Suvenirlar, ko‘cha taomlari va bir-ikkita eksponat

Joriy yilda Toshkentdagi Temir yo‘l texnikasi muzeyi hududida savdo do‘konlari, ovqat pavilyonlari va ichimlik sovutgichlari paydo bo‘la boshladi. Tadbirkorlar o‘zlarining biznesini shiddat bilan kengaytirmoqdalar, vaziyat shunchalik tez rivojlanib ketdiki, ayrim blogerlar noyob muzey "Sosiskaxona bekati" savdo markaziga aylanib ketadi degan fikrni bildirishdi.
Samarqandning Registon maydonida, bir paytlar madrasa talabalari yashagan va ta’lim olgan hujralarning ichida qizg‘in savdo-sotiq avj olgan. Bu yerda ikat matolari, sopol buyumlar, magnitlar, qadimiy ashyolar va milliy bosh kiyimlar sotilmoqda. Sayyohlarga naqshinkor koshinlar bilan bezatilgan devorlar oldida suratga tushish uchun ijaraga yorqin rangdagi liboslar taklif etilmoqda. Ba’zi do‘konlar yoritgichlar, plastmassa manekenlar va kiyim ilgichlar bilan jihozlangan - faqat kiyim o‘lchab ko‘rish xonalarigina yetishmayapti, xolos.
Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, Registon maydonidagi butun ansambl YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Aslida, bu nafaqat O‘zbekiston xalqiga, balki butun insoniyatga tegishli bo‘lgan noyob muzey eksponatidir.
Toshkentdagi temir yo‘l texnikasi muzeyi (2025-yil) © Katerina Kuznetsova / Instagram: tawshan
Toshkentdagi temir yo‘l texnikasi muzeyi (2025-yil) © Katerina Kuznetsova / Instagram: tawshan
Toshkentdagi temir yo‘l texnikasi muzeyi (2025-yil) © Katerina Kuznetsova / Instagram: tawshan
Toshkentdagi temir yo‘l texnikasi muzeyi (2025-yil) © Katerina Kuznetsova / Instagram: tawshan
Thumbnail 1
Thumbnail 2
Thumbnail 3
Thumbnail 4
Toshkentdagi temir yo‘l texnikasi muzeyi (2025-yil). Foto: Katerina Kuznetsova
Tarixiy obyektlar atrofida va ichida amalga oshiriladigan chakana savdo vizual shovqin hosil qiladi va madaniy merosni chuqur idrok etishga xalaqit beradi. Bundan tashqari, iqtisodiy nuqtai nazardan ham bunday faoliyat deyarli foyda keltirmaydi: odatda, sifati past va muayyan joy yoki ekspozitsiya bilan bog‘liq bo‘lmagan tovarlar sotiladi. Muammo faqatgina suvenirlar bozoriga taalluqli emas — bir qator muzey obyektlari va me’moriy yodgorliklar atrofi salqin ichimliklar solingan sovutgichlar va ko‘cha taomlari qo‘yilgan aravachalar bilan to‘lib ketgan.
San’atshunoslik fanlari doktori va "SAN’AT" jurnalining bosh muharriri Binafsha Nodir arzon-garov mollarning ko‘payib ketishining asosiy sababi ularning tannarxida ekanligini ta’kidlaydi: "Xitoy va Hindistonda ishlab chiqarilgan sifatsiz mahsulotlar haqiqiy o‘zbek to‘qimachilik buyumlariga qaraganda ancha arzonroq".
Bugungi kunda mamlakatimizning deyarli barcha sayyohlik maskanlarini soxta adraslar — milliy naqshlarga taqlid qiluvchi fabrika matolari va O‘zbekistondan tashqarida ishlab chiqarilgan mashinada tikilgan buyumlar egallab olgan. Biroq, mutaxassisning ta’kidlashicha, haqiqiy qo‘l mehnati mahsuli, u qayerda yaratilishidan qat’i nazar, o‘z mohiyatiga ko‘ra arzon bo‘lishi mumkin emas.
"Bitta polotnoni yaratishga o‘nlab yuqori malakali mutaxassislar jalb qilinadi. Asl matoning tannarxi fabrika taqlidlarining narxidan bir necha barobar yuqori turadi. O‘zbekistonning har bir fuqarosi ham, har bir sayyoh ham bunday mahsulotni sotib olishga qurbi yetavermaydi. Buning sababi shundaki, sayyohlarning talabi taklifni shakllantiradi. Shu bois nafaqat Registondagi, balki mamlakatning boshqa ko‘plab tarixiy joylaridagi do‘konlarda arzon va sifatsiz mahsulotlar ko‘plab uchraydi".

