Nima sababdan shoir so‘z bilan kurashishi haqida

— She’riyatingizning uslubini qanday ta’riflaysiz? Umuman olganda, "Suhbat Aflotuniy she’riyati" degan tushuncha nimani anglatadi?
Yozayotgan misralarimga qandaydir ta’rif berishim qiyin. She’riyat — bu aynan ta’riflardan, aniq tavsiflardan, shu jumladan o‘zini o‘zi anglashdan qochish usuli. Aytaylik, biror kishi dasturchi bo‘lishni o‘rganib oldi, u haqida: "U tayyor dasturchi," deyish mumkin. Ammo shoir yoki nosir haqida "Tayyor shoir..." deyish...  Shoir hech qachon "tayyor" bo‘lmaydi. U doimo ozgina "tayyor emas", har doim biroz "chala pishgan" bo‘ladi...
— Buning sababi nimada?
Bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Axir biz millionlab odamlar kundalik hayotda gaplashadigan, fikrlaydigan, quvonch bilan oddiy gaplarni almashib turadigan tilda yozamiz: "Meni bekatda kuting", "Yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqdi...", "Qornim och". Mana shu kundalik tilni she’riyat, nasr, falsafa tiliga — san’at va tafakkur tiliga o‘girish kerak. Bunda so‘z bilan ichki "kurash"siz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.
She’riyat - bu til bilan, so‘zlar bilan o‘ziga xos kurash demakdir.

E’tiqod va sukunat haqida

Siz Xudoga keldingiz — bu voqeami, yo‘lmi yoki mag‘lubiyat natijasimi?
Menimcha, inson Xudoga kelmaydi — u Xudoga qaytadi. Mening holatimda bu ancha kech sodir bo‘ldi: ziyoli, dinsiz oiladagi oddiy sovet bolaligidan keyin. Hech kim qo‘limdan tutib, cherkovga olib bormasdi. Ehtimol, bu yaxshi hamdir: mening qadamim o‘zimning erkin va ongli tanlovim natijasi edi. Bu o‘ttiz yoshdan o‘tganimdan keyin sodir bo‘di.
"Mag‘lubiyat natijasimi?" Yo‘q, tashqi darajada hammasi joyida edi: ish, oila, ilmiy va adabiy faoliyat. Hamma narsam bor edi... Hammasi yaxshi edi. Biroq, boshqa bir tuyg‘u ham bor edi — bu "yaxshilik"ning nozikligi, o‘tkinchiligi hissi.
Huddi bolalikdagi kabi: mehmonlar ketdi, onam billur idishlarni yuvyapti, men esa shisha qadahlar, fujerlar qo‘yilgan patnisni ko‘tarib xonaga kiryapman. Qo‘llarim titraydi, shishalar zirillaydi — tushirib yuborib sindirib qo‘yishdan qo‘rqaman... Xuddi shunday his-tuyg‘u. Bu tuyg‘uni hozir ham his qilaman: hayotning nozikligi, mo‘rt "shishadek"ligi hissi. Lekin endi, har qalay, bu tuyg‘u bilan qanday munosabatda bo‘lishni bilaman.
She’riyatingizda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?
Menimcha, mohiyatan o‘zgarmagan. Masalan, 2003-yildagi "Zabur va qoralamalar" («Псалмы и наброски») nomli ilk kitobimda allaqachon ruhiy lirika deb atalishi mumkin bo‘lgan barcha unsurlar mavjud edi.
Ushbu asar 2006-yilda, mitropolit Vladimir bilan tanishuvimdan oldin, u O‘rta Osiyo yeparxiyasiga rahbarlik qilgan paytda, men yeparxiyada ishlashni boshlamasimdan va cherkovga qatnay boshlamasimdan vaqtda yozilgan edi.
Boshqa tomondan, albatta, ba’zi narsalar o‘zgaradi. Iosif Brodskiy Pyotr Vayl bilan suhbati davomida "Ishonasizmi?" degan savolga "Bilmayman. Ba’zida ishonaman, ba’zida yo‘q" deb javob bergani kabi, men javob bera olmayman. Men "ba’zida e’tiqodli" bo‘la olmayman — garchi bir vaqtlar shunday bo‘lganman. Buni Brodskiyni qoralash uchun aytayotganim yo‘q, o‘zimni u bilan tenglashtirishga ham urinayotganim yo‘q. Shunchaki, bular ongning chindan ham turli holatlaridir. Ular, shubhasiz, yozgan mislararingizda aks etadi.
— Ma’naviy o‘zgarishdan so‘ng o‘quvchi va yozuvchi sifatida sizda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
Bilmayman... Din yo‘liga kirish bir zumda sodir bo‘ladigan hodisa emas: go‘yo odam "oddiy" edi-yu, birdan — "iymonli" bo‘lib qoldi, deb bo‘lmaydi. Bu, o‘zingiz aytganingizdek, yo‘l. O‘z ustida sekin-asta, tirishqoqlik bilan ishlash jarayoni. Mening holatimda bu yigirma yildan beri davom etib kelmoqda. Albatta, o‘tgan vaqt davomida so‘zga bo‘lgan munosabat ham o‘zgarib boradi.
O‘z-o‘zini senzura qilish kuchaymaydi (senzura – umuman olganda, istisno holatlardagina mumkin bo‘lgan narsa), yozayotgan misralaringizga nisbatan mas’uliyatliroq munosabat paydo bo‘ladi. Shunchaki "o‘zini ko‘rsatish" mumkin emasligi tushuniladi. O‘quvchiga nima demoqchiligizga va uni qanday ifodalashingizga e’tibor bo‘lishingiz kerak.
— Xudo haqida zamonaviy tilda – dabdabali so‘zlarsiz, an’anaviy iboralarsiz yozish mumkinmi?
Zamonaviy til bularning barchasini inkor etadi, deb o‘ylamayman. Ehtimol, pafossiz, kuchli ichki his-tuyg‘usiz she’riyatni umuman tasavvur qilib bo‘lmaydi. Boshqa masala — bu tuyg‘u qayerda joylashgani.
Haqiqiy e’tiqodda ham, chin she’riyatda ham, u doimo qalbning tubida yashiringan bo‘ladi. U o‘zini biroz panada saqlaydi, biroz uyaladi, sahnabop dabdabadan o‘zini olib qochadi.

