Ko‘rgazma O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan.
Ko‘rgazmada Markaziy Osiyodagi birinchi professional fotograf va kinooperator Xudoybergen Devonovning 34 ta noyob ishi namoyish etilmoqda. Uning XIX asr oxiri — XX asr boshlarida olingan suratlari Xorazmning o‘sha davrdagi asl qiyofasini — me’morchiligi, an’analari va mintaqaning kundalik hayotini dunyoga saqlab qoldi.
Bu Devonov merosining YUNESKOdek yirik xalqaro maydondagi ilk namoyishidir. Uning asarlari O‘zbekiston madaniy merosida alohida o‘rin egallab, tomoshabinlarga fotografchilik san’ati orqali Markaziy Osiyo tarixini ochib beradi.