Qoraqalpoq madaniyatida aytis ikki baxsining milliy cholg‘u asbobi jo‘rligida qofiyali improvizatsiyalar orqali aytishuvidan iborat she’riy duel hisoblanadi. Rep-battlga o‘xshab ketadi, shunday emasmi? Bu janr qoraqalpoqlarda ham, qardosh xalqlarda ham xalq an’anasining bir qismi hisoblanadi. Masalan, shoir Ajiniyaz qozoq shoirasi Mengesh bilan aytishuv o‘tkazgan. Ularning satrlarini hali ham yoddan bilishadi, masalan, mashhur Oksimiron va Johnyboy battlini eslashgani kabi