2025-yil aprel oyida Samarqandga tashrif buyurgan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov rasmiy dasturga kiritilgan “Motamsaro ona” yodgorligini ziyorat qilish chog‘ida, undagi yozuvlar orasida rus tilidagi bitiklar yo‘qligiga e’tibor qaratdi. “Inglizlar bu yerga qanday kelib qolibdi? Qarasam, inglizcha yozuv bor ekan. Ruschasi ko‘rinmayapti”, deya ta’kidladi u. Hazilga o‘xshab eshitilayotgan bu xabar aslida “Rossiya – Ikkinchi jahon urushi xotirasi – MDH mamlakatlari” uchburchagidagi o‘zaro munosabatlarning murakkabligini yaqqol namoyon etmoqda.
Sovet davrida urush haqidagi xotiralar
SSSRda Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alaba kuni munosabati bilan belgilangan dam olish kuni 1947-yilda bekor qilingan edi. Tarixchi Misha Gabovichning ta’kidlashicha, shunday bo‘lsa-da, 9-may RSFSRda ham, boshqa sovet respublikalarida ham xotira kuni sifatida saqlanib qolgan. Ko‘pincha bu ahamiyatli sana alohida harbiy qismlar, mahalliy partiya qo‘mitalari, me’morlar va hatto halok bo‘lganlarning qarindosh-urug‘lari tashabbusi bilan nishonlanar edi.
1960-yillarning o‘rtalaridan boshlab mamlakatning eng buyuk harbiy g‘alabasi haqidagi xotira SSSR rahbariyati uchun tashqi siyosiy vositaga aylandi. Urush haqidagi xotira ichki siyosatda ham birinchi o‘ringa chiqdi — u Oktyabr inqilobi haqidagi xotirani asta-sekin siqib chiqarib, sovet tuzumining legitimligining asosiy manbalaridan biriga aylandi.
1965-yildan keyin SSSRda Ulug‘ Vatan urushi urushi madaniyati avj oldi: butun mamlakat bo‘ylab urushdan keyingi birinchi o‘n yilliklarda o‘rnatilgan oddiy yodgorliklar o‘rniga ulkan memorial majmualar qurildi. Buning yorqin misoli sifatida Volgogradda o‘rnatilgan Ona-Vatan haykalini (1967 yil) ko‘rsatib o‘tish mumkin.
O‘zbekiston SSR G‘alabaning 30 yilligiga tayyorgarlik doirasida bu jarayonga qo‘shildi. 1971-yilda Toshkentning Botkin va Do‘mbirobod qabristonlaridan Ikkinchi jahon urushi davrida Toshkentdagi evakuatsiya gospitallarida vafot etgan 1399 askar va zobitning qoldiqlari ko‘chirila boshlandi. Ular 1975-yilgi yubileyda ochilgan “Birodarlik qabristoni” nomli harbiy qabriston-memorial hududiga olib o‘tildi.
Bundan tashqari, G‘alabaning 30 yilligi munosabati bilan Toshkent markazida, 1974-yilda yangilangan va kengaytirilgan Lenin maydoni yonida Ulug‘ Vatan urushida halok bo‘lgan sovet jangchilarini xotirlash yodgorligi bunyod etildi. Turkiston harbiy okrugi (TurkHO) muzeyi oldida “Janubiy chegaralar himoyachisi” haykali o‘rnatildi, uning atrofidagi bog‘da esa harbiy texnika namunalari joylashtirildi.
"Birodarlik qabristoni" yodgorlik majmuasi. Foto: Katerina Kuznetsova
Mustaqil O‘zbekistonda tarixiy xotiraning shakllanishi
SSSR parchalanishidan so‘ng, O‘zbekiston oldida 9-mayning ahamiyati va ramziyligini qayta ko‘rib chiqish masalasi paydo bo‘ldi. Rossiyada Ulug‘ Vatan urushidagi g‘alaba madaniyati 1995-yilda qayta tiklandi. O‘zbekistonda esa, mustaqillikning dastlabki o‘n yilida bu sana rasman davlat bayrami sifatida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, amalda nishonlanmadi. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov ushbu sana atrofidagi bayramona kayfiyatni pasaytirishga harakat qildi.
1999-yil 2-martdan boshlab G‘alaba kuni Xotira va qadrlash kuni deb qayta nomlandi. Yangi nom O‘zbekistonga ochiq mafkuraviy ziddiyatga kirishmasdan Rossiyadan masofa saqlash imkonini berdi. Yangi bayram uchun yangi xotira ramzi ham zarur edi — bu uchun 1999-yilda Toshkentdagi Sovet jangchilari xotirasi yodgorligining markaziy qismiga o‘rnatilgan “Motamsaro ona” haykali tanlandi. Yodgorlik qayta qurilib, Xotira va qadrlash maydoni deb nomlandi.