"Faqatgina ayrim savdo turlariga ruxsat berish kerak. Misol uchun, rassomlar asarlarini joyida yaratib, darhol sotishlari yoki kashtachilar tashrif buyuruvchilarning ko‘z o‘ngida qo‘lda tikilgan kashtalarni taklif etishlari mumkin. Qolgan barcha narsalarni madaniy obyektlardan tashqariga – bozor rastalariga chiqarish lozim," deb hisoblaydi Urganchdagi Zamonaviy san’at muzeyi direktori Shirin Tosheva.
Registon maydoni © Ildar Sadikov / Instagram: ildar.sadikov.52
Registon maydoni. Foto: Ildar Sadikov

Muzeylarni moliyalashtirish bilan bog‘liq vaziyat qanday holatda?

O‘zbekistonda madaniyat sohasiga ajratilayotgan davlat xarajatlari hajmi mamlakatning umumiy byudjetiga nisbatan kamtarona darajada qolmoqda. Joriy yilda Madaniyat vazirligi davlat byudjetidan 1,2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ oladi - bu ajratilgan mablag‘larning eng yuqori miqdori. Shu bilan birga, davlat byudjeti xarajatlarining umumiy hajmi 290,4 trillion so‘mni tashkil etadi. Moliya vazirligi 2025-yilda madaniyat sohasiga 4 trillion so‘m sarflanishini prognoz qilmoqda.
Ushbu summa eng past darajada bo‘lmasa-da (taqqoslash uchun: sport uchun xarajatlar prognozi 3 trillion, ilm-fanga 2 trillion so‘m), muzeylar, ko‘rgazma va ekspozitsiya zallari uchun ajratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar umumiy hajmning faqat kichik qismini tashkil etadi.  2025-yilda mamlakatdagi 50 ta muzey va ko‘rgazma zallariga 147,7 milliard so‘m (2023-yilda 112,6 milliard so‘m) ajratiladi. Davlat muzeylarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash uchun alohida davlat dasturi doirasida 6,7 milliard so‘m (2024-yilda 6 milliard so‘m) sarflanishi rejalashtirilgan.
Quruq statistik ma’lumotlarga asoslanib, bu mablag‘lar muzeylar ehtiyojlari uchun yetarli yoki yetarli emasligini aniqlash qiyin. Biroq, bir narsani aniq aytish mumkin: har qanday muzey muassasasi o‘zi ishlab topganidan ko‘ra ancha ko‘p mablag‘ sarflaydi.

San’atshunoslik fanlari doktori, Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston san’at muzeyining sobiq direktori Tigran Mkrtichev tahririyat bilan suhbatda shunday tushuntirdi: "Muzey - bu juda qimmatli infratuzilma majmuasidan iborat: qo‘riqlash, harorat va namlik rejimini saqlash, maxsus yoritish tizimi, zarur jihozlar - bularning barchasi katta xarajatlarni talab qiladi".
Shu bilan birga, mamlakatimiz muzeylari, shubhasiz, ko‘rsatishga arzigulik boyliklariga ega. Bugungi kunda ularning fondlarida tahminan 2,5 million eksponat, nodavlat to‘plamlarda esa 25 mingga yaqin eksponat saqlab kelinmoqda. To‘g‘ri tashkil etilgan tizim natijasida madaniy maskanlar sezilarli daromadga ega bo‘lishi va doimiy sayyohlar oqimini ta’minlashi mumkin.
"Bir qator tarixiy sabablar natijasida O‘zbekiston g‘oyat boy muzey fondiga ega. Ushbu fond arxeologik qazishmalar davomida topilgan noyob qadimiy san’at yodgorliklarini; mamlakatda istiqomat qiluvchi ko‘plab xalqlarning an’anaviy madaniyatini aks ettiruvchi o‘ziga xos amaliy-bezak san’ati asarlarini; XX asr tasviriy san’at asarlarini o‘z ichiga oladi. Bular orasida mahalliy rassomlarning ishlari hamda Igor Vitalyevich Savitskiy tomonidan to‘plangan sovet noformal san’atining noyob kolleksiyasi saqlab kelinmoqda", — deya ta’kidladi Tigran Mkrtichev.

Muzey qanday qilib passiv daromad olishi mumkin?

Biroq, muzey fondlarini jamoatchilikka ko‘rsatish zarur — buning uchun maxsus sharoitlar va ekspozitsiyalarni sinchkovlik bilan tayyorlash talab etiladi. "Men mutlaqo oddiy narsalarni aytayotgan bo‘lsam-da, hatto shu kichik vazifalarni hal qilish uchun ham jiddiy moliyaviy mablag‘ sarflash kerak. Shuni anglash muhimki, muzey bu xarajatlarni qoplashga umuman qodir emas," deya qo‘shimcha qilidi u.
"Muzeylarni hech qanday yo‘l bilan pul topish manbayiga aylantirish mumkin emas, chunki dunyodagi bironta ham muzey daromad keltirmaydi".

