Klassik postkolonial nazariyani sobiq sovet respublikalariga qo‘llash har doim ham barcha sovet voqeliklarini tushuntira olmaydi. Birinchidan, uni qo‘llash chegaralari qayerdan o‘tishi, qaysi hududlarni mustamlaka deb hisoblash mumkinligi va qaysilarini mustamlaka emasligi to‘liq tushunarli emas. Ikkinchidan, Aleksandr Etkindning ancha ta’sirli bir nazariyasi mavjud bo‘lib, unga ko‘ra Rossiya o‘z tarixi davomida nafaqat o‘zini, balki shartli ravishda “Boshqa”ni ham mustamlaka qilish bilan shug‘ullangan. E’tiborli jihati shundaki, bu “Boshqa” rolida ham “begona millat vakili”, ham rus krestyanini bo‘lishi mumkin edi.
Ushbu qarama-qarshiliklarni tushunish uchun biz taniqli antropolog va tarixchi Sergey Abashinga murojaat qildik. Muallifning ruxsati bilan 2016-yilda yozilgan «Советское = колониальное (за и против)» essesining qisqartirilgan variantini e’lon qilamiz. Essening to‘liq matnini bu yerda o‘qishingiz mumkin. 
[…] Sovet tuzumiga mustamlakachi sifatida qaralgan ziddiyatli munosabat asosan SSSRning imperiya tabiati haqidagi masala siyosatning bir qismi bo‘lganligi va hozir ham shunday bo‘lib qolayotgani bilan izohlanadi. Sovet davlati paydo bo‘lgan dastlabki paytlardanoq uning tashqi va ichki muxoliflari/tanqidchilari mustamlakachilikka ishora qilishdan kurash va tuzumni qonuniylashtirish vositasi sifatida foydalanganlar. Ayniqsa, bu ritorika 1970-80-yillarda geosiyosiy muxoliflar o‘z mustamlakalaridan rasman qutulib, sovet chekkalariga, jumladan, “musulmonlar mintaqalari”ga tobora ko‘proq e’tibor qarata boshlaganida yanada kuchaydi. O‘z navbatida, SSSRning o‘zida mamlakat va jamiyatning mustamlakachilikdan xoli va hatto mustamlakachilikka qarshi xususiyatini isbotlash uchun turli xil sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Bu mavzu 1920-yillar va 1930-yillarning boshlarida mashhur bo‘lib, hokimiyat uchun sovetgacha bo‘lgan mustamlakachilik va sovet davrini mustamlakachilikka qarshi deb ajratish muhim edi. 1950-yillarda, jahon imperiyalarining parchalanishi to‘lqinida, mustamlakachilikka qarshi ritorika "sovuq urush" davrida yangi ittifoqchilarni jalb qilish vositasiga aylandi.
Ajablanarlisi shundaki, bu bahs SSSR parchalanib ketgandan so‘ng ham to‘xtamadi, davom etaverdi. Aslida o‘zlari sovet tuzumini tugatish tashabbusini ko‘rsatgan Rossiya hukumati, shunga qaramay, o‘z qonuniyligini “yangi davlat” g‘oyasiga emas, balki SSSR va Rossiya imperiyasidan vorislik g‘oyasiga asoslanib shakllantirishga qaror qildi. Boshqa tomondan, postsovet Rossiya tuzumining tashqi tanqidchilari Rossiya jamiyati ichidagi aniq yoki xayoliy bo‘linishlarni hamda Rossiya va uning sobiq ittifoqdosh respublikalari o‘rtasidagi ajralishlarni siyosiylashtirish maqsadida “imperiya” va “mustamlakachi” kabi eski tamg‘alardan foydalanib kelmoqdalar. Garchi SSSR yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsa-da, hozirgi Rossiya o‘z mafkurasida u bilan hech qanday umumiylikka ega bo‘lmasa-da, sovet mavzusi siyosiy va hissiy jihatdan kuchli bo‘lib qolmoqda. 
[…] 
Sovet davrini mustamlakachilik davri deb hisoblash haqidagi fikrni faqatgina siyosiy va geosiyosiy tushuntirish bilan cheklab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘lardi. Bu vaziyatni ancha yengillashtirgan bo‘lardi. Tarixshunoslikning o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan holati ham mavjud. SSSRning parchalanishi natijasida sovet tajribasining alohida ahamiyatga ega ekanligi haqidagi g‘oya larzaga keldi va yaqin o‘tmishda shubhasiz hisoblangan bu haqiqatni isbotlovchi dalillar o‘z qiymatini yo‘qotdi. Sovet tarixini o‘rgangan ham xorijiy, ham rus olimlari – uni umumjahon tarixiy kontekstiga kiritishga harakat qilishdi va sovet davrini normallashtirish ko‘pincha tanqidiy emas, balki hamdardlik mazmuniga ega edi. Shu bilan birga, SSSRning eng yaqin muqobili katta Yevropa imperiyalari bo‘lib chiqdi – ular o‘rtasida parallellar o‘tkazish juda qulay bo‘ldi.
Bundan tashqari, mamlakatning parchalanishi turli xil gegemoniyalarni tanqid qilish va, masalan, postkolonial tadqiqotlarning rivojlanish davriga to‘g‘ri keldi. Bu g‘oyalar muqarrar ravishda postsovet hududiga “yangi” va “zamonaviy” fikrlar sifatida kirib keldi.

