Madaniy o‘zlashtirish nima va u madaniy almashinuvdan qanday farq qiladi?
Madaniy o‘zlashtirish – bu begona madaniyatni o‘zlashtirish bo‘lib, bu madaniyat vakillari tomonidan noo‘rin va odobsizlik deb baholanadi. Ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, ko‘pincha zaif ahvolda bo‘lgan ozchilikning madaniyati o‘zlashtirilishga duchor bo‘ladi. Ularning an’anaviy naqshlari, kiyim-kechak elementlari, san’ati hukmron madaniyat tomonidan dekoratsiya sifatida, ko‘pincha tijorat yoki ko‘ngilochar maqsadlarda qo‘llaniladi.
Van Gog yapon gravyuralarini ularning kelib chiqish mamlakatini tilga olmasdan ko‘chirgan, jazz va rok-n-rollning birinchi audionusxalari oq tanli ijrochilarga shuhrat keltirgan, ammo ularning qora tanli ijodkorlariga emas. 2010-yillarda reper Iggy Azalea afro-amerikaliklarga xos estetikadan uning asl vakillaridan so’ramagan holda foydalangani uchun tanqidga uchradi.
Madaniy almashinuv esa, aksincha, hurmat va o‘zaro tushunishga asoslanadi. Masalan, g‘arblik mehmonlar taklif etilgan yapon choy marosimida ishtirok etishi yoki Markaziy Osiyodagi boshqa millatlarning vakillari musulmon jamoasi tomonidan taklif qilingan iftorlikka tashrif buyurishi shular jumlasidandir.
Markaziy Osiyoda madaniy o‘zlashtirish haqida yaqinda gapira boshlashdi. Ilgari jahon modasida etnik motivlarning paydo bo‘lishi faxrlanish uchun sabab sifatida qabul qilingan. Hozir ko‘pincha shunday savol tug‘iladi: kim foyda ko‘radi – madaniyat egalarimi yoki undan foydalanuvchilarmi? Quyida ilhomlanish va o‘zlashtirish o‘rtasidagi chegara qayerda o‘tishini tushunishga yordam beradigan misollar keltirilgan.
YAKA: qirg‘iz naqshlari bilan bog‘liq mojaro
2023-yilda dizayner Anna Obidenova Rossiyaning YAKA brendiga asos soldi, uning vazifasi etno-dizaynda Markaziy Osiyo madaniyatini saqlab qolish deb e’lon qilindi. 2025-yil fevral oyida brend Qirg‘izistonda tanqidlar oqimini keltirib chiqardi: ma’lum bo‘lishicha, YAKA an’anaviy qirg‘iz naqshlaridan foydalanadi va shu bilan birga saytda ularni nusxalashga taqiqlar qo‘yadi. Ijtimoiy tarmoqlarda brendning harakatlari Qirg‘izistonning madaniy merosini o‘zlashtirishga urinish sifatida qabul qilindi.
"Beldamchi" o‘rniga "kashtali yubka" kabi iboralar, milliy ohanglar uchun "Sening avvalgi [yigit]ingdan yaxshi" kabi shiorlar tufayli norozilik yanada kuchaydi. Qirg‘iziston qonunchiligida milliy naqshlarga bo‘lgan mualliflik huquqi qayd etilmagan, biroq Rossiya brendiga nisbatan e’tirozlar huquqiy emas, balki axloqiy edi. YAKA vakillarining tushuntirishicha, ular naqshlarni emas, balki faqat ma’lum bir mahsulotning nomi va dizaynini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Dastlab Obidenova tanqidchilarga "boshlanishiga rus tilini o‘rganishni" maslahat bergan va ular noroziliklarini aynan shu tilda bildirayotganini qo‘shimcha qilgan. Keyinroq u uzr so‘rab, o‘z aybini tan olgan va profilga kirishni yopgan. Kompaniyada ta’kidlanishicha, mahsulotlar qirg‘izistonlik ustalar tomonidan ishlab chiqariladi, brend esa qirg‘iz madaniyatini "sevadi va hurmat qiladi".
