Qisqacha mazmuni
Bu yerda biz qisqacha mazmun bilan tezda tanishishni xohlovchilar uchun material qahramonining asosiy fikrlarini to‘pladik. Intervyuning to‘liq tafsilotlari bilan quyida tanishishingiz mumkin.
Vargunza taxallusi bilan tanilgan Mirshod pomidor sotuvchisidan O‘zbekistonning eng ko‘zga ko‘ringan strit-artistlaridan biriga aylandi. Uning ishonchi komil: san’atkor kambag‘al bo‘lishi shart emas — aksincha, san’at ilhomlantirishi va yangi ufqlarni ochishi kerak. Kulrang fasadlar o‘rniga — murallar, g‘amgin sukunat o‘rniga — hatto bolaga ham tushunarli bo‘lgan ko‘cha ovozi.
Vargunza graffitini qonuniylashtirish tarafdori bo‘lib, tashlandiq devorlarni ro‘yxatga olish va qorong‘u hovlilarni ochiq san’at galereyalariga aylantirish g‘oyasini ilgari suradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muammo tomoshabinlarda emas, balki rassomlarda: ba’zilar o‘z qobig‘iga o‘ralib qoladi, boshqalari esa osmonga "uchadi". Odamlar orasida bo‘lish, ular bilan tengma-tent gaplashish, tortishuvlardan qo‘rqmaslik kerak. Chunki graffiti "layklar"ni emas, balki mavjudlikni anglatadi.
Intervyuning video versiyasi
Biz ushbu variantni video tomosha qilishni va tinglashni afzal ko‘radiganlar uchun tayyorladik.
To‘liq versiyasi
Bu yerda biz diqqat bilan o‘qish uchun intervyuning to‘liq variantini taqdim etamiz.
—
Siz san’atning judayam o‘ziga xos yo‘nalishida
ijod qilasiz, san’atga kirib kelishingiz qanday bo‘lgan?
—
San’atga kirishdan oldin juda uzoq va
mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganman. Qisqacha biografiyamni aytib beraman:
1999-yil Varganza shaharchasida tug‘ilganman, taxallusim kelib chiqishi ham
o‘sha shaharchaning nomidan. Keyin biz uzoq muddatga Sankt-Peterburgga ko‘chib
ketganmiz (yoshligimdan asosiy ikkita qiziqishim bor edi, birinchisi
arxitektura, ikkinchisi tasviriy san’at).
U yerda bu ikki yo‘nalish judayam
rivojlangan ayniqsa dunyodagi eng go‘zal arxitektura hisoblanadi va tasviriy
san’atdagi eng kuchli, iste’dodli rassomlar ham aynan Sankt-Peterburgda ish
faoliyatini olib boradi.
Qiziqishim yildan yilga oshib boravergan.
Lekin 2010-yilda O‘zbekistonga ko‘chib kelishga
majbur bo‘lganmiz va O‘zbekistonga ko‘chib kelgandan keyin aynan arxitektura va
tasviriy san’atda qanchalik orqada qolib ketayotganimizni ko‘rib ozgina shokka
tushib qolganman. Lekin keyinchalik tushundimki, aksincha bu menga
ko‘p eshiklarni ochar ekan. Rivojlanmagan va rivojlantirish uchun
katta, butun davlat bor. Men qandaydir O‘zbekistonda shu yo‘nalishlarni
rivojlantirish qo‘limdan keladi deb o‘ylaganman lekin hayot ozgina achchiqroq
bo‘larkan.
Rassom Vargunza. Intervyudan kadr
Arxitektura yoki tasviriy san’at bilan
shug‘ullanishni o‘rniga bozorga chiqib pomidor sotishga majbur bo‘lganman. 5
yil bozorda optom pomidor sotganman. Lekin qiyinchiliklarga qaramasdan bozor
menga juda ham ko‘p narsani o‘rgatdi, menimcha bozorsiz hozir bu yerda o‘tirmasdim,
chunki bozorda kommunikatsiyani o‘rganasiz, muomala, muhokamalar yoki qanaqadir
diplomatiyani yaxshi o‘rganasiz-da.
O‘zimni qanaqadir taqdim qilish qobiliyatini
o‘rgandim, xaridor bilan gaplashish, o‘z mahsulotini sotishni bilish kabi
asosiy zarur qobiliyatlar bozorda paydo bo‘ldi menda. Bu asosan san’at
yo‘nalishida balki institutda o‘qishimda ham yordam berdi.
Xullas shu bilan bozorda ozgina pul yiqqanimdan
keyin arxitektura yo‘nalishiga o‘qishga kirganman, bu yerda rejalarim juda
katta edi, uch yil ishlaganman ham bu yo‘nalishda — arxitektura kompaniyasida,
lekin ketganman.
