Kimdir uchun bukinistikani shunchaki ishlatilgan nashrlarni qayta sotish deb biladi. Ammo bu ish bilan yashaydiganlar uchun bu ko‘proq ruhiy arxeologiyadir. Eski kitoblarni o‘rganish orqali tilning o‘zgarishini, tarixiy fikr-mulohazalarning rivojlanishini va kitob bezaklarining takomillashuvini kuzatish mumkin. Ko‘plab kitoblar kichik tirajlarda nashr etilgan va bugungi kunda ularni izlash haqiqiy kvestdir. Dastxatlar, forzatslardagi tilaklar, egalik shtamplari va belgilari bo‘lgan nusxalar esa deyarli o‘z taqdiriga ega jonli mavjudotlardir.
Toshkentlik bukinistlar – o‘ziga xos, ba’zan alohida va sirli hodisa. Ular har doim ham antikvar do‘konlarda ishlashmaydi – ko‘pincha bu ochiq peshtaxtalar, bozorlar yoki tumanlarning ichkarisida joylashgan do‘konlardir. Yana bir o‘ziga xos xususiyat – ko‘p tillilik: bu yerda rus klassikasi, kirill alifbosidagi o‘zbek adabiyoti, nemis darsliklari, sovet ma’lumotnomalari, ingliz komikslari yonma-yon turadi. Bunday javon bo‘ylab bir aylansangiz bas – ko‘z oldingizdan mafkuralar, davrlar, alifbolar uchib o‘tadi.
Ochiq havodagi bukinistika
Joylashuv: Moviy gumbaz”lar yonidagi kitob rastalari
Ish vaqti: 10:00-18:00
Yaxshi ob-havoda bu joy kitob izlashni sayr bilan uyg‘unlashtirish uchun eng qulay maskan hisoblanadi. “Moviy gumbazlar” restorani ortida o‘ziga xos muhit hukm surmoqda: qatorlarning boshida bezaklar, nishonlar, chinni va vinil plastinkalar bilan jihozlangan tabiiy peshtaxtalar joylashgan. Biroz nariroqda mavsumiy gullar, kuzda esa ryabina va qovoqlar joylashgan.
Kitob rastalarining o‘zida sotuvchilar bir-birlari bilan uzoq vaqtdan beri tanish bo‘lib, agar xaridorlarda kerakli kitob bo‘lmasa, ularni bajonidil boshqa tomonga yo‘naltirishadi. Peshtaxtalarda zamonaviy nashrlardan tortib, reprintlar va eski nusxalargacha topishingiz mumkin. Ba’zan kitoblar solingan qutilar ustida mushuklar, ehtimol, olimlar yotgan yoki o‘tirgan bo‘ladi.
Shoshilmay suhbatlashish, shashqol toshlarining taqillashi eshitiladi – kimdir narda o‘ynayapti, havoda esa eski sahifalarning shirin hidiga qo‘shilgan barglarning hidi kezib yuribdi.
Doimiy o‘quvchilardan biri:
“Men bir kuni kimyogar do‘stimdan eski kitoblarning bunday hidi qanday paydo bo’lishini tushuntirib berishini so‘radim. Uning aytishicha, kitoblar tarkibida lignin moddasi bo‘lgan yog‘och sellyulozasidan tayyorlangan qog‘ozga bosilgan. Vaqt o‘tishi bilan u parchalana boshlaydi va vanilin, etilgeksanol, benzaldegid kabi moddalar paydo bo‘ladi. Shuning uchun sahifalardan vanil, quritilgan mevalar, ba’zan bodom hidi keladi. Shunaqa gaplar”.
Eski kitobning hidi – tom ma’noda ko‘z o‘ngimizda chirib borayotgan o‘tmishning hidi. Mana shunaqa mono no avare (narsalarning ma’yus jozibasi).
Chang qatlami ostidagi ombor
Manzil: Yangiobod bozori
Ish vaqti: 06:30-17:30 (dam olish kunlari)
Bir qarashda Yangiobod bozori shahardagi barcha bozorlardan deyarli farq qilmaydi. Biroq, dam olish kunlari bu yerda ertalabdan boshlab sershovqin eski-tuski bozori paydo bo‘ladi – baland shovqinli, rang-barang, tartibsiz. Bu yerda hamma narsa aralash-quralash: eski plakatlar, kiyim-kechak, texnika, vimpellar, kitoblar. Aniq nomlar uchun odatda bu yerga kelishmaydi. Odamlar atmosfera uchun – xazina qidirish hissi uchun borishadi. Biroz e’tiborli bo‘lsangiz, ajoyib noyobliklar topasiz va oqshomni yaxshi hikoya bilan o‘tkazishingiz mumkin.
Ilgari bu tasodifiy xazinalar saltanati “Tezikovka”da – temir yo‘lning narigi tomonida joylashgan edi. Bu joy o‘z nomini bir vaqtlar yaqin atrofda bo‘lgan savdogar Ivan Tezikovning chorbog‘i sharafiga olgan. Bugungi kunda u yo‘q, ammo bozor haqidagi xotira adabiyotda saqlanib qolgan: Dina Rubinaning “Bulutli havodagi ko‘l tekisligi” qissasida savdo to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘lda – odamlar, hayqiriqlar, oyoq ostidagi gazeta varaqalari va qo‘ldagi tovarlar to‘plangan joyda davom etgani haqida so‘z boradi.