YAKA bilan bog‘liq janjal huquqiy bo‘shliqni ko‘rsatdi: agar bezaklar yoki madaniy meros elementlari dizaynerlarni faqat "ilhomlantirgan" bo‘lsa, o‘zlashtirish faktini isbotlash qiyin. Shu bilan birga, ushbu munozara mahalliy auditoriyaning o‘z madaniy kodlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish talabi ortib borayotganini ko‘rsatdi.
"Dizayner ilhom manbaini ko‘rsatmasdan, boshqa madaniyatning bezagidan foydalanganda, bu har doim ham madaniy o‘zlashtirish sifatida qabul qilinmaydi. Biz ko‘pincha madaniyat sohasidan chiqib, o‘z qonunlari amal qiladigan biznes sohasiga tushib qolamiz: marketing, vizual trend, talab. Ishlab chiqaruvchi uchun bu shunchaki tovar. Xaridor uchun bu shunchaki chiroyli naqsh. Uning kelib chiqishini ko‘rsatish ular uchun unchalik muhim emas. Bu bozorni emas, ko‘proq tadqiqotchilarni tashvishga soladi", – deydi bezaklar va gilamlar bo‘yicha mutaxassis Elmira Gul.
Gucci va sikxlar sallasi: podiumdagi diniy ramz
Madaniy o‘zlashtirishda nafaqat MDHning nufuzli brendlari, balki taniqli moda uylari ham ayblangan. 2018-yilning kuzida Italiyaning Gucci brendi podiumda sikx dastori uslubidagi sallalarni taqdim etdi. Namoyishda asosan kelib chiqishi yevropalik bo‘lgan modellar ishtirok etdi, bu esa sikxlar jamoasi tomonidan tanqidlar to‘lqinini keltirib chiqardi, ular uchun salla nafaqat bosh kiyim, balki diniy amaliyotning bir qismi edi. Mahsulotning narxi (taxminan 800 dollar) va uning "Indy Full Turban" nomi ostida sotilishi qo‘shimcha norozilik keltirib chiqardi, bu e’tiqodni tijoratlashtirish sifatida baholandi.
AQShdagi sikx diasporasi vakillari Gucci’ni javobgarlikka chaqirib, ikki tomonlama standartlarga ishora qilishdi: sikxlarning o‘zlari, ayniqsa G‘arbda, salla kiyishgani uchun kamsitilishga duch kelishadi, moda brendi esa undan uslublashtirilgan podium ko‘rinishi sifatida foydalangan.
Gucci mahsulot nomini o‘zgartirdi, ammo jamoatchilikdan uzr so‘ramadi. Bu voqea diniy yoki etnik ramzlarning asl ma’nosidan tashqarida ishlatilishi qadrsizlanish shakli sifatida qabul qilinishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, bu elementlar shunchaki zamonaviy jihoz emas, balki o‘zligining ajralmas qismi bo‘lgan chetlashtirilgan jamoalar uchun bu masala yanada muhimroqdir.
Ko‘chmanchilar turar joyidan glempinggacha
Yevroosiyo xalqlarining ko‘chmanchi turmush tarzi ramzi bo‘lgan an’anaviy o‘tov G‘arbda glempingning mashhur elementiga aylandi. Sovet davrida qoloqlik belgisi sifatida qabul qilingan va o‘troq hayot tarzi tomonidan siqib chiqarilgan narsalar bugungi kunda tabiat qo‘ynida dam olishning ekzotik va ekologik usuli sifatida taqdim etilmoqda.
AQSH va Yevropadagi kompaniyalar sayyohlar uchun o‘tovlar qurib, ularning o‘ziga xosligini ta’kidlashadi, ammo ko‘pincha tarixiy, geografik va madaniy kontekstni tilga olishmaydi.