Keyinchalik bildim, O‘zbekiston arxitekturasini
rivojlantirish uchun juda ham katta mehnat qilish kerak, ko‘p narsaga chidash
kerak, ko‘p narsaga ko‘z yumish kerak, qaysidir joylarda ramkaga tiqilib qolish
kerak va bu menga to‘g‘ri kelmasdi.
Uch yil ichida sovib qolishga ulgurdim, chunki
arxitekturada baribir qanchalik kreativlik qilmang u narsani qabul qiladigan,
tasdiqlaydigan odamlarning arxitekturada umuman tushunchasi yo‘q. Hammasi ham
emas, ammo bor shunaqalar.
Hozir shunaqa davrda yashayapmizki, O‘zbekiston
juda ham tez rivojlanayotgan payt: juda ham ko‘p investitsiyalar, xalqaro har
xil kelishuvlar, boshqa davlatlar bilan xalqaro aloqalar rivojlanyapti va har
bir investor davlatlarning ham o‘zining qanaqadir normalari bor va ular nima
xohlasa o‘shani qilib berishga majbursiz, o‘zingizdan nimadir “velosiped o‘ylab
topolmaysiz”.
Arxitekturadan chiqib ketganman, baribir nima
bilandir shug‘ullanishim kerak edi chiqib ketganimdan keyin, kakraz institut
paytida kontraktlarimni yopish uchun qanaqadir o‘qish xarajatlarini qoplash
uchun bezatuvchi bo‘lib ishlaganman, har xil restoranlarga, o‘quv markazlarga
devorlarga rasm chizib berib, o‘sha orqali pul topganman. Menda qandaydir mijozlar bazasi bo‘lgani uchun
shu yo‘nalishda hozir boraveraman keyinchalik o‘zimni qayerdadir toparman deb
o‘yladim.
Lekin arxitekturada qiziqishim butunlay
so‘nmagani uchun qandaydir shakllar bilan ishlagim kelardi, har xil ommaviy
joylarni bezatish va shaharga qandaydir go‘zallik kiritish niyatim so‘nmadi.
O‘shaning uchun graffiti, strit-art aynan menga to‘g‘ri keladi deb o‘yladim.
O‘shandan beri graffitining ichidaman.
— Strit-art bu nima?
— Strit-art bu san’atdagi yangi janr desa bo‘ladi.
Bu ko‘cha san’ati, u juda ham ko‘p yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: graffiti,
mural yana installyatsiyalar va yana qandaydir yo‘nalishlar bor ichida.
Strit-art men uchun keskinlik haqida, bu kayfiyat haqida xalqni nima xursand
qilayotgani nima xafa qilayotganini ko‘rsatadigan san’at yo‘nalishi. Strit-art
keskin bo‘lishi agressiya mavjud bo‘lishi mumkin ba’zida. Lekin strit-art bu
shaharni jonlantiradigan san’at turi.
— Strit-artda har xil yo‘nalish va texnikalar bor,
ular haqida tushuncha bera olasizmi?
— Texnikalar haqida gapiradigan bo‘lsa, birinchisi
bu “tegging” ya’ni teg (imzo) qilish, bu rassom o‘z taxallusini qoldirib
ketadigan uslub, bu har bir graffiti rassom uchun boshlang‘ich nuqta desak
bo‘ladi, chunki rassom o‘z avtografini qoldirib ketgandan so‘nggina bu janrga
to‘g‘ri chuqurroq kirib boradi. Bu eng birinchi va eng oddiy usuli. Teglash
hammaning qo‘lidan keladi, u rassom bo‘lishi, qayerdadir o‘qigan bo‘lishi shart
emas.
Keyingi uslub bu throw-up (tezkor shakl), bu sal
qiyinroq uslub, unda oddiy shakllar, rangli shriftlar va qanaqadir yozuvlar,
chaqiriqlar bo‘lishi mumkin.
Keyingi uslub bu – Wildstyle. Wild bu yozuvlarni
qadab qo‘yish yoki shifrlash, chaqiriqlarni yashirish, chunki graffiti bu
ko‘proq bu jarayon haqida bo‘lgani, noqonuniy yo‘nalish bo‘lgani uchun agar
rassom nimadirga chorlayotgan bo‘lsa bu qanaqadir yashirib, o‘zini bildirmasdan
shifrlab, kompozitsiya yaratish mumkin.
Keyin yana bombing bor, bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri
noqonuniy yo‘nalish hisoblanadi. Bombing menimcha agressiv yo‘nalish:
birinchidan, u noqonuniy yo‘nalish, ikkinchidan hajm katta. Agar poyezd
vagonini oladigan bo‘lsak, [bizda, O‘zbekistonda bombing yo‘q] bilmayman
qanaqadir davlat obyektlariga, transportlariga sal hurmat borda bizda, bombing
aynan vandalizm yo‘nalish menimcha.
