O‘zbekiston kinodublyaj maktabi 1937-yilda Toshkentdagi “O‘zbekfilm” kinostudiyasi qoshida tashkil etilgan. U Markaziy Osiyosida ushbu kasbning asoschilaridan biri hisoblangan yozuvchi va tarjimon Odil Sharapov tashabbusi bilan vujudga kelgan.
Sobiq madrasada joylashgan studiya
Dastlabki ish sharoiti juda oddiy edi – o‘zbek dublyajining ilk ijodkorlari Shayxontohurdagi Eshonqul dodxoh madrasasi binosida joylashgan. Ushbu manzilda 1925–1928-yillari Toshkent kinostudiyasi faoliyat yuritgan va dastlabki o‘zbek filmlari suratga olingan. Xonada tovush izolyatsiyasi yo‘q edi va tramvay yo‘li to‘g‘ridan to‘g‘ri derazalar ostidan o‘tardi – yozuv sifatini oshirish uchun ishlar tunda amalga oshirilardi.
O‘sha vaqtda O‘zSSR hududida teatr oliy o‘quv yurtlari bo‘lmagani sababli aktyorlar, rejissyorlar, diktorlar va montajchilar dastlab kinostudiyada ta’lim olishgan. Iqtidorli talabalar Moskva va Leningradga, BDKI (ВГИК) huzuridagi kurslarga o‘qishga yuborilgan. Studiya maktabining birinchi taniqli bitiruvchilari qatorida Nazira Aliyeva va Yulduz Rizayeva kabi ijodkorlarni ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin. Milliy dublyaj maktabining asoschisi esa Boriy Haydarov hisoblanadi. U bilan birga rejissyor, yordamchi va diktor Viktor Kutyukov ham ishlagan. Kutyukov o‘zbek tiliga dublyaj qilingan birinchi filmda dublyaj rejissyorining yordamchisi sifatida ishtirok etgan.
Dastlabki film sifatida 1937-yilda rejissyor Ivan Piryev tomonidan kolxoz hayoti haqida suratga olingan “Boy kelin” («Богатая невеста») nomli sovet musiqiy komediyasi tanlandi. Tanlov tasodifiy emas edi: 1930-yillarning oxirida O‘zbekistonda yangi sotsialistik tuzum g‘oyasi faol shakllanayotgan, kino esa bu o‘zgarishlarni ommaga yetkazishga qaratilgan partiyaviy targ‘ibotning muhim vositasi sifatida ko‘rilayotgan edi.
Jarayon juda murakkab kechdi: Toshkentda ovoz va tasvirni sinxronlashtirish uchun uskunalar yo‘q, mikrofonlar, montaj pultlari va texnik mutaxassislar yetishmas edi. Qo‘shiqlar va musiqiy epizodlar boshidan yozildi: vokal partiyalarini Halima Nosirova ijro etdi, opera teatridan aktyorlar taklif etildi. Yozuvchi Abdulla Qahhor matn talaffuzini qahramonlar artikulyatsiyasi bilan solishtirdi, shoir Hamid Olimjon esa qo‘shiqlarni moslashtirdi. Yakuniy ovoz montaji shoshilinch ravishda Moskvada amalga oshirildi. Butun jarayonni Sharapovning shaxsan o‘zi nazorat qildi va filmning tayyor nusxasini Toshkentga olib keldi. Namoyish O‘zbekistonning o‘sha vaqtdagi rahbari Yo‘ldosh Oxunboboyev oldida o‘tkazildi. Film rahbarga ma’qul keldi va uni butun respublika bo‘ylab namoyish etishni buyurdi.
Toshkentning Shayxontohur tumanidagi “Sharq yulduzi” kinostudiyasi. “Dublyaj san’ati tarixi” kitobidan olingan surat (mualliflar: Mukambar Rahimova, Oybek Veysal o‘g‘li Kоpadze, Komiljon Tursunboyev).
Sovet kinosi qahramonlari o‘zbek tilida qanday gapira boshlagan?