image
Buyuk knyaz Konstantin Konstantinovichning (Nikolay II ning amakisi) Toshkentga tashrifi, 1911-yil. Foto: Tashkent Retrospective
Agar munozaraning siyosiy fonidan iloji boricha chalg‘ib, yoqlovchi va qarshi dalillarni tizimlashtirishga harakat qilinsa, unda “mustamlaka” atamasi SSSR, xususan, sovet O‘rta Osiyoni muhokama qilishda qanchalik foydali bo‘lishi mumkin edi (men muhokamani biroz soddalashtirish uchun Qozog‘istonni bu yerga kiritmayapman)? 
Mustamlakachilik nima ekanligini nazariy jihatdan chuqur muhokama qilmaslik uchun unga rus va ingliz tilidagi Vikipediyadan olingan eng oddiy va ommabop ta’rifni beramiz: “Mustamlakachilik siyosati – bu asosan chet ellik aholi yashaydigan, odatda iqtisodiy jihatdan kam rivojlangan xalqlar, mamlakatlar va hududlarni harbiy, siyosiy va iqtisodiy usullar bilan bosib olish va ko‘pincha ekspluatatsiya qilish siyosatidir”; “Kolonializm – bu siyosiy hokimiyat tomonidan boshqa hududdan mustamlakaga asos solish, uni ekspluatatsiya qilish, saqlash, sotib olish va kengaytirishdir. Bu mustamlakachi hokimiyati bilan mustamlaka o‘rtasidagi va ko‘pincha mustamlakachilar bilan mahalliy aholi o‘rtasidagi teng bo‘lmagan munosabatlar majmuidir”. Ikkala ta’rif ham mintaqalar o‘rtasidagi tengsizlikka qaratilgan bo‘lib, asosiy urg‘u bosib olish, siyosiy huquqlar va iqtisodiy ekspluatatsiyaga qaratilgan. Bu qoidalarni SSSRga nisbatan qanchalik qo‘llash mumkinligini birinchi yondashuvdayoq tekshirib ko‘ramiz. Shu bilan birga, men omillar to‘plamini kengaytiraman va ularga ijtimoiy soha, madaniyat va o‘ziga xoslikni (identiklik) qo‘shaman.
Keling, ushbu jihatlarning barchasini blits rejimida ko‘rib chiqamiz:

Istilo bo‘lganmi? 

O‘rta Osiyoning SSSR tarkibiga qo‘shilishini tinch yo‘l bilan amalga oshirilgan deb aytib bo‘lmaydi. Sobiq Turkiston general-gubernatorligi 1918-yilda “tuzem” partiyalari va siyosiy yetakchilari tomonidan e’lon qilingan Turkiston (Qo‘qon) muxtoriyatining harbiy mag‘lubiyatidan so‘ng shiddat bilan avj olgan ko‘p yillik urushni boshdan kechirdi. 1920-yilda esa harbiy yo‘l bilan Buxoro va Xiva amalda qayta zabt etildi, ular 1924-yilda rasman mustaqil davlat maqomini yo‘qotib, Sovet Ittifoqi tarkibiga kirdi. Muntazam qo‘shinlar ishtirokidagi jangovar harakatlar butun mintaqa bo‘ylab 1923-yilgacha davom etdi, ammo qurolli qarama-qarshilik shu bilan tugamadi. So‘nggi yirik harbiy to‘qnashuv 1931-yilda yuz bergan. O‘shanda Qizil armiya hujumi natijasida Afg‘onistonga chekinishga majbur bo‘lgan qo‘zg‘olonchilar guruhi Tojikistonning janubiy hududlariga bostirib kirgan, ammo tor-mor etilgan. Bularning hammasi “bosmachilikka qarshi kurash” deb ataladi.  
O‘rta Osiyoning SSSR tarkibiga qo‘shilishini tinch yo‘l bilan amalga oshirilgan deb aytib bo‘lmaydi.