Toshkentdagi "Motamsaro ona" haykali. Foto: Katerina Kuznetsova
Tadqiqotchi Svetlana Gorsheninaning ta’kidlashicha, Karimov davrida olib borilgan madaniy siyosat Rossiya merosidan — ham chor, ham sovet davridan qolgan va yagona “og‘riqli o‘tmish” sifatida qabul qilingan merosdan xalos bo‘lishga qaratilgan edi. Shu bois, 1990-yillar va 2000-yillarning boshlarida yangilangan O‘zbekiston muzeylari ekspozitsiyalarida Rossiyaning O‘rta Osiyodagi hukmronligi davri yo butunlay olib tashlandi, yoki minimal darajaga qisqartirildi. Bu holat, xususan, O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki namoyishida ham yaqqol ko‘zga tashlandi.
Toshkentdagi Turkiston harbiy okrugi (TurkHO) muzeyi 1991-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy muzeyi deb qayta nomlandi. 2012-yil 14-yanvar kuni, Vatan himoyachilari kunida, uning yangilangan ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi. O‘zbekistonlik askarlar va harbiy qismlarning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki haqida faqatgina ayrim tasvirlar va qisqa izohlovchi matnlar hikoya qiladi.
Tarixchilar Xenning Lautenshleger, Morits Zorg va Maks Treker tomonidan ta’kidlanishicha, urushning o‘ziga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar 1941-1945-yillarda O‘zbekiston SSRning sanoatlashtirilishi hamda ayollar va tibbiyot xodimlarining front ortidagi faoliyatiga oid bo‘limlar bilan deyarli bir xil hajmni egallaydi. Shu bilan birga, ko‘rgazmada o‘zbek harbiy asirlari va fashistlar Germaniyasi tomoniga o‘tgan o‘zbeklar taqdiri haqida hech narsa aytilmaydi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu holat sovet xotira madaniyatining tamoyillariga to‘la mos keladi.
Sovet yodgorliklari metamorfozalari
O‘zbekistondagi sovet yodgorliklari, shu jumladan, Ulug‘ Vatan urushi bilan bog‘liq yodgorliklar taqdiri nafaqat mamlakatning kommunistik o‘tmishdan uzoqlashishga intilishini, balki tarixiy siyosatning o‘zgaruvchanligini ham ko‘rsatadi.
2008-yilda Qurolli Kuchlar muzeyi ustida qad rostlagan olti metrli askar haykali “qayta qurish maqsadida” olib tashlandi. Biroq, 2010-yil yanvarida uning o‘rniga yangi yodgorlik — “Vatanga qasamyod” o‘rnatildi va tantanali ravishda ochildi. Yodgorlikning olib tashlanishi va vaqtinchalik almashtirilishi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlarning keskinlashuviga olib keldi.
Urush yillarida turli millatga mansub 15 bolani o‘z tarbiyasiga olgan Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasiga bag‘ishlangan “Xalqlar do‘stligi” monumenti (1982-yil) taqdiri ham e’tiborga loyiq. 2008-yilda Toshkent shahar hokimining farmoyishiga ko‘ra, yodgorlik poydevoridan olib tashlanib, shahar chetiga ko‘chirilgan, bunda bolalardan birining haykali yo‘qolgan. O‘n yil o‘tgach — 2018-yil 9-may kuni (!) yodgorlik tantanali ravishda avvalgi joyiga qaytarildi. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev buni “tarixiy adolatning tiklanishi” deb ta’rifladi.
"Vatanga qasamyod" yodgorligi poyida muddatli harbiy xizmatchilar har yili qasamyod qabul qiladi.
Bayramning qaytishi
So‘nggi bir necha yil ichida Xotira va qadrlash kuni prezident Karimov davridagidan ko‘ra kengroq nishonlanadigan bo‘ldi.
Davlat rahbarining Moskvadagi Qizil maydonda o‘tkaziladigan harbiy paradda ishtirok etish an’anasi qayta tiklandi. Prezident Mirziyoyev 2023 va 2024-yillarda Moskvadagi paradda qatnashdi. 2025-yilda ham u parad faxriy mehmonlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Yubiley sanalarini tantanali nishonlash an’anasi ham qayta tiklandi. 2020-yilda rasmiy bayram dasturining tarkibiy qismi sifatida Toshkentda o‘zbek xalqining g‘alabaga qo‘shgan hissasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan G‘alaba bog‘i va Davlat shon-sharaf muzeyi ochildi. Prezident Mirziyoyev bog‘ning ochilish marosimidagi nutqida quyidagi so‘zlarni aytib o‘tdi: “Rossiya, Belarus, Qozog‘iston kabi mamlakatlarning bu boradagi ijobiy tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonda ham shunday amaliy ishlarni yo‘lga qo‘yishimiz lozim”. Shon-sharaf muzeyida tashrif buyuruvchilarni emotsional jalb etish uchun 3D installyatsiyalar va interaktiv multimedia vositalaridan foydalanilishi O‘zbekistonning Moskvadagi G‘alaba muzeyi hamda “Nevskiy batalist” ko‘rgazma loyihalari tajribasini faol o‘zlashtirayotganidan dalolat beradi.
