Qoraqalpoqlar - O‘zbekistonning shimoli-g‘arbidagi
suveren respublika — Qoraqalpog‘istonda
yashovchi turkiy xalq. Ularning o‘z tarixi, tili va so‘zlarga bo‘lgan o‘ziga xos
munosabati bor.
Qoraqalpoqlarda mehmondo‘stlik shunchaki an’ana emas,
balki deyarli butun bir fan
desa ham bo‘ladi. Kim qayerda o‘tirishi, kim taom uzatishi, kechaning
nimadan boshlanib, nima bilan yakunlanishi - barchasining o‘z ahamiyati bor. Shuni unutmaslik kerakki,
qoidalarni bilmasdan, bexosdan mezbonlarni xafa qilib qo‘yish yoki muhim
lahzani o‘tkazib yuborish ham
mumkin. Ammo bir-ikkita iborani o‘rganib olsangiz, birinchi choy
uzatilmasidanoq ular sizni
“o‘zimizdan ekan” deb qabul qilishadi.
Tórge ótiń — aziz mehmonni hurmatli joyga o‘tkazish
Qoraqalpoq xonadoniga mehmon bo‘lib borganda, uy
egasining sizga aytadigan birinchi gapi: "Tórge
ótiń", ya‘ni
“to‘rga o‘ting” bo‘ladi. Bu kiraverishning qarshisidagi joy bo‘lib, u yerda doimo eng hurmatli mehmonlar o‘tiradi.
Qoraqalpoqlarda dasturxon atrofidagi tartib - xuddi
Marko Polo ta’riflagan Xubilay saroyidagidek: kim katta, kim qarindosh, kim
begona - har kim o‘z o‘rnini biladi. Xubilay o‘rtada, farzandlari ikki yonida,
mehmonlar ro‘parasida o‘tirardi. O‘tovda ham taxminan shunday: to‘r - bu oddiy
joy emas, balki hurmat belgisidir.
Kelin esa kutib olish, taom uzatish va yig‘ishtirishni
oson bajarish uchun mehmonxonaning
eshigiga yaqin joyda
o‘tiradi. Turmushga chiqmagan qizni u yerga o‘tqazishmaydi - uning o‘rni yon
tomonda, to‘rga yaqin joyda. Xalqning
aytishicha, qiz
bola uyga qut-baraka
keltiradi.
Qoldan suw alıw — qo‘llarni to‘g‘ri yuvish usuli
Ovqatlanishdan oldin qo‘llar toza ekanligiga ishonch hosil qilish kerak.
An’anaviy qoraqalpoq oilalarida qo‘llarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri dasturxon atrofida
yuvishadi: bir kishi qumg‘onda
suv quysa, boshqasi kaftlarini tutadi, suv esa tog‘oraga tushadi. Bu jarayon qoldan "suw alıw", ya‘ni
qo‘lga suv quyish ma‘nosini
bildiradi.
Avval kattalar, so‘ng yoshi kichiklar qo‘l yuvishadi. Suvni kelin yoki
oilaning eng yosh a’zosi quyib turadi. Suv
quygan odamga deyarli har doim bir-ikki yaxshi so‘z aytiladi, masalan "Baqıtlı bol", ya‘ni baxtli bo‘l, "Uzaq
jasa" - uzoq umr ko‘rgin, "Raxmet" - rahmat.
Auqat tartıw — bu shunchaki dasturxon yozishdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi
Qoraqalpoq xonadonida "auqat tartıw" –
bu oddiy taom
tortishdan iborat emas, balki
butun bir marosimdir va bu
jarayonda ko‘proq kelin harakat qiladi: idishlarni
joylashtiradi, choy quyadi, hammada kerakli narsalar borligini kuzatib turadi.
Tartib muhim: avval kattalar, keyin qolganlar ovqatga qo‘l uzatadi.
Navbatsiz boshlash odobsizlik sanaladi, ayniqsa mehmon bo‘lsangiz.
Ovqatdan so‘ng yana qo‘l yuvish marosimi o‘tkaziladi.
Shundan keyin sizga Sarqit - uy dasturxonidan mehmon uchun ozgina taom berishlari
mumkin.
Abroy barda keteyk — hurmatimiz borida ketaylik
Bu ibora kecha yaxshi o‘tganda aytiladi, ya‘ni suhbat
qizidi, choy ichildi, hatto ozgina ichkilik ham bo‘ldi - lekin hali ham mehmondorchilikdan chiqib ketish kech emas.
"Abroy
barda keteyk" aynan “hurmatimiz borida
ketaylik” degan ma’noni anglatadi. Bu o‘zini yo‘qotib qo‘ymaslik, noqulay vaziyatga tushib
qolmaslik va
davradan hurmati borida
chiqib ketish usulidir.
Ya‘ni bu - oyoqda
zo‘rga turgan bo‘lsangiz ham ijtimoiy hushyorlikni namoyon etishdir.
Sarqit — yo‘lga ozgina taom
Sarqit – mehmonlarga yo‘lga berib yuboriladigan ziyofat qoldiqlari, masalan go‘sht, non, shirinliklar, mevalar
- ulashmoqchi bo‘lgan barcha narsalar. Bu hurmat belgisidir. Ayniqsa, mehmon uzoqdan kelgan yoki kech qolib ketgan
bo‘lsa. —
Qishloqlarda sarqitni ziyofatga kelmaganlarga ham berishadi, ya‘ni qo‘ni-qo‘shnilarga, qarindosh-urug‘larga, bolalarga. Darvoqe, olma bilan bo‘g‘irsoqlar bitta
paketda bo‘lishi bu
oddiy hol. Aytishlaricha, eng mazali olmalar - yog‘ shimgan olmalardir.
Bu udum haqida
hatto maxsus ibora ham bor: "Sarqıt
qalsın", ya‘ni uyda
farovonlik bo‘lsin degani. Mehmonlarni
kuzatayotganda, ularning uyida ham, mezbonning uyida ham hammaga ovqat yetarli
bo‘lishini tilab shunday deyishadi.
* * *
Qoraqalpoq dasturxoni haqida gapirganda gap
faqat ovqat haqida emas. Bu hurmat, minnatdorchilik, kinoya va muvozanat
tilidir. Har bir ibora shunchaki odat emas, balki madaniyat ifodasi bo‘lib, unda birinchi navbatda mehmon turadi,
mayda narsalar esa hech
qachon arzimas tuyulmaydi.
Ularni o‘rganish - yaqinlashish degani. Hech bo‘lmaganda, qumg‘on bilan tog‘ora
uzatilganda dovdirab qolmaslik uchun bu urf-odatlarni bilib qo‘yish foydali.
