Xalqaro kinofestivallar shunchaki namoyish emas – ular trendlar tug‘iladigan, nomlar kashf etiladigan, manifestlar shakllantiriladigan va “san’at” tushunchasining chegaralari kengayadigan maydonlardir. Har bir festivalning o‘z xarakteri, marosimlari va muhiti bor: Venetsiya o’z an’analari bilan, Berlin ijtimoiy sezgirligi bilan, Toronto tomoshabinga bo‘lgan muhabbati bilan, Sandens esa erkinligi bilan mashhur.
Ammo Kann – alohida liga. Bu yerda mavqe, ommaviylik va nozik did uyg‘unlashgan. Bu zallarda kashfiyotlar qilingan, kino karyeralari boshlangan, go‘zallik, og‘riq va haqiqat haqidagi tasavvurlar o‘zgargan. Filmlarning zangori qirg‘og‘ida bir kun kelib O‘zbekistonda yaralgan hikoya qo‘yilsa-chi? Kino jarayonini ichidan biladiganlarga savol berib ko'rdik: qaysi o‘zbek filmlari Kannda namoyish etilish mumkin va kerak edi? Va ro'yxatni tahririyat tanlovi bo‘yicha to‘ldirdik.
“Turnalar uchmoqda”dan “Choy”gacha: postsovet kinosi Kannga qanday yo‘l ochdi?
Sobiq Ittifoq hududida suratga olingan filmlar bir necha bor Kann festivali dasturiga kiritilgan va hatto uning oliy mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Grigoriy Chuxrayning “Qirq birinchi”, “Askar haqida ballada”, Mixail Kalatozovning “Turnalar uchmoqda”, Andrey Tarkovskiyning “Solyaris” asarlari shular jumlasidandir. 1991-yildan keyin sobiq sovet respublikalari o‘z nomidan jahon sahnasiga chiqa boshladi. Rossiyani Nikita Mixalkovning "Quyoshdan charchaganlar" va Pavel Lunginning "To‘y" asarlari taqdim etdi. Markaziy Osiyo ham asta-sekin ko‘zga tashlana boshladi: masalan, qirg‘izistonlik Aktan Arim Kubatning "Nur o‘g‘risi" filmi yoki Qozog‘istonning "Onajon, men tirikman!" filmi.
O‘zbekiston 2018-yilda Kann kino bozorida o‘zini ko‘rsata boshladi. Aynan o‘sha paytda "Marché du Film"da birinchi marta mamlakat milliy pavilyoni paydo bo‘ldi — bu, birinchi navbatda, O‘zbekistonni kinematografiya salohiyatiga ega hudud sifatida ko'rsatish nuqtai nazaridan muhim qadam bo‘ldi: o'ziga xos suratga olish joylari, ko-produksiya, ssenariylar. Pavilyon 2022-yilda ham qaytib keldi, ammo hozircha sanoat segmentining bir qismi bo‘lib qoldi — rasmiy dasturda filmlar namoyish etilmadi. Kann bozori muzokaralar uchun ajoyib joy, lekin zalda olqishlarga ega bo'lish uchun emas.
Shunga qaramay, o‘zbek filmlari allaqachon e’tirof va mukofotlarga sazovor bo‘la boshlagan. Ruslan Saliyevning jadidchilik tarixiga bag‘ishlangan "Мечтатели" ("Xayolparastlar") nomli hujjatli filmi Kannda bo‘lib o‘tgan Butunjahon kinofestivalida "Eng yaxshi ma’rifiy film" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. “Choy” qisqa metrajli filmi esa Shokir Xoliqovning diplom ishi bo‘lib, Kann festivali bilan parallel ravishda o‘tkaziladigan va kuchli qisqa metrajli, shu jumladan ijtimoiy va inklyuziv mavzulardagi filmlarni to‘playdigan "Entre 2 Marches" festivalida Gran-prini qo‘lga kiritdi.
Pavilyondan premyeragacha
UPD. Tuzatish kiritildi: "Amir Temur" filmi asosiy dasturdan tashqarida namoyish etiladi.
2025-yilda O‘zbekiston jahon ekrani sari yana bir qadam tashlamoqda. Mamlakat tarixida ilk bor o‘zbek jamoasi ishtirokida yaratilgan film festival davomida Kann kinozallarida namoyish etiladi, — dedi kinoshunos Eldor Yo‘ldoshev HD magazine`ga. “Amir Temur” lentasi — amerikalik prodyuserlar bilan hamkorlikda suratga olingan xalqaro loyiha bo‘lib, uning distribyutori Yo‘ldoshev hisoblanadi.