2022-yilda Shveysariyaning Sankt-Morits shahrida ochilgan Louis Vuitton butigi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Uning dizayni o‘tovga moslashtirilgan: Shveytsariya landshaftiga xos bo‘lmagan vizual tasvir hashamatli tovarlarni taqdim etish uchun ishlatilgan. Sharhlovchilarning ta’kidlashicha, bu holda o‘tov ko‘chmanchi xalqlarning madaniyati va tarixiga ishora qilmaydigan ta’sirchan bezak bo‘lib qolgan.
Burberry: turkman gilami tasvirlangan sumka
Moda sanoati muntazam ravishda etnik motivlarga murojaat qiladi, lekin buni har doim ham ularning kelib chiqishiga hurmat bilan qilmaydi. Dastlabki namunalardan biri – turkman gilamlari naqshlari bilan bezatilgan 2014-yil Burberry aksessuarlar kolleksiyasidir. Ushbu geometrik naqshlar taniqli edi, ammo ularning madaniy kelib chiqishi hech qayerda ko‘rsatilmagan. Turkmanistonning o‘zida bu voqea deyarli sezilmadi – brend ham ilhom manbaiga urg‘u bermadi.
Elmira Gulning so‘zlariga ko‘ra, tijoratlashuv, ayniqsa, gilamlar misolida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ko‘pgina naqshlar aniq etnik mansublikka ega bo‘lishiga qaramay, kolleksionerlar muhitida ko‘pincha quyidagi ibora yangraydi: "Bizga bu meros kimniki ekanligining farqi yo‘q – biz shakldan, sifatdan, rangdan hayratlanamiz".
Gulning e’tirof etishicha, "shaxsan menga bunday yondashuv yaqin emas, lekin, afsuski, hozir xalqaro amaliyotda aynan u ustunlik qilmoqda". Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Amerika va Yevropa saytlarida o‘zbek kashtachiligi naqshlari aks etgan ko‘plab buyumlarni topish mumkin – sichqoncha gilamchalaridan tortib, pardalar va telefon g‘iloflarigacha.
Hech qayerda O‘zbekistondan ekanligi ko‘rsatilmagan. Shunchaki ekzotika, shunchaki chiroyli – va bu sotiladi. Chunki talab bor.
Markaziy Osiyo ham zamonaviy ekzotikaga bo‘lgan talab to‘lqini ostida qoldi. 2021-yilgi Gucci kolleksiyasida qozoqcha «қошқар мүйіз» naqshidan foydalanilgan.
Yuridik nuqtayi nazardan brendlar himoyalangan: Qozog‘istonda, masalan, milliy naqshlar xalq mulki hisoblanadi va ulardan foydalanishni cheklash mumkin emas. Ornament tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirdagina aralashish mumkin. Tojikistonda "chakan" kabi ayrim elementlar YUNESKO muhofazasiga olingan, biroq aksariyat motivlar erkin foydalanishda qolmoqda.
Mintaqada madaniy o‘zlashtirishga qanday munosabat bildirilmoqda?
Yaqin vaqtlargacha madaniy o‘zlashtirish mavzusi keskin reaksiyaga sabab bo‘lmagan. Buni mahalliy auditoriya xabardorligining pastligi bilan ham, "qiziqayotgan bo‘lsa, demak, hurmat qilishadi" degan nomukammallik kompleksi bilan ham izohlash mumkin.
“Odamlar fransuz atirlari shishasida “Samarqand” so‘zini ko‘rganda, o‘zbek futbolchisi ingliz klubida o‘ynaganda, xorijiy universitetlarda Buxoro musiqasi yangraganda, rossiyalik dizayner toshkentlik rassomni o‘z ko‘rgazmasiga taklif qilganda chin dildan xursand bo‘ladi”, – dedi tadqiqotchi va san’atshunos Aleksey Ulko tahririyat bilan suhbatda. "Bu "xalqaro e’tirof"ga bo‘lgan ishtiyoq ko‘pincha o‘z madaniyatining qadr-qimmatini chuqur anglashdan ko‘ra, uni yuzaki idrok etishni aks ettiradi", – deb ishonch bildiradi u.
