To‘lepbergen Qayipbergenovning "Qoraqalpoq qizi" romanini nima uchun "eng kutilmagan" asar deyish mumkin? Ehtimol, buning sababi uning shafqatsiz rostgo‘yligi, ruhiy tahlilning chuqurligi yoki "sharq" adabiyoti haqidagi qoliplarni buzishidadir. Komil Yoshin ruscha nashrga yozgan so‘zboshisida ta’kidlaganidek, ushbu asarda "sun’iy sharqona ekzotika, xushbo‘y atirgullar va bulbullar, soxta sultonlar" yo‘q.
Bu o‘z-o‘zidan odatiy qoliplarga ko‘nikkan o‘quvchi uchun haqiqiy kashfiyotga aylanadi. Roman nafaqat ekzotikaning yo‘qligi va qat’iy realizmi bilan, balki keng ommaga unchalik tanish bo‘lmagan qoraqalpoq adabiyotida ulkan asarning paydo bo‘lish fakti bilan ham hayratga soladi. Kutilmagan tomoni shundaki, Qaipbergenov silliqlanib, mafkuraviy jihatdan tekshirilgan sovet syujetlari o‘rniga eski dunyoning butun shafqatsizligini va yangi hayotga olib boruvchi murakkab yo‘lni ko‘rsatib beradi.
Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov (1929-2002) qoraqalpoq adabiyoti uchun muhim shaxs hisoblanadi. Uning ijodiy yo‘li she’riyatdan ulkan nasrga o‘tish, xalq ildizlari bilan chuqur aloqadorlik va ayni paytda rus adabiyoti ta’siriga ochiqlik bilan tavsiflanadi. Kolxozchi dehqon oilasida tug‘ilgan Qaipbergenov bolaligidanoq cho‘ponlarning gulxanlari atrofida qo‘shiq va rivoyatlarni tinglagan holda xalq ijodiyotini o‘ziga singdirib borgan.
"Qoraqalpoqiston qizi" shunchaki turmush tasviridan iborat maishiy asar emas. U burilish davrining chuqur ijtimoiy-psixologik tadqiqoti bo‘lib, butun bir xalqning uyg‘onish ramziga aylangan ayol – Jumagul taqdiriga qaratilgan. Bu asarda ayol qismati orqali butun bir xalqning o‘zgarish davri aks ettirilgan.
To‘lepbergen Qaipbergenov katta tirajlarda chop etilgan bir nechta romanlardan tashqari, Hamza nomidagi Davlat mukofoti, "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni kabi ko‘plab mukofotlarni qo‘lga kiritgan.
O‘zgarishlar davri: Romanning tarixiy va madaniy tasviri
Roman Qoraqalpog‘istonga davrlar burilishida – inqilobdan oldingi tuzumdan inqilobdan keyingi dramatizmga to‘la dastlabki yillarni tasvirlaydi. Biz zulm va huquqsizlik hukm surgan patriarxal turmush tarzini ko‘ramiz. Bu holat Zaripboy timsolida mujassamlashgan. U xotini Sanemni kichkina qizi bilan urib, uyidan quvib chiqaradi: "La’nati maxluq! Uyimdan o‘zing chiqib ketasanmi yoki seni itday haydab chiqaraymi?!" – Zaripboyning bu so‘zlari butun hikoyada ayollar taqdiri haqidagi rivoyatga ohang beradi.
Boylar va ruhoniylarning hokimiyati mustahkam, ayollarning ahvoli esa ilojsizdek ko‘rinadi. Qashshoqlik va sarsonlik, Sanemning "Xalq orasida aytishadiki, qirq eshikdan o‘tgach, tilanchi uyatni unutadi" deya sadaqa so‘rashga majbur bo‘lishi, Jumagul hayotining muqaddimasiga aylanadi.
Uning taqdiri fonida ayollar fojialarining butun bir galereyasi namoyon bo‘ladi. Jumagulning dugonasi Bibigul keksa, ammo boy insonga majburan turmushga beriladi: "Kuyov boy bo‘lsa-da, mana shu turangilday qari". Suv tashuvchining xotini Uljan – ezilgan, biroq ichki qadr-qimmatini saqlab qolgan ayol - garchi dastlab raqobatdan cho‘chisa-da, tikuvchilik arteli yordamida asta-sekin ijtimoiy hayotga jalb etila boshlaydi.
Eng fojiali taqdirga Tanirbergen tikuvchining qizi Turdigul duchor bo‘lgan. O‘qish va sevgini orzu qilgan qiz otasining o‘zboshimchaligi va diniy mutaassibligi qurboniga aylanadi – uni Nurumbet oxunning gijgijlashi bilan o‘z otasi o‘ldiradi. Uning vafotidan so‘ng topilgan kundaligi uyg‘onayotgan ongning ramzi, qalb nidosiga aylanadi: "Inson baxt uchun tug‘iladi, uni bizdan tortib oluvchilar – o‘g‘rilar va yovuzlar! Bunday qo‘llarni kesmoq kerak!"
