Ogohlantirish
Ko‘pkari - kuch ishlatishga ruxsat berilgan sport turi hisoblanadi. Agar jismoniy tajovuzkorlik manzaralaridan noqulaylik his qilsangiz, maqolani o‘qishdan va rasmlarni ko‘rishdan o’zingizni tiying.
Ko‘pkari — turkiy xalqlarning an’anaviy kuch talab qiladigan otchopar o‘yini bo‘lib, u yaqinda Markaziy Osiyoda qayta jonlandi. Qirg‘izistonda bu o‘yinni Olimpiada dasturiga kiritishni qo‘llab-quvvatlashadi va uni “ko‘k-bo‘ri” deb atashadi. Qozog‘istonda “ko‘kpar”, Tojikiston va Afg‘onistonda esa “buzkashi” nomi bilan tanilgan.
Ko‘pkari bir vaqtning o‘zida regbi, polo va futbolni eslatadi: 200x70 metrlik maydonda ikki otliq jamoa (har birida to‘rtta o‘yinchi) to‘planadi. Koptok o‘rniga “uloq” deb ataladigan qo‘chqor tanasi ishlatiladi, darvoza vazifasini esa ikkita katta “qozon” bajaradi. Bu yumaloq chuqurcha bo‘lib, u g‘isht, sement yoki hatto eski shinalar bilan qoplanadi.
“Gol” urish uchun uloqni qozonga tashlash lozim. Raqiblarning vazifasi bunga yo‘l qo‘ymaslikdir. Faqat jamoa tarkibida emas, balki yakka tartibda ham o‘ynash mumkin — misol uchun, O‘zbekistonning Jizzax viloyatida yakkaxon poygalar o‘tkaziladi. Bunday hollarda o‘yinda yuzlab chavandozlar ishtirok etadi va musobaqa soatlab davom etishi mumkin. Qo‘y tanasi o‘rniga ba’zan echki tanasi ishlatiladi, shu sababli o‘yinning ruscha nomi “козлодрание” paydo bo‘lgan.
Chingiz Aytmatov “Alvido, Gulsari!” qissasida bu holatni shunday izohlaydi: “Echki qulay, chunki uning juni uzun va qalin, shuning uchun uni otdan turib oyog‘idan yoki terisidan ushlab olish mumkin”. Tarixan o‘lja sifatida bo‘ri tanasi ishlatilgan — turkiy xalqlarda uni otda ovlash an’anaga aylangan. Bo‘rini ovlagan kishi uning jasadini egar ustiga ko‘ndalang qo‘yar, hamrohlari esa qishloqqa qaytish yo‘lida uni tortib olishga harakat qilishardi.
Otlarni musobaqalarga tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi. Boysun tumanidagi ko‘pkari o‘yinlaridan birini suratga olgan fotograf Ildar Sodiqov aytishicha, o‘yin boshlanishidan oldin otlarni uqalab tayyorlashadi. Uqalash muhim, chunki otlar yuk mashinalarining kuzovlarida keltiriladi va u yerda uzoq vaqt harakatsiz turadi.
“Gulsari Tanaboy nega jilovini tortib borayotganini tushunmasdi. Lekin uning egasi qozoq yigit ta’qib qilib borayotgan sonsiz-sanoqsiz chavandozlardan ajralib olishini, unga yordamga oshiqayotgan bir to‘da urug‘doshlaridan uzoqroq ketishini kutish kerakligini bilardi. Ular to‘riq otni chopqir otlar bilan o‘rab olishsa bormi, qo‘ldan boy berilgan o‘ljani hech qanday kuch bilan olib bo‘lmasdi. Faqat yakkama-yakka kurashdagina biron muvaffaqiyatga umid bog‘lash mumkin edi”.

Chingiz Aytmatov, "Alvido, ey Gulsari!" asaridan parcha.