Bu sof harbiy tarixga mahalliy siyosiy elitaga nisbatan qatag‘on siyosatini qo‘shish lozim. Bu siyosat dastlab imperiya davrida, keyinchalik esa sovet davrida ham amalga oshirilgan. Fitnalar uyushtirish, millatchilikka qarshi kurashish bahonasida ko‘plab taniqli siyosiy rahbarlar va ularning yaqinlari lavozimlaridan chetlatildi, hibsga olindi va surgun qilindi, qamoqqa olindi va otib tashlandi. Bu ham qaysidir ma’noda mintaqani Moskva-Markaz nazorati ostida zo‘ravonlik bilan ushlab turishning bir ko‘rinishi deyish mumkin. 
Ammo hammasi shunchalik aniq-ravshanmi? Bunga qarshi dalillar topishga urinib ko‘ramiz. Birinchisi – bu tarixdagi qarama-qarshilik chizig‘i qat’iy ravishda “kelgindilar” va “tuzemlar” madaniy belgisi bo‘yicha o‘tmagan. O‘sha davrdagi barcha voqealarda mahalliy aholi barrikadalarning ikki tomonida bo‘lgan. O‘rta Osiyo jamiyati va uning elitasi ham Rossiya kabi hatto ikkiga emas, balki o‘z manfaatlari uchun kurashgan ko‘plab fraksiyalar, sinflar, partiyalar va guruhlarga bo‘lingan edi. “Bosmachilar”ga qarshi ziyolilar va dehqonlarning turli “tuzem” qatlamlaridan chiqqan ko‘plab oddiy odamlar kurashgan. O‘rta Osiyo rahbarlarining ko‘pchiligi o‘z maqsadlariga erishish umidida sovet hokimiyati bilan ittifoq tuzdilar, sovet siyosiy va ma’muriy tizimiga qo‘shildilar va ko‘pincha o‘zlari sovet raqiblarini ta’qib qilish va qatag‘on qilish vazifasini bajardilar. To‘g‘ri, bu ittifoqlarga a’zo bo‘lganlarning ko‘pchiligi keyinchalik o‘zlari ham ag‘darib tashlangan, ammo bu odamlar ham o‘z tarjimayi hollarining oldingi bosqichlarida bolsheviklar tomonida turib kurashganliklari fakt bo‘lib qolmoqda. O‘z navbatida, sovetlarga qarshilik ko‘rsatish harakati nafaqat mahalliy aholidan iborat edi, balki uning tarafida Markaziy Rossiyadan kelganlar ham bor edi, 1918-1920-yillarda Farg‘ona vodiysida bolsheviklarga qarshi kurashgan dehqonlar armiyasini eslash kifoya.
Ikkinchi dalil shundan iboratki, shiddatli harbiy harakatlar va qatag‘onlar asosan ilk sovet davriga to‘g‘ri keladi. Agar 1950-1970-yillardagi post-Stalin davriga nazar tashlasak, bunday holatni ko‘rmaymiz. Aytaylik, Britaniya Hindistoni va Fransiya Jazoiridan farqli o‘laroq, hech qanday qo‘zg‘olonlar, qurolli isyonlarga urinishlar, ommaviy siyosiy muxolifat yo‘q. Siyosiy tozalashlar ham to‘xtadi.
Aksincha, O‘rta Osiyo respublikalarida hokimiyat tepasida o‘n yillar davomida mahalliy rahbarlar turdi, ular Moskva-Markaz bilan kelishgan holda ichki ishlarni hal qilishda, albatta, asosiy sovet tamoyillariga to‘liq sodiqlikni saqlab qolgan holda, yetarlicha yuqori darajadagi avtonomiyaga ega bo‘ldilar.

