O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati raisi Firdavs Abduxoliqov Londonda auksion uylari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Sotheby’s’dan Maryam Kalo, Edvard Gibbs va Benedikt Karter, Christie’s’dan Margo Oganesyan va Sara Pambli ishtirok etdi.
29-30 aprel kunlari Sotheby’s’da bo‘lib o‘tgan savdolar natijasida Markaz tomonidan 34 ta lot tanlab olindi. Yana 14 ta artefaktni 1-may kuni Christie’s kimoshdi savdosida sotib olishga kelishildi. Barcha obyektlarni O‘zbekistonga olib kelib, Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy ekspozitsiyasiga kiritish rejalashtirilgan.
Auksion uylari bilan hamkorlik, shuningdek, yo‘qolgan madaniy boyliklarni qaytarish bo‘yicha ishlarni davom ettirish, shuningdek, o‘zbek merosini xalqaro ko‘rgazma va savdolarda targ‘ib qilishni o‘z ichiga oladi.