So‘nggi yillarda O‘zbekiston kitob bozorida xilma-xillik sezilarli darajada oshdi: nashriyotlar ko‘paydi, xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilishga bo‘lgan e’tibor kuchaydi. 2024-yil 1-yanvar holatiga ko’ra, O’zbekistonda 532 ta nashriyot faoliyat yuritayotgan edi. Taqqoslash uchun, 2020-yilda ularning soni 168 ta edi. O’tgan yilning o’zida ham qanchadan-qancha yangi nashriyotlar ochilganini hisobga olsak, hozirda mamlakat kitob bozorida yaxshigina raqobat yuzaga kelgan. Bu esa kitobxonlarga ko’plab yangi asarlar, jumladan xorijiy adabiyot tarjimalarini taqdim etmoqda.

O’zbekiston kitob bozorida qanday yangiliklar bo’ldi?

Ko’plab xorijiy adabiyotlarning tarjima qilina boshlashi orqali, o’zbek kitobxonlari o’zlari uchun yangilik bo’lgan yangi janrlar bilan tanisha boshlashdi. Shunday janrlardan biri – fentezi. To’g’ri, oldinlari ham, misol uchun, Garri Potter haqidagi asarlar turkumi yoki shunga o’xshash boshqa kitoblarga qiziqish bo’lgan, ammo bu janrdagi kitoblarni o’zbek tilida topish muammo edi. 2024-yilda “Zabarjad Media” nashriyoti tomonidan Jorj Martinning “Taxtlar o’yini” asari (“Muz va olov qo’shig’i” turkumidagi birinchi kitob) o’zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi. Buning natijasida ko’plab o’zbek kitobxonlari fentezi janrini o’zlari uchun kashf qilishdi. 
Taxtlar O'yini
Yana bir tomondan, so’nggi bir-ikki yil ichida rus klassikasi ma’lum bir doiradagi kitobxonlar orasida qaytadan trendga chiqdi. Buni Instagram va Telegram tarmog’idagi kontent-meykerlar va bukblogerlarning postlaridan payqash mumkin. Ayniqsa Dostoyevskiyga bo’lgan qiziqish ortgan – “Jinoyat va jazo”, “Qimorboz”, “Aka-uka Karamazovlar” asarlarini yana kitobxonlar qo’lida ko’rmoqdamiz.
Umuman olganda, xorijiy klassikaga kelsak, kitobxonlar asosan Erix Mariya Remark, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Jeyn Osten, Gabriel Garsiya Markes, Onore De Balzak, Mixail Bugakovlarni o’qishni yaxshi ko’rishadi.

Turk adabiyoti: sariq adabiyotdan to klassikagacha

O’zbek kitobxonlari orasida yuqoridagilaridan farqli ravishda, so’nggi yillarda doimiy bo’lib kelayotgan yana bir trend bor – bu turk adabiyotini o’qish. Turk adabiyoti deb umumiy gapirmaslik uchun, yaxshisi oxirgi paytlarda yoshlar tomonidan sevib o’qilayotgan turk mualliflarini keltirib o’tsam: Fotih Duman, Sabohiddin Aliy, Rashod Nuri Guntekin, Zulfu Livaneli, Halis Karabenli, Omina Shenliko’g’lu… 
Ayrim kitobxonlarni bu nomlarni ikki guruhga ajratib yozmaganim biroz asabiylashtirishi mumkin. Chunki hozir O’zbekiston kitob bozoriga kirib kelayotgan turk adabiyotini ikkiga: sariq adabiyot va turk klassik adabiyotiga ajratish mumkin. Gap shundaki, karantin davridan so’ng bizning bozorga birdaniga turk sariq adabiyoti vakillarining asarlari kirib kela boshladi. Oqibatda, ayrim kitobxonlar orasida turk adabiyoti “sariq adabiyot” tamg’asini oldi. 
Mana oradan bir necha yil o’tib, bizda turk klassikasi ham chop etila boshlandi, asta-sekin turk adabiyotiga oldingi trend ta’sirida qo’yilgan tamg’a o’chib bormoqda. Misol uchun, bu yil o’zbek tiliga O’rxon Pomuqning “Mening otim qirmizi” asari tarjima qilindi. 
Albatta, turk “sariq” adabiyotining ham o’z ishqibozlari bor. Mana necha yildirki, (yaxshilikkami yoki yomonlikkami) Omina Shenkilo’g’luning kitoblari ayrim yoshlarning qo’lidan tushmaydi. So’nggi ikki yil ichida Fotih Dumanning “Men”, “Sir”, “Lol”, “Ishq”... xullas bir qancha uch harfli nomlardan iborat kitoblari turkumlari qo’lma-qo’l bo’lib ketmoqda. Xo’sh, bu adabiyotlarning o’ziga xos tomoni nimada? Birinchidan, ulardagi anchayin xalqchil tilda yozilgan, g’oyalar ham oddiy. Masalan, Shenliko’g’luda har qanday hikoya va mavzular asosan dinga bog’lansa, Fotih Dumanning kitoblarini o’quvchilar ulardagi hikoyalar “juda ta’sirli” ekanligi uchun sevib o’qishmoqda.