Muzeylar bunday xarajatlarni tashrif buyuruvchilar soni hisobiga qoplay olmaydi, chunki chiptalarning yuqori narxi ko‘pchilik uchun muzeylarga kirishni cheklab qo‘yadi. "Ikkinchidan, jamoat binolaridan foydalanishning muayyan sanitariya me’yorlari va qoidalari mavjud bo‘lib, ularni buzmaslik lozim. Misol uchun, aytaylik, 100 o‘rinli poyezdga 200 yo‘lovchini sig‘dirib bo‘lmaydi," - deya ta’kidladi Tigran Mkrtichev.
Muzeylar o‘z faoliyatini moliyalashtirishi uchun bir nechta usullardan foydalanishi mumkin. Davlat muzeylari asosan byudjetdan mablag‘ oladi, biroq ular boshqa qonuniy manbalardan ham pul topishi mumkin. Masalan, davlat va xususiy muzeylar pullik ekskursiyalar va mahorat darslari o‘tkazishi, binolarni ijaraga berishi, homiylar izlashi, grant dasturlarida ishtirok etishi hamda xayriya yordamini qabul qilishi mumkin.
Buxorodagi Ark qal’asi hududida joylashgan muzey-qo‘riqxona ko‘rgazmalar tashkil etish, hunarmandlarga ko‘maklashish, maydonlarni ijaraga berish va homiylarni jalb qilish kabi qo‘shimcha yo‘nalishlarni rivojlantira boshladi. Olingan barcha mablag‘lar tarixiy obidalarni qayta tiklash, muzeyni rivojlantirish va ta’lim dasturlarini amalga oshirishga yo‘naltirildi.
Olimlar muzey faoliyatiga bo‘lgan yondashuvni qayta ko‘rib chiqishni taklif etishmoqda. Ularning fikricha, muzey faqatgina tarixiy buyumlar saqlanadigan joy emas, balki jamiyat va iqtisodiyotga ta’sir ko‘rsata oladigan jonli madaniy markazga aylanishi lozim. "Aralash foydalanish" g‘oyasi tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Unga ko‘ra, muzey hududida kafe va sovg‘a do‘konlari faoliyat yuritishi mumkin, ammo muzeyning asosiy vazifasi ma’rifiy missiyasini bajarishdan iborat bo‘lishi lozim.
"Avvalroq ta’kidlab o‘tganimdek, O‘zbekiston muzeylari noyob fondlarga ega. Shu asosda yangi ekspozitsiyalar, ko‘rgazmalar va ekskursiya yo‘nalishlarini yaratish lozim. Buning uchun kadrlar zarur - hammaga ayon, professional muzey xodimlari qatlamini shakllantirish kerak. Ta’kidlash lozimki, muzeylarda ishlovchi xodimlar juda kam maosh olishadi, ya’ni ularning ishlashga rag‘bati yo‘q".

