Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, tashrif doirasida Londondagi taniqli kolleksionerlar va madaniy meros sohasi vakillari, jumladan, Saruxoniy, Xaliliy, Bilol Sudchi, Dovudshoh kabi dilerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Safarning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston madaniy merosiga oid qimmatli tarixiy ashyolarni Vatanga qaytarish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdir.
Bundan tashqari, Londonda mamlakat tarixiga oid 80 dan ortiq noyob eksponatlar ishtirokida maxsus ko‘rgazma tashkil etiladi. Ushbu buyumlar nufuzli "Sotheby’s" va "Christie’s" kimoshdi savdo uylari orqali xarid qilingan bo‘lib, ular har bir buyumning aslligi va tarixiy qiymatini kafolatlaydi hamda besh yillik kafolat bilan ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, delegatsiya Buyuk Britaniyaga avval ham — joriy yilning 25-aprelidan 2-mayiga qadar tashrif buyurgan, unda kolleksionerlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, O‘zbekiston uchun tarixiy qiymatga ega bo‘lgan 60 ga yaqin lot tanlab olingan edi.
Avvalroq O‘zbekiston respublika tarixi va madaniyatiga oid 48 ta artefaktni sotib olishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.
29-30-aprel kunlari Sotheby’s’da bo‘lib o‘tgan savdolar natijasida Markaz tomonidan 34 ta lot tanlab olindi. Yana 14 ta artefaktni 1-may kuni Christie’s kimoshdi savdosida sotib olishga kelishildi. Barcha obyektlarni O‘zbekistonga olib kelib, Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy ekspozitsiyasiga kiritish rejalashtirilgan.