Keyin strit-art
yo‘nalishini oladigan bo‘lsak u yoqda qisqacha qilib aytsam, mural bu qonuniy
va katta rasmlardir. Mural ko‘pincha davlat bilan, xalq bilan kelishilgan
holatda yaratiladi va ko‘pincha devorni to‘liq qamrab oladi graffitidan farqli
ravishda.
— Bilamizki, shahar bo‘ylab graffitilar ko‘pincha
bo‘yab tashlanadi yoki yo‘q qilinadi. Bu ish buffing deyiladi va davlat tomonidan o‘tkaziladi. Siz ko‘proq
buffing haqida gapirib berolasizmi, u nima uchun kerak?
— Baffing haqida
neytral fikr bildirishga harakat qilaman, chunki mening o‘z fikrim buffing
haqida judayam keskin, keyinroq aytaman nimaga ekanini. Baffing o‘chirib
tashlash deya tarjima qilinadi. U ko‘chalarga vandalizm yoki qanaqadir
haqoratli so‘zlar yozib ketilgan bo‘lsa ularni o‘chirib tashlash, shuningdek
qanaqadir provokatsion har xil chaqiriqlar, madaniyatga, senzuraga to‘g‘ri
kelmaydigan har xil rasmlar chizilgan bo‘lsa ularni yo‘q qilish uchun chora.
Baffing faqat negativ chora emas, misol uchun qanaqadir eskirgan murallar bor,
ularni ham o‘chirib yangidan qilish uchun buffing olib boriladi.
— Aytishimiz mumkin, avvalgi yillarda Inkuzart
tomonidan chizilgan graffitilarning davlar tomonidan bo‘yab yoki to‘g‘rilab
ketilishi: masalan, Oksana Chusovitinaning g‘alabasi haqida chizilgan
grafitining ustidan yubka kiygizilib qo‘yilgani, bular baribir senzura deymiz.
Bular qonuniymi yoki graffiti rassomga nisbatan bu noto‘g‘ri emasmi?
—
Ikkita lager bor graffiti communitiy va davlat
organlari buffingni olib boradigan. Ularni bu boradagi fikri judayam
farqlanadi.
Graffiti rassomlar uchun bu qandaydir keskin chora, senzura deb
hisoblansa, tepada o‘tiradigan, buffing olib boradigan odamlar bunaqa
hisoblamaydi, qanaqadir muvozanatni saqlab qolish uchun olib boriladi deb
hisoblaydi.
Inkuzartni aynan mana shu murali to‘g‘rilangani haqida gapiradigan
bo‘lsak, kimdir "xalq noto‘g‘ri tushunishi mumkin, mentalitetga to‘g‘ri
kelmaydi" degan fikrga kelgan va "kelinglar yubka kiygizaylik"
degan va shu maqsadda baffing olib borilgan.
— Shahar bo‘ylab uylarning ustida har xil
murallarni ko‘ryapmiz, judayam sifatsiz, davlat tomonidan chizilgan bo‘lsa-da
ish juda yuzaki olib borilgan, chizilgan rasmlar judayam xunuk, monumental
rassomlar tomonidan emas balki katta hajmda qanday ishlashni bilmaydigan
insonlar tomonidan chizilganga o‘xshaydi. Bularni professional rassomlarga
bergan yaxshimi yoki yoki murallarni graffiti rassomlar o‘zlari istagan holda
chizishini maslahat berardingiz?
— Bu aslida murallarni professional rassomlarga
topshirgani uchun kelib chiqqan muammo, chunki aytib o‘tdim graffitidan qonuniy
taraflama muammolar mavjud, ulardan biri qonuniy joy yo‘qligi, o‘shaning uchun
aynan mural yasaydigan yoki graffiti chizadigan rassomlar yashirin tarzda,
noqonuniy tarzda chizishyapti, ularning o‘zi ham boshqa rassomlarga o‘rgata
olmaydi va bilganlarini bo‘lishishi qiyin, chunki ularni hech kim bilmaydi,
taniqlimas. Taniqli rassomlar esa umuman
boshqa yo‘nalishda ishlaydi.
Muralning o‘zini qonun qoidalari bor, unda
stilizatsiya shart, davlat tomonidan qanaqadir buyurtma tushadigan bo‘lsa ular
misol uchun butun umr hostda chizgan rassomni olib, unga katta devorni beradi.
Rassom bo‘lsa hostda qanday chizgan bo‘lsa shunday chizadi. Bu narsa hostda
chiroyli ko‘rinishi mumkin, ammo muralda qo‘rqitishi mumkin odamni. Chunki
ko‘chada katta shahar muhitiga to‘g‘ri kelmaydi. Muzeyda chiroyli ko‘rinishi
mumkin lekin shaharga emas.
