Tomoshabinlar bunday “O‘zbekcha King”ni ilk bora tomosha qilmoqda. “So‘nggi teginish” filmi — “Qo‘l berib ko‘rishmagan odam” hikoyasining ekranlashtirilishi — mashhur dahshatli asarni mahalliylashtirish bo‘yicha ajoyib tajriba bo‘ldi. Syujet XXI asrga, voqealar esa O‘zbekistonga ko‘chirilgan bo‘lsa-da, muhit o‘sha-o‘sha qo‘rqinchli va vahimali shaklda qolgan.
Ushbu film yozuvchining o‘zi tomonidan 1977-yilda yo‘lga qo‘yilgan Dollar Baby dasturi doirasida suratga olingan. Dastur shartlariga ko‘ra yosh rejissyorlar hikoyalardan birini ramziy bir dollar haq evaziga ekranlashtirish huquqiga ega bo‘lgan. Shuningdek, qo‘shimcha shartlarga ko‘ra, filmdan tijoriy maqsadlarda foydalanish taqiqlangan, barcha huquqlar yozuvchida saqlanib qolgan. Dastur 2023-yilning dekabr oyida yakunlandi, rejissyor Gulnora Ivanova ushbu dastur doirasida o‘z loyihasini amalga oshirishga ulgurgan o‘zbekistonlik birinchi va so‘nggi ishtirokchiga aylandi..
Dollar Baby tanlovi yosh kinoijodkorlar uchun o‘z salohiyatini namoyon etish borasida noyob imkoniyatni taqdim etdi, – deya o‘z fikrini bildirdi loyiha prodyuseri Eldor Yo‘ldoshev HD Magazine bilan suhbat davomida. Shuningdek, u mashhur “Shoushenkdan qochish” va “Yashil milya” filmlari rejissyori Frenk Darabont ham o‘z faoliyatini Dollar Baby loyihasidan, aniqrog‘i “Xonadagi ayol” kartinasidan boshlaganini eslab o‘tdi.
Ushbu filmni suratga olish nafaqat badiiy, balki texnik jihatdan ham sinov vazifasini bajardi. Suratga olish ishlari Toshkent viloyatining ovloq joyida o‘tkazildi – muhit film atmosferasiga mos edi, lekin elektr energiyasi ham, aloqa ham yo‘q edi. Bu tijoriy loyiha bo‘lmagani uchun, har bir ishtirokchi faqatgina Kingga "yaqinlashish" ishtiyoqida g‘ayrat bilan o‘z hissasini qo‘shdi.
Filmni suratga olish. Foto: Svetlana Volkova
Prodyuser Davron Kabulovning aytishicha, suratga olish jarayoni chinakam sinovga aylandi: barcha ishlar generatorlar yordamida amalga oshirildi, tez-tez uzilishlar, shovqin va yoqilg‘i quyish muammolari bo‘lib turdi. U HD Magazine bilan suhbat davomida quyidagilarni ta’kidladi: "Ovqatlanish masalasi ham zimmamizda edi. Oshpazsiz, logistlarsiz... Har kunni rejalashtirishdan boshlar edik: kim suv va ovqat olib keladi, nechta porsiya kerak, issiqda bularni qanday saqlash mumkin. Do‘kon o‘nlab kilometr narida, hech kimga suyanib bo‘lmasdi,".
"So‘nggi teginish" syujeti erkin bo‘lsa ham, ammo asl nusxani tanib olish mumkin. Amerikalik Genri o‘rniga o‘zbekistonlik Mark. It o‘rnida - "nobud bo‘lgan" guldasta. Shunday bo‘lsa-da, asosiy qo‘rquv elementi o‘sha-o‘sha qolgan: boshqa insonga teginish. Filmda qo‘rquv shaxsiy aybdorlik tuyg‘usiga aylanadi - qahramon o‘z la’natining eng yaqin insonlariga ta’siridan qo‘rqadi. Xotima Kingning uslubida ishlangan, ya’ni ochiq qolgan. Balki kechirim, balki o‘lim. Ehtimol, ikkalasi ham.
Filmni suratga olish. Foto: Svetlana Volkova
"Men doimo triller va psixologik drama janrida ijod qilaman - do‘stlarim hatto meni haqiqiy dark-qahramon deb hazillashadi. Ammo men uchun bu shunchaki qiziqish emas, men chindan ham bunday hikoyalarni sevaman, ularni tomosha qilishni va ayniqsa yaratishni yaxshi ko‘raman," - deya o‘z fikrini bildirdi Gulnora Ivanova HD Magazine bilan suhbat davomida.
Universitetda tashkil etilgan namoyish talabalar, jurnalistlar va kino sanoati mutaxassislarini jalb etdi. Titrlarga qadar va undan keyin ham qizg‘in muhokamalar to‘xtamadi. Kimdir ramziy ma’nolar haqida fikr yuritsa, boshqalar texnik yechimlarni tahlil qilardi. O‘zbekistonlik rejissyorning asari ilk bor "qo‘rqinch qiroli"ning shaxsiy kutubxonasidan joy olganining o‘zi ham quvonchli hodisa bo‘ldi.
Rejissyor Gulnora Ivanova va kinoko‘rsatuv tashkilotchisi Marina Xramova. Foto: Diyor Masharipov
Режиссер Шахрух Расулов отметил, что такие независимые проекты важны для развития киноиндустрии: «В фильме чувствуется тонкая работа со страхом. Финал, оставленный открытым, — верное решение, в духе Кинга».
Rejissor Shohrux Rasulov bu kabi mustaqil loyihalarning kino sanoati uchun muhimligini ta’kidladi: "Filmda qo‘rquv hissi bilan nozik tarzda ishlanganligi sezilib turadi. Film yakuni ochiq qoldirilgani esa King uslubiga xos bo‘lgan to‘g‘ri yechimdir".
Kreativ prodyuser G‘ayrat Mo‘minovning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekcha kontekst janrdan chetga chiqmagan, aksincha, yanada teran bo‘lishini ta’minlagan: "Bu chindan ham Kingning uslubida — vahimali, sirli va tanish. Bu hikoyani yirik formatda ko‘rishni istardim."
"So‘nggi teginish" filmini ochiq foydalanishga qo‘yib bo‘lmaydi - dastur shartlari shunday. Biroq, film allaqachon muhim madaniy ifoda sifatida mavjud bo‘lib, u qo‘rquv, aybdorlik, yolg‘izlik va umid haqida so‘zlaydi. U yangicha ohangda - bosiq, xavotirli va o‘ziga xos tarzda jaranglaydi.
Tomoshabinga esa qahramon ikkinchi imkoniyatni qo‘lga kiritgani yoki kiritmaganini taxmin qilishgina qoladi. Biroq O‘zbekistonda endi o‘zining “Stiven King”i paydo bo‘lganining o‘zi ham juda ko‘p narsadan dalolat beradi. Ba’zan boshqa bir voqelik eshigini ochish uchun atigi bitta dollar kifoya.