Luvr restavratsiyasi uchun milliard

Muzeylarning moliyaviy barqarorligi muammosi faqat O‘zbekistonga xos emas. Hatto dunyodagi eng yirik madaniy muassasalar ham madaniy vazifalarini bajarish va o‘zlarini moliyaviy jihatdan saqlab qolish o‘rtasidagi muvozanatni doimo ham topa olmaydilar.
Misol uchun, sayyoramizning eng mashhur muzeylaridan biri hisoblangan Luvr 2025-yilda binoni qayta tiklash uchun 1 milliard yevro mablag‘ to‘plashi haqida e’lon qildi. The Art Newspaper nashrining xabar berishicha, tashrif buyuruvchilar xonalarning haddan tashqari gavjumligi, yo‘l ko‘rsatkichlarning yomonligi, dam olish joylarining sifatsizligi, hojatxonalarning eskirganligi va umuman infratuzilmaning "ishdan chiqqanligi"dan shikoyat qilishgan. Nashrda to‘plamlarga xavf solishi mumkin bo‘lgan "tarkibiy shikastlanishlar" haqida ham so‘z yuritilgan.
Buyuk Britaniyada ham holat yaxshi emas: BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 2010-yildan 2023-yilgacha madaniyat muassasalarini davlat tomonidan moliyalashtirish 18 foizga qisqargan. Hattoki Britaniya muzeyi va Milliy galereya ham 120 million funt sterling miqdoridagi grantlar uchun kichikroq muassasalar bilan raqobatlashishga majbur bo‘lmoqda.
Britaniya muzeyi asosan xayriya va homiylik yordamiga tayanadi. Muzey xususiy shaxslar va korporatsiyalardan mablag‘larni faol jalb etib, qo‘shimcha moliyalashtirishning barqaror tizimini yaratmoqda. Misol uchun, 2023-yilda muzey tomonidan BP neft kompaniyasi bilan 50 million funt sterlinglik shartnoma imzolandi. Xayriya mablag‘lari muzeyni zamonaviylashtirish, infratuzilma va galereyalarni yangilashga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, Britaniya muzeyi saytida a’zolik sotib olish taklif etiladi. Bu a’zolik barcha ko‘rgazmalarga cheksiz kirish, maxsus tadbirlarga tashrif buyurish, "British Museum" jurnalini olish va maxsus chegirmalardan foydalanish imkonini beradi.
AQShda muzeylar oldindan biznes bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan - ular Yevropadagi kabi xususiy qirollik kolleksiyalari negizida yaratilmagan va davlatdan moliyaviy yordam olmagan. Notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lsa-da, ular doimo faoliyati uchun mablag‘ topishga majbur bo‘lib kelgan. 501(c)3 maqomi muzeylarga daromad solig‘idan ozod bo‘lish imkoniyatini bergan, biroq bu foyda olishni taqiqlamaydi - asosiysi, foyda xodimlarning ish haqini to‘lash, binolarni saqlash hamda ta’lim va ilmiy dasturlarni rivojlantirishga yo‘naltirilishi lozim.
AQShdagi har qanday muzeyning uchta asosiy daromad manbasi bor. Ularning birinchisi - oz sonli boy va sodiq "homiylar"ning muntazam xayriyalari (taxminan 60 foiz). Chiptalar va ekskursiyalar muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, asosiy daromad manbai hisoblanmaydi. Misol uchun, chiptalar Metropoliten muzeyiga umumiy daromadning atigi 2 foizini keltiradi. Tijorat faoliyati esa do‘konlar, litsenziyalar, ta’lim kurslari va binolarni ijaraga berishdan iborat (40 foizgacha).
Smitson aviatsiya va kosmik texnika muzeyi ekspozitsiyasi. Foto: Nils Huenerfuerst / Unsplash
Smitson aviatsiya va kosmik texnika muzeyi ekspozitsiyasi. Foto: Nils Huenerfuerst / Unsplash
Dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri bo‘lgan Nyu-Yorkdagi Metropoliten muzeyi 2016 yilda 10 million dollarlik byudjet taqchilligi haqida e’lon qilgan (ushbu summa 40 million dollargacha yetishi mumkin edi). 2020 yilga kelib, muzey 150 million dollardan ortiq daromadini yo‘qotdi va hatto ish haqi to‘lovlari kabi joriy xarajatlarni qoplash uchun eksponatlarning bir qismini sotishni ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi. Metropoliten muzeyining sobiq direktori Tomas Kempbell eksponatlarni sotish yangi me’yorga aylanib qolishi mumkinligini bashorat qilgan edi.
Smitson aviatsiya va kosmik texnika muzeyi ekspozitsiyasi. Foto: Nils Huenerfuerst / Unsplash
AQShning eng yirik muzey majmuasi bo‘lgan Smitson instituti ham federal moliyalashtirishning qisqarishiga duch kelmoqda. 2024-yilda uning kapital loyihalarni amalga oshirish uchun ajratilgan byudjeti 54 million dollarga kamaytirildi, bu esa modernizatsiya va yangi obyektlar qurilishi rejalariga ta’sir ko‘rsatdi. Bu yil institutning boshqa muammolari ham yuzaga keldi: Donald Tramp ma’muriyati institutning "noto‘g‘ri, bahsli va Amerikaga qarshi g‘oyalarni" targ‘ib qiluvchi dasturlarini moliyalashtirishni qisqartiruvchi farmonni imzoladi.
Muzey suvenir do‘konlari uchun shunchaki fon emas. Birinchi navbatda, muzeylar didni tarbiyalaydigan, tafakkurni va o‘tmishga hurmatni shakllantiradigan makon. Asl qadriyatlar foyda oldida chekinsa, biz nafaqat madaniyatni, balki hayotiy mo‘ljallarni ham yo‘qotish xavfiga duch kelamiz. Muzey oqim va ko‘lam emas, balki nigohning teranligiga e’tibor qaratiladigan joy bo‘lib qolishi lozim.
Hikoya sizga yoqdimi? Bizni Instagram va Telegram orqali kuzatib boring - u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlar topasiz.