So’nggi yillarda o’zbek tiliga juda ko’p xorijiy adabiyotlar tarjima qilinmoqda. Kun sayin ularning rang-barangligi ham oshib bormoqda. Yangi chiqayotgan kitoblar ichida turk adabiyotini, Lotin Amerikasi, Skandinaviya, Amerika va ingliz adabiyotlarini ham ko’rish mumkin. Keling bugun shu yil bahorda chiqqan, o’zbek kitobxonlari e’tiboriga havola etilgan eng qiziqarli kitoblar bilan tanishib chiqsak.
O’rxon Pomuq – “Mening otim Qirmizi”
Nashriyot: “Yangi Asr Avlodi”
“Mening otim Qirmizi” – Nobel mukofoti sovrindori (2006-yilda) O’rxon Pomuqning eng mashhur kitoblaridan biridir. Bu detektiv, falsafiy roman, sevgi hikoyasi, san’at va rassom taqdiri haqidagi mulohazalar elementlarini o‘zida mujassam etgan ko‘p qatlamli asar hisoblanadi.
Asar XVI asr Istanbulini gavdalantiradi, undagi voqealar aynan shu makon va zaminda yuz beradi. Ammo u faqatgina tarixiy roman bo’libgina qolmay, madaniyat va dunyoqarash haqidagi chuqur falsafiy mulohaza hamdir. Unda Sharq va G’arb shunchaki qarama-qarshilik sifatida emas, o’zaro murakkab dialog sifatida tasvirlanadi. So’zsiz, bu kitob O’rxon Pomuq ijodidagi eng muhim asarlardan biri.
Joze Saramago – “Ko'rlik”
Nashriyot: “Inson”
Portugal yozuvchisi Joze Saramagoning “Ko’rlik” nomli kitobi uning ijodidagi eng mashhur asari bo’lsa kerak. Darvoqe, Saramago ham Nobel mukofotini qo’lga kiritgan (1998-yilda). Ammo Shved akademiyasi unga bu sovrinni boshqa bir asari (“Monastir xotiralari”) uchun topshirgan. Shunday bo’lsa-da, Saramagoni ko’pchilik aynan “Ko’rlik” orqali taniydi. Chunki bu asar XX asrning eng kuchli va esda qolarli kitoblaridan biri. Chunki bu asar – inson tabiati va jamiyatning mo‘rtligi haqidagi dahshatli va realistik allegoriya hisoblanadi.
Asarda voqealar nomsiz shaharda to‘satdan g‘alati “oq ko‘rlik” epidemiyasi tarqalishi bilan boshlanadi. Odamlar qorong‘ida emas, go‘yo sutdek oppoq pardaga tushib qolgandek ko‘r bo’lib qolishadi. Ana endi kitobning muqovasiga e’tibor bering. Ajoyib ishlangan-a?
Agar sizga ekstremal vaziyatlar, axloq, metaforalar va insoniylik haqidagi adabiyotlar yoqsa, “Ko‘rlik” aynan siz uchun. Saramagoning kinoyali tili sizga albatta yoqadi deb o’ylayman.
Knut Hamsun – “Ochlik”
Nashriyot: “Huzur”, “Yangi Asr Avlodi”
Yuqorida keltirilgan ikkita asarga e’tibor qilgan bo’lsangiz, bir tendensiya diqqatingizni tortgan bo’lsa kerak. So’nggi paytlarda o’zbek tiliga Nobel mukofoti sovrindorlarining asarlarini tarjima qilish o’ziga xos trendga aylangan. Bahorda chop etilgan yana bir kitob – Knut Hamsunning “Ochlik” asari ham shular jumlasidan. “Ochlik”ni deyarli bir vaqtda ikki xil tarjimada ikkita nashriyot chop etdi. Bu o’zbek kitob bozorida kamdan-kam hollarda uchraydigan vaziyat.
Norvegiyalik yozuvchi Knut Hamsun 1920-yilda adabiyot bo’yicha Nobel mukofotini qo’lga kiritgan (aytilishicha, “Zamin ne’matlari” asari uchun). “Ochlik” uni butun dunyoga tanitgan asar bo’lib, unda insoniy tushkunlik, yolg‘izlik va qadr-qimmatning o‘ta halol va tashvishli portreti tasvirlangan. Asar nasroniylar yashaydigan bir shaharda hayot kechiruvchi yozuvchi, qashshoqlikda jon-jahdi bilan yashashga intilayotgan yosh yigit haqida hikoya qiladi. Asarni o’qir ekansiz, siz uni tom ma’noda jismonan “yashaysiz” – qahramon bilan birga ochlik, issiqlik, sovuqlik, og‘riq va umidsizlikni his qilasiz.