Aynan shu yillarda milliy kinematografiya rivoji kuzatildi. Sobiq ittifoq Kinematografiya davlat komiteti talabi bilan ko‘plab filmlar rus tilida suratga olingan bo‘lsa-da, asta-sekin adabiy o‘zbek tilida film yaratish va ovozlashtirish tendensiyasi kuchayib bordi. 1939-1940-yillarda Toshkentda Qirg‘iziston, Qoraqalpog‘iston va qisman Qozog‘iston uchun filmlar ovozlashtirildi. O‘zbekistonlik rejissyorlar filmlarni dublyaj qilish bilan bir qatorda qo‘shni respublikalardagi hamkasblariga ham ta’lim berish bilan shug‘ullangan, metodikalar bilan bo‘lishgan va standartlarni belgilagan.
O‘zbekistonda dublyajning texnik bazasi yaratilgach, yangi bosqich – muharrirlik va ssenariy yozish maktabi shakllana boshlandi.
Filmlarni bir tildan boshqasiga tarjima qilish nozik yondashuvni talab qilardi: nafaqat ma’noni saqlab qolish, balki artikulyatsiya, his-hayajon, ritm va milliy o‘ziga xoslikni yetkazish ham muhim edi. Dastlab bu ishni rejissyorlarning o‘zi bajargan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan loyihalarga professional adiblar jalb qilina boshladi. Ular orasida yozuvchi Abdulla Qahhor va shoir Hamid Olimjon ham bor edi.

Ularning vazifasi shunchaki tarjima qilish emas, balki dialoglarni jonlantirish, ularga o‘zbek iboralarini, xalq og‘zaki ijodi elementlarini singdirish, nutqni tabiiy va ta’sirchan qilishdan iborat edi. Ba’zan tarjima o‘zining obrazliligi, his-hayajonlarga boyligi va asl nusxaga ehtiyotkorona munosabati tufayli originaldan ham ustun chiqardi.

So‘zlarni joylashtirish – personajlar lablarining harakatiga nutqni aniq moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Moslashtiruvchilar moskvalik mutaxassislardan ta’lim olib, bo‘g‘in tuzilishi, ritmika, ohang va fonetikani o‘rganishgan. Bularning barchasi original til hamda o‘zbek nutq madaniyati haqida chuqur bilimga ega bo‘lishni talab etardi. Ma’noni saqlash va badiiy yaxlitlikni ta’minlash uchun ko‘pincha ssenariy mualliflari ham so‘zlarni moslashtirish jarayonida ishtirok etgan. Badiiy va texnik sifat o‘rtasidagi muvozanat ssenariy muallifi, rejissyor, aktyor va ovoz rejissyori o‘rtasidagi konstruktiv muloqot tufayli yuzaga kelgan.
Ovozdan obrazga: aktyorlarni tanlash va ohanglarni ishlash jarayoni qanday kechgan?
Yozib olish ishlarini boshlashdan bir kun oldin aktyorlar “Vatan” studiyasi yoki kinoteatrida filmni tomosha qilish uchun to‘planishgan. Namoyish vaqtida xomaki ovozdan foydalanilgan yoki ovoz umuman bo‘lmagan. Rejissyor kimning qaysi rolga e’tibor qaratishi kerakligi haqida ko‘rsatmalar bergan. Bu nafaqat vazifani tushunish, balki kinoni idrok etish madaniyatini ham shakllantirgan.
So‘ngra ovoz sinovlari o‘tkazilgan. Bitta rolga bir nechta aktyor sinab ko‘rilgan. Nafaqat iste’dod, balki partnyorlar bilan tembr uyg‘unligi ham hisobga olingan. To‘g‘ridan to‘g‘ri tayinlash hollari ham uchragan, ba’zida rejissyor aktyorda bo‘lajak qahramonni aniq ko‘ra olgan. Ikkinchi darajali rollarga Dias Rahmatov, To‘lqin Tojiyev singari ishonchli aktyorlar ham tanlangan. Biroq Hamza Umarov rejissyor Grigoriy Kozinsev tomonidan 1970-yilda suratga olingan sovet filmida qirol Lirni dublyaj qilishdan bosh tortgan. U ushbu rolni Obid Yunusovga topshirgan. Chunki uning hayajonli tembri Shekspir qahramonining fojiasini aniqroq aks ettirgan.