Davlat shon-shuhrat muzeyining tashqi ko‘rgazmasi. Urush davridagi jangovar texnikaga o‘sha yillardagi tashviqot shiorlari lotin yozuvida yozilgan. Foto: Katerina Kuznetsova
Shu bilan birga, davlatning hozirda hayot bo‘lgan urush qatnashchilariga bo‘lgan e’tibori ijtimoiy tus olmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda urush faxriylari nafaqat jangovar xizmatlari uchun, balki yoshi tufayli ham hurmat qilinmoqda: masalan, 2024-yilda prezident Ikkinchi jahon urushi faxriylarining holidan xabar olish uchun harbiy shifoxonaga tashrif buyurdi, 2025-yilda ularga 10 ming dollar miqdorida bayram pul mukofotlari ajratish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Quyi amaliyotlar
O‘zbekistonga 9-mayni nishonlashning zamonaviy quyi amaliyotlari Rossiyadan kirib kelgan. Ular bilan birga mahalliy sharoitda eskirgan va sun’iy ko‘rinadigan ma’naviy mazmun ham o‘zlashtirilgan.
Bunday e’tiborga sazovor hodisalardan biri – Toshkentdagi “Birodarlik qabristoni” memorial majmuasi hududida bir necha yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “O‘lmas polk” aksiyasidir. Har yilgi tadbir memorial hududi bo‘ylab aylanma yurish tarzida o‘tkaziladi — aksiya boshlanganidan buyon ishtirokchilar poytaxt ko‘chalariga bir marta ham chiqarilmagan. Shu sababli, Toshkentdagi “O‘lmas polk” tashkilotchilari shahar hokimiyati bilan sezilmas sur’atda kechayotgan sud jarayonini olib bormoqda va Rossiya davlat ommaviy axborot vositalarida faolligini saqlab qolmoqda.
Rossiyaning o‘zida “O‘lmas polk” asta-sekin umummilliy hodisaga aylanib, davlat e’tiborini tortdi. 2015-yilda harakat ustidan to‘liq ma’muriy nazorat o‘rnatildi: Rossiya prezidenti huzuridagi “G‘alaba” tashkiliy qo‘mitasi mintaqaviy va mahalliy hokimiyat organlariga aksiyani qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilishni tavsiya etdi. 2015-yil 9-may kuni Vladimir Putin frontda xizmat qilgan otasining suratini ko‘tarib “O‘lmas polk” safida yurdi. Shu paytdan boshlab, xalq tashabbusini ma’muriy qo‘llab-quvvatlash uni bo‘g‘ib qo‘yishga aylandi.
Bayramdan 2 kun oldin "Birodarlik qabristoni"da Mudofaa vazirligi duxovoy orkestrining repetitsiyasi bo‘lib o‘tdi. Foto: Katerina Kuznetsova
Xotirlashning Rossiyaga oid boshqa bir amaliyoti — Georgiy tasmasini taqishdir. O‘zbekistonda bu tasmalarni tarqatish va taqib yurish rasman taqiqlanmagan, ammo rag‘batlantirilmaydi ham. 2015-yilda Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Georgiy tasmasi o‘rniga O‘zbekiston davlat bayrog‘i ranglaridagi “Sharaf tasmasini”ni joriy etishni taklif qilgan. Ushbu tashabbus eng yuqori darajada faol targ‘ib qilinmoqda. Masalan, 2023-yilda Prezident Mirziyoyev Moskvadagi G‘alaba paradida aynan shu tasma bilan ko‘zga tashlangan edi.
Xotira va qadrlash kuni arafasida Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni poytaxtda yashovchi ayolning xonadoniga tashrif buyurdi. "Shuhrat lentasi"ni ofitserning o‘zi ham, o‘quvchilar ham taqib olgan edi. Foto: O‘zbekiston Mudofaa vazirligi.
Mahalliy xotira tadbirlarida ishtirokchilarning Georgiy tasmasini taqishi ko‘proq madaniy tanlov ifodasiga o‘xshaydi. Bu tasma, mustaqil O‘zbekistondagi Xotira va qadrlash kunini nishonlash an’anasidan farqli o‘laroq, shartli ravishda “Rossiyaga xos” G‘alaba kunining ramzi sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu qarama-qarshilik 2014-yildan keyin ayniqsa yaqqol ko‘zga tashlandi — aynan o‘sha vaqtdan boshlab Georgiy tasmasini taqish siyosiy tus oldi va postsovet hududida turlicha qabul qilina boshlandi.
Postsovet Rossiyasidan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda Ulug‘ Vatan urushi / Ikkinchi jahon urushi umummilliy, yengib bo‘lmas fojia sifatida idrok etiladi. Mamlakat bu urushda ishtirok etishni o‘zi tanlamagan bo‘lsa-da, uni vijdonan va oxirigacha boshdan kechirgan. Mamlakat 9-may sanasiga aynan shunday ma’no yuklaydi — va bu yerda G‘alaba nima uchun xotira va hurmat bilan chambarchas bog‘liq ekanligi aynan shu bilan izohlanadi.
Muallifning fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.




