image
Sharof Rashidov (chapda) va Leonid Brejnev (o‘ngda). Foto: upl.uz
1980-yillarning o‘rtalarida O‘zbekistondagi “paxta ishi” ba’zan qatag‘onlar qatoriga qo‘shiladi, bu ehtimol qisman to‘g‘ridir, chunki unda Moskva-Markazning mintaqada sodir bo‘layotgan voqealar ustidan o‘z nazoratini tiklash va kuchaytirish istagi yaqqol ko‘rinib turardi. Ammo bu voqealar ham 1920-1930-yillardagi kabi siyosiy qarama-qarshilik va siyosiy ayblovlar nuqtai nazaridan qabul qilinmas edi; aksincha, jazolanganlar o‘rniga yana mahalliy kadrlar tayinlanardi. Va yana bu faqat madaniy asosga ega emas edi, chunki 1980-yillarda Moskvaning o‘zida va Rossiyada o‘yin qoidalarini o‘zgartirish va elitani o‘zgartirishga xuddi shunday urinishlar bo‘lgan. 
Oxir-oqibat, O‘rta Osiyodagi sovet hokimiyati mahalliy mustamlakachilikka qarshi kurash tufayli emas, balki Markazning o‘zi “chekka hududlarni ajratib tashlash” to‘g‘risidagi qarori natijasida quladi. Bu imperiyalar tarixida juda kam uchraydigan holat.

Madaniy hukmronlik bo‘lganmi? 

Mustamlakachilik masalasi, avvalo, bo‘ysunish munosabatlarida madaniy chegara qanday quriladi, degan masaladir. Bu rus tilidagi Vikipediya ta’rifida yo‘l-yo‘lakay “asosan chet ellik aholini” ekspluatatsiya qilish, ingliz tilida esa “mustamlakachilar” va “mahalliy aholi” o‘rtasidagi tengsizlik sifatida tilga olingan. Bunday madaniy chegarasiz bo‘ysunish sinfiy, siyosiy yoki boshqa mohiyatga ega bo‘lishi mumkin, ammo mustamlakachilik mohiyatiga ega emas, chunki tengsizlik mavjud bo‘lgan hamma narsani mustamlakachilik deb atashning ma’nosi yo‘q.
Sovet O’rta Osiyosida madaniyat taraqqiyoti problematikasida ham, avvalgi barcha hollarda bo‘lganidek, ziddiyatli manzarani ko‘ramiz. Mintaqaning mustamlaka maqomini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan bir nechta bandlarni sanab o‘taman. Ular qatoriga 1920-1930-yillarda mahalliy ziyolilarning ko‘plab vakillariga nisbatan qatag‘onlarni kiritish mumkin.
Eng kuchli zarba mintaqadagi butun sovetgacha bo‘lgan madaniyat va tafakkurning poydevorini yaratgan musulmon yetakchilari, musulmon institutlari va musulmon an’analariga berildi.

