Jazz allaqachon o‘zining amerikalik kelib chiqish doirasidan tashqariga chiqqan. Sharqda u o‘zbek kuylariga singib, o‘ziga xos tarzda shakllangan. Agar siz hamon jaz musiqasini eskirgan, nostalgik yoki "bizniki emas" deb hisoblasangiz, marhamat, o‘zbek jaz sahnasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘ring.

Jazzirama: jaz va o‘zbek an’analarining uyg‘unligi

Tasavvur qiling: siz zalda o‘tiribsiz va jaz konsertini tinglayapsiz. Kuylar bir-birini almashtirib bormoqda va birdan juda tanish, yurakka yaqin ohang quloqqa chalinadi. Bu Frenk Sinatrami, Nina Simonmi yoki boshqa bir ijrochimi, deb o‘ylaysiz. Ammo ma’lum bo‘lishicha, bu "Qorako‘z bo‘y bo‘y bo‘y" ekan, faqat u jaz ohangida ijro etilyapti.
Guruh o‘z nomini bejiz tanlamagan: o‘zbekchada jazirama - hatto asfaltni eritib yuborishi mumkin bo‘lgan issiq haroratni anglatadi. Guruh sizning yuragingizni ham shunday eritib yuborishi shubhasiz.
Группа Jazzirama
Foto: guruhning rasmiy Instagram sahifasi
Guruh a’zolarining o‘zbek musiqasini jaz uslubida ijro etish g‘oyasi taxminan 15 yil avval, ular konservatoriyada o‘qiyotgan paytlarida yaralgan. Ularni Ozarbayjon musiqachilari Vagif va Aziza Mustafozodalarning ijodi ilhomlantirgan. Bu ijodkorlar an’anaviy musiqa va jaz improvizatsiyasini uyg‘unlashtirgan jaz-mug‘om yo‘nalishining namoyandalari edi. Musiqachilar ularning ijodidan ta’sirlanib, o‘zbek kuylarini ham shunday tarzda qayta ishlashga urinib ko‘rishga qaror qilishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, jaz aranjirovkasi o‘zbek xalq cholg‘ularining ohanglariga juda mos tushadi, kutilmagan va yorqin uyg‘unliklarni vujudga keltiradi. Bugungi kunda Jazzirama guruhini turli tadbirlarda - diplomatik qabullardan tortib festivallargacha tinglab bahramand bo‘lish mumkin.
Afishani ularning Instagram sahifasidan kuzatib boring

Sound Travel:  musiqaning oltin davriga chipta

Kechqurun jaz musiqasining oltin davriga sho‘ng‘ishni istasangiz, Sound Travel guruhining konsertiga tashrif buyuring. Ushbi kaver-guruh tinglovchilarni o‘zi bilan eski Nyu-York muhitiga olib ketadi: ular ijro etayotgan qo‘shiqlar orasida Frenk Sinatraning "Fly Me to the Moon", Rey Charlzning "Hallelujah I Love Her So" va Dyuk Ellingtonning "It Don’t Mean a Thing" kabi abadiy xitlarni uchratishingiz mumkin.
Группа Sound Travel
Foto: guruhning rasmiy Instagram sahifasi
Ularning chiqishlarida siz ilk bor jaz klassikasi bilan tanishishingiz yoki aksincha, qayta-qayta tinglashni istagan sevimli kuylaringizni eshitishingiz mumkin.
Konsertga kirmoqchi bo‘lsangiz, eng yaqin chiqishni shu yerdan izlang

Bravo Band: bugun klassika, ertaga xit qo‘shiqlar

Jaz sahnasidagi yana bir cover guruhi – bu Bravo Band. Hozircha ular jaz klassikasini ijro etmoqdalar, ammo shu bilan birga ulkan rejalar tuzmoqdalar: yaqin kelajakda o‘zlarining mualliflik asarlarini taqdim etishni maqsad qilishgan.
Группа Bravo Band
Foto: guruhning rasmiy Instagram sahifasi
Yangiliklarni kutib qolamiz, ammo ushbu guruh musiqasini yaqin orada, shu yilning may oyida Bravo orkestri bilan birga tinglashingiz mumkiin. Aytgancha, orkestr dirijyorsiz va nota varaqlarisiz ijro etadi.

