Universitet 2022-yil avgust oyida qurilishi boshlangan Al-Xorazmiy shaharchasi tarkibiga kiradi. Universitet uchta fakultetni birlashtiradi: matematika va informatika, aerokosmik texnologiyalar muhandisligi, shuningdek, sun’iy intellekt. Bitiruvchilar iqtisodiyot, xavfsizlik, ekologiya, energetika va sanoat kabi muhim sohalarda talabga ega bo‘ladi.
Universitetda o‘qitish o‘zbek va ingliz tillarida kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi. Dastur "Yangi O‘zbekiston" universiteti tajribasi asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, BAA, Xitoy va Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Dastlabki talabalarni qabul qilish 2025/2026 o‘quv yilida rejalashtirilgan bo‘lib, jami talabalar soni 4000-6000 nafarni tashkil etadi. Ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Universitet xalqaro hamkorlikka asoslangan ilmiy-tadqiqot markaziga ham aylanadi.
Bundan tashqari, shaharchada Toshkent shahrida joylashgan Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi maktabning filiali ochiladi. Unga o‘quvchilar 4-sinfdan tanlov asosida qabul qilinadi.