Butun sovet davrida jadal ruslashtirish jarayoni kechdi: alifbo dastlab lotinlashtirildi, 1930-yillarning oxiridan esa kirill alifbosiga o‘tkazildi; maktablarda rus tilini majburiy o‘rganish joriy etildi; institutsional sharoitlar yaratildi, bunda faqat rus tilini bilgan taqdirdagina muvaffaqiyatli martaba va ijtimoiy harakatchanlik mumkin edi. Rus tili bilan birga mahalliy hayotga ko‘plab Rossiya (va u orqali “g‘arb”) san’at namunalari, adabiyot, fan va ta’lim, maishiy me’yorlar kirib keldi. Bular Markaziy Osiyoning o‘zida – avvalo shaharlarda, ammo asta-sekin qishloq joylarida ham – butun madaniy “matritsa”ning rivojlanishiga ta’sir ko‘rsata boshladi.
Aslida, aynan shu ikki mavzu — birinchi navbatda mahalliy, “o‘z” tillarining, ikkinchi navbatda esa islomning ahamiyati pasayishi — mintaqada eng og‘riqli qabul qilingan va doimo yashirin norozilik tarzida mavjud bo‘lib kelgan. So‘nggi holat ba’zan, xususan, 1980-yillarning oxiri va 1990-1991-yillarda sodir bo‘lgan ziyolilarning u yoki bu ommaviy shikoyatlari, noroziliklari va talablarida namoyon bo‘ldi. Aynan shu narsa “manqurtchilik”, ya’ni o‘z “kelib chiqishi”ni ixtiyoriy yoki beixtiyor unutishni qoralashda ifodalangan asosiy qarshilik maydoni edi. 
YANA O'QISH: 
Ammo bu yerda ham, ruslashtirish va islomga qarshi kurash yaqqol ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, hammasi unchalik oddiy emas. Rus yoki Rossiyaga xos unsurlar O‘rta Osiyoga ko‘pincha sovetga oid tushuncha bo’lib kirib kelgan. Bu esa, garchi utopik bo‘lsa-da, biroz boshqacha ma’nolar bilan boyigan va shu universal (universal deb qabul qilingan) sovet g‘oyasi bilan bog‘lanish orqali rus/rossiyalik tushunchalar bilan ziddiyatli holda o‘zini identifikatsiyalash yoki undan chetlashishdan qochish imkonini bergan.
“Manqurtlar” atamasining muallifi – Chingiz Aytmatov yashirin antisovet isyonchisi emas, balki sovet davrining eng yorqin ramzlaridan biri bo‘lgan juda hurmatli sovet arbobi edi.
Ko‘plab madaniy ramzlarning yo‘qolgani va “o‘z” madaniyatining yetarlicha rol o‘ynamasligidan haqli ravishda afsuslangan boshqa ko‘plab mahalliy ziyolilar rasmiy institutlarda u yoki bu mavqega ega edilar, ya’ni jamiyat va siyosatga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega edilar.

Bu ta’sir ko‘pincha umumittifoq madaniy fondi tarkibiga kirgan va ayni paytda o‘ziga xoslik va o‘zlikni mustahkamlash ehtiyojini qondirgan madaniy mahsulotlarni yaratishda namoyon bo‘ldi. “Shaklan milliy, mazmunan sotsialistik” formulasi bilan tavsiflangan bu paradoks madaniy elitaning shikoyatlari va talablarini ma’lum darajada hisobga olishga imkon beradigan murosa edi. Ushbu formula doirasida hozirgi paytda nima taqiqlangan, nima ruxsat etilgan va nima maqbul ekanligini muhokama qilish imkoniyati saqlanib qoldi va bu bandlar bo‘yicha savdo nafaqat respublikalarda, balki Rossiyada ham madaniy jarayonning o‘zini tashkil etdi. 1943-44-yillarda tashkil etilgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi islom va dindorlikni qonuniylashtirishning bir shakli bo‘ldi. 
Sovet davrida O‘rta Osiyoda ushbu kelishuvlar va muzokaralar doirasida ko‘plab madaniy (keng ma’noda, fan, ta’lim, sport, kino va boshqalarni o‘z ichiga olgan) obrazlar va artefaktlar yaratildi. Ular eng ajoyib sifatga ega bo‘lib, respublikalarning o‘zida, SSSRda va qisman dunyoda ham jamoatchilik va rasmiy e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ular sovetcha bo‘lib qolgan holda, mahalliy jamiyatga ham aloqador edi. Garchi tashqi ko‘rinishdan ularda mustamlaka standartlarini topish mumkin bo‘lsa-da, jamiyat ularni tashqaridan majburlab kiritilgan qoidalar sifatida emas, balki “o‘ziniki” deb qabul qilardi.
image
Samarqandda bo‘lib o‘tgan Xalqaro musulmonlar konferensiyasi qatnashchilari, 1970-yil. Foto: Multimedia Art Museum (Moskva)

Identifikatsiya qanday bo’lgan? 