Shuning uchun muralni aynan graffiti rassomlarga,
monumentalizm yo‘nalishida o‘qigan rassomlarga va professional muralchilar yoki
havaskorlarga berish mumkin. Rassomga katta devorni berib bo‘lmaydi deb
o‘ylayman.
— Public-art va strit-artning orasida qanday farq
bor?
— Bu ikkisi juda o‘xshash bo‘lgani bilan orasida
juda katta farq bor. Birinchisi, public-art bu rasmiy san’at turi, strit-art
esa ko‘pincha erkinlik, impulsivlik haqida va noqonuniylik haqida. Ularning
maqsadi har xil, Bu ko‘pincha erkinlik haqida, impulsivlik va noqonuniylik. Har
doim ham emas lekin ko‘pincha noqonuniylik. Ularning maqsadi har xil, jamiyat
konteksti har xil va public-art maqsadi atrof-muhitni bezash, jozibador qilish,
strit-art esa ko‘pincha kayfiyat bilan bo‘lishish: rassomning o‘z kayfiyati
bo‘lishi mumkin, xalq kayfiyati bo‘lishi mumkin.
Kontekst haqida, public-artni odam bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu qanaqadir kostyum-shimda yuradigan, qanaqadir bankda ishlaydigan odam yoki o‘qituvchi, professor, strit-art yoki graffiti bu sizning eng yaqin o‘rtog‘ingiz. Public-art sizga adabiy tilda nimanidir tushuntirib berishga harakat qiladi, strit-art esa sizni o‘rtog‘ingiz bo‘lgani uchun rang-barang kompozitsiyalar bilan sizni aldaydi yoki xursand qilishi mumkin, yoki achchiq haqiqatni yuzingizga solishi mumkin.
— Sovet davrida qurilgan ko‘p qavatli uylarning
ustida mozaikalar ko‘rishimiz mumkin va murallar. Hozirgi paytda qurilayotgan
ko‘p qavatli uylarda ko‘proq murallar. Ko‘p insonlar murallar va graffiti
orasidagi farqni bilmaydi.
— Odamlar mural bilan graffitining farqiga
bormasligining sababi aynan mural shaharda graffitidan ko‘ra ko‘proq, chunki
ular qonuniy, davlat tomonidan buyurtma qilingan va qanaqadir maqsadni o‘z
ichiga oladi. Graffiti hamma ko‘radigan joylarda bo‘lmaydi, asosan yashirin
joylarda, ko‘proq temir yo‘llar oldida, odamlar yurmaydigan joylarda
bo‘ladi.
Mural esa aksincha, u hamma ko‘radigan joylarda, 9-12 qavatli uylarning
fasadida bo‘lishi kerak. Hamma ko‘rishi kerak uni, agar mural fasadida
chizilgan kompozitsiya hamma-hammaga tanish shakllar bu portret bo‘lishi
mumkin, illyustratsiya bo‘lishi mumkin yoki qanaqadir reklama bo‘lishi mumkin.
Graffiti bu ko‘pincha provokatsion bo‘lishi mumkin, yoki shunchaki rang-barang,
tushunarsiz chiziqlar bo‘lishi mumkin.
Ularning farqi
shunda. Texnikada ham farqi bor, mural texnika tomondan ham hajm tomondan ham
murakkabroq, mural ko‘pincha fasadni
qamrab oladi, graffiti unaqa bo‘lmaydi, u chala chizilgan bo‘lishi mumkin,
devorni yarmiga chizilgan bo‘lishi mumkin.
— Sizningcha graffitiga davlat pul ajratishi kerakmi, maqsad va vazifalariga to‘g‘ri kelmaydi o‘ylab qarasak, maqsad va vazifalariga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin shu bilan uni ommalashtirsa bo‘ladimi?
— Graffitining rivojlanishi uchun davlat tomonidan
pul ajratilishi kerak emas deb o‘ylayman, uni rivojlantirishning boshqa
yo‘llari, boshqa yechimlari bor. Masalan, devorlarni qonuniylashtirish.
Qandaydir qonun joylar bo‘lsa, graffiti rassomlar kelib, chizib, taniltirib,
rivojlanib ketgandan keyin homiylardan yoki internetga har xil rasmlarning
nusxalarini joylashtirib, NFT orqali ishlasa bo‘ladi va boshqa pul ishlash
usullari bor.
Lekin davlat pul ajratishi kerakmas, agar shunaqa bo‘lsa rassom
ramkaga tiqilib qoladi-da, boshqa san’at turlaridan farqi qolmaydi. Chunki
boshqa san’at turlaridan ko‘ra aynan graffiti eng erkin san’at turi, chunki
baribir boshqa san’at vakillari aytishi mumkin, o‘z hissiyotlarini, nima
qiynayotgani, qanaqadir muammolarini lekin baribir maqsad o‘zini taniltirish,
pul ishlash kartinani sotish bo‘lgani uchun qaysidir joyda ramkaga kirib qolgan
bo‘ladi rassom.
