Birinchi “Stixiya” 2018-yil sentyabr oyida Mo‘ynoqdagi “kemalar qabristoni”da bo‘lib o‘tdi va festival “Burning Man”ning Markaziy Osiyodagi versiyasi sifatida rejalashtirilgan edi. Bundan tashqari, Otabek Sulaymonov boshchiligidagi tashkilotchilar Orol fojiasiga e’tibor qaratmoqchi bo‘lishdi.
Karimov davrida bunday festivallarni tasavvur qilib bo‘lmasdi – hatto rep ijrochilarining konsertlari ham yashirincha taqiq ostida edi. Biroq, yangi hokimiyat “Stixiya”da dunyoga madaniy iliqlik boshlanayotganini ko‘rsatish imkoniyatini ko‘rdi: festival bosh vazir tomonidan ma’qullandi, Turizm agentligi va hatto BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Nega aynan Mo‘ynoq?

Nima uchun “Stixiya”ni aynan Qoraqalpog‘istonda o‘tkazishga qaror qilindi? Tashkilotchilar shunday javob berishadi: bu mintaqa ekologik fojianing markazi va Orol halokatining ramzidir. Bundan yarim asr muqaddam Mo‘ynoq gullab-yashnagan port qishlog‘i edi – endi buni faqat kemalarning zanglagan qoldiqlari eslatib turadi, xolos. Sulaymonovning so‘zlariga ko‘ra, post-apokaliptik anturaj tadbirni yorqin va ommaviy axborot vositalari nigohida e’tiborga molik qiladi.
Festival sayyohlarni jalb qila boshladi, mahalliy aholi pul ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi va amaldorlar hududni rivojlantirish bilan faolroq shug‘ullana boshlashdi.
Festival Qoraqalpog‘iston haqidagi tasavvurlarni o‘zgartira boshladi: ilgari Mo‘ynoqni halokatli joy deb hisoblagan yirik shaharlar aholisi kelib, uni qayta kashf eta boshladi.

“O‘zim hali “Stixiya”da bo‘lmaganman, mana, yaqin kunlarda borib ko‘rmoqchiman. Hozircha betarafman. Lekin umuman olganda, festival mintaqaga qandaydir yordam beradi, deb o‘ylayman. Birinchi navbatda – ichki turizmni rivojlantirish. Qolaversa, yoshlar uchun qandaydir ma’rifiy dasturlar qila boshlagani yaxshi”, – deydi qoraqalpog‘istonlik bloger, @gojeproject podkasti muallifi Kamal Uteniyazov.
2023-yilda Qoraqalpog‘istondagi norozilik namoyishlaridan so‘ng festival Buxoroga ko‘chirildi.  Tashkilotchilar ko‘chirish qarorini norozilik namoyishlarida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bilan izohladi. Biroq aynan Buxoroda namoyishchilar, jumladan, ishning asosiy figuranti – Dauletmurat Tajimuratov ustidan sud bo‘lib o‘tdi. Qoraqalpog‘iston faollari va aholisiga bunday mantiq g‘alati tuyuldi. 2024-yilda festival e’longa #BackToMuynak xeshtegini qo‘shgan holda, Mo‘ynoqqa qaytarildi.

Mahalliy aholi bundan nima oladi?

