Festivalda 200 dan ortiq musiqachi ishtirok etadi. Dasturdan o‘nga yaqin simfonik, kamer va vokal-cholg‘u musiqa konsertlari, shuningdek, konservatoriya talabalari va musiqa maktablari o‘quvchilari uchun xalqaro mahorat darslari o‘rin olgan.
Bundan tashqari, tadbir doirasida musiqaning rivojlanishi va uning zamonaviy musiqa ta’limiga ta’siriga bag‘ishlangan talabalar va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar bo‘lib o‘tadi.
Festivalning ochilish marosimi O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filialida mahorat darslarini o‘tkazadigan fransiyalik dirijyor Natali Maren rahbarligida bo‘lib o‘tadi. Konsert dasturida fransuz kompozitorlari — Moris Ravel, Pol Dyuk, Gabriel Fore, Kamil Sen-Sans va boshqalarning asarlari yangraydi.
Festivalning musiqiy qismini O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari va o‘qituvchilari tayyorlagan. Ishtirokchilar orasida dotsentlar Tatyana Myakushko, Javlon Rajabov, professorlar Ramida Po‘latxonova, Malika Qosimova va boshqalar bor.
Yakkaxon dasturlar bilan fransiyalik ijrochilar — pianinochi Fransua Shaplen va organchi Jan-Batist Robin, shuningdek, o‘zbekistonlik pianinochilar Elmira Mirqosimova va Adiba Sharipova chiqish qiladi.
Festivalni O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev rahbarligidagi Davlat simfonik orkestrining konserti yakunlaydi.