Mansur Toshmatovo‘zbek jaz san’atining afsonasi

Mansur Toshmatov - qo‘shiqchi, dirijyor va aranjirovkachi, Markaziy Osiyo jaz san’ati va akademik musiqa olamining yetakchi siymolaridan biri. Uning rahbarligidagi orkestr Toshkentning eng iqtidorli musiqachilarini o‘z safiga birlashtirgan. Ular klassik sving, jaz standartlari va estrada musiqasini orkestr aranjirovkalarida yuksak mahorat bilan ijro etadilar.
Mansur Toshmatov
Foto: san’atkorning rasmiy Instagram sahifasi
Mansur Toshmatovning diskografiyasida ikkita to‘liq formatli albomni ko‘rishimiz mumkin. 2001-yilda uning "Bir vaqtlar" («Однажды») nomli albomi e’lon qilingan, unda Sharq romantikasi va ona yurtga bo‘lgan sog‘inch uyg‘unlashib ketgan ("Toshkent - Sharq Yulduzi" («Ташкент — Звезда Востока»), "Ertaklar oroli"(«Сказочный остров»), "Go‘zallik malikasi" («Королева красоты»), "Mening sevgim" («Моя любовь») kabi qo‘shiqlar orqali).
2006-yilda mashhur klassik xitlardan iborat ingliz tilidagi "Your Favourite Songs" albomi dunyo yuzini ko‘rdi. Unda "Strangers in the Night", "My Way", "Isn’t She Lovely", "Give Me the Night" kabi dunyoga mashhur qo‘shiqlar jamlangan. Ushbu kompozitsiyalarni san’atkorning rasmiy saytida tinglash mumkin, shuningdek, albomlarni Spotify servisi yordamida ham eshitish imkoniyati mavjud.

Feride Girgin jaz musiqasi hayot tarzi sifatida

Feride – xalqaro miqyosda tan olingan, ovozi Yevropa, Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo sahnalarida yangragan vokalist xonanda.  Uning repertuari jaz, etno-jaz, estrada klassikasi va neoklassika uslubida yaratilgan qo‘shiqlardan iborat. Feridening iste’dodi qamrovini to‘liq anglash va baholash uchun, masalan, Flyin’ Up guruhi bilan birgalikda yozilgan "Valhalla" qo‘shig‘ini eshitish mumkin.
Feride jaz musiqasi olamiga kirib kelishi haqida shunday hikoya qiladi: ushbu musiqa bolalikdan boshlab uning uyida yangragan va sekin-asta hayotining ajralmas qismiga aylanib borgan. Aynan jazga xos bo‘lgan erkinlik muhiti unga: bu sohada improvizatsiya qilish, o‘zini ifoda etish va tasavvuriga tayanib musiqiy jumlalar tuzish mumkinligini anglatgan.
Jaz shunchaki uslub emas, balki hayot tarzidir. U yengil, ayni vaqtda nihoyatda teran ma’noga ega. Nina Simon ta’kidlaganidek, bu eng intellektual janrlardan biri, murakkab, ammo juda qiziqarli. Jaz chegaralarni tan olmaydi, garchi o‘zining ichki qonun-qoidalariga bo‘ysunsa-da. Uning sehri ham aynan mana shunda yashiringan

— dedi Feride HD jurnali bilan suhbati davomida

Jaz uslubidagi chiqishlaridan tashqari, san’atkor eksperimental musiqa janrida ham o‘z qo‘shiqlarini yaratadi. Ushbu qo‘shiqlarini ilk bor 2018-yilda "Ilhom" teatri sahnasida Jazzirama guruhi bilan birga taqdim etgan. Bugungi kunda Feride jaz orkestrining yetakchi xonandasi sifatida faol ijod qilib kelmoqda.

Jaz musiqasi ochiq osmon ostida jonlanganda: Toshkent festivali

2025-yilning 29-aprelidan 13-mayigacha Toshkentda Xalqaro jaz festivali bo‘li bo‘tadi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan YUNESKO, Davlat konservatoriyasi hamda shahar hokimligi ko‘magida tashkil etilgan ushbu festival poytaxtning madaniy hayotidagi har yilgi yorqin tadbir sifatida o‘z o‘rnini mustahkam egallab oldi.
Bu yil festival sahnalarida jahon miqyosidagi yulduzlar chiqish qiladi: Glenn Miller orkestri, Kris Botti va Salvador Sobral. Ishtirokchilar safida Fransiya, Germaniya, Vengriya, Hindiston, Polsha, Slovakiya, Shveytsariya va AQShdan tashrif buyurgan san’atkorlarni uchratish mumkin.
Festival ochiq osmon ostida, Xalqaro anjumanlar saroyining orqasidagi maydonda o‘tkazilmoqda. Konsertlarga kirish bepul.
Turli yillarda Toshkent festivalida Gregori Porter, Igor Butman va uning orkestri, Til Brenner, El Di Meola, Take 6, De-Phazz, Chayna Mozes kabi ijrochilar hamda boshqa taniqli san’atkorlar ishtirok etganlar.
Bu yil festival yana bir bor jahon yulduzlari va mahalliy san’atkorlarni bir sahnada jamlayapti. Toshkentda jaz musiqasi tobora ishonchli yangrayapti - bu yerda har bir kishi o‘ziga mos ritmlar ostida o‘z o‘rnini topishi mumkin.