi. Ko‘chatzorlarni o‘rgandik, bog‘larni tomosha qildik, dala hovlilarga bordik, bog‘ va tokzorlarning tuzilishi bilan tanishdik. Bog‘bonlar bilan birga yerni yumshatdim, toklarni kesdim, suv o‘simliklarini o‘tqazishda ishtirok etdim. Shu bilan birga, men amaliy ko‘nikmalardan tashqari, o‘lchovlar, zonalashtirish va chizmalar bilan ishlashda o‘zimni haqiqiy mutaxassis sifatida his qildim.
Eng qiziqarli loyihalardan biri lavanda fermasini yaratish bo‘ldi. Keng maydonda to‘y marosimlari o‘tkaziladigan hududlar, ochiq osmon ostidagi restoran, bog‘lar, sharsharalar, issiqxonalar, o‘simliklar ko‘chatxonasi va hatto kontakt hayvonot bog‘ini loyihalashtirdik. Ammo eng esda qolarlisi xushbo‘y lavandali ulkan dala ustida ishlash bo‘ldi. Ushbu noyob loyiha Samarqandda amalga oshirildi va men uning yaratilishiga Olga Rahimova bilan birgalikda hissa qo‘sha olganimdan faxrlanaman.
Taxmina Turdialiyeva: arxitekturada dadil yechimlar
Me’morchilikning uchinchi ayol-mo‘jizasi bilan ommaviy axborot vositalaridagi nashr tufayli tanishgandim. Taxmina Turdialiyeva haqida Britaniya Qirollik arxitektorlar instituti tomonidan nashr etilgan “Dunyoning 100 nafar ayol arxitektori” kitobiga kiritilganida bilib qolganman.
Taxmina Turdialiyeva – “Better Together Challenge 2019” (Koreya Respublikasi), “Turkistan Architect Awards” (Qozog‘iston) xalqaro arxitektura tanlovlari sovrindori. U Xitoy va Italiyadagi bir necha loyihalarda ishlagan, bugungi kunda esa Toshkentdagi o‘zining TT Design Lab arxitektura studiyasiga rahbarlik qilmoqda.
Taxminaning ismi kitobga uning ikkita loyihasi – Shota Rustaveli ko‘chasidagi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ma’muriy binosini rekonstruksiya qilish va Zamonaviy san’at markazining ichki hovlisidagi installyatsiya tufayli kiritilgan. Taxminaning qat’iyatliligi, noodatiy yechimlarni topa olishi va eng muhimi, qurilishda o‘zini ayolona donolik bilan tutishi, shu bilan birga erkaklar jamoasida yetakchiligini saqlab qolishi meni hayratga soldi.
Ana shunda menda undan intervyu olish fikri tug‘ildi. Mendan atigi bir necha yosh katta bo‘lgan va allaqachon yuqori cho‘qqilarni zabt etgan yosh va intiluvchan ayol bilan suhbatlashish men uchun qiziqarli edi.
Tashkent Memory kanalida e’lon qilingan intervyuda u menga quyidagilarni so‘zlab berdi:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi binosi – mening O‘zbekistondagi birinchi mualliflik loyiham. Uning peshtoqida g‘isht teksturali qoplama asosiy o‘rin egallaydi. Dastlab fibrotsement fasad panellari rejalashtirilgan edi, ammo bojxona tartib-qoidalari tufayli loyiha byudjeti smetaga sig‘madi. Bu asosiy muammolardan biriga aylandi. Men hatto yangi dizayn variantini ko‘rib chiqdim. Biroq, oxir-oqibat biz muqobil yechim topdik – yetti qavatli binoning butun tashqi devorini qo‘lda g‘isht terish uslubida chizib chiqdik. G‘alati tuyuldi, lekin biz bu rejamizni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Zamonaviy san’at markazining ichki hovlisidagi installyatsiya soyabon sifatida yaratilgan. Yozda u yer juda issiq bo‘ladi: daraxtlar umuman yo‘q, quyosh esa shafqatsizlarcha kuydiradi. Ayni paytda, markaz maydonchadan turli tadbirlar – kafe, kino namoyishlari va boshqa turdagi faoliyatlar uchun foydalanishni istagandi. Vazifamiz cheklangan byudjet bilan yozgi mavsum uchun ko‘p funksiyali tuzilmani yaratish edi. Yechim muvaffaqiyatli bo‘ldi: yengil matolar yorug‘lik va soya o‘yinini yaratib, qulay salqinlikni ta’minladi, shu bilan birga qurilish xarajatlari minimal darajada bo‘ldi”.
Xulosa qilib aytganda, bu ajoyib ayollarning har biri chinakam kasbiy mahorat va ilhom manbai ekanligini ta’kidlash joiz. Marina Borodina, Olga Rahimova va Taxmina Turdialiyevalar serqirralik, ishtiyoq va fidoyilik qanchalik muhimligiga namunadirlar. Ularning me’morchilik, landshaft dizayni va san’at sohasidagi muvaffaqiyatlari ayollar kuchining atrofdagi dunyoni yaratish, ilhomlantirish va o‘zgartirish qobiliyatida namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Bu hikoyalar kelajak qiyofasini belgilaydigan haqiqiy yetakchilar haqida.

















