Har kimning o‘z oshi (palovi) bor, va hamma uni hurmat bilan tilga oladi. Kimdir to‘y uchun tayyorlaydi, kimdir kechki ovqatga yeydi, yana kimdir “haqiqiy” palov qayerda tayyorlanishi borasida bahslashadi. Hamma uni viloyatlar bo‘yicha taqsimlayotgan bir paytda, HD mag tahririyati ushbu taomning ko‘rinishidan o‘xshash, ammo xarakteri, urg‘usi va taqdiri butunlay boshqacha bo’lgan gastro-qarindoshlarini bir joy jamladi.

1. Oddiy perlovkadan qilingan sovet palovi

SSSR parchalanib ketdi, lekin u bilan bog’liq xotiralar ba’zan oshpazlik fleshbeklari ko‘rinishida yashab kelmoqda. Sovet palovi alohida madaniyat, ba’zan o‘zga sayyoralik palovdek tuyuladi. Kommunizmga intilgan mamlakatda taom tomat pastasi bilan, ba’zan cho‘chqa go‘shti bilan, harbiy qismlarda esa umuman perlovka solib tayyorlangan. Afsonaga ko‘ra, 1964-yilda chop etilgan “Harbiy qismlarda ovqat tayyorlash bo‘yicha qo‘llanma”da go‘shtni qovurish, suv quyish, ikki soat davomida ivitilgan pomidor va perlovka qo‘shish yozilgan. Tahririyat retseptni sinab ko’rmaslikka qaror qildi.

2. Bulg‘ur, frikadelka va ozgina Ali Posho

Foto: Kamran Aydinov
Turk palovi pilav deb ataladi va ko‘pincha u hatto guruchdan emas, balki bulg‘urdan tayyorlanadi. Bunday variantlardan biri Ali Posho pilavidir (Ali-Paşa Pilavı): sochiluvchan guruchda kedr yong‘oqlari va qo‘zichoq go‘shtidan tayyorlangan frikadelkalar bilan ivitilgan non va ziravorlar mavjud.
Baqlajon, pomidor va ko‘katli versiyasi ham bor, guruchning o‘zi bunday holda alohida tayyorlanadi va oxirida aralashtiriladi. Bunday palov asosiy taom yoki garnir sifatida – sovuq yoki iliq holda tortilishi mumkin.

3. Le pilaf, vino va qisqichbaqalar

Fransuzlar ovqatni dasturxonga chiroyli tarzda tortishga usta. Riz pilaf aux crevettes – za’faron, qovurilgan piyoz, oq vino va krevetka solingan guruch. Mayin, xushbo‘y va umuman kamtarona bo’lmagan “osh”. Retseptni o‘ta nozik didlilar uchun idishlar ishlab chiqaruvchi Le Creuset saytida topish mumkin.

4. Mujadara: yasmiqli vegetariancha osh

Mujadara – oshning livancha varianti bo‘lib, unda go‘sht o‘rniga yasmiq solinadi, asosiy rollarda esa Bayrutga xos xarizma va shirin qovurilgan piyoz mavjud. Bu vegetariancha taom, ammo to‘yimli va foydali, ayniqsa arab ziravorlari va yogurt bilan birgalikda yaxshi ketadi.

5. Yogurt va mayizli hind oshi

Foto: Sohani Kamat
Hindistonga borib, palov buyursangiz, sizga biryani keltirishadi. Bu xuddi istehzolar qatlamlaridan iborat hind kinosiga o‘xshaydi, lekin kinoyalar o‘rniga guruch, marinad, go‘sht, ziravorlar, yong‘oqlar, mayiz va yogurtdan tashkil topgan. Har bir filmning rejissyorlik versiyasi bo‘lgani kabi, biryanida ham Haydarobod, Karnak, Laknau, Eronda esa Isfahon versiyalari bor.

