Yangi me’yorlarga ko‘ra, dam olish zonalarida ham binolar qurish taqiqlanadi. Bundan tashqari, mamlakatda bog‘larni saqlab qolish choralari kuchaytirilmoqda - ularning hududlarini qisqartirishga qarshi kurash olib boriladi.
Botanika bog‘lari endilikda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar qatoriga kiritildi. Ularning o‘simlik dunyosiga tahdid soluvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Aniqlik kiritilishicha, aholining dam olishi uchun foydalaniladigan davlat yerlarini noqonuniy ajratganlik yoki begonalashtirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 360 baravarigacha miqdorda jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki huquqlarini cheklagan holda besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Qonunni Senatda muhokama qilish jarayonida mamlakatimiz bo‘yicha 184 ta bog‘da yashil maydonlar qisqartirilib, o‘rmonlar kesilayotgani, ularning o‘rnida umumiy maydoni 43 gektardan ortiq bo‘lgan 944 ta bino va inshootlar barpo etilgani haqida xavotirli ma’lumotlar e’lon qilindi. Shuningdek, 18 ta istirohat bog‘ida 91 ta noqonuniy qurilma, 98 ta istirohat bog‘ida 1248 ta noqonuniy o‘rnatilgan attraksionlar aniqlangan.
Shuningdek, bog‘ yerlarini hokimiyat organlarining zaxira fondiga olib qo‘yish, keyinchalik ularni xususiylashtirish yoki begonalashtirish amaliyoti jiddiy muammo bo‘lib qolayotgani qayd etildi.