Qayd etilishicha, ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumani hududida o‘suvchi 100 yoshdan oshgan 5 tup qayrag‘och, Jizzax viloyati Jizzax shahridagi 200 yoshdan oshgan tut, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi 250−300 yoshli tut, Narpay tumanidagi 450 yoshli chinor va Payariq tumanidagi 1000 yoshdan oshgan chinor daraxtlari kiritilgan.
Avvalroq ro‘yxatga Jizzax, Samarqand, Toshkent, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining turli tumanlarida joylashgan 8 turdagi daraxtlar kiritilgan edi. Yangi daraxtlar qo‘shilishi bilan O‘zbekiston ushbu xalqaro ro‘yxatga tabiiy meros obyektlarini kiritgan Markaziy Osiyodagi birinchi va MDHdagi uchinchi davlat (Rossiya va Ozarbayjondan keyin) bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Monumental daraxtlar ro‘yxati — tarixiy, madaniy yoki tabiiy ahamiyatga ega bo‘lgan daraxtlar kiritiladigan xalqaro reyestr.
Bunday daraxtlar odatda kattaligi, qadimiyligi, g‘ayrioddiy shakli yoki madaniy qiymati bilan ajralib turadi. Ro‘yxatning maqsadi ushbu tabiiy boyliklar haqida xabardorlikni oshirish va ularni asrab-avaylashga hissa qo‘shishdir.