Tarixiy ilmiy merosni qaytarish va o‘rganishga qaratilgan keng ko‘lamli loyiha doirasida Buyuk Britaniya, Fransiya, Hindiston, Turkiya, Rossiya, AQSH, Germaniya, Eron, Misr, Italiya, Irlandiya kabi 20 dan ortiq mamlakatlarga tadqiqot ekspeditsiyalari tashkil etildi. O‘zbekiston ilmiy muassasalari "Katta Langar Qur’oni," Mir Haydar Xorazmiyning "Me’rojnoma," Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma," Husayn Boyqaroning "Devon," Mirxondning "Temur tuzuklari," "Ravzatus-safo" kabi noyob qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini qabul qilib olgan.
Fransiyada Parij Milliy kutubxonasida "Suvar al-kavokib" qo‘lyozmasi saqlanadi, unda astronomik jadvallar va Mirzo Ulug‘bek portreti mavjud. Bu yerda XII asrda lotin tiliga tarjima qilingan va butun Yevropaga tarqalgan "Tib qonunlari" nusxasi ham bor. Ushbu asarning bir nusxasi AQShning Yel universiteti tibbiyot tarixi kutubxonasida ham saqlanadi.
Rossiyada "Tib qonunlari"ning dastlabki nusxalaridan biri Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Bu nusxa Yaqin Sharqdan faylasuf Russoning jiyani Jan Batist Lui Russo tomonidan olib kelingan va 1819-yilda Rossiya Fanlar akademiyasiga sovg‘a qilingan. Yana bir noyob nusxasi AQSH Milliy tibbiyot kutubxonasida saqlanadi.
Bolonyadagi universitet kutubxonasida XV asrning birinchi yarmida Italiyada nashr etilgan va rasmlar bilan bezatilgan "Qonun"ning ivrit tiliga qilingan ikkita tarjimasi mavjud.
Buyuk Britaniyaning Oksford shahridagi Bodlean kutubxonasida al-Xorazmiyning hozirgi zamon algebrasiga asos bo‘lgan "Muxtasar min hisob al-jabr va-l-muqobala" asari saqlanmoqda. Bu yerda Mirzo Ulug‘bekning astronomiyaga oid "Ziji jadidi Ko‘ragoniy" asarining nodir nusxasi ham bor. Bu qo‘lyozma taxminan 1473-yilda Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi tomonidan Istanbulga, so‘ngra ingliz olimi Jon Greyvs tomonidan 1638-yilda Angliyaga olib ketilgan. Qo‘lyozma sahifalarida bu olimning shaxsiy qaydlari saqlanib qolgan.