“Olomon bilan oxirgi ko‘prikdan chiqasan, Salar ustidagi yog‘och ko‘prikdan o‘tasan, shu yerning o‘zidayoq g‘ala-g‘ovur boshlanadi – to‘ppa-to‘g‘ri temir yo‘lda... Bu yerda onamdan boshqa hamma narsani sotardik”.
2000-yillar boshida bozor Yangiobodga ko‘chirildi. O‘shandan beri u bu yerda yovvoyi bog‘ singari o‘sib-undi: o‘z hayoti bilan yashamoqda, shovqin-suron ko‘tarmoqda, buyumlar va ovozlar bilan tovlanadi. Atmosfera xuddi buvimning boloxonasidagidek: biroz chang, kutilmagan, ammo negadir ketgingiz kelmaydi.
Chilonzordagi kitob navigatori
Joylashuv: Yuriy Kim peshtaxtasi
Ish vaqti: 10:00-18:00
“Chilonzor” savdo markazi yonidagi dehqon bozorida Yuriy Kimning bukinistik rastasi joylashgan. Uning 5000 dan ortiq jildlari mavjud bo‘lib, barchasi tizimlashtirilgan. Ochiq peshtaxta ustidagi baland tokchalar va ola-bula kitob gilami kitob muqovalarini uzoq va o‘ychan tomosha qilish imkonini beradi. Bu nafaqat badiiy adabiyot, balki tarix, pazandachilik, texnika, radio havaskorlari uchun qo‘llanmalar hamdir. Mushukchalar ham bor – ularsiz qayerga ham borardik?
Yuriy birinchi marta kitob bilan shug‘ullanishga yaqin do‘stining o‘limidan so‘ng qaror qildi, do’sti unga kutubxona va Yangiobod bozoridagi nuqtani meros qilib qoldirdi. Besh yil mashhur “blok”da savdo qilganidan so‘ng, u uyiga yaqinroq joyga – “Chilonzor” savdo markazi bozoriga ko‘chib o‘tdi. Ko‘pincha u juda eskirgan kitob jildlarini mustaqil ravishda ta’mirlayotganini yoki yaqinda sotib olingan biror narsani ishtiyoq bilan o‘qiyotganini ko‘rish mumkin.
Ushbu kitob burchagining saqlovchisi sizga bajonidil maslahat beradi, suhbatingizni qo‘llab-quvvatlaydi va ehtimol, siz uzoq vaqtdan beri izlayotgan kitobni taklif etadi. Yoki hatto siz o‘zingizga kerakligini bilmagan kitobni ham tavsiya qilishi mumkin.
Ikki qatlamli kitob do‘koni
Joylashuv: Bukinistik kitoblar
Ish vaqti: 09.30-21.00
“Parus” savdo markazidan “Qatortol” bozoriga olib boradigan yo‘lda Book.uz kitob do‘koni peshtoqiga ko‘zingiz tushadi. Bu yerda o‘zbek va rus tillaridagi zamonaviy nashrlarni topish oson. Lekin ichkariga kirgach, o‘ngga burilsa, “Bukinist kitoblar” degan oddiygina lavhaga ko‘zingiz tushadi.
Ichkarida hamma narsa tokchalarga tartib bilan joylashtirilgan, janrlar esa qo‘lda chiroyli husnixat bilan imzolangan. Falsafa, tibbiyot, tarix va, albatta, kichik janrlarga bo‘lingan badiiy adabiyot.
Do‘kondagi yordamchining eslashicha, o‘tgan asrning 90-yillarida, Sovet Ittifoqi parchalanib ketganidan so‘ng, odamlar ketishgan, kitoblarni esa o‘zlari bilan olib ketishmagan. Kimdir makulaturaga topshirgan, kimdir tarqatgan…
Do‘kondagi xaridorlar turli-tuman: talabalar, nafaqaxo‘rlar, bolalar. Har kim o‘ziga keragini qidiradi: o‘qituvchilar – darsliklar, keksalar – klassika va xotiralar, yoshlar – fantastika va sarguzashtlar. Do‘kon ichkarisiga kirsangiz, 1917-yilgacha chop etilgan bir asrlik tarixga ega kitoblarni ham topishingiz mumkin.
Ba’zi nashrlarni, ayolning so‘zlariga ko‘ra, sovet davrida topish deyarli imkonsiz bo‘lgan – hozir u ularni kechikib o‘qimoqda. Ammo hozir u Garri Potterning o‘zbekcha tarjimasini o‘zlashtirmoqda – nabirasiga sovg‘a tayyorlamoqda, lekin avvaliga o‘zi o‘qib chiqmoqchi, keyin esa u bilan “Xogvarts”ning sehrli olamini muhokama qilmoqchi.
Bukinistika o‘tmish haqida emas, balki shu yerda va hozir yashayotgan xotira haqida. Tokcha yonida to‘xtab, qog‘oz hidini hidlashingiz bilan boshqa davr, boshqa suhbat, boshqa hayot ichida bo‘lasiz. Bu yerlarda kitoblar sizni o‘zlari topadi.