Agar sizni ekzistensial izlanishlar, ijodkorning ichki ziddiyati, adabiy tajribalar qiziqtirsa, “Ochlik”ni o‘qishingiz shart.
Harper Li – “Tasbeh daraxti soyasida”
Nashriyot: “Akademnashr”
Amerikalik yozuvchi ayol Harper Lini ko’pchiligimiz “Mazaxchini o’ldirish” asari orqali taniymiz. Ammo ko’pchilik bu asarning davomi bor ekanligi haqida bilmaydi. Balki hamma gap bu asarning juda kech – 2015-yilda chop etilganidadir. Gap shundaki, “Go Set A Watchman” asari — Harper Lining eng mashhur romani (“Mazaxchini o’ldirish”) chop qilinganidan 55 yil o’tib ommaga taqdim etilgan.
Kitobning nomi Bibliyadan olingan iqtibos bo‘lib, “qo‘riqchini tayinlab qo’y” [ya’ni o‘zingizda ichki axloqiy kompasni toping ma’nosida] degan ma’noni anglatadi. Nashriyot va tarjimon bu kitob nomini o’zbek tiliga qanday tarjima qilish borasida ancha bosh qotirishgan va “Tasbeh daraxti soyasida” variantida to’xtalishgan.
Aytilishicha, bu asar ustida ish aslida “Mazaxchini o’ldirish”dan ham oldin boshlangan va shu asarning qoralamasi bo’lgan ekan. Ammo Harper Li bu qoralamani uzoq vaqtdan ochiladigan qutiga solib qo’ygan.
Unda voqealar “Mazaxchini o’ldirish”dagi voqealar rivojidan 20 yil o’tgach, Luiza Jinn Finch (Skaut) ning Nyu-Yordan Meykomb shahriga otasi Attikus Finchni holidan xabar olish uchun qaytishi bilan boshlanadi. Roman otaning “qahramon” obrazi qanchalik og‘riqli tarzda yemirilishi haqida hikoya qiladi.
Agar siz uchun ulg‘ayish, fuqarolik huquqlari, axloq masalalari va Amerika tarixiga qiziqsangiz, “Tasbeh daraxti soyasida” – qiyin, ammo qiziqarli mutolaa bo’la oladi.
Emili Bronte – “Bo’ronli dovon”
Nashriyot: “Yangi Asr Avlodi”
“Bo’ronli dovon” – ingliz yozuvchisi Emili Brontening yagona romani bo’lib, 1847-yilda Ellis Bell erkakcha taxallusi bilan nashr etilgan. Asar muallifning hayoti davomida munosib e’tirof etilmagan, ammo vaqt o‘tishi bilan jahon adabiyotining klassikasiga aylangan.
Asar muhabbat va qasosning g‘amgin, gotik, fojiali hikoyasi hisoblanadi. Unda asosiy qahramonlar Xitkliff va Ketrin Ernsho o‘rtasidagi halokatli muhabbat tasvirlangan. Xitkliff – Liverpul ko‘chalarida topilgan va Ketrinning otasining uyiga olib kelingan asrandi bola. Shuning uchun ham oila Xitkliffni o’ziga teng ko’rmaydi. Ammo Ketrin va Xitkliff o’rtasida kuchli, deyarli g‘ayritabiiy hissiy aloqa paydo bo‘ladi... Menimcha qanday ziddiyat yuzaga kelayotganini tushundingiz.
Bu chuqur psixologik va falsafiy asar bo‘lib, sizda biroz yoqimsiz, ammo kuchli taassurot qoldiradi.
Gabriel Garsiya Markes – “Polkovnikka birov maktub bitmas”
Nashriyot: “Arxetip”
“Polkovnikka birov maktub bitmas” asari Gabriel Garsiya Markesning “Yolg’izlikning yuz yili”gacha bo’lgan davrda yozilgan qissa bo’lib, bu uning eng ta’sirli asarlaridan biri hisoblanadi. “Arxetip” nashriyoti Markesning bu asari bilan bir vaqtda “Oshkora qotillik solnomasi”ni [uning bu asari oldin ham o’zbek tilida “Oshkora qotillik qissasi” nomi ostida chop etilgan] ham chop etdi. Albatta, Gabriel Garsiya Markes ijodi o’zbek kitobxoni uchun yangilik emas, uning asarlari oldin ham o’zbek tilida chop etilgan. Masalan, bungacha uning “Yolg’izlikning yuz yili”, “Buzrukning kuzi”, “Vabo vaqtidagi muhabbat”, “Xayrlashuv maktubi” kabi asarlari tarjima qilingan.