Milliy adabiyotimizga e’tibor qanchalik yuqori?

Kitob bozorida tarjima asarlar ustunlik qilayotganiga qaramay, milliy adabiyotimizning ham o‘z muxlislari bor. Misol uchun, yaqinda “Pirnashr” nashriyoti tomonidan atoqli yozuvchimiz Erkin A’zamning “Gonoluluga elchi”, “Bayramdan boshqa kunlar” kitoblari, Zulfiya Qurolboy qizining “Oyimtilla” asari chop etildi va hozirda ularni ko’plab kitobxonlar qo’lida ko’rish mumkin. Bundan tashqari o’tgan yili o’zbek o’quvchilari orasida Murod Muhammad Do’stning “Lolazor” asari katta qiziqish bilan o’qildi, o’zbek adabiyoti orasida bestsellerga aylandi.
Lolazor
Shuningdek, atoqli yozuvchimiz Rauf Parfining asarlariga bo’lgan qiziqish ham katta. “Akademnashr” nashriyoti rahbari Sanjar Nazarning ma’lumot berishicha, Rauf Parfining nashriyot tomonidan chiqarilgan ikki jildlik “Saylanma”si sotib tugatilgan.
Zamonaviy o’zbek adabiyotida ham bir e’tiborga molik hodisalar ro’y bermoqda – “Akademnashr” nashriyoti tomonidan taqdim etilayotgan “Izlam” va “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Aks” turkumi shular jumlasidan. Ushbu turkumlar doirasida yosh va umidli yozuvchilar, shoir va shoiralarning kitoblari ommaga taqdim etilmoqda. To’g’ri, ushbu turkumlardagi kitoblar unchalik ko’p sotilmayotgan bo’lishi mumkin, ammo buning ta’sirida yangi bir tendensiya yuzaga kelmoqda – zamonaviy o’zbek adabiyoti shakllanmoqda.

O’zbekiston kitob bozoridagi bestsellerlar

Har qanday davlatda, har qanday davrda bestsellerlar qatoridan tushmaydigan bir toifa kitoblar bor – biznes va shaxsiy rivojlanish haqidagi adabiyot. Albatta, hammamiz ham yuksalishni, o’sishni va oxir-oqibat muvaffaqiyatli inson bo’lishni xohlaymiz. Bunday kitoblarning doimo yaxshi sotilishi aynan mana shu insoniy xususiyat bilan bog’liq. O’zbek kitob bozori ham bu omillardan holi emas – Deyl Karnegining “Do’st orttirish sirlari”dan tortib Stiven R. Kovining “Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko’nikmasi”gacha, Napoleon Xillning “O’yla va boy bo’l” va Jorj S. Kleysonning “Vavilonlik eng boy odam” kitoblaridan boshlab, Stiv Jobs va Ilon Mask biografiyalarigacha o’qiyotganlar ko’p. Shaxsiy rivojlanish haqidagi kitoblar orasida Jeyms Klirning Asaxiy Books tomonidan nashr etilgan “Atom odatlar” kitobi ham bir necha yildan beri bestsellerlar ro’yxatidan tushmayapti. “Atom odatlar” 2024-yil yakuniga ko’ra e’lon qilingan “Asaxiy Books`ning eng ko’p sotilgan kitoblari ro’yxati”da 1-o’rinni qayd etgan. 
Atom Odatlar
Mana bir yildirki, xitoylik yozuvchi Yuy Xuaning “Yashamoq” kitobi o’zbek kitobxonlarining qo’lidan tushmayapti. Qizig’i, bu kitob poytaxtda ko’p o’qilayotgani kabi, viloyalarda ham anchayin “xit”ga aylangan. Bu kitobni biror do’konga kirganingizda, kassirning qo’lida ham, talabalarning stolida, o’quv qo’llanmalari orasida ham ko’rishingiz mumkin. Menimcha, bu kitobning bunchalik ommalashishi – “sarafan marketing”ning natijasida sodir bo’ldi. Chunki chindan ham uni deyarli barcha yoshlar bir-biriga tavsiya qila boshlashdi. Kitob nima haqida ekanligiga biroz nazar tashlasak. “Yashamoq” – inson matonati, xotirasi va dardi haqida chuqur ta’sirli roman. Asar Fu Guy ismli oddiy xitoylik dehqonning XX asr Xitoy tarixidagi fuqarolar urushidan tortib madaniy inqilobgacha bo‘lgan shiddatli voqealar fonida bir qator og‘ir hayotiy sinovlarni boshdan kechirishi haqida hikoya qiladi.
Yashamoq
Kitobxonlarga ta’sirli, qahramon bilan birgalikda og’ir his-tuyg’ular va mushkulliklarni “yashash” imkonini beradigan asarlar ko’proq yoqadi. Bunday asarlar kitobxonni ancha qiynab qo’yishi mumkin, lekin shu azobning o’zi o’quvchiga qandaydir “zavq” bag’ishlaydi (ehtimol). Har holda “Yashamoq” asarining o’zbek kitobxonlari orasidagi muvaffaqiyati shundan dalolat beradi. Ushbu kitobni chop etgan “Huzur” nashriyotining kanalida obunachilar uni 2024-yil yakuniga ko’ra yil kitobi sifatida tanlashdi
So’nggi bir yil ichida ko’p o’qilgan yana bir asar – Shin Kyong Sukning “Onamni asra” kitobi ham juda ta’sirli va og’riqli hikoyani bayon etadi. Bu kitobni ham kitobxonlar yig’lab o’qishdi. “Onamni asra” – ona mehri, yo‘qotish va pushaymonlik haqidagi ta’sirchan roman (maqola muallifi yil boshida mana shu kitobni kitob-do’konlaridan uzoq qidirib, topa olmagan – chunki barcha tirajlari sotib bo’lingan va negadir haligacha qayta nashr qilinmagan). Kitob 2024-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan nashr etilgan eng yaxshi badiiy asar deb topildi.
2024-yili 928 betli “Taxtlar o’yini” kitobi nashr etilgunga qadar, o’zbek kitob bozorida “katta kitoblar yaxshi sotilmaydi”, “yaxshisi uni ikki yoki undan ortiq tom qilib chiqargan yaxshi” mazmunidagi gaplar yurardi va nashriyotlar katta-katta kitoblarni chop etishga kirishga qo’rqishardi. Jorj Martin yaratgan olamning ishqibozlari ko’pligidanmi yoki boshqa omil sabab bo’lganmi, “Taxtlar o’yini” kutilganidan yaxshi “ketdi” va “Zabarjad Media” nashriyotining 2024-yilda eng koʻp sotilgan kitobiga aylandi. Endi o’zbek kitobxonlari ushbu turkumdagi ikkinchi kitobning chiqishini sabrsizlik kutishmoqda. 
Va kutilmaganda, faylasuf va tarixchi Ibn Xaldunning 1377-yilda yozilgan “Muqaddima” asari O’zbekistonda 2025-yilga kelib birdan bestsellerga aylandi. Gap shundaki, bu kitob diniy blogerlar tomonidan iqtiboslar keltirila boshlangach, “Tirilish” nashriyoti “temirni qizig’ida bosish”ga qaror qildi va bu kitobni tezda tarjima qilib, chop etdi. Ushbu kitob – boshqaruv asoslari, urf-odatlar, xalqlarga oid eng muhim va eng qadimiy voqealar to‘g‘risidagi ma’lumotlar to‘plami hisoblanadi.
image
“Akademnashr” rahbari Sanjar Nazardan hozirda nashriyot doirasida ko’proq qanday kitoblar xaridorgir bo’layotgani haqida so’raganimizda, asosan bolalar kitoblari va o’quv qo’llanmalari ko’proq sotilayotgani haqida aytdi.
“Bizdagi [“Akademnashr”da] eng ko‘p xarid qilinayotgan kitoblar bolalar va o‘smirlar adabiyoti, rivojlantiruvchi ilmiy-ommabop qo‘llanmalar hisoblanadi. Erkin Malikning “Chumolilar saltanati”, “Jajji akademik kutubxonasi” turkumidagi kitoblar bu borada mutlaq yetakchi. Shuningdek, xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqish ham baland bo‘lsa kerakki, lug‘atlarimizga ham talab yuqori. “Nemischa-o‘zbekcha lug‘at” bunga misol”

– dedi noshir HD magazine nashriga

Sanjar Nazar, shuningdek, jiddiy badiiy adabiyotning ixlosmandlari ham talaygina ekanligini aytdi. Masalan, nashriyotning “Akademnasr” nomli rukni haqida kitobxonlar juda ko‘p iliq munosabatlar bildirishgan. Ushbu turkum doirasida Andrey Platonovning “Jon” va “Xandaq”, Xulio Kortasarning “Ishg’ol qilingan uy” kabi asarlari nashr qilingan.
Shuningdek, so’nggi 3-4 yil ichida kitob do’konlarida bola tarbiyasi bilan bog’liq asarlar ham ko’paygan. Albatta, bunday kitoblar ham o’z auditoriyasiga ega. Masalan, “Yangi asr avlodi” tomonidan nashr etilgan Xadicha Kubro Tongarning “Baqirmaydigan onalar” kitobi bir necha yildan beri eng ko’p sotilayotgan kitoblar ro’yxatidan o’rin egallab kelmoqda. Bundan tashqari, ancha oldin “Akademnashr” tomonidan nashr etilgan Masaru Ibukaning “Uchdan keyin kech” kitobi hali ham yosh ota-onalar orasida mashhur bo‘lib qolmoqda.

Jiddiy mutolaa: antiutopiya va tahlil

O’zbek kitobxonlari orasida shunday qatlam ham borki, ular asosan siyosiy ruhdagi ilmiy-ommabop kitoblarni yoki antiutopiya kabi jiddiy janrdagi asarlarni o’qishadi. Misol uchun, Jorj Oruellning “Molxona” va “1984” kitoblari (bu – klassika) O’zbekistonda eng ko’p o’qilgan xorijiy badiiy adabiyotlar qatoriga kirsa kerak. Oldos Xakslining “Ajib yangi dunyo”sini ham ko’pchilik o’qiyapti, lekin O’zbekistonda Oruellning asarlarichalik mashhur emas. 
Shuningdek, ilmiy-ommabop adabiyotlardan Jeyms Robinson va Daron Ajemog’luning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari” kitobi ham bu mavzuga qiziqadigan kitobxonlarning sevimli asariga aylanib ulgurgan.

Ilmiy adabiyot tarjimasi

Hozirda yana bir muhim jarayon – ilmiy adabiyotlarning o’zbek tiliga tarjima qilinishi ro’y bermoqda. O’zbek tilida ilmiy adabiyotlarning yetishmasligi – doimiy muammo bo’lib kelgan. Davlat tomonidan moliyalashtirilgan 1000KITOB loyihasi doirasida so’nggi bir yil ichida 50 ta turli mavzudagi ilmiy-ommabop kitoblar tarjima qilindi va 2025-yilda ushbu kitoblar chop etilishi kutilmoqda. Ular orasida Oxford University Press tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “What Everyone Needs to Know” (“Har kim uchun zaruriy bilim”) turkumidagi turli mavzularga mo’ljallangan kitoblar, Bill Braysonning “Hamma narsaning qisqacha tarixi”, Mark Avreliyning “Meditations” (“O‘zimga xitob”) asarlari ham bor. 
Ko’rinib turibdiki, loyiha doirasida tarjima qilish uchun juda salmoqli kitoblar saralab olingan va kelgusida endi o’zbek kitobxonlari ilmiy kitoblarni ham o’qishni boshlaydi. Yuqorida sanab o’tilgan omillar singari – bu ham kitob o’qishga bo’lgan qiziqishni oshirishiga ishonishni istardim. Zero, xalqning bugungi kundagi kitob mutolaasiga bo’lgan qiziqishi – o’sha xalqning ertasini hal qiluvchi omildir.