Graffitida erkin bo‘lgani uchun rassom kimligini yashiradi,
o‘zini tanishtirmaydi, bu noqonuniy, kimgadir aytadigan bo‘lsa, kimdir
biladigan bo‘lsa kim chizganini unga 100 foiz qanday jarima solinadi yoki
boshqa narsa. Shuning uchun hozirda graffiti rassom hozircha yagona erkin
rassom.
Bundan tashqari, Mirshod bizning Rabochiy Bag loyihamizda ham chiqqan:
— Bilamizki, Markaziy Osiyoda strit-art yoki
graffit daromad olib keluvchi yo‘nalish emas, siz graffitida yoki boshqa san’at
turlarida va sohalarda daromad topish bo‘yicha maslahatlaringiz bormi?
— To‘g‘ri O‘rta Osiyoda bu hali yangi janr
bo‘lgani uchun, endi juda ham yangi emas, chunki mural ham bo‘lgan, mozaika
bo‘lgan (hozir Toshkent Ginnesning rekordlar kitobida turibdi mozaika
bo‘yicha). Baribir ham tushunadigan odam kam bo‘lgani uchun O‘rta Osiyoda bu foyda
keltiradigan yo‘nalishlardan biri hisoblanmaydi.
Yechimlardan biri G‘arbiy
tajriba bor, Yevropa davlatlari tajribalari bor, ulardan nimanidirni olib
o‘zimizda qo‘llasak qanaqadir rivojlanish bo‘kladi. Misol uchun, Yevropada
qonuniy maydonlar bor graffiti uchun, kimdir graffiti festival qilmoqchi bo‘lsa
hech kimdan ruxsat olish kerak emas u yerda, shunchaki kelasiz, rasm chizasiz
sizga hech kim tegmaydi, hech kik qo‘lingizni orqaga qilib militsiyaxonaga olib
borib jarima solmaydi sizga. Xullas qo‘rquv yo‘q ularda, qobilyatlarni ham
rivojlantiradi va pulga aylantirsa bo‘ladi bu narsani.
Aynan qanday qilib desak
men hozir populiziyatsiya, monitizatsiya qilish bo‘yicha loyiha tuzyapman aynan
graffiti yo‘nalishida. Birinchi o‘rinda Toshkent bo‘ylab qandaydir yomon
fasadlar bor, judayam yomon holatda turgan fasadlar bor, uni bo‘yasangiz
tepadagi g‘isht noto‘g‘ri qo‘yilgani uchun yomg‘ir tegadi va qancha bo‘yamang
yuvib tashlaydi devorni. Fasad boshida qanday achinarli holatda bo‘sa, oxirida ham shunday qolib
ketyapti. Eng yaxshi yechim o‘sha fasadlarga street-art, mural yoki graffiti
chizsa qanaqadir san’at asari bo‘lsa o‘sha hududdagilarni kayfiyatini
ko‘taradi.
Chunki u yerda hozir soat 9 dan keyin u yerdan o‘tishga qo‘rqasiz.
Menimcha qanaqadir Hitchkok kelib kino olsa bo‘ladi, qo‘rqinchli kinolar olsa
bo‘ladi. Xullas shunaqa devorlarni katolizatsiya qilyapman, rasmga olib,
razmerini o‘lchab katta katolog qilyapman. O‘zbekistondagi qaysi devorlarda
graffiti chizilsa yaxshi bo‘lardi degan.
Sababi, yerosti yo‘llarimiz bor judayam
qo‘rqasiz, axlat tashlaydi ayrim odamlar. Graffiti yki strit-art chizilgan
joylarga axlat tashlanmaydi. Bu narsani oldindan gaplashib o‘tgandik.
O‘shaning
uchun, mana shunaqa joylarni katalog qilgandan so‘ng, qaysidir tashkilotlar orqali
yordam berishga rozi qilsak, oxirida katolizatsiya qilib bo‘lgandan so‘ng
ko‘maklashishga rozi bo‘ladigan tashkilotlar orqali bu narsani hokimiyatga olib
chiqmoqchimiz va qonuniy ruxsatnoma olmoqchimiz devorga chizishga.
Unga, birinchidan, Toshkentning tashqi qiyofasini yaxshi tomonga o‘zgartirsa bo‘ladi,
ikkinchidan qanaqadir muammolarni: oiladagi zo‘ravonlik, narkotik, ekologik
muammolarni, ijtimoiy muammolarni graffiti yoki strit-art orqali ko‘rsatish,
odamlarga yetkazish juda ham oson. Rasmni yosh bola ham tushunadi-da, ikki
yoshli bola alifboni bilishi shart emas, karra jadvalini yodlagan bo‘lishi
shartmas, shundoq devorni ko‘radida,
“voy bu yer sayyoramiz-ku, nima bo‘lyapti, nega oqib ketyapti u, nega yonyapti” degin
savollar tug‘ilishi mumkin.
