Musobaqada ham mahalliy, ham xorijlik shaxmatchilar ishtirok etadi. O‘zbekiston fuqarolari uchun 1-maygacha, xorijiy ishtirokchilar uchun esa 25-aprelgacha arizalarni qabul qilish davom etadi.
Tashkiliy badal 250 ming so‘mdan 400 ming so‘mgacha bo‘ladi. Biroq xalqaro shaxmat ustalari va grossmeysterlar turnirda bepul ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, 60 yoshdan oshgan o‘yinchilar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 50% chegirma mavjud.
Turnir shveysarcha klassik tizim bo‘yicha o‘tkaziladi va to‘qqiz turni o‘z ichiga oladi. Vaqt nazorati: har bir yurishga 30 soniya qo‘shilgan holda, bir partiyaga 90 daqiqa ajratiladi.
"A" guruhi g‘olibi 100 million so‘m, "B" guruhi chempioni esa 20 million so‘m bilan taqdirlanadi. Shuningdek, "A" guruhida 10 nafar, "B" guruhida 15 nafar eng yaxshi o‘yinchiga pul mukofoti beriladi.
Ayollar, o‘smirlar va 60 yoshdan oshgan ishtirokchilar orasidagi eng yaxshi shaxmatchilar qo‘shimcha mukofotlar bilan taqdirlanadi.