Sulaymonov va moc jamoasi festival tufayli viloyatga pul ham kelayotganini ta’kidlamoqda. Darhaqiqat, mehmon uylari egalari, taksi haydovchilari va oziq-ovqat sotuvchilari “Stixiya” mehmonlaridan daromad olishlari mumkin – ammo ijobiy iqtisodiy samara hammaga ham taalluqli emas. Mahalliy foyda oluvchilar sayyohlar uchun ko‘ngilochar tadbirlar juda kamligidan shikoyat qilishmoqda.
“Bizga ko‘proq “Stixiya”, Rally Muynak kabi festivallar kerak. Ular sayyohlarni olib kelishadi, bu esa – daromad. Agar kreditlar arzonroq bo‘lganida, biz muzeylar, mahalliy taomlar bilan restoranlar ochishimiz, havo sharlarida sayrlarni tashkil qilishimiz mumkin edi. Musiqa, o‘yin-kulgi qo‘shgim keladi, lekin buning uchun yordam kerak”, – deydi mo‘ynoqlik tadbirkor.
“Agar bizda oyiga uch-to‘rtta shunday tadbir o‘tkazilsa, tumanni real rivojlantirish mumkin bo‘lardi. Ammo hokimiyat bilan muloqot ham, Orolbo‘yida turizmni qanday rivojlantirish bo‘yicha aniq strategiya ham yo‘q”.
Festival jamoasi mahalliy musiqa jamoatchiligi vakillarini ham taklif etishga harakat qilmoqda. Mo‘ynoqlik bitmeyker va DJ KOKEBARNBLED HD magazine`ga bu yildan boshlab qoraqalpog‘istonlik ijrochilar “Stixiya”ga chaqirila boshlaganini aytdi. “Ular meni shunchaki line-ap uchun tanlab olishdi va bu men uchun katta ahamiyatga ega. Men qoraqalpoqcha uslubda texno yozaman – bu mening ishim, mening tovushim. Qancha tunlarni bedor o‘tkazdim, qancha asab va kuchimni sarfladim. “Stixiya”da chiqish qilganimdan juda xursandman”, – dedi u.
Endi qoraqalpoqcha aksentli texnoga to‘liq o‘tmoqchiman. Yaxshiyamki, bu yildan boshlab qoraqalpoq DJ’lari chaqirila boshlandi. Mualliflik musiqasining [ijrochilarini] bundan keyin ham chaqirishlarini xohlardim – bu yerda bizning ismlarimiz, bizning ritmlarimiz yangrasin.

Bayram ketadi, ofat esa qoladi

Tashkilotchilar “Stixiya”ni oddiy reyv emas, balki ekologiya bo‘yicha muloqot maydoni sifatida ko‘rsatmoqda. Biroq, “mintaqani xaritaga qaytarish” kabi balandparvoz iboralar ortida Orolbo‘yi mintaqasini qo‘llab-quvvatlashning haqiqiy mexanizmlarini ko‘rish qiyin. “Stixiya” Mo‘ynoqni ziyofat uchun ekzotik ssenografiyaga aylantiradi: bu yerda suratlar olishadi, ertalabgacha raqsga tushishadi, ichishadi, mamlakatning boshqa hududlarida mahalliy aholining salbiy munosabatiga sabab bo‘ladigan narsalarni kiyishadi.
“Stixiya” bizning hududga to‘g‘ri kelmaydi. Bizda bunday ochiq kiyinish va raqsga tushish mumkin emas. Men birinchi festivalda bo’lgandim, lekin u yerda raqsga tusha olmadik. Ularning musiqasi g‘alati. Odamlar yarim yalang‘och holatda, ichishadi, chekishadi – bularning umuman ekologiyaga aloqasi yo‘q. Festival hech qanday muammoni hal qilmaydi. Bu shunchaki ko‘ngilxushlik, undan boshqa narsa emas”, – deydi ismi sir qolishini so‘ragan mo‘ynoqlik fuqaro.
Festival jamoasi doimiy ravishda tashrif buyuruvchilarni tozalikka rioya qilishga chaqiradi, ammo mo‘ynoqliklar mehmonlar oqimining oqibatlarini o‘zlari bartaraf etishlariga to‘g‘ri kelayotganidan shikoyat qilishadi. “Ulardan keyin axlat qoladi, yig‘ishtirishni esa biz bajaramiz”, – deya qo‘shimcha qildi tahririyat suhbatdoshi.
Yana bir muhim masala – hozirgi zamonning eng katta ekologik halokati sodir bo‘lgan joyda ko‘ngilochar tadbirlarni o‘tkazish axloqqa qanchalik mos? Orolbo‘yi esa apokaliptik safari maydoniga aylanmaydimi?
Washington Post “Stixiya”ni “halokat turizmi”ning namunasi deb atadi. Britaniyaning The Calvert Journal nashri “Stixiya”ning birinchi mavsumi haqidagi maqolasida qurigan dengiz fonidagi fotosessiyalar Orol fojiasini Instagramdagi postlar uchun dekoratsiyaga aylantirayotganini ta’kidladi. Barqaror turizm bo‘yicha ekspert Tom Millingtonning fikricha, halokat turizmi uchun maydonlar ko‘pincha tashqi o‘yinchilar tomonidan tanlanadi, mahalliy aholi esa deyarli o’z ovoziga ega emas.
“Stixiya” va boshqa shunga o‘xshash loyihalar, masalan, “Rally Muynak” rallisi Qoraqalpog‘istonning tashqi auditoriya uchun ofat estetiklashtirilgan mintaqa imidjini mustahkamlaydi. “O‘lgan” dengiz tubidagi poygalar va baliqchilarning zanglagan shxunalari orasidagi reyv – bularning barchasi o‘tkir, ekzotik, biroz apokaliptik ko‘rinadi.
Mo‘ynoq haqiqatan ham dunyo xaritasiga qaytarildi, ammo u yerda hali ham suv, ish va istiqbol yo‘q.