Shuning uchun qonuniy devor bo‘lgandan so‘ng
rassomlar har xil xususiy bizneslar bilan hamkorlik qilsa bo‘ladi. Ulargayam
juda qiziq, masalan mozaikalar ochildi-da, mozaikalarning hammasini hozir
yoritganimizdan keyin brendlar juda ham zarar ko‘rdi, sababi ularning reklama
plakatlari yechib tashlandi. Ular bundan zarar ko‘rdi, chunki ruxsatnoma olgan,
ijara puli to‘lagan, boshqa xarajatlar qilishgan.
Hozir menimcha, tushunib
turibmizki brendlarning tashqi reklamasini hech bo‘lmasa 20 foizini yoki 10
foizni graffiti yoki strit-art bilan kolobratsiya qilsak, ham shahar bundan
foyda topadi, ham brend ham rassomlar foyda topadi. Shunaqa yechimlar orqali
graffiti, strit-art barqarorligi ushlab qolishimiz mumkin. O‘zbekistondan
boshlasak boshqa Markaziy Osiyo davlatlarga ham yetib boradi sekin-sekin.
— O‘zingizning eng muhim va yaxshi ko‘rgan
ishlaringiz haqida gapirib berolasizmi?
— Men uchun eng muhim bo‘lgan ishlarimdan biri, bu
Qoraqalpog‘istondagi mayoqni chizganmiz, menimcha u qurigan Orol dengizida joylashgan.
Mayoq qachondir ishlagan u yerda. Biz uni bo‘yaganimizdan keyin odamlarga
qandaydir umid bag‘ishladi deb o‘ylayman.
Orol qurigandan so‘ng stressli holat
mavjud deb o‘ylayman Mo‘ynoqda. O‘ylaymanmas, men borganman, ko‘rganman odamlar
qanday yashayapti, qanaqa kayfiyat mavjud u yerda va tushirilgan mayoq ozgina
umid belgisi bo‘ladi deb o‘ylayman ularga.
Yana muhim ishlarimdan biri “Shahidlar xotirasi” maydonida chizgan jadidlarimiz, menimcha. Ularning portretlari orqali oddiy aholini jadidlar bilan tanishtirish, kimdir tanimaydigan bo‘la, yosh bolalarni tanishtirib, bu boradagi savodxonligini rasm orqali ozgina ko‘tarish edi. Va u rasm xalqaro konferensiya bilan birgalikda qilingan, konferensiya vaqtida qilingan.
Uyimdagi yoqadi, o‘z uyim, o‘z atmosferam, yaxshi ko‘radigan rangim. Uyda qandaydir atmosfera yaratishga harakat qilganman.
Yana bir muhim ishlarimdan birini graffiti festivalida chizganman, u yerda lekin, juda ham ko‘p qiyinchiliklarga duch kelganman.
— O‘zbekistonda strit-art rassomlar qanday
muammolarga duch kelmoqda?
—
O‘zbekistonda strit-art endi-endi
rivojlanayotgani uchun ko‘p rassomlar g‘arbiy uslublarda yoki Yevropa
uslublarida hozircha ijod qilishmoqda. O‘zbekiston graffitisi janri yo‘q,
ayniqsa katta avlod tomonidan bu narsa “madaniyatga hurmatsizlik” deb qaraladi.
Bu qonuniy joylar yo‘qligi uchun rassomlar yashirin tarzda ijod qilishga
majbur, o‘zini tanita olmaydi va qo‘rquv bor: “Ertaga meni kimdir jarimaga
solishi mumkin” deb.
Yana bir muammolardan biri bu qo‘llab-quvvatlash
yo‘qligi, hozircha O‘zbekistonda baribir san’atning boshqa turlari ustunlik
qilmoqda. Strit-art hattoki rassomlar tomonidan qabul qilinmaydi, “biz rassom
sizlar rassom emas, havaskorsizlar” deyishadi. Bir tomondan balki to‘g‘ri
bo‘lishi mumkin ularning fikri, chunki bu hali yangi janr, endi-endi
rivojlanyapti, yaqindagina kirib keldi.
Keyin strit-artni O‘zbekistonda
tanitish uchun forum yoki festivallar yo‘qligi. Menimcha, agar ko‘proq
festivallar bo‘lsa, mahorat darslari bo‘lsa, bilasizmi strit-art rassomlari kam
juda, yangi bilimlar kirib kelishi uchun qanaqadir bilimlar yo‘q O‘zbekistonda.
Qayerdan o‘rganishni qayerdan bilim olishni bilmaydi rassom.
— Graffiti va vandalizmning orasida qanday farq
bor?
—
Graffiti — bu san’at, vandalizm — bu vayronkorlik.
