Madaniyat vazirligi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining yuqori badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega asarlari inssenirovkasi uchun davlat buyurtmalari ochiq tanlov asosida amalga oshirilishini e’lon qildi.
Tanlovga asarlar 5-martdan 15-maygacha qabul qilinadi. Asarlarni ariza orqali Madaniyat vazirligining Milliy tanlovlar platformasi hamda @inssenirovka_tanlovi_bot Telegram boti orqali elektron shaklda yuborish mumkin.
Tanlovga yuboriladigan milliy mumtoz va zamonaviy mavzudagi asarlar asosida yaratilgan inssenirovkalar (janr va yo‘nalishidan qat’i nazar) quyidagi mezonlarga muvofiq bo‘lishi lozim:
- milliy mumtoz va zamonaviy adabiyot namunalari asosida yaratilishi;
- sahna dramaturgiyasi talablariga javob berishi;
- inssenirovka uchun tanlangan asar muqaddam sahnalashtirilmagan bo‘lishi;
- milliy mumtoz va zamonaviy adabiy asar muallifi hayot bo‘lsa yoki merosxo‘rlari bo‘lsa (ehtimoliy kelishmovchiliklarni oldini olish maqsadida) rozilik olinishi so‘raladi.
Tanlovga asarlar ariza orqali quyidagi tartibda qabul qilinadi:
- Taqdim etiladigan inssenirovkalar o‘zbek tilida, Word formatda, 1,5 interval, 14 shriftda (grammatik va orfografik xatolari bor asarlar qabul qilinmaydi) ko‘chirilgan bo‘lishi hamda hajmi 20 sahifadan, qo‘g‘irchoq teatri uchun mo‘ljallangan inssenirovkalar esa 12 sahifadan kam bo‘lmasligi zarur.
- Tanlovda yoshidan qat’i nazar, barcha ijodkorlar dramaturgiyaning dramatik, musiqali va qo‘g‘irchoq teatri uchun mo‘ljallangan inssenirovkalari bilan ishtirok etishi mumkin.
- Inssenirovkalar belgilangan tartibda yuborilmasa, murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Arizalar qabul qilish muddati tugaganidan so‘ng tanlovga kelib tushgan inssenirovkalar Baholash komissiyasi tomonidan 15 ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi va tanlov natijalari vazirlikning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma’lum qilinadi.
Tanlovda g‘olib deb topilgan inssenirovkalar uchun davlat buyurtmasi mablag‘lari belgilan tartibda inssenirovka mualliflarining hisob raqamlariga o‘tkazib beriladi.