"An’anaviylik" haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda biz nimani nazarda tutayotganimizni tushunib olishimiz lozim. Cherkov voqeliklarinimi? Bunday holda hammasi me’yor va didga bog‘liq. Agar she’r tafsilotlar — shamlar, ikonalar, ta’zimlar, antifonlar, Pasxa qo‘ng‘iroqlari bilan to‘lib-toshgan bo‘lsa, bu odatda ta’sirchan bo‘lmaydi.  Ammo ushbu voqeliklardan qanday qilib butunlay voz kechish mumkin?
Yaqindagina Chimkentlik shoir Aman Rahmetov bilan aynan shu haqda suhbatlashgan edik. U aytishicha, o‘zi pravoslav bo‘lmasa-da, Blokning: "Qizcha cherkov xorida qo‘shiq aytardi..." degan satrlarini har gal eshitganda larzaga tushadi. Axir u yerda cherkov xori ham, Ilohiy darvoza ham tilga olingan — bularning barchasi cherkov voqeligiga tegishli. Shartli ravishda aytganda, bular "marosim"ga taalluqli. Shunga qaramay, bu jarangdor she’riyatdir.
— Adabiyot so‘zlardan iborat va so‘zlar haqida bo‘lsa, u qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi kerak?
— Ehtimol, kamgaproq bo‘lishi kerak. O‘zini tutishda bosiqroq. Zohidlikka moyilroq. Sokinroq.
— "Sokin she’riyat" va "sokin nasr" degani nima o‘zi? Ular qanday bo‘lishi lozim?
— Bugungi kunda dunyoda so‘zlar haddan tashqari ko‘payib ketgan – chidab bo‘lmas darajada. Ijtimoiy tarmoqlar va internet tufayli har kim "fikr bildirish", "o‘z nuqtai nazarini ifoda etish", "o‘zini ko‘rsatish" imkoniyatiga ega bo‘ldi... Oqibatda hech kim bir-birini tinglamay qo‘ydi, quloq solmay qo‘ydi, eshitmay qo‘ydi. Vaholanki, nutq faqat so‘zlardan iborat emas. Bu so‘z va sukutning uyg‘unligi. Bu pauzalar. Bu tinglash mahorati.
— Ko‘plab shoirlar — Jon Donn, Tomas Sternz Eliot, ona Mariya, iyeromonax Roman — she’riyat ibodat shakli bo‘lishi mumkinligi haqidagi xulosaga kelishgan. Siz qanday fikrdasiz: shoirga she’rda ibodat qilishni o‘rgatish mumkinmi yoki bu faqat Xudoning nazari tushgan kishilargagina berilgan qobiliyatmi?
— "O‘rgatish" haqida ishonchim komil emas. She’riyatni umuman o‘rgatib bo‘lmaydi. She’r yozishni, uni chuqurroq anglashni o‘rgatish mumkin va zarur. Ammo she’riyatni o‘rgatish... bu xuddi mo‘jizani o‘rgatish kabidir.
Ha, ko‘pgina she’rlar chindan ham ibodatdek jaranglaydi. Aleksandr Sergeevich [Pushkin]ning "Zohid otalar va pokiza ayollar..." («Отцы пустынники и жены непорочны…») she’ri. Yoki Pasternakning "Gefsiman bog‘i" («Гефсиманский сад»). Arseniy Tarkovskiyning "Mitti hayot" («Малютка-жизнь»), Yuriy Dombrovskiyning "Amnistiya"si... Kimdir boshqa nomlarni ham tilga olishi mumkin.