Graffiti
bu chiroyli shakllar bilan shaharni bezash o‘z izini qoldirish va estetikaviy,
konsepsiyaviy iz qoldirish. Vandalizm bu ko‘pincha ijtimoiy mulkka zarar
yetkazish va buzishga qaratilgan ijtimoiy harakat.
— O‘zbekistondagi graffiti rassomlarni sanab
berolasizmi?
—
O‘zbekistonda judayam kam, eng mashhur bu
Inkuzart, 2020-yilda faoliyatini boshlagan, lekin qanaqadir oddiy uslublardan
foydalangan holda xalq kayfiyatini ko‘rsatib berolgani uchun odamlarga juda
yoqdi va tanilib ketdi deb o‘ylayman.
Undan tashqari yana bir nechta
san’atkorlar bor, Nadejda Rixsiyeva, u birinchi oformeleniya bilan
shug‘ullanishni boshlagan va hozir strit-art yo‘nalishida faoliyatini
yurityapti.
Keyin Andrey degan bola bor u O‘zbekistonda menimcha birinchi
bo‘lib reklama bilan graffitini bog‘lab ko‘rsatib berdi, boshlab berdi. Bahodir
Jalolov bizning "отец основател" desak bo‘ladi.
Bahodir Jalolov
chunki bizdan ancha oldin faoliyatini yuritib, strit-art, mural yo‘nalishidan
katta-katta masshtabli ishlari bor. Nafaqat O‘zbekistonda balki Hindistonda
boshqa davlatlarda ish yuritib, bu narsani O‘zbekistonda ommalashtirdi deb
o‘ylayman.
Bahodir Jalol bilan intervyuni YouTube kanalimizda tomosha qiling:
Keyin boshqa rasomlarni bilmayman, deyarli yo‘q. Graffitini rivojlantirish kerak ko‘proq rassomlar paydo bo‘lishi uchun. Lekin bilaman yaqin besh yilda agar graffiti yo‘nalishi yaxshi rivojlansa juda ham ko‘p iqtidorli rassomlar paydo bo‘ladi.
— Shaharning estetik ko‘rinishini to‘g‘irlash
uchun birinchi me’yoriy hujjat bo‘lib shaharning dizayn kodi 2024-yilning
dekabr oyida qabul qilindi. Sizningcha, yorqin graffitilar shaharning dizaynini
buzmaydimi?
— Qanday graffiti ekaniga bog‘liq. Qayerda
joylashganiga bog‘liq. Agar biz graffiti rivojlanishi uchun qandaydir
harakatlarni boshlaydigan bo‘lsak, bitta ikkita qonun qoidalarga rioya
qilishimiz kerak, o‘shanda strit-art, mural buzmaydi aksincha shaharning dizayn
kodini to‘ldirishi mumkin.
Birinchisi, shaharning markazida joylashgan
graffitilarning qonun-qoidasi bo‘lishi kerak, qanaqa stilistikada, qanaqa
ranglarni ishlatish kerak, arxitekturaviy har xil shaharning arxitekturasini
hisobga olgan holda qanaqadir kompozitsiya yaratish kerak rassom deb o‘ylayman.
Agar qandaydir qadimiy binolar turgan joyda rasm chizadigan bo‘lsa ranglarni
inobatga olishi kerak, o‘sha tumanga bog‘liq naqshlar yoki argumentlar bo‘lishi
mumkin, xalq qahramonlarini ishlatgan holda kompozitsiya yaratish mumkin,
o‘shanda bu konsepsiyadan uzoqlashmaymiz.
Agar judayam erkin ijod qiladigan
bo‘lsa rassom, bu ishlar shahardan chetroqda joylashgan bo‘lishi kerak,
temiryo‘l atrofi, shahar chizig‘idan tashqarida yer osti yo‘llarida bo‘lishi
mumkin.
— Mamlakat
taraqqiyoti uchun yoki yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish uchun graffiti
yordam beradimi?
— Graffiti odamlarning dunyoqarashini o‘zgartirishi
mumkin, bu 100 foiz fakt, jadidlar muralini ham misol tariqasida keltiradigan
bo‘lsak, biz chizgan internetga joylandi, tarqaldi, izohlarni o‘qiysiz-da,
shunda odamlar “nega bularni chizdingiz, kim bular” degan savollarni beradi,
boshqa odamlar esa erinmasdan ularga odamlar tushuntirib boryapti, bu jadidlar
deb.
Shuning uchun graffiti orqali turli xil mavzularni ko‘tara olasiz,
tarixni, ilm-fanni aytib berishingiz mumkin. Bu rassomga bog‘liq, u xohlagan
narsasini odamlarga yetkazishi mumkin. Ijtimoiy-siyosiy mavzular trendda,
odamlar judayam yaxshi ko‘radi bunaqa mavzularni.
