Kecha, 10-mart kuni O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuvda Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev ham ishtirok etdi. Unda ikki davlat hamkorligidagi “Yulduzlar shu’lasi: Jomiy va Navoiy” filmining navbatdagi bosqichini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvdan so‘ng Tojikistonning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda yangi ekspozitsiyalar bilan boyitilgan O‘zbekiston kino san’ati muzeyi bilan tanishdi. Elchiga ko‘rgazmaga qo‘yilgan eksponatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Film haqida
Film XV asrning ikki buyuk shoiri — fors shoiri Abdurahmon Jomiy va o‘zbek mutafakkiri Alisher Navoiyning do‘stligi haqida hikoya qiladi. Filmning yaratilishiga Tojikiston va O‘zbekiston prezidentlari Imomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyev tashabbus ko‘rsatgan.
Suratga olish ishlari dekabr oyida O‘zbekiston pavilyonlarida boshlanishi, bahorda esa Tojikiston va O‘zbekistonning ochiq maydonlarida davom etishi ko‘zda tutilgan edi. Shuningdek, filmni suratga olish ishlari Turkiyada va, ehtimol, Eronda ham bo‘lib o'tishi rejalashtirilgan.