Multfilmlar ma’lum ma’noda dunyoqarashimizning asosini shakllantiradi. Masalan, Amerika animatsiyasini olaylik. Ha, u yerda Yovvoyi G‘arb, mahalliy xalqlar yoki dashtlar haqidagi hikoyalar ko‘p emas (garchi ular ham uchrab turadi). Biroq ko‘pchilik asarlarda kashfiyotchilik ruhi va yangi ufqlarga intilish sezilib turadi. AQShning eng iste’dodli multiplikatorlaridan biri Don Blutning “Amerika dumi”dan tortib “Zamon boshlanishidan oldingi Yer”gacha bo‘lgan asarlari darhol yodga tushadi.
Zamonaviy amerikaliklarning ajdodlari bo‘lmish yevropaliklar, xuddi shu multfilmlar qahramonlaridek, o‘xshash fikr va umidlar bilan Yangi Dunyoga intilishgan. O‘ylab qarasangiz, Yevropa ertaklaridan olingan mashhur Disney malikalarining o‘zlari ham yaxshiroq hayot izlab, odatiy tasavvurlarni buzishga harakat qilishadi.
Yoki, masalan, yapon animatsiyasini olaylik. Jiddiy animelarda doimo milliy o‘zlikni anglash mavzusi bor: urush haqida, tabiatni asrash va o‘z madaniyatini saqlab qolish zarurligi to‘g‘risida. Bu mavzular taniqli ustoz Hayao Miyadzakining deyarli barcha multfilmlarida - butunlay bolalarbop “Qo‘shnim Totoro”dan tortib, kattaroq yoshdagilarga mo‘ljallangan “Malika Mononoke”, “Porko Rosso” yoki “Shamollar vodiysidan Navsikay”gacha kuzatiladi.
Hatto “Blich”, “Naruto” yoki “Van Pis” kabi o‘g‘il bolalarga mo‘ljallangan jangovar animelardan ham o‘z ustida doimiy ishlash, kundalik mahoratni takomillashtirish muhimligi haqidagi g‘oyani oson ilg‘ab olish mumkin. Bu orqali asrlar davomida butun bir avlod sa’y-harakatlari bilan o‘z hunarmandchiligini rivojlantirgan yapon ustalarining uzoq oilaviy sulolalari ko’z oldingizga keladi.
O‘zbekiston multiplikatsiyasida qaysi madaniy kodni ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi? Ayniqsa, mamlakat uzoq vaqt SSSR tarkibiga kirganini e’tiborga olsak, u Moskvadan beriladigan sovet animatsiyasi yo‘nalishiga ergashgan. Multfilmlar asosan ta’lim va tarbiya beruvchi bo‘lib, rassom-animatorlar doimiy ravishda formatlar, uslublar va janrlar ustida tajribalar o‘tkazganlar. Bu ham doimo eng yaxshisini izlagan ko‘p millatli katta mamlakatning ruhini ma’lum darajada aks ettirgan.
Ammo e’tiborli jihati shundaki, o‘zbek animatsiyasi aynan o‘zining serqirra madaniyati tufayli ajralib turishga erishdi. Uning tug‘ilgan yilini “O‘zbekkino” yoki “O‘zanimatsiya” tashkil etilgan sana emas, balki o‘zbek animatorlari tomonidan yaratilgan dastlabki qo‘g‘irchoq multfilmlaridan birining ekranga chiqishi deb hisoblash mumkin.
1966-yilda Damir Salimov “6×6 kvadratda” nomli qo‘g‘irchoq multfilmini yaratdi. Bu multfilm paxta zararkunandalariga qarshi kurashga bag‘ishlangan bo‘lib, sovet rahbariyatining bolalar filmlari oldiga qo‘ygan vazifalariga ko‘proq mos kelardi. Bu yerda milliy madaniyat va “o‘ziga xoslik” qayerda deb o‘ylashingiz mumkin. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, “6×6 kvadratda” SSSRda ham, chet ellarda ham bir necha bor mukofotlarga sazovor bo‘lishiga qaramay, mahalliy ustalar bunday mavzudagi asarlarni ko‘p yaratishga intilishmadi.