Identifikatsiya masalasi, ya’ni odamlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi va o‘zligini shakllantirishi mustamlakachilikning eng yaqqol belgilari sifatida madaniyat va madaniy chegara mavzusini davom ettiradi. Yuqorida aytib o‘tilgan tezisga ko‘ra, mahalliy aholi SSSRning boshqa fuqarolari bilan rasman teng huquqlarga ega bo‘lgan, biroq shu bilan birga o‘zaro begonalashuvning turli shakllari ham mavjud bo‘lgan.
O‘rta Osiyo respublikalarini turli xil yo‘naltirish, ularni “boshqa/sharqiy/osiyolik/kichik” sifatida ekzotiklashtirish, hatto “qardosh xalqlar” tarkibida ham, bu jarayonga hamroh bo‘lgan “rivojlanmaganlik”, “patriarxallik” va “feodal qoldiqlar”, “haqiqiy madaniyatning yo‘qligi”, “gigiena yo‘qligi” hamda boshqalar haqidagi stereotiplar va fobiyalar to‘plami mavjud edi.
Rossiya va SSSRning boshqa mintaqalarida bu uzoq mintaqa fuqarolari aslida qanday yashashi haqida juda zaif tasavvur bor edi va yuqori amaldorlar turli respublikalarni, masalan, O‘zbekiston va Tojikistonni osongina chalkashtirib yuborishlari mumkin edi.

Maishiy darajada ksenofobik va hatto irqchilikka asoslangan "o‘ziniki/begona" tarzidagi ajratishlar mavjud edi. Bu haqoratli laqablar, kundalik mojarolar, aralashmaslikka oid qat’iy qoidalar, masalan, nikoh masalalaridagi cheklovlar ko‘rinishida namoyon bo‘lardi.
O‘zaro begonalashuvning shubhasiz dalillarini juda ko‘p miqdorda to‘plash mumkin, bu hozirgi kunda sovet davrini mustamlaka davri deb ataydigan kishilar tomonidan tez-tez amalga oshirilmoqda. Biroq buning aksini ko‘rsatuvchi faktlar ham oz emas. Sharqona va ekzotik tus berishga yo‘naltirilgan harakatlar bilan bir qatorda, umumsovet universalizmini izchil va faol ravishda joriy etish va singdirish jarayoni amalga oshirildi. Bu jarayonda madaniy va tashqi ko‘rinishdagi farqlar, ayniqsa jamoat sohasida, ikkinchi o‘ringa surilib, hatto yo‘qqa chiqarildi.
Bu ikki ma’nolilikning yorqin misollaridan biri milliy o‘ziga xosliklar bo‘lib, ular nafaqat sovet tarkibiga kiritilgan va sovet ramzlari bilan to‘ldirilgan, balki hatto sovet davlatining bevosita yordami bilan uning tarkibiy elementlari sifatida qurilgan. Ksenofobiya va irqchilik rasman ta’qibga uchragan va me’yorga aylantirilmagan bo‘lib, ular me’yordan chetlashish sifatida qaralgan; mustamlakachilik tanqid qilingan – to‘g‘ri, ammo boshqalarning muammosi sifatida. Kundalik hayotda turli madaniy jamoalar vakillari o‘rtasida do‘stlik, yaqin oshnachilik va hatto qarindoshlik yuzaga keldi, umumiy odatlar va amaliyotlarni, shuningdek, birgalikdagi o‘ziga xoslikni yaratadigan ko‘plab o‘zaro ta’sirlar yuzaga keldi.
Boshqacha aytganda, sovet jamiyati madaniy (etnik, diniy, mintaqaviy) tamoyillar bo‘yicha qat’iy iyerarxiyaga bo‘linmagan edi. U boshqa bo‘linishlarga ham ega edi (ijtimoiy, kasbiy, ta’lim), ular orqali guruhlar o‘z shaxsiyatlarini shakllantirganlar. Bundan tashqari, faol gorizontal va vertikal harakatchanlik mavjud bo‘lib, ular chegaralarni kesib o‘tish, aloqa va aralashuvga olib keldi.
image
Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida joylashgan kabobxona, 1967-yil. Foto: Georg Mirskiy / Tashkent Retrospective
Identifikatsiya jarayonlarini tahlil qilish nuqtai nazaridan men uchun qiziqarli va ibratli bo‘lgan holat shuki, bugungi kunda postsovet O‘rta Osiyo davlatlarida elita vakillari va mahalliy aholi o‘zlarini mustamlaka yoki postkolonial deb atashni unchalik xohlashmaydi. Sovet davrida mavjud bo‘lgan shafqatsizlik va adolatsizlikni tan olish, bu haqda kitoblar chop etish va filmlar suratga olish, qatag‘onlarga bag‘ishlangan maxsus muzeylar tashkil etish bilan birga, bu mamlakatlar o‘zlariga nisbatan “mustamlaka” yorlig‘ini baribir rad etadilar. Ular ko‘pincha madaniy chegaralanish yo‘qolgan va asosan Stalin davridagi haddan tashqari qattiq choralar haqida so‘z yuritadigan totalitarizm haqida gaplashishni ma’qul ko‘rishadi.
Ehtimol, bu bugungi og‘ir davrda qisman real, qisman xayoliy bo‘lgan sovet barqarorligini, ijtimoiy davlatni qo‘msash bilan izohlanar. Ehtimol, bu sovetlarning tanlangan targ‘iboti orqali o‘zining hozirgi manfaatlarini ilgari surayotgan Rossiya propagandasining natijasidir. Shunday bo‘lsa-da, o‘zini sobiq mustamlaka sifatida ko‘rishdan ommaviy ravishda, garchi yakdil bo‘lmasa-da, voz kechishning o‘zi bizga O‘rta Osiyo jamiyati sovet sotsializatsiyasining ko‘plab xususiyatlarini sezilarli darajada qabul qilganini va o‘zining sovetcha identikligini shakllantirganini ko‘rsatadi. Bu o‘z taqdirini o‘zi belgilashning sovetcha usuli ziddiyatli bo‘lsa-da, baribir bunday usul mavjud edi.