Dublyaj rejissyori Bo‘ri Haydarov va aktrisa Valentina G‘oziyeva. “Dublyaj san’ati tarixi” kitobidan olingan surat.
Ovoz berishga tayyorgarlik nafaqat matnni o‘qish, balki obrazga chuqur singishni ham o‘z ichiga olgan. Shukur Burhonov, Sora Eshonto‘rayeva va ularning hamkasblari dialoglarni qo‘lda, ba’zan arab yozuvida ko‘chirib yozishgan. Bu iboralar ritmini va ohang nozikliklarini yaxshiroq his qilish imkonini bergan. Dublyaj ishlari eng ko‘pi bilan kuniga olti soat, matnni ko‘zni toliqtirmasdan ko‘rish va diqqatni jamlash qobiliyatini hisobga olgan holda amalga oshirilgan. Aktyorlar teatr yoki radiodagi jadvaliga qarab muayyan sahnalarga taklif qilingan. Bir smenada 8-10 ta sahna ovozlashtirilgan, butun filmni ovozlashtirish odatda 4 kundan 8 kungacha davom etgan.
Ovoz berilgandan so‘ng ovozlarni bir tizimga keltirish bosqichi amalga oshirilgan: ovoz, shovqinlar, musiqa alohida yozib olingan, so‘ngra ular birlashtirilgan. Ovoz rejissyori oldiga ideal muvozanatga erishish vazifasi qo‘yilgan: nutq aniq eshitilishi, musiqa his-hayajonli lahzalarni bosib qo‘ymasligi, shovqinlar esa ma’noni buzmasligi talab etilgan. Ovoz montaji qo‘lda, bazan kadrma-kadr bajarilgan. Qahramonlarning har bir aytilgan so’zi kamera harakatiga ravon va aniq mos kelishi kerak edi. Keskin tovushlar notabiiy taassurot qoldirar va idrok ritmini buzardi.
Ovoz berish jarayonida ssenariy moslashtirilgan. Agar sahna sokin tong bilan boshlansa, rejissyor ovoz rejissyoridan “musiqani yaqinroq tortish”, ya’ni muhitni kuchaytirishni so‘rashi mumkin edi. Bunday tuzatishlar o’ta nozik eshitish qobiliyati va haqiqiy rejissyorlik mahoratini talab qilardi. Nazorat barcha jihatni qamrab olgan: tembr, fon shovqini, nutq tezligi, so‘zlarning yakuniy tovushlari. Bular ekrandagi aktyorning imo-ishoralariga aniq mos kelishi kerak edi.
Yakuniy qayta yozish (odatda “qo‘shimcha yozuv” deb ataluvchi) alohida ahamiyatga ega edi. Agar tayyor filmda ovozni almashtirish zarur bo‘lsa, aktyor allaqachon o‘ynab bo‘lgan roliga qaytishi kerak bo‘lardi. Bu oson emas edi – his-hayajonlar allaqachon o‘tib ketgan, ovoz o‘zgargan, ohang yo‘qolgan bo‘lardi. Aynan shu sababli “yamalgan joylar” sahna matosini buzib yubormasligi uchun yozib olish jarayonida aktyor, rejissyor va ovoz rejissyoridan maksimal diqqat talab qilingan.

Ovoz berish mahorati kinoni suratga olishdan ustun bo‘lgan davrlar

1960-yillardan boshlab O‘zbekistonda dublyaj professional ishlab chiqarish bosqichiga o‘tdi. Dublyaj tizimi markazlashtirilgan va tartibga solingan holatga keldi: sobiq ittifoq Kinematografiya davlat komiteti tomonidan tushirilgan rejaga ko‘ra, yiliga 65-70 ta film ishlanishi kerak edi. Bunday sur’at nafaqat davlat buyurtmasini bajarish, balki o‘z tashabbuslari, mukofotlari va ichki madaniy tadbirlarini moliyalashtirish imkonini ham berardi. Toshkentda uchta professional jihozlangan zalga ega yangi studiya qurilgach, dublyaj haqiqiy industriyaga aylandi.