Filmning birinchi premyerasi Los-Anjelesda CinemaCon 2025 sanoat forumi arafasida bo‘lib o‘tdi va yil oxirigacha kartinani bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakatlarda namoyish etish rejalashtirilgan. Bu loyiha — muhim voqea: O‘zbekiston endi nafaqat kino bozoridagi muzokaralarda ishtirok etmoqda, balki asosiy sahnaga chiqmoqda.
Ehtimol, Samarqand, Nukus yoki Toshkentda suratga olingan film "Grand Théâtre Lumière" zalida olqishlarga sazovor bo‘ladigan kun yaqindir.
O‘zbekistonda suratga olingan qaysi filmlar Kann festivali dasturidan o‘rin olishi mumkin? HD magazine bu savolni mahalliy kinematografiya tarixi va bugunini yaxshi biladigan rejissyorlar, aktyorlar va kinoshunoslarga berdi. Javoblar ko‘p bo‘lmasa-da, har biri shaxsiy tarixga, rejissyorga nisbatan hurmatga va hududdan ancha uzoqlarda ham anglab yetilishi mumkin bo‘lgan kinoga bo‘lgan ishonchga ega edi.
Biz ularning tanlovini taqdim etamiz. Shuningdek, bizning tahririyat tomonidan tanlab olingan, ya'ni bizning fikrimizcha, Kannda namoyish etilishga loyiq bo‘lgan filmlarni ham kiritdik.
Aziz Beyshenaliyev
Aktyor va rejissyor, Toshkent universiteti va Teatr va rassomchilik instituti qoshidagi maktab-studiyada tahsil olgan, “Buyuk Amir Temur” (1996) filmida debyut qilgan. O‘shandan buyon mintaqadagi kino san’ati rivojini diqqat bilan kuzatib boradi.
“Hayotimning eng baxtli yillarini O‘zbekistonda o‘tkazdim. O‘shandan beri ishonchim komil: bu yerda eng yuksak mukofotlarga loyiq kino suratga olinadi – u nozik, hissiy jihatdan samimiy va juda jonli”.
“Sevishganlar” (1969)
Rejissyor: Elyor Ishmuhamedov
Do‘stlik, sevgi va haqiqiy hayotga intilish birlashtirgan uch yosh haqidagi hikoya.
Nima uchun Kannga loyiq?: "Yoshlik haqida juda nozik, yorqin tasvir. Bunday filmni har qanday festival maydonchasida tushunish va qabul qilish mumkin".
Mukofotlar: Minskdagi Butunittifoq kinofestivalining sovrini.
“Go'r yoshligim” (1985)
Rejissyor: Elyor Ishmuhamedov
Dramada taqiqlangan muhabbat, qalb va ota-ona irodasi o‘rtasidagi tanlov haqida.
Nima uchun Kannga loyiq?: “Ishmuhamedovning boshqa filmlarida bo‘lgani kabi, bu yerda ham bosh qahramon – sevgining o‘zi. Film muhim savolni o'rtaga tashlaydi: agar ularga shunchaki sevishga ruxsat berilganida qanday bo‘lardi?”
Mukofotlari: "Oltin tovus" mukofoti (Dehli), Olmaotadagi Butunittifoq kinofestivalining sovrini.
“Quyosh tafti ostidagi uy” (1977)
Rejissyorlar: Zinoviy Royzman va Georgiy Bzarov
Ichki yolg‘izlik, yaqinlik va ulg‘ayish haqida oilaviy drama.
Nima uchun Kannga loyiq?: “Nozim To‘laxo‘jayev va Dilorom Qambarovaning kuchli aktyorlik mahorati tufayli kartina haqiqiy kashfiyot bo‘ldi. Film hali ham jonli va samimiy hikoya sifatida qabul qilinadi”.
Mukofotlar: Yerevandagi Butunittifoq kinofestivalining mukofoti (1978).
Eldor Yo'ldoshev
Markaziy Osiyo zamonaviy kinosini tadqiq etuvchi kinoshunos. Uning fikricha, xalqaro festivallar birinchi navbatda "byudjetni emas, balki rostgo‘ylik va rejissyorlik ohangini" qadrlaydi.
"O‘zbek kinosining ovozi bor va bu ovoz tobora ishonchliroq bo‘lib bormoqda”.
“Paxta” (2024)
Rejissyor: Rashid Malikov
Vizual jihatdan kuchli ijtimoiy drama jamiyat ichidagi bo‘linishlar va kundalik hayotdagi ko‘rinmas zo‘ravonlik haqida.