6. Jambalayya: jaz tinglagan osh

Jambalaya AQShning issiq, xushbo‘y va har doim musiqa yangraydigan Luiziana shtatida paydo bo’lgan. Luizianalik bu palovga guruch, tovuq go‘shti, dudlangan kolbasa, dengiz mahsulotlari, achchiq qalampir va pomidor qo‘shishga qaror qilishgan. Ba’zan, kayfiyatga qarab, qisqichbaqalar va ustritsalar ham solishadi.

7. Dengiz mahsulotlari qo‘shilgan Indoneziya oshi

image
Nasi-goreng indonez tilidan (bahasa) tarjima qilinganda qovurilgan guruch degan ma’noni anglatadi. Ammo guruch avval pishiriladi, keyin esa turli qo‘shimchalar: go‘sht, dengiz mahsulotlari, sabzavotlar va ziravorlar bilan qovuriladi. Ko‘pincha shirali va qarsildoq bo‘lishi uchun tuxum, krevetkali chipslar va marinadlangan bodring bilan tortiladi. Soya sousi va krevetkali pasta xarakter qo‘shadi – qoramtir, to‘yingan, ko‘chaga xos ta’m paydo bo’ladi.

8. Qarsildoq va... makaronli ispancha osh

Paelya —  bu qarsillaydigan osh. Hamma gap keng paelyera tova tubida hosil bo‘ladigan oltin rangli qobiq – sokarratoda. Bu taom butun Ispaniya bo‘ylab tayyorlanadi, lekin ayniqsa Valensiyada hurmatga sazovor, u yerda guruch quyosh paneli kabi hamma narsani o‘ziga singdiradi.
image
Ammo hikoya shu bilan tugamaydi. Kataloniyada xuddi shunday tovada guruch o‘rniga yupqa vermishel pishiriladi – va u fideuá deb ataladi. Dengiz mahsulotlari ham, ziravorlar ham o’sha-o’sha. Faqat asos o‘zgargan.

9. Vino solingan italyancha oshi    

Rizotto – Italiyaning shimoliy qismida paydo bo’lgan qaymoq solinadigan guruchli taom. Uni tayyorlash uchun tarkibida kraxmali ko‘p bo‘lgan maxsus sholi navi – arboriodan foydalaniladi.
Фото: Luca Nebuloni
Guruch piyoz bilan qovuriladi, keyin oz-ozdan bulyon qo‘shiladi, shunda guruch suyuqlikni shimib, qaymoqrangga kiradi. Rizottoga ko‘pincha oq sharob, parmezan pishlog‘i, qo‘ziqorin, dengiz mahsulotlari yoki sabzavotlar qo‘shiladi.

10. Oshga qancha suv solish borasida adashilganda…

Shavla bu oshga o’xshamay qolgan taom. G‘arazgo‘ylar shunday deyishadi, lekin aslida bu go‘sht (odatda qo‘y yoki mol go‘shti), sabzi, piyoz va ziravorlar qo‘shilgan guruchli quyuq sho‘rva. Non, yangi sabzavotlar va ba’zan uyalish ohanglari bilan tortiladi.

11. Tovuqli guruch: oshning lotincha amakivachchasi

image
Ispaniya va Lotin Amerikasida palovni arroz kon poyo deb atashadi. Tovuq go‘shti, guruch, yashil no‘xat, zaytun, makkajo‘xori solinadi va bu taom Panamadan Perugacha bo‘lgan bir qancha mayda turlariga ega. “Te quiero” deb so‘zsiz aytishning eng maqbul usuli.
Palov kino qahramoniga o‘xshaydi: o‘nlab versiyalari bor, har birining o‘z janri bor. Qayerdadir – ziravorli jangari film, qayerdadir – yogurtli melodrama. Ammo sevimli filmda bo‘lgani kabi, siz har doim originaliga qaytishni xohlaysiz. Do‘stlari ham unga munosib bo’lsa-da, asliyatga yetadigani yo’q.