Din poetikasi haqida

She’riyatda aks etgan din va dinda aks etgan she’riyat haqida qanday ta’rif berish mumkin?
— "Sharq yuqoridan" («Восток свыше») nomli jurnalimizda 2013-yildan buyon "She’riyat va e’tiqod" rukni mavjud, unda asosan yoki butunlay ma’naviy lirika yo‘nalishida ijod qilayotgan zamonaviy shoirlar bilan suhbatlar o‘tkaziladi. Bugungi kungacha yigirmadan ortiq ijodkor va bir nechta adabiyotshunoslar bilan suhbatlashdik. Suhbatlarning deyarli har birida mazkur masala ko‘tariladi. Javoblar turli-tuman. Ba’zilarning fikricha, har qanday haqiqiy she’riyat diniy xususiyatga ega bo‘lmay qolmaydi.
Ammo umuman olganda, bu juda murakkab masala, uni birgina invervyuda to‘liq yoritib berishning imkoni yo‘q.
Bibliyada aks ettirilgan qaysi syujetlarni jahon adabiyotining shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega deb bilasiz?
— Savolingiz intervyu emas, dissertatsiya uchun mavzu bo‘lishi mumkin. Ammo qisqacha aytadigan bo‘lsam – yo‘ldan ozgan o‘g‘il haqidagi masal (IB: Injildagi masalda ota uyini tark etib, merosini sovurib yuborgan o‘g‘il pushaymon bo‘lib qaytib keladi. Otasi uni quvonch bilan kechiradi, bu esa uyda qolgan katta o‘g‘ilning hasadini qo‘zg‘atadi.). Ushbu masalni universal deb atashimiz mumkin. U har birimiz haqimizda hikoya qiladi.

«Восток свыше» jurnali haqida

— Siz 25 yildan buyon nashr etib kelinayotgan «Восток свыше» yeparxiya jurnalini boshqaryapsiz. U sizgacha qanday edi va siz qanday yangiliklar kiritdingiz?
— Bu alohida intervyu uchun mavzu bo‘lishi kerak. Jurnal 2001-yilda tashkil etilgan, 2012-yilgacha bosh muharrirlik vazifasini ajoyib ijodkor Aleksey Ustimenko bajargan.
Men jurnalga o‘n uch yildan buyon rahbarlik qilib kelmoqdaman. Nimalar o‘zgardi, degan savolga javob beradigan bo‘lsam. O‘ylashimcha, unchalik ko‘p o‘zgarish yuz bermadi. Asosiy mavzular — xristianlik (qadimgi va zamonaviy), Markaziy Osiyo (qadimgi va zamonaviy) — o‘z o‘rnida qoldi. Muqova dizayni biroz yangilandi, mualliflar doirasi kengaydi. Biroq umuman olganda, an’anani saqlab qolganmiz.
Siz Aleksey Ustimenko davrida ishlaganmisiz? Ushbu jurnal sizni nimasi bilan o‘ziga jalb etgan?
— Yo‘q, Aleksey Petrovich davrida men faqat tahririyat kengashining a’zosi edim — bu ko‘proq rasmiy lavozim edi. Jurnaldagi ish ham meni o‘ziga jalb etmagan — aksincha, meni unga jalb qilishgan. Ustimenko ketganidan so‘ng, Karim Yegeubayev qisqa muddat bosh muharrir bo‘lib ishladi. Keyin jurnal muharrirsiz qoldi va uni yopish masalasi ko‘tarildi. Xullas... hammasi shundan boshlandi.
— Jurnalda nafaqat pravoslav mualliflar, balki turli mavzularni qamrab olgan maqolalar ham chop etiladi, ishtirokchilar doirasi ham xilma-xil. Mualliflar o‘zlari hamkorlik tashabbusini ko‘rsatadimi yoki maqolalar tahririyat so‘roviga ko‘ra tayyorlanadimi?
— Ba’zilar matnlarni o‘zlari yuboradi, ayrimlariga biz yuborishni taklif qilamiz, boshqalardan esa so‘raymiz. Albatta, yillar davomida jurnal atrofida mualliflar doirasi shakllangan. Ularning ko‘pchiligi O‘zbekistonda istiqomat qiladi, ammo anchasi chet ellarda yashaydi. O‘rta Osiyo tarixchilari: Baxtiyor Bobojonov, Aleksandr Galak, Aleksandr Jumayev, Roman Dorofeyev, Daniil Melentyev, Ruben Nazaryan, Yekaterina Ozmitel, Yuriy Fligin... Adabiy tanqidchilar: Vadim Muratxanov, Yelena Safronova. Publitsistlar va essenavislar: protoierey Sergiy Statsenko, ierey Sergiy Kruglov, ierey Aleksandr Kolotovkin, Mixail Kalinin. Tarjimon Aleksey Pernbaum. Bu ro‘yxat to‘liq emas.

