Mahalla qayerdan paydo bo‘lgan va nima uchun shunday nomlangan?
Mahalla (محلة [mahalla]) so‘zi arab tilidan kirib kelgan bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi “kvartal”, “lager” demakdir. An’anaviy islomiy shaharlarda mahallalar masjid, bozor yoki hunarmandchilik ko‘chalari atrofida shakllangan va ularning nomlari aholisining nima bilan shug‘ullanishini aks ettirgan.
Agar bu yerda kulollar yashagan bo‘lsa, mahallani Kulolon, zargarlar yashagan bo‘lsa Zargaron, ko‘nchilar yashagan bo‘lsa Charmgaron, so‘zanachilar yashagan bo‘lsa So‘zangaron deb atashgan. Ba’zan mahalla me’moriy yodgorlik (Go‘ri Amir) yoki suv havzasi (Obi Mashhad) nomi bilan atalgan. Boshqa hollarda nom mahallaga asos solgan ko‘chmanchilarning kelib chiqishiga ishora qilgan: Toshkandiy, Urgutiy, Dahbediy, Xavosiy.
Bu faqat O‘zbekistondagina emas edi. Musulmon aholisi bo‘lgan mamlakatlar – Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Eron, Pokistonda ham mahalla shahar turmush tarzining muhim qismi bo‘lib qolmoqda, aholisi esa ko‘pincha mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish masalalari bilan shug‘ullanadi.
XI asrdayoq Yaqin Sharq bo‘ylab sayohat qilgan fors shoiri va mutafakkiri Nosir Xisrav “Qohira shahri 10 mahalladan iborat”, deb yozgan edi. O‘shandan beri deyarli ming yil o‘tdi, lekin Toshkentda bu so‘z haligacha odatdagidek jaranglaydi.
Mahalla ichida nima bor: guzar
Mahalla shunchaki yonma-yon turgan uylarni anglatmaydi. Bular seni taniydigan, qo‘shnisi nega bunchalik kech qaytishingni so‘raydigan, bayram kunlari qo‘shnini osh bilan siylasang hech kim hayron bo‘lmaydigan ko‘chalardir.
Mahalla ichkarisida undan ham ixchamoq joy – guzar bor. Bu mahalla ichidagi kichik mahalla bo‘lib, ilgari maishiy masalalar hal qilingan joydir: bu yerda choyxonachi va novvoy ishlagan, yig‘ilishlar o‘tkazilgan, xalq bayramlari uyushtirilgan. O‘tmishda har bir guzarning o‘z oqsoqoli bo‘lib, u tartibni nazorat qilar, nizolarni bartaraf etishga ko‘maklashardi.
Bugun guzarlar asta-sekin yo‘qolib bormoqda. Endi yangiliklarni qo‘shnidan emas, Telegram orqali bilishadi, non olish uchun mahalliy novvoynikiga emas, gipermarketga borishadi. Lekin eng ko‘hna mahallalarda guzarlar avvalgidek bo‘lmasa-da, hamon tirik.
Mahalla ko‘p qavatli uylarga qarshi
Mahalla yashashda davom etayapti, lekin shahar bilan birga o‘zgarmoqda. Yangi tumanlarda hayot boshqacha qurilmoqda: qo‘shnilar yillar davomida bir-birlari bilan uchrashmasliklari mumkin, faqat liftda, ba’zida hatto salomlashishmaydi. Darvoza oldidagi kechki o‘tirishlar o‘tmishda qoldi, ko‘p masalalar esa endi hovlida emas, balki chatlarda hal qilinmoqda.
Eski uylar o‘rniga ko‘p qavatli uylar qurilmoqda va ular bilan mahallaning odatiy hayoti yo‘qolmoqda. Zamonaviy turar-joy majmualarida qo‘shningizning shunchaki eshik ortidagi siluet ekanligini hisobga olsak, oldingi davrlardagi kabi umumiylik tamoyili ishlashini tasavvur qilish qiyin.
Lekin an’analar birdaniga yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ba’zi joylarda beton devor bo‘lsa-da, mahalla saqlanib qolgan: kimdir qo‘shnilarga ovqat tarqatadi, kimdir ziyofatga chaqiradi, kimdir umumiy hovlidagi bolalar tarbiyasiga qaraydi. Keksalarni e’zozlash tamoyillarini yoshlarga yetkazishga tayyor insonlar bor ekan, mahalla yashaydi.
Mahallani nega sevish kerak?
Mahallaga birdaniga yoqtirib qolmasligingiz mumkin. U ba’zan shovqinli, talabchan va boshqalarning hayotiga nisbatan haddan tashqari qiziquvchan bo‘lishi mumkin. Lekin usiz Toshkent shunchaki shahar xolos. U bilan esa, bu joy odamlar shunchaki yonma-yon yashaydigan joy emas, balki ular qandaydir kattaroq narsaning bir qismi bo‘lib qoladigan makonga aylanadi.