Jumagulning o‘zi dastlab sodda va mehribon ko‘ringan Turumbetga turmushga chiqishi achchiq haqiqatga aylanadi. Unga "homiylik" qilib, in’om-ehsonlar bilan axloqini buzayotgan Duysenboy hamda zolim qaynonasi Gulbikening ta’sirida Turumbet zolimga aylanadi. Jumagulning tif kasalligidan so‘ng sochini oldirganidan keyin kaltaklanishi, jismoniy va ma’naviy jihatdan so‘nib borishi sahnasi dahshatli darajada haqqoniy tasvirlangan. "Hushini yo‘qotayotib, u o‘ylashga ulgurdi: axir bularning barchasi qachondir bo‘lgan edi... bo‘lgan... Faqat o‘shanda u yuzi osmonga qarab yotgandi. Bu qachon edi?.. Qachon?.. Oh, bu u bilan bo‘lmagan edi... Onajon... Onajon!.." Oxir-oqibat, Turumbet homilador Jumagulni otalikni tan olmay uydan haydab yuboradi.
“Qoraqalpoq qizi”ning rus tilidagi nashri. Foto: libex.ru
Ammo aynan shu sinovlar uning ichki o‘sishiga turtki bo‘ladi. Onasi bilan birga uni o‘z bag‘riga olgan To‘raboy va Bag‘dodulning mehribonligi, mashaqqatli mehnat, Aytboy bilan uchrashuvlar natijasida unda boshqa hayot va o‘qish haqidagi fikrlarning uyg‘onishi – bularning barchasi uni o‘zgarishlar sari yetaklaydi. To‘rtko‘lda ta’lim olishi, kundalik yozishi, Chimboyga qaytib xotin-qizlar bo‘limida ishlashi, ayollar huquqlari uchun kurashishi, artellar va maktablar tashkil etishi – bularning barchasi uning shakllanish bosqichlari hisoblanadi.
Yakuniy sahnada Jumagul o‘zini va qizini himoya qilib, unga hujum qilgan Tojimga o‘q uzishi, uning qurbonlik rolidan butunlay ozod bo‘lganligini ramziy ma’noda ifodalaydi.
Jumagulning evolyutsiyasi nafaqat shaxsning, balki butun millatning, ayniqsa ayollarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, uyg‘onishi metaforasi hisoblanadi. Boshdan kechirilgan jarohatlar ham turtki, ham to‘siq bo‘lib, ozodlikka erishish yo‘lining bir tekis emasligini ko‘rsatadi. Romanda ko‘rishimiz mumkinki, ta’lim najot emas, balki yorug‘ kelajak uchun kurashda faol qo‘llanilishi lozim bo‘lgan vositadir. Shu bilan birga, ayollar birdam bo‘lsa-da, patriarxal me’yorlarga duch kelganda o‘z chegaralariga ega ekanligini namoyon etadi.
Qoraqalpog‘iston: zamin va qalb
Roman ona yurtga bo‘lgan chuqur, biroq bo‘yab-bezatilmagan muhabbat bilan yo‘g‘rilgan. Muallif tabiat manzaralarini – injiq Erkindaryoni, dasht ko‘rinishlarini mahorat bilan tasvirlaydi, bunda na qattiq iqlimni, na dehqonchilik mehnatining og‘irligini unutadi. Ushbu zamin, uning urf-odatlari shunchaki fon emas, balki qahramonlar taqdirini belgilaydigan voqealarning faol ishtirokchisidir. Urf-odatlar - yaxshisi ham, yomoni ham - personajlarning xatti-harakatlarini boshqaradi. Bu, ayniqsa, Jumagulning sovchilik va kuyovning ovuliga ko‘chib o‘tish sahnalarida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Milliy ruh va o‘ziga xoslik til orqali (hatto tarjimada ham o‘ziga xos nutq tuzilishi sezilib turadi), turmush tarzi, madaniyat, qahramonlar ruhiyatini batafsil tasvirlash orqali namoyon bo‘ladi. Roman barcha an’analarni butunlay inkor etmaydi. Ha, u eskirgan, insoniylikka zid odatlarni – ayolning ahvoli, qalin pulini va boylarning hukmronligini ayovsiz tanqid qiladi. Biroq shu bilan birga, unda xalq donishmandligiga, qo‘shiqchilik merosiga hurmat yaqqol seziladi (To’reboy Berdaq va Abayning qo‘shiqlarini kuylaydi.
Aytboy yoki To‘reboy kabi ilg‘or qahramonlar madaniyatni yo‘q qilishga intilmaydilar - ular madaniyatni ortiqcha va ezuvchi unsurlardan tozalashni istaydilar. Bu murakkab modernizatsiya jarayonini aks ettiradi, unda ildizlarni saqlab qolish va oldinga intilish o‘rtasidagi muvozanatni topish muhimdir. Romanda xalqning tavsifi, uning madaniy qadriyatlarini himoya qilish va o‘tkir tanqid mavjud, ammo qaytmas o‘tmishga bo‘lgan sog‘inch kuchsiz ifodalangan - asosiy urg‘u o‘zgarishlar zarurligiga qaratilgan.