1960–1970-yillarda o‘zbek kinodublyaji maktabi mamlakatdan tashqarida ham mashhurlikka erisha boshladi. Respublikalararo tanlovlarda “O‘zbekfilm”da ovoz berilgan filmlar sovrinli o‘rinlarni egalladi, sobiq ittifoq Kinoijodkorlari uyushmasi Toshkent studiyasi ishining sifati va aniqligini yuqori baholadi.
Biroq milliy dublyaj maktabining rivojlanishiga mafkuraviy cheklovlar to‘sqinlik qildi. Respublika kinoprokatiga, ayrim istisnolardan tashqari, G‘arb filmlari deyarli kirmadi, shu bois asosan Moskvadan kelgan sovet filmlariga ovoz berildi. Bu hol kinoprokatning mavzu va badiiy rang-barangligini cheklab qo‘ydi.
Matn ustida ishlash jarayoni. “Dublyaj san’ati tarixi” kitobidan olingan surat.
Studiyada kino ishlash jarayoni – ssenariydan ovoz berishgacha – ko‘p bosqichli senzuradan o‘tardi: ushbu jarayon Moskva va Toshkent rahbariyati bilan kelishish, Markaziy qo‘mita, madaniyat bo‘limlari tomonidan nazorat, montajdan keyin qayta ko‘rib chiqishni o‘z ichiga olardi.
O‘zbek dublyaji qanday qilib o‘z ovozini yo‘qota boshladi?
Qayta qurish yillarida O‘zbekistonda dublyaj sohasi inqirozga yuz tutdi. Moliyalashtirishning qisqarishi va kinoprokatning sustlashishi studiyalar ishiga ta’sir qilmay qolmadi: ilgari haftasiga 3-4 ta filmga ovoz berilgan bo‘lsa, endi oyiga 1-2 ta film chiqariladigan bo‘ldi.
Studiyada “to‘rt ovozli dublyaj” deb ataladigan usul qo‘llana boshladi. Bunda bir aktyor bir vaqtning o‘zida bir nechta rolga ovoz berardi. Ko‘pincha Eron, Hindiston, Pokiston filmlari va seriallariga shu tarzda ovoz berilardi. Ovozlarni saqlab qolishga urinishlarga qaramay, bu allaqachon kadrlar tanqisligi boshlanayotgan sharoitda majburiy chora edi. Aynan o‘sha yillarda dublyaj jarayonida matnni mexanik o‘qish holatlari boshlandi va 1980-yillarning oxiriga kelib texnik ovoz berish badiiy dublyajni butunlay siqib chiqardi.
“O‘zbekfilm” faxriylarining ta’kidlashicha, zamonaviy texnologiyalar jarayonni soddalashtirgan. Hozir aktyorlar matnni monitordan o‘qiydi, biroq bu ritmni buzib, tovush ohangini murakkablashtiradi. Ilgarigi dublyaj aktyorlari odatda butun matnni xotirada saqlar, uni ich-ichidan his qilar, faqat zarur hollardagina to‘xtab, kerakli his-hayajonli holatni ilg‘ab olishardi.
Sovet kinosanoati parchalangani bilan o‘zbek dublyaj maktabi faxriylari bu merosni saqlab qolishga va o‘z tajribalarini yangi avlodlarga yetkazishga erishdilar.
Yaqinda “O‘zbekfilm”da mamlakatdagi ilk dublyaj muzeyi ochildi. Uning tashabbuskori O‘zbekiston xalq artisti Mukambar Rahimova bo‘lib, u 2023-yilda o‘zbek dublyajining 85 yilligi munosabati bilan o‘z xotiralarini ham nashr etdi. Kitob o‘tgan yillardagi studiya muhitini jonlantiradi, davrning eng muhim ovozlari va xarakterlarini aks ettiradi. Muzey ikki qavatni egallagan: pastki qavatda uskunalar namunalari va o‘zbek kino dublyaji asoschilari haqidagi materiallar, yuqori qavatda esa arxivlar, ssenariylar hamda aktyorlar va ustozlarning shaxsiy yozuvlari joylashtirilgan.
Hikoya yoqdimi? Bizni Instagram va Telegramda kuzating – u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlarni topishingiz mumkin.