Markesning “Polkovnikka birov maktub bitmas” asari qashshoqlik, inson qadr-qimmati va umid haqidagi sof, vazmin fojiani ifodalaydi. Bosh qahramon – Kolumbiyadagi fuqarolar urushining keksa faxriysi, polkovnik – har juma kuni harbiy xizmat uchun va’da qilingan pensiya kelishini kutib, bandargohga boradi. Oradan 15-yil o‘tdi hamki, hanuz xat yo‘q. Polkovnik kasal xotini bilan qashshoqlikda, ochlik yoqasida yashaydi, lekin sadaqa so’rashdan bosh tortadi. Qaysidir ma’noda, Xemingueyning “Chol va dengizi”ni eslatib yuboradi.
Bu asar unchalik katta hajmga ega bo’lmasa-da, kitobxonda o’zidan uzoq vaqt his qilinadigan “ta’m” qoldiradi. Agar siz shaklan sodda, kuchli mazmunga ega, chorasizlik va umid haqida hikoya qiluvchi kitob qidirayotgan bo‘lsangiz, “Polkovnikka birov maktub bitmas” sizga manzur bo’ladi deb o’ylayman.
Tomas Harris – “Qizil ajdarho”
Nashriyot: “Yangi Asr Avlodi”
Katta ehtimol, “Qo’zichoqlar sukunati” (‘The Silence of the Lambs’) haqida eshitgansiz, ko’pchilik shu nomdagi filmni tomosha qilgan. “Qizil ajdarho” esa xuddi o’sha Gannibal Lekter haqidagi psixologik triller va horror janridagi romanning birinchi qismi. Amerikalik yozuvchi Tomas Harris kannibal doktor haqida 4 ta kitob yozgan: “Qizil ajdarho”, “Qo’zichoqlar sukunati”, “Gannibal”, “Gannibal: tiklanish” – xuddi shu ketma-ketlikda. Harris texnik jihatdan aniq va psixologik jihatdan chuqur yozadi. U kriminalistika, tibbiyot, psixologik atamalardan foydalanadi, lekin ularni oson tushunasiz.
Roman daho tergovchi va xuddi shunday daho qotil o‘rtasidagi qarama-qarshilik haqida hikoya qiladi. Bosh qahramon – Uill Grem, sobiq FQB agenti, seriyali qotillarning fikrlash tarzini yaxshi tushunadi. U psixiatr-kannibal Gannibal Lekterni qo‘lga tushirganidan keyin xizmatdan ketgan edi. Ammo uni yana yordamga chaqirishadi…
Agar sizga psixologik chuqurlikka ega bo‘lgan trillerlar, shiddatli va qo’rqinchli syujetga ega kitoblar yoqsa, “Qizil ajdarho” – siz uchun “must-read”, uni albatta o’qing.
* * *
Ko’rib turganingizdek, bu yil bahorda bir qancha ajoyib va qiziqarli kitoblar chop etilgan. E’tibor qilgan bo’lsangiz, hozirda asosan nomdor mukofotlarni qo’lga kiritgan adabiyotlar tarjima qilinmoqda. Yaqinda nafaqat Nobel mukofotini olgan yozuvchilar, balki Pulitser, Buker, Hyugo va shu kabi boshqa nomdor mukofotlar sohiblarining asarlari ham tarjima qilinishi kutilmoqda. Bu yaxshi trend.
Jumladan, shu yil qishda Asaxiy Books loyihasi fransuz adabiyotining eng obro’li mukofoti – “Gonkur”ni qo’lga kiritgan yozuvchi Erve Le Tellyening “Anomaliya” nomli asarini o’zbek tilida chop etdi. Shuningdek, shu yil 2016-yilgi Buker mukofotining g’olibi va ilk janubiy koreyalik Nobel mukofoti sovrindori (2024-yil) – Xan Ganning “Vegeterian” nomli asarining o’zbek tilida nashr etilishi kutilmoqda.
Umuman olganda, nashriyotlar mana shu trendni davom ettirishsa, o’zbek kitobxonlari ko’plab ajoyib adabiyotlar o’qish imkoniga ega bo’lishadi. HD magazine yoz faslida ham o’zbek kitob bozorida bir-biridan qiziqarli kitoblar paydo bo’lishini tahmin qilmoqda. Va albatta, biz yangi kitoblarni kuzatishda va sizni yangi nomlar bilan tanishtirishda davom etamiz.