"Qoraqalpoq qizi" 1981-yilda "O‘zbekfilm" kinostudiyasida ekranga chiqarilgan.
Til va badiiy xususiyatlar
Roman sovet davrida yozilgan va inqilobiy o‘zgarishlarni qamrab olgan bo‘lsa-da, u plakatlardagi kabi sotsrealizmdan uzoq. Qahramonlar murakkab, yangi hayotga olib boruvchi yo‘l mashaqqatli va fojialardan iborat. Qaipbergenov ideallashtirilgan qahramonlar va yangilikning eski ustidan qat’iy g‘alabasi o‘rniga jarayonning murakkabligini, odamlarning azob-uqubatlarini ko‘rsatadi. Hatto "ijobiy" qahramonlar ham shubhalanadi va xatoga yo‘l qo‘yadi. Inqilobiy o‘zgarishlar silliq kechmay, og‘riq va ziddiyatlar orqali sodir bo‘ladi. Romanning boshida Jumagulning zaif tasviri kuchli ayol qahramonlar andozasidan chetga chiqishni ko‘rsatadi, buni an’ananing o‘ziga xos "sokin" buzilishi deb baholash mumkin.
Qaipbergenov turli xil badiiy usullardan foydalanadi. Qahramonlarning tashqi qiyofasi ko‘pincha ularning ichki holatini aks ettiruvchi tafsilotlar orqali tasvirlanadi. Personajlarning nutqi - hatto tarjimada ham - ularning ijtimoiy mavqei va dunyoqarashini namoyon etadi: boylarning qo‘pol, hukmron ohangdagi so‘zlashuvi oddiy odamlarning muloyim, she’riy tiliga qarama-qarshi qo‘yiladi. Roman tili maqollar, qo‘shiqlar, xalq e’tiqodlari kabi folklor unsurlari bilan boyitilgan bo‘lib, bu uni qoraqalpoq so‘zlashuv madaniyati bilan uzviy bog‘laydi. Psixologik tasvir uzun mulohazalar orqali emas, balki harakatlar va ta’sirchan detallar vositasida yuzaga chiqariladi, bu esa hikoyani jonli va harakatchan qiladi.
Nima uchun "Qoraqalpoq qizi" bugungi kun uchun ham muhim ahamiyatga ega?
To‘lepbergen Qaypbergenovning romani qoraqalpoq xalqi tarixidagi burilish nuqtasini qayd etish bilan bir qatorda milliy nasrning darajasini yuksaltirib, milliy o‘zlikni anglashning ajralmas qismiga aylandi.
Biroq uning ahamiyati milliy adabiyot chegaralaridan ancha keng. Jumagul taqdirida yorqin aks etgan ayollar ozodligi, qadr-qimmat uchun kurash, ta’lim olish va o‘zini namoyon etish huquqi mavzulari bugungi kunda ham ko‘plab madaniyatlarda o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. An’analar va zamonaviy hayot o‘rtasidagi to‘qnashuv, o‘zgarayotgan dunyoda o‘z o‘rnini topish muammosi umuminsoniy ahamiyatga ega. Asardagi chuqur insonparvarlik, "kichik inson"ga bo‘lgan hamdardlik turli avlod va millatlarga mansub kitobxonlar qalbidan joy topmoqda. Muallif qoraqalpoq xalqining fikr-o‘ylarini ifodalash orqali boshqa ko‘plab xalqlarning orzu-intilishlari va fikrlarini ham ifoda etuvchi ijodkorga aylandi.
Kuchli syujet, yorqin obrazlar va umuminsoniy mavzular tufayli roman mahalliy kontekstni bilmaydigan kitobxonlar uchun ham tushunarli va qiziqarli. Uning mashhurligini ekzotika emas, balki hayotiy realizm va chuqur psixologizm ta’minlamoqda.
"Qoraqalpoq qizi" shunchaki o‘tmish haqidagi hikoya emas. Bu asar taraqqiyotning qadri, shaxsiy mas’uliyat, o‘z haq-huquqlari va yorug‘ kelajak uchun kurashish zarurati haqida o‘ylashga undaydi. Jumagul, Sanem, Bibigul, Turdigullarning taqdiri insoniy qadr-qimmat va tenglik uchun kurash uzluksiz davom etadigan jarayon ekanligini bizga eslatib turadi.
Roman bugungi kunda ham "kutilmagan" asar deb atash mumkin, chunki uning samimiyati va teranlik darajasi hamon hayratlantiradi, to‘lqinlantiradi. Ushbu asar bugungi kunda ham eskirmaganligi XXI asrda ham dolzarbligini yo‘qotmagan insonning mavjudligi va ijtimoiy o‘zgarishlarning asosiy jihatlarini qamrab olgani bilan izohlanadi. Nashr etilganidan o‘n yillar o‘tgach ham, "kitobxonlar fikrlari oqimini" uyg‘ota olish qobiliyati uning abadiy kuchi va ahamiyatidan dalolat beradi. Bu romanni o‘qish – jonli tarixga, inson ruhi qudratiga hamda buyuk va samimiy san’atga daxldor bo‘lish demakdir.