Qoraqalpog‘istonda, lekin qoraqalpoqlar uchun emas

Rasmiy ravishda festival Qoraqalpog‘istonda o‘tkazilmoqda – lekin uning aholisi uchun emasligi aniq.
“Stixiya” auditoriyasining katta qismi elektron musiqaga qiziqadigan va ko‘p sayohat qiladigan O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan kelgan yosh (20-35 yosh) o‘rta sinf vakillaridir. Ularning barchasi chipta uchun 750 ming so‘m to‘lashadi, “Stixiya”da ishtirok etish yo‘l, oziq-ovqat, turar joy, ba’zi hollarda esa turpaket uchun qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.
Festivalga kirish narxi Qoraqalpog‘istonning o‘rtacha aholisining haftalik, ba’zan oylik daromadi bilan taqqoslanadi. Bu pulga yetti yarim marta an’anaviy to‘yga borish yoki butun oila uchun bir oylik oziq-ovqat zaxirasini sotib olish mumkin. Hatto respublikaning chekka hududidan Mo‘ynoqqa eng arzon sayohat (avtobus yoki mashinada, bitta tunash joyi va ovqatlanish bilan) ham bu mablag‘ning katta qismini “yeb qo‘yishi” mumkin. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘istonda (Nukusda) o‘rtacha oylik daromad taxminan 4 million so‘mni (taxminan 300-350 dollar) tashkil etadi.
Bu sinfiy masofa begonalik hissini tug‘diradi. Tashqi, farovonroq dunyodan odamlar elektron musiqa tinglash va qurigan Orolni tomosha qilish uchun kelishadi. Mahalliy aholi kuzatuvchilar va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar sifatida ishtirok etadi, ammo bayram ishtirokchilari bilan teng huquqli emas.

“Stixiya”ga Orolbo‘yi fojialari haqida ma’lumot olish uchun emas, balki davlatning uyg‘oq nigohidan uzoqda, cheklangan erkinlik maydonida bo‘lish uchun kelishayotgandek tuyuladi. Mamlakatda muqobil tadbirlar yo‘q, yoshlar uchun mintaqaviy madaniy tashabbuslar ham yo‘q. Toshkentda ko‘pincha musiqa festivallari, hatto barcha qoidalarga muvofiq tashkil etilganlari ham bekor qilinadi.
Ehtimol, Qoraqalpog‘iston boshqa hududlarda, ayniqsa Toshkentda ma’muriy taqiqlarga sabab bo‘ladigan narsalarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan uzoq, kam ko‘zga tashlanadigan va o‘ziga xos erkin hudud sifatida qabul qilinadi. Shunga o‘xshash voqea Nukusdagi Savitskiy nomidagi muzeyda ham sodir bo‘ldi: aynan o‘sha yerda, respublika va ittifoq poytaxtlaridan yuzlab va minglab kilometr uzoqlikda taqiqlangan avangardning eng boy kolleksiyasi to‘plangan bo‘lib, hozirda butun san’at olami unga havas bilan qaraydi.
Darvoqe, qoraqalpog‘istonlik ekolog Yusup Kamalovning ta’kidlashicha, bir paytlar Orol bo‘ylab harakatlangan zanglagan katerlar, barjalar va shatakchilar BMTning o‘sha paytdagi bosh kotibi Pan Gi Munning 2010-yilgi tashrifi arafasida Mo‘ynoqqa maxsus olib kelingan. Shunday ekan, Orol halokatining ramzi bo‘lgan va uning fonida “Stixiya” ishtirokchilarining chiqishlari bo‘lib o‘tadigan “kemalar qabristoni” qabriston yoki fojia dalili emas, balki soxta yodgorlikdir.
Hikoya sizga yoqdimi? Bizni Instagram va Telegram orqali kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlar topasiz.