Bu bahslar qachon tugaydi? 

Shunday qilib, biz mustamlakachilik nima ekanligi haqidagi umumiy tushunchalarga, hech bo‘lmaganda rus va ingliz tilli Vikipediya versiyalariga mos keladigan dalillar to‘plamiga egamiz. Va bizda SSSRning mustamlakachilik xususiyatini ko‘proq rad etadigan dalillar ham bor. Ikkala tomon ham – tarafdor yoki qarshi tomonlar – shubhasiz faktlarga tayanishi va yetarlicha ishonchli ko‘rinishi mumkin. Lekin unda nima qilish kerak, axir bu ikki nuqtayi nazar bir-biriga qarama-qarshi turadi yoki shakllanadi, bir-biri bilan faol bahslashadi-ku? Shubhasiz, mening fikrimcha, biz ikkala tomondan ham taqdim etilgan faktlarni tan olishimiz kerak, ammo bunda qandaydir uchinchi nuqtayi nazarni ishlab chiqishimiz kerak, unda keltirilgan dalillar murosasiz ziddiyatda bo‘lmaydi, balki muloqotga kirishadi.
O‘z-o‘zidan paydo bo‘ladigan va shuning uchun “tarafdor yoki qarshi” degan boshi berk muhokamadan chiqish uchun, menimcha, o‘z qarashlarimizni sovet davrining ziddiyatli, noaniq, murakkab xarakterini – uning vaqt bosqichlari, makon xilma-xilligi va raqobatdosh loyihalar, shaxsiy tajribalar va tendensiyalarning birga mavjudligi ma’nosida murakkabligini ko‘rish va qabul qilish uchun sozlashimiz kerak. Bu murakkab vaziyatda tengsizlik va uni bartaraf etishga urinishlar, mustamlakachilik va unga qarshi amaliyotlar, qatag‘onlargacha bo‘lgan ommaviy siyosiy cheklovlar hamda ommaviy ijtimoiy harakatchanlik, millatlar qurilishi va millatlardan ustun bo‘lgan umumiy jamiyat barpo etilishi o‘rin olgan edi.
Biz quyidagilarni ko‘ra bilishimiz kerak: to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita zo‘ravonlik yoki majburlash – va bir vaqtning o‘zida muzokaralar, ittifoqlar va almashinuv siyosati; xatolar, jinoyatlar va muvaffaqiyatsizliklar – va bir vaqtning o‘zida yutuqlar va kelajak uchun ulkan rejalar; qat’iy ierarxiyalar va markazlashuv – va bir vaqtning o‘zida raqobat va avtonomiya; alamlar va azob-uqubatlar – va bir vaqtning o‘zida quvonch va g‘ayrat; talonchilik va shafqatsiz ekspluatatsiya – va bir vaqtning o‘zida rivojlanish, qurilish, modernizatsiya.