Nima uchun Kannga loyiq?: “Film haqqoniy, tashvishli va juda vizual. Eng yirik kino anjumanlarida e’tibor qozonishi uchun barcha imkoniyatlarga ega”.
Mukofotlar: (premyera kutilmoqda – allaqachon bir nechta xalqaro tanlovlarda e’lon qilingan).
“Yakshanba” (2023)
Rejissyor: Shokir Xoliqov
Shaharda o‘tkazilgan bir kunning hikoyasi — so‘zsiz, biroq chuqur ichki kechinmalardan iborat.
Nima uchun Kannga loyiq?: “Mintaqaning eng nomdor debyutlaridan biri. Kamerali, ifodali, chuqur – mutlaqo festivallarga xos kino”.
Mukofotlar: 30 dan ortiq sovrinlar, jumladan Shanxay xalqaro kinofestivali va Osiyo xalqaro kinofestivali. “A” toifasidagi uchta festivalda namoyish etilgan.
Nozim Tolipov
Rejissyor va operator. Uning fikricha, kinoda eng muhimi insoniylik, filmning haqiqiy kuchi esa hissiyotda mujassam bo'ladi.
“Sen yetim emassan” (1962)
Rejissyor: Shuhrat Abbosov
Urush davrida o‘zbek oilasi turli millatga mansub 15 nafar yetimni o‘z bag‘riga oladi. Rahm-shafqat, sevgi va umid haqida hikoya.
Nima uchun Kannga loyiq?: “Bu eskirmaydigan kino. U haqiqatan ham ta’sirli va dunyoning istalgan nuqtasida tushunilishi mumkin”.
Mukofotlar: Frankfurt xalqaro kinofestivali mukofoti (1963), I Butunittifoq kinofestivali mukofoti (1964), Hamza nomidagi O‘zbekiston SSR Davlat mukofoti.
HD magazine jurnali tahririyati o‘z ro‘yxatini ham tayyorladi – bizning fikrimizcha, Kann festivalining eng yuqori mukofotlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘lgan filmlar quyidagilardan iborat.
“Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” (2020)
Rejissyor: Yolqin To‘ychiyev
Rossiyadagi fuqarolar urushining boshlanishi. Iste’fodagi general Komil uch xotini bilan tog‘li Turkiston qishlog‘ida yashaydi va siyosat haqida deyarli o‘ylamaydi – uni merosxo‘r yo‘qligi tashvishga soladi. O‘g‘il ko‘rish umidida yoshgina bir qizni xotinlikka oladi.
Nima uchun Kannga loyiq?: Film davrlar kesimida yashayotgdan va inqilobdan keyingi dastlabki yillarda Buxoro yaqinidagi tog‘larda “dushmanlik quyunlari”dan himoyalanishga urinayotgan patriarxal oila haqida hikoya qiladi.
Mukofotlar: “Moskva premyerasi” festivalida “Eng yaxshi to‘liq metrajli film” (2020-yil); Los-Anjelesdagi Asian World Film Festival’da “Qor qoploni” tomoshabinlar tanlovi mukofoti (2021-yil).
“Berlin-Oqqo‘rg‘on” (2018)
Rejissyor: Zulfiqor Musoqov
Film voqealari urushdan oldingi davrda va bugungi kunda — Berlin, Moskva va o‘zbeklarning Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida sodir bo‘ladi. Markazda ikki sevgi hikoyasi: o‘zbek Qo'ziboy va Gulshoda Shodiyevlar, nemis Klaus Kyostlin va yahudiy Debora Layxtman taqdiri tasvirlangan.
Nima uchun Kannga loyiq?: Ishonch, sevgi, urush, qalb yaqinligi va xiyonat haqidagi hikoya. Bularning barchasidan qanday omon qolish va sinmaslik haqida. Eng ta’sirli lahza: keksa Qo‘ziboyning halok bo‘lgan jangchi do‘stlari ruhlarining quvonchli ovozlari ostida Gulshodani sevib qolganini tan olishi. Bu shunchaki urushdagi g‘alaba emas – bu og‘riq va boshdan kechirilgan barcha narsalar ustidan qozonilgan g‘alaba.
Mukofotlar: “Nika” mukofotiga nomzod (2019) – “MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlarining eng yaxshi filmi”.
Biz hikoya qilgan filmlar dunyodagi eng yirik kinofestivallarda ko‘rishga arziydigan madaniy qatlamning bir qismi, xolos. Ularda rostgo‘ylik, ifodalilik, ichki kuch va insoniy ohanglar mavjud. Demak, ular sayyoramizning istalgan nuqtasida tushunilishi va qabul qilinishi mumkin.