Toshkentning uch qiyofasi haqida

Sharq bilan G‘arb yonma-yon yashayotgan, sukunat va shovqin uyg‘unlashgan shahar - Toshkent sizga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
— ...Shovqin yildan-yilga ko‘payib bormoqda. Men uchun bu allaqachon uchinchi Toshkentga aylandi. Birinchisi - men ulg‘aygan shahar — to‘qsoninchi yillarning boshlarida tugagan. Ketish to‘lqini o‘tgach, hayotning o‘zi ham o‘zgarib ketdi. Ammo shahar umuman olganda o‘sha-o‘sha edi. Ba’zi narsalar o‘zgardi, lekin bu mahalliy va alohida joylardagi o‘zgarishlar edi.
Hozir esa bu yana boshqacha Toshkent. Uni kezib yuraman-u, lekin taniy olmayman: na uylarni, na odamlarni. Demak, men uch xil Toshkentda yashab o‘tgan ekanman. Biriga endigina ko‘nikib, o‘rganib qolardim-u, bir zumda u o‘zgarib ketaverardi.

Ehtimol, ularning har biri yozgan asarlarimga turlicha ta’sir ko‘rsatgan... Ammo aynan qanday ta’sir ko‘rsatganini aytishim qiyin. Balki men shunchaki o‘zimning Toshkentimni — doimiy, iliq va ichki jihatdan murakkab bo‘lgan shaharni yaratishga urinayotgandirman.
Shoirning vatani bormi yoki u faqat suhbatdosh va manzilga egami?
— Har kimning vatani bor; biz hammamiz qayerdandir unib chiqamiz. Kimdir uchun makon hissi muhimroq, kimdir uchun kamroq ahamiyatga ega. Men uchun bu juda muhim. Ammo bu siz aytgan narsani inkor etmaydi, aksincha uni nazarda tutadi: suhbatdosh, manzil. Men shunchaki biror joydan — shahardan yoki mamlakatdan — gapirmayapman, balki kimgadir murojaat qilmoqdaman. Kimgadir so‘zlarimni yo‘naltiryapman. Va javob olyapman. Yoki olmayapman. Meni tinglayotgan odam qayerda ekanligi unchalik muhim emas.

Platon va taxallus haqida

Zamonaviy seminariya talabalari qanday ruhiy masalalar bilan ko‘proq murojaat qilishadi? Ular 1990-yillar yoki 2000-yillar avlodlaridan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?
— Bir so‘z bilan aytishim qiyin... Ehtimol, siz tilga olgan "ma’naviy masalalar"ning o‘zi ularda hali to‘liq shakllanib yetmagan bo‘lishi mumkin.
Bugungi talabalarda ijtimoiy va ma’naviy jihatdan voyaga yetish jarayoni ancha kechroq kuzatilmoqda. Hayotning murakkabligini tushunish ham kechikmoqda. Ilgari talabalar shu kabi savollar bilan kelishardi, hozir esa ularga hamma narsa tushunarlidek, tushunarsiz narsalarni esa shunchaki "gugldan izlash" mumkindek tuyuladi. Bu faqat diniy seminariya talabalarigagina emas, balki dunyoviy oliy o‘quv yurtlariga ham taalluqli - meni vaqti-vaqti bilan uchrashuvlarga ham taklif qilishadi.
Shu sababli, ehtimol, ustoz sifatidagi vazifam javobni topishga emas, balki savolning o‘zini izlashga ko‘maklashishdan iborat. Manga sahifasidek tekis va sodda ko‘rinadigan narsaning chuqurligini va ko‘p ma’noliligini his etishga yordam berish.

