Hujjatni Jamg‘arma raisi Gayane Umerova va Britaniya maktabi direktori doktor Xolid Azzam imzoladi, deya xabar bermoqda jamg‘arma matbuot xizmati.
Bitim Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash, qayta tiklash va ommalashtirish missiyasiga ega bo‘lgan An’anaviy san’at va hunarmandchilik maktabini tashkil etishni nazarda tutadi.
Qayd etilishicha, akademik dastur joriy yilning kuzida o‘z ishini boshlaydi. O‘quv jarayonida an’anaviy o‘zbek san’atini jonli va doimiy rivojlanayotgan madaniy hodisa sifatida o‘rganish, amaliyotda qo‘llash va rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.
The King‘s Foundation an’anaviy san’at maktabi 2005-yilda Londonda qirol Charlz III tashabbusi bilan tashkil etilgan. U amaliy san’at ta’limi bilan shug‘ullanadi, amaliyot, tadqiqot va falsafiy mushohada orqali muqaddas va xalq ijodiyotining "jonli an’analari"ga alohida e’tibor qaratadi.