Turli davrlarda, turli mintaqalarda va turli vaziyatlarda barcha elementlarning nisbati o‘ziga xos tarzda ko‘ringan va tez o‘zgargan, bu esa sxematik umumlashtirishlar o‘rniga maxsus batafsil tadqiqotlar mavzusi bo‘lishi kerak.
Bu sovetcha murakkablikda hech qanday istisno yo‘q. Biz “klassik” mustamlaka imperiyalari deb hisoblaydigan mamlakatlar ham ziddiyatli va noaniq bo‘lgan, ularning ichida ham turli tendensiyalar, tajribalar va loyihalar bo‘lgan, ularning merosiga munosabat ham turlicha bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Yo‘q, mening fikrimcha, SSSRga XX asr tarixida qandaydir o‘ziga xos – ijobiy yoki salbiy (bular o‘rni osonlik bilan almashinishi mumkin) – o‘rin berishning hech qanday zarurati va metodologik asoslari mavjud emas. Barcha mamlakatlar, shu jumladan, sovet davlati ham mustamlakachilik, millatchilik, safarbarlik modernizatsiyasi, fashizm va ijtimoiy davlat elementlari mavjud bo‘lgan umumiy yo‘lni bosib o‘tdi. 
[…] Mustamlakachilikka kelsak, men quyidagi formulani taklif qilgan bo‘lardim: mustamlakachilik (ma’lum amaliyotlar, institutlar yoki voqealar ko‘rinishida), shubhasiz, Sovet Ittifoqida mavjud edi, ammo Sovet Ittifoqining o‘zi mustamlakachilik bilan cheklanib qolmadi va unga olib kelmadi. Ba’zi davrlarda va ba’zi vaziyatlarda munosabatlarning mustamlakachilik xususiyati kuchayishi yoki sezilarliroq ko‘rinishi mumkin edi, ammo umuman olganda, sovet davrida bunday munosabatlar butun davlat siyosatini va kundalik hayotning butun tuzilishini belgilaydigan ustun omil va tuzilmaviy asos bo‘lmagan.
Boshqa tomondan, bugungi vaziyatning postkolonial xususiyatini ko‘pincha sovet davrining mustamlakachilik xususiyatiga qaraganda aniqroq anglaymiz. Ya’ni, postkolonializm mustaqil hodisa bo‘lib, ehtimol, faqat sovet o‘tmishidan emas, balki zamonaviy sharoitlar majmuasidan kelib chiqadi. Bu hodisa hozirgi sharoitlar natijasida vujudga kelgan, deb aytish mumkin. SSSR parchalanishi bilan uning doirasida yuz bergan yoki rivojlana boshlagan ko‘plab jarayonlar to‘xtab qoldi, o‘z ahamiyatini yo‘qotdi yoki muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Mustamlakachilik amaliyotlari va qarashlari esa, aksincha, yanada yaqqolroq ko‘zga tashlandi va to‘satdan yangi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi. Bunga O‘rta Osiyodan Rossiyaga bo‘layotgan migratsiya va Rossiyadagi muhojirlarga nisbatan munosabatni misol qilib keltirish mumkin. Bunday natija qonuniyat bo‘lib, sovet tizimini o‘zgartirish mantig‘iga allaqachon singdirilganligi – unchalik ham aniq bo‘lmagan xulosadir. Men tarixni ko‘proq o‘zgaruvchan va kamroq deterministik deb bilaman, uning oqibatlari esa avvaldan belgilanmagan.
YANA O'QISH: 
Albatta, agar ongning hozirgi holatiga real qaraydigan bo‘lsak va bugungi siyosiy kontekstni yana bir bor eslaydigan bo‘lsak, men o‘z esseimni nimadan boshlagan bo‘lsam, sovet va mustamlakachilik haqidagi vaqti-vaqti bilan paydo bo‘ladigan munozara tez orada tugashi va unutilishiga umid qilmaslik kerak. Aksincha, dunyoda va Yevroosiyo qit’asi mamlakatlarida beqarorlik/turbulentlikning kuchayishi sharoitida fikrlarning biroz radikallashuvini kuzatish mumkin. Men faqatgina konstruktiv muloqot uchun ko‘prik vazifasini o‘tashi mumkin bo‘lgan fikrlash turining umumiy yo‘nalishlarini belgilashga harakat qildim. Balki asqotib qolar.
Maqolamiz yoqdimi? Instagram va Telegram orqali bizni kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlar bor.