Zamonaviy seminarist ilohiyotshunoslikka bag‘ishlangan adabiyotdan tashqari yana nimalarni o‘qiydi? Unga mumtoz adabiyotdan qaysi asarlar tavsiya etiladi?
— Men seminariyada adabiyotdan dars bermayman. Ammo nimalarni o‘qiyotganini bilaman — ular Gogolni ham, Dostoyevskiyni ham, Gyugoni ham o‘qishadi. Shuni ta’kidlash kerakki, seminariya nafaqat qonun-qoidalar, balki madaniyat haqida ham o‘rgatadi.
Ular bilan falsafaga oid qanday kitoblarni o‘qiysiz?
Vladimir Solovyovni misol qilib olsak, uning "Uch suhbat" («Три разговора») asarini hali ham talabalar bilan birga sahifama-sahifa o‘qiymiz. Bu kuchli, ba’zi o‘rinlarda qalbni kuydiruvchi asar. Shuningdek, Aflotunning "Fedon" asarini ham to‘liq o‘qiymiz. Men buni hammaga tavsiya etardim. Bu o‘ta murakkab emas, ammo oddiy falsafiy "qo‘shiqcha" ham emas.  Unda eng muhim mavzu ko‘tarilgan: o‘limdan keyin biz bilan nimalar bo‘ladi? Ruh abadiy yashaydimi? Bunga qo‘shimcha — Aflotunning o‘zi. Uning ajoyib, ravon falsafiy tili. Men hali-hanuz undan zavqlanaman - ba’zida katta-katta qultumlab, ba’zida esa maydalab, maza qilib o‘zlashtiraman. Aytgancha, o‘zimga nom tanlashim ham bejiz emas: Aflotuniy — arabchadan "aflotuncha" degani...

Televizorsiz hayot haqida

Sizningcha, XXI asr insoni ruhini yo‘qotmasligi, tezliklar, raqamlar va yuzaki ma’nolar dunyosida aniq fikr yuritishi uchun nimalar qilishi zarur?
— To‘g‘risini aytganda, XXI asr odamiga nima kerakligini bilmayman. Ba’zan o‘zimga nima kerakligini ham to‘liq anglay olmayman... Ehtimol, axborot gigiyenasi zarurdir — ya’ni ko‘pincha juda tajovuzkor bo‘lgan axborot oqimidan o‘zini himoya qilish qobiliyati. Kontentning o‘zi — uning "to‘g‘ri" yoki noto‘g‘riligi emas, balki hajmi va doimiy bosimi muhimroq. Ustimizga yopirilayotgan axborot to‘lqinlarini me’yorga keltirishni, ulardan qochish yo‘llarini topishni o‘rganishimiz kerak.
Bu vazifani qanday amalga oshirish mumkin? 90-yillarda bu osonroq edi: o‘shanda men yangi uyga ko‘chib o‘tdim va o‘zim bilan televizorni olmaslikka qaror qildim. O‘shandan beri usiz ham juda yaxshi yashayapman. Hozir, albatta, qiyinroq: smartfon, yangiliklar saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, podkastlardan voz kechish... televizordan voz kechishdan ko‘ra mushkulroq. Ammo shu holatda ham ichki to‘siqlar o‘rnatish, shovqinni kamaytirish mumkin. Buni qanday amalga oshirish esa shaxsiy tanlov masalasi. Men baland tog‘dan turib maslahat beruvchi donishmand emasman.
— Agar o‘zingizdan keyin faqatgina bitta matn qoldirishimkoniyati bo‘lganida, qaysi asaringizni tanlar edingiz?
— Bilmayman. Mendan keyin nima qolishi muhim emas. Hatto hech narsa qolmasa ham mayli. Agar hozir, ayni shu daqiqada kimdir mening yozganlarimni o‘qiyotgan bo‘lsa va ular unga o‘zini, o‘z hayotini, atrofdagi dunyoni biroz yaxshiroq tushunishga yordam berayotgan bo‘lsa, demak, bekorga yozmagan ekanman. Keyinchalik nima bo‘lishi... Bu endi menga bog‘liq emas. Nima bo‘lsa, o‘sha bo‘ladi. Barchasi uchun tashakkur.
Hikoya sizga yoqdimi? Bizni Instagram va Telegram orqali kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlar topasiz.