— Hayotdagi moliyaviy muammolardan kechish uchun
eski qarashlardan voz kechish kerakmi, “rassomning hayoti og‘ir bo‘lishi kerak”
yoki “och qolishi kerak rassom” degan tushunchalarga qanday qaraysiz?
— Ha bunaqa stereotip bor, rassom och bo‘lishi
kerak, rassom kambag‘al bo‘lishi kerak degan.
Rassom ijodga kirib keldimi, u
demak allaqachon qiyinchilik ko‘rib bo‘lgan, endi u och qolishga majbur emas,
pul ishlash kerak, rasm chizish kerak, boshqa yangi-yangi avlodni ham
ilhomlantirish uchun. Odamlar ko‘rish kerakda, havasi kelishi kerak.
“Voy, voy
rassom bo‘lmagin, ochlikdan o‘lasan-ku” deb emas, aksincha “bolam mani
katta bo‘lganingda mana shunaqa rassom bo‘lsang bo‘ladi qara Jipda yuribdi,
limuzinda yuribdi, televizorda ko‘rsatyapti mana bu bolani” deb. Chiroyli obraz
bo‘lishi kerak rassomda fikrim shu.
— Sizningcha, zamonaviy san’atning bunday turlari
rivojlanishi uchun mas’uliyatni qanday tashkilotlar o‘z zimmasiga olishi kerak?
—
Tashkilotlar, birinchidan, bu hokimiyat. Hokimiyat
yordam berishi kerak, ruxsat berishi kerak, qiziqishi bo‘lishi kerak.
Keyin yana har xil o‘quv muassasalari: institut, maktablarda har xil mahorat
darslari o‘tkazilsa menimcha bu yo‘nalishga qiziqish yanada ko‘payadi. Va
“madaniyatimizga to‘g‘ri kelmaydi”, “bekorchilikdan paydo bo‘lgan san’at” degan
adashmovchiliklar paydo bo‘lmaydi.
Keyin brendlar, festivallarda ham graffiti
yo‘nalishini interaktivlardan biri deb qo‘ysa u yoqda ham ommalashadi. Chunki
festivallarda san’at odamlari, san’atga qiziquvchi odamlar juda ko‘p.
ko‘pchilik musiqada bo‘lsa ham muhimi san’atdamisiz, demak ijodning boshqa
yo‘nalishlari ham sizni qiziqtira boshlaydi.
Keyin biznes va brendlar o‘z
zimmasiga olishi kerak bu narsani, rassomlar bilan hamkorlik qilib, o‘zini
mahsulotlarini reklama qilib, qaysidir joylarni moliyalashtirishi mumkin rassom
pul ishlab. Xullas o‘zining reputatsiyasini ko‘tarsa bo‘ladi. Mana shunaqa
aktivlar orqali, menimcha shu boshqa yo‘q.
— Ko‘pchilik tasviriy san’atni yuksak,
balandparvoz narsa, oddiy xalq uchun begona deb hisoblaydi. Masalan, siz
qishloqda tug‘ilgansiz bozorda ishlagansiz, lekin shunda ham sizning san’atga
qiziqishingiz so‘nmagan, qolganlarga qanday maslahat berardingiz?
— Bu muammoning sababi aynan rassomlarda. Rassom
ijodni boshlab, karyerasiz o‘sib borgan sari ikkita lagerdan birini tanlaydi:
birinchisi bu o‘zini qanaqadir jinniga o‘xshatish (rassom qandaydir men
boshqachaman, boshqalar qatori fikrlamayman, boshqa dunyoda yashayman degan
tushunchaga ega bo‘ladi-da uyiga, xonasiga bekinib oladi, odamlardan jamiyatdan
bekinadi, to‘ylarga, choyxonalarga bormay qo‘yadi, xullas san’ati bilan hech
kimni tanishtirmaydi).
Ikkinchi lager bu elita lager, yulduzlik kasalligi
(yulduzlik kasaliga chalinadi-da eski tanishlarini mensimasdan, men uje
millionlar topyapman bu yo‘nalish orqasidan deydi).
Xullas, bu yo‘nalishni
tushunmaydigan odamlar uchun keyinchalik ham tushunarsiz bo‘lib qolaveradi.
Chunki biri uyiga bekinib olgan, biri osmonda uchib yuribdi, kimdan maslahat
so‘rashni bilishmaydi. Rassom baribir o‘zini yo‘qotib qo‘yishi kerak emas,
jamiyatning bir qismi bo‘lib qolishi kerak oxirigacha.
Maslahatim, kimningdir
qachon bu odam menga yangi qonun yaratib berarkan, qachon ish taklif qilarkan
deb og‘ziga qarab o‘tirmasdan o‘rninglardan turib, ishlashni boshlanglar,
yoqyaptimi shu yo‘nalish, boshlanglar, chanqoq bo‘linglar va och bo‘linglar,
bo‘ldi.





