Yubiley tadbirlari doirasida Samarqanddagi alloma nomi bilan ataladigan Imom Moturidiy majmuasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, mutafakkirning qo‘lyozma asarlarini xorijdan izlab topish va o‘rganish ishlari tashkil etiladi, Moturidiy vatani bo‘lgan Samarqand viloyatida nodir qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi.
Respublika bo‘ylab ilmiy tanlovlar, konferensiyalar, esdalik sovg‘alari va pochta markalarini chiqarish rejalashtirilgan. Moturidiy asarlarining akademik tarjimalari yaratilib, uning hayoti va merosiga bag‘ishlangan film suratga olinadi. Tashkiliy qo‘mita ikki hafta muddatda chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishi kerak.
Imom Moturidiy asos solgan moturidiya ta’limoti bag‘rikenglik, mo‘tadillik, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash tamoyillarini targ‘ib qiladi.