19-martdan 1-iyungacha Qozogʻistonning Olmaota shahridagi Abilxon Qasteyev nomidagi Davlat san’at muzeyida rassom Oʻrol Tansiqboyev ijodiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtadi.
“Oʻrol Tansiqboyev: ijod saylanmasiga nazar” nomli ushbu tadbir ijodkorning soʻnggi 40 yil davomidagi ilk keng ko‘lamli koʻrgazmasi hisoblanadi.
Ekspozitsiyada O‘zbekiston va Qozog‘iston muzeylari sara toʻplamlariga mansub, usta ijod yoʻlining barcha bosqichlarini qamrab olgan 78 ta asar taqdim etiladi.
O‘rol Tansiqboyev ijodi
O‘rol Tansiqboyev — Markaziy Osiyoning XX asrdagi yetakchi rassomlaridan biri va manzara san’ati ustasi bo'lgan. Tansiqboyev kayfiyatning majorligi va zamonaviylikning jonli tuyg‘usi bilan ajralib turadigan manzarali kartinalarni yaratgan. U san'atshunoslar tomonidan "o‘zbek Gogeni" nomini olgan. Uning "Tog‘ manzarasi", "Toshkentliklar", "O‘zbek portreti", "Toshkent ko‘chasi", "Chirchiq daryosi vodiysi" kabi mashhur asarlarini sanab o‘tish mumkin.
Tansiqboyev O‘rta Osiyo tabiati va hayotini aks ettirgan kuchli va rang-barang manzaralari bilan mashhur. Uning asarlari O‘zbekiston davlat san’at muzeyi, Tretyakov galereyasi va boshqa muzeylar kolleksiyalarida saqlanadi.