Ko‘pkari — shiddatli va tomoshabop, ayni paytda juda shafqatsiz va xavfli mashg‘ulot. Sobiq Ittifoqda uloq chopish aynan shu sababdan taqiqlangan edi. Qat’iy qoidalar va tegishli hakamlik yo‘qligi tufayli, chavandozlar raqiblarini qamchi bilan urishlari, bir-birlarini egardan tortib tushirishlari mumkin edi — xullas, o‘zlarini xuddi jangdagidek tutardilar.
Hozirgi kunda sportcha ko‘pkari qoidalari qat’iylashtirilgan: vaqt qisqartirilgan, ishtirokchilar maxsus anjomlardan foydalanishlari shart. Chavandozlar qalin kiyimlar, himoya vositalari kiyishadi, ayrimlari hatto boshni himoya qilish uchun sovet tank shlemofonlarini taqishadi. Shunday bo‘lsa-da, lat yeyishlar, suyak sinishlari, jarohatlаr hali-hanuz uchrab turadi, biroq bu haqiqiy pahlavonlarni to‘xtatib qo‘ymaydi.
Maydon shunday belgilanadiki, uloq yotgan joy ikki qozonning o‘rtasida bo‘ladi. Hakam ishora bergach, otliqlar uloq tomon ot qo‘yishadi. Vazifa oson emas: avvalo taxminan 30 kilogramm keladigan nimtani (yomg‘irli kunlarda loy yopishib, yanada og‘irlashadi) yerdan ko‘tarish kerak. Shundan so‘ng chavandoz uloqni oyog‘i bilan otning biqiniga bosib oladi — chunki bu usul poyga paytida uni mahkam ushlab turishni osonlashtiradi — va hal qiluvchi tashlash uchun qozonga yetib borishga intiladi.
Raqiblar uloqni birinchi bo‘lib olishga shoshilmaydilar – taktik jihatdan uni allaqachon qo‘lga kiritgan odamdan tortib olish ma’qulroq. Uloqni ko’targan chavandoz darrov harakati cheklangan holatga tushadi — unga chaqqon harakat qilish qiyinlashadi, shuning uchun sheriklar (agar jamoaviy o‘yin bo‘lsa) uni himoya qilishlari va raqiblarni o‘z otlari bilan orqaga surib turishlari juda muhim hisoblanadi.
“Mana, tenglasha boshlashdi. Tanaboy echkining oyog‘idan ushlab, tortib olish uchun egardan engashdi. Lekin qozoq o‘ljani chaqqonlik bilan o‘ng tomonidan chap tomoniga oshirib o‘tkazib oldi. Otlar esa hamon to‘ppa-to‘g‘ri quyosh tomon yelib borishardi. Endi Tanaboy bir oz ortda qolishi va chap berib yana quvib yetishi kerak edi. Saman yo‘rg‘ani qora to‘riqdan ayirish qiyin edi, lekin shunday bo‘lsa-da, bunga erishish mumkin bo‘ldi. Dabdalasi chiqqan gimnastyorkali qozoq uloqni yana boshqa tomonga o‘tkazishga ulgurdi. – Qoyil! — zavq bilan qichqirib yubordi Tanaboy”.

"Alvido, ey Gulsari!" asaridan parcha.

Qiziq joyi shundaki, uloqni qozonga doim ham uni ko‘targan odam olib kelmaydi — uloqni otish nafaqat katta jismoniy kuch, balki aniqlikni ham talab qiladi. Qozonning devorlari baland va ichkariga qiyalangan, bu esa vazifani yanada qiyinlashtiradi. Shuning uchun muvaffaqiyatli strategiya va jamoaning hamjihatlik bilan ishlashi g‘alabaning kalitidir.
Odatda musobaqa o‘tkaziladigan maydonga chodirlar o‘rnatiladi, ishtirokchilar va tomoshabinlarga taom tortiladi, sovg‘alar ulashiladi.
Sovrinlar juda katta bo‘lishi mumkin: otlar, tuyalar va ho‘kizlardan tortib, pul mukofotlari, maishiy texnika va hatto avtomobillargacha — agar gap yirik musobaqalar haqida ketayotgan bo‘lsa. Ammo g‘oliblar sovrindan tashqari yana bir qimmatli narsani — raqiblarning hurmati va o‘zlariga bo’lgan ishonchni maydondan olib chiqib ketishadi.
"– O‘zingga ehtiyot bo‘l, qozoq birodar! – qichqirdi Tanaboy. – Bekor aytibsan, bermayman! – javob qildi u. Shiddat bilan chopib borayotib, ular ot ustida kurash boshlashdi. Bitta o‘ljaga tashlangan burgutlarday uloqqa mahkam yopishib olishib, bir-birlariga o‘shqirishar, xirillashar va bir birlarini qo‘rqitish uchun yirtqichlarday irillashar edi, qo‘llari bir-birlarinikiga chirmashib ketgan, tirnoqlari ostidan qon sizib oqardi. Chavandozlari yakkama-yakka kurashayotganda tiqilishib, yonma-yon kyotayotgan otlar esa qirmizi quyoshni quvib yetish uchun shoshilar, ko‘zlari qonga to‘lgandi. Shunday mardona o‘yinlarni bizga qoldirgan ajdodlarimizga ofarin!"

Hikoya sizga yoqdimi? Bizni Instagram va Telegram orqali kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlar topasiz.