Bu haqda "Hunarmand" uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yusupov Rishton kulolchilik maktabining yettinchi avlodining yorqin vakili bo‘lib, o‘z hayotini o‘zbek kulolchiligi an’analarini saqlash va rivojlantirishga bag‘ishladi. Uning Rishton kulolchilik san’atini qayta tiklashga qo‘shgan hissasi nafaqat O‘zbekistonda, balki undan tashqarida ham yuqori baholanadi.
Sharofiddin Yusupov 1945-yil 29-aprelda Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida nasldor kulol oilasida tug‘ilgan. Hunar sirlarini otasi Isomiddin Yusupov va boshqa ustozlardan o‘rgangan. 1963-yildan Rishton keramika zavodida, 1978-1980-yillarda korxona bosh rassomi lavozimida ishlagan.
Yusupovni kulolchilik san’atini mukammal egallaganligi uchun "Rishtonlik Paganini" deb atashgan. U nafaqat an’anaviy shakl va motivlarni saqlab qolgan, balki ularni ijodiy qayta ishlab chiqqan, yangi rang birikmalari va ramzlar bilan boyitgan. Uning ijodidagi taniqli elementlar orasida to‘rt bargli beda, bodom guli, anor tasvirlari, shuningdek, yashil-moviy, jigarrang-binafsha va oq ranglarning nafis palitrasi mavjud.
Ustaning asarlari O‘zbekiston va dunyoning eng yirik muzeylari — Qirg‘iziston san’at muzeyi, Moskvadagi Sharq xalqlari muzeyi, Davlat Ermitaji, Sankt-Peterburg Etnografiya muzeyi, Estoniya va boshqa mamlakatlarda saqlanadi.