Biroq, vaziyat asta-sekin o‘zgarib bormoqda va Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘z madaniyati haqida mustaqil ravishda – vositachilarsiz so‘zlab berishga chaqiriqlar tobora ko‘proq yangramoqda. Gulning fikricha, tadqiqotchilar va dizaynerlarning vazifasi nafaqat saqlash, balki "bu bizning madaniyatimizning bir qismi ekanligini ko‘rsatishdir". Undan keyin esa kim va qanday foydalanishini bozorning o‘zi hal qiladi.
"Hozir hamma hamma narsani ishlatadi – izohsiz, kontekstsiz. Shuning uchun o‘zingiznikini rivojlantirganingiz ma’qul bo‘lsa kerak. Qadrdon motivlarimizni kundalik hayotimizning vizual muhitiga qaytarish. Ular yana taniladigan bo‘lib qolsin. Chunki naqshlarimizni ham ko‘pincha yaxshi bilmaymiz", – deya ta’kidlaydi u.
Madaniy o‘zlashtirish tugallanmagan suhbat sifatida
Ko‘rib chiqilgan keyslar shuni ko‘rsatadiki, madaniy o‘zlashtirish mavzusi murakkab va noaniqdir. Unda hokimiyat, tarix va adolat masalalari kesishadi. Yirik brendlar boshqalarning madaniy kodlaridan foydalanib, ko‘pincha "ilhomlanish" yoki "globallashuv"ga ishora qiladilar, ammo xatoni faqat jamoatchilik bosimi ostida tan olishadi.
Shu bilan birga, madaniyat egalarining o‘zlari ham ko‘pincha ta’nalarga duch kelishadi. Masalan, g‘arb dizayneri o‘z kolleksiyasiga afrikacha bosh kiyimini kiritishi – bu moda bayonotidir. Ammo agar franko-malilik qo‘shiqchi Aya Nakamura 2024-yilgi Olimpiada ochilishida Edit Piafning "La Vie en Rose" qo‘shig‘ini ijro etish uchun tanlasa, u tanqidga uchraydi: uning uslubi va kelib chiqishi go‘yoki "fransuz madaniyatiga mos kelmaydi" va Fransiya qiyofasini "afrikalashtiradi".
Shunga o‘xshash holat Rossiyada 2021-yilda, xonanda Manija (Sangin) "Yevrovidenie"da "Russian Woman" qo‘shig‘i bilan chiqish qilganida sodir bo‘lgan. Sahna chiqishida Rossiyaning madaniy xilma-xilligiga vizual havolalar qo‘llanilgan va qo‘shiqchining sahna kiyimi stilizatsiya qilingan "kokoshnik"ni o‘z ichiga olgan va rus sarafanini eslatgan. Manijaning o‘zi keskin tanqid va ksenofobik hujumlarga duch keldi: o‘ta o‘ng yo‘nalishdagi sharhlovchilarning fikriga ko‘ra, kelib chiqishi tojikistonlik bo‘lgan rossiyalik ayol etnik rus ayollari nomidan chiqish huquqiga ega emas edi.
Bunday holat mustamlakachilikning qaror topgan modellarini aks ettiradi, bunda tobe madaniyat elementlari ruxsatsiz o‘zlashtirilgan, ba’zan esa zo‘ravonlik bilan o‘zlashtirilgan. Bugungi kunda madaniy o‘zlashtirishni rad etish moda va ijodiy sohalarda saqlanib qolgan o‘tmish davrlarning aks-sadosiga qarshi norozilik shaklini olmoqda.