Buning o‘rniga ular o‘zlari eng yaxshi uddalay oladigan animatsiya turi - qo‘g‘irchoq multfilmlarga e’tibor qaratishga qaror qilishdi. Bejiz emas: O‘zbekistonda qo‘g‘irchoq yasash san’ati Markaziy Osiyoning boshqa hech bir joyida bo‘lmagani darajada alohida ahamiyatga ega.
SSSRning boshqa respublikalarida yaratilgan qo‘g‘irchoq stop-motion kartinalar ko‘pincha vahimali deb tanqid qilingan bo‘lsa, O‘zbekiston multfilmlari chindan ham o‘ziga xos edi. Ularning qahramonlari bir-biridan ajralib turar, milliy xususiyatlari yaqqol namoyon bo‘lar va harakatlari g‘oyat ravon edi. Salbiy qahramonlar ataylab jirkanch qilib tasvirlangan, ijobiy qahramonlar esa “qo‘g‘irchoq” tabiatiga qaramay, birinchi kadrlardan boshlab tomoshabinlarga yoqimli bo‘lardi.
Uzoq vaqt davomida - 1980-yillarning o‘rtalarigacha O‘zbekistonda kadrma-kadr multfilmlar faol yaratildi. Ularning aksariyati mahalliy ertaklar va rivoyatlarga asoslangan bo‘lib, albatta, animatorlar milliy xususiyatlarni sinchkovlik bilan hisobga olganlar.
Bunday asarlarning barchasi qisman murakkab iqlim sharoitida yashash tufayli odamlarda ayniqsa kuchli adolat tuyg‘usi shakllanganligini ko‘rsatardi. Kambag‘al bo‘lsang ham boshqalarga yordam ber, chunki cho‘l oldida hamma teng va bir kun kelib kimdir senga ham yordam qo‘lini cho‘zadi. Oilani asra, qadriga yet va himoya qil, chunki u sening kuch-qudrating va suyanchig‘ingdir. Kimki odamlarning boshiga tushgan kulfatdan foydalanmoqchi bo‘lsa, albatta qilmishiga yarasha jazo topadi.
Bu mavzular “Chig‘iriq”, “Sichqonlar malikasi”, “Yaxshilikdan naf bormi?”, “Oltin tarvuz”, “Sehrli gilam” kabi ko‘plab sevimli multfilmlarda o‘z aksini topgan.
Vaqt o‘tishi bilan qo‘g‘irchoq multfilmlarini suratga olishni to’xtatishdi. Bunga sabab ularning murakkabligi, qimmatligi va uzoq muddatli ishlab chiqarilishida edi. Ularning o’rnini milliy syujetlar asosida va bir xil g‘oyalar bilan tobora ko‘proq yaratila boshlagan, chizilgan lentalar egallashni boshladi: “Sehrli kiyik,” “Tom,” “Sehrli anor haqidagi ertak,” “Jasur chumchuq,” “Afandi.”
O‘zbekiston rivoyatlari, afsonalari va she’rlarining syujetlari ko‘pincha hatto Moskvalik soha arboblarini ham maftun etardi. Misol tariqasida rejissyor Aleksandr Yevmenenkoning “Mehribon Umar haqida” ertagi yoki o‘zbek shoirlari she’rlari asosida suratga olingan “Voy, malika!” multfilmini keltirish mumkin.
2009-yilda “O‘zanimatsiya” multbirlashmasi badiiy rahbari Nozim To‘laxo‘jayev “Gazeta.uz” portaliga ma’lum qilishicha, o‘zbek animatsiyasi tarixida 300 dan ortiq asar yaratilgan ekan. O‘shanda u yangi lentalar ham milliy ertaklar asosida yaratilayotganini, chunki ular “madaniy qadriyatlarimiz va xalqimizning o‘ziga xosligini” aks ettirishini ta’kidlagan edi.
Bunday g‘oya hatto ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ham ilgari surilmoqda. Masalan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti “Drama teatri va kino san’ati” kafedrasi mudiri Asliddin O‘tayevning “O‘zbek animatsion filmlarida an’ana va novatorlik” (2023) nomli ishida shunday fikr uchraydi: “Hozirgi kunda multiplikatsion filmlar yaratishda xalq og‘zaki ijodi namunalaridan keng foydalanish, ajdodlarimiz siymosini yorqin bo‘yoqlarda, vatanparvarlik, mardlik, jasurlik kabi fazilatlar doirasida aks ettirish nihoyatda muhimdir.”
Boz ustiga, so‘nggi o‘n yil ichida o‘zbek animatsiyasi murakkab davrni boshdan kechirdi. O‘sha davrda davlat studiyalari uchun moliyalashtirish kamaydi va tijorat kompaniyalarining ko‘pchiligi o‘z uslubini topa olmadi. Ular nafaqat o‘ziga xos ijodiy yondashuvni shakllantira olishmadi, balki original ssenariylar ustida ishlashga ham unchalik e’tibor qaratishmadi. Ularning yakuniy asarlari xalqaro animatsiyadan, ayniqsa Amerika animatsiyasidan, garchi milliy jihatlar qo‘shilgan bo‘lsa-da, syujetlarni o‘zlashtiradi. Masalan, “Avto sarguzashtlar” 3D-multseriali qahramonlari mahalliy avtosanoat mashinalari bo‘lsa-da va zamonaviy Toshkentda yashasa-da, Pixar studiyasining “Mashinalar” multfilmi g‘oyasini kuchli darajada takrorlaydi.
Biroq, “Sputnik O‘zbekiston” nashri yozganidek, 2020-yilda YUNESKO mamlakatda zamonaviy qo‘g‘irchoq animatsiyasini rivojlantirish ishiga kirishdi. “O‘zbekfilm” portalimizga taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda bir nechta animatsion loyihalar amalga oshirildi, 2025-yilda esa 18 ta multfilm yaratish rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun allaqachon byudjet mablag‘lari ajratilgan. Yangiliklar juda umidli - O‘zbekistonda zamonaviy animatsiya yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkin.
Shubhasiz, uni faqat folklor bilan cheklab qo‘ymaslik lozim. Zamonaviy hayotga, bugungi kun bolalariga yaqin va tushunarli bo‘lgan mavzularga ham e’tibor qaratish muhim. Shu bilan birga, o‘zbek animatsiyasini o‘ziga xos qilgan xususiyatlarni yo‘qotmaslik kerak. Bunga DIP Animation studiyasi asoschisi va “Do‘ppi pomidor” (Spot.uz nashri uni “Do‘ppili pomidor” deb atagan) multseriali muallifi Pavel Kim misol bo‘la oladi. Shou nafaqat o‘z vatanida mashhurlikka erishdi, balki Rossiya, Ispaniya va Xitoy telekanallarida ham namoyish etildi.
Bu hikoyaning xalqaro bozorlarni zabt etgani ko‘p narsadan dalolat beradi. Demak, u turli mamlakatlar bolalari uchun tushunarli va yaqin bo‘lib chiqdi, ayni paytda tomoshabinlarni O‘zbekiston madaniyatining nozikliklari va o‘ziga xosligi bilan hayratga soldi va maftun etdi.
Agar animatsiyalar ham o‘zbek xalqi kabi mard, sabr-toqatli, mehnatsevar bo‘lib, murakkab davrlarda ham nur tarata olsa, uning oldida hech qanday chegara qolmaydi. Na ijodiy, na geografik.
Maqolamiz yoqdimi? Instagram va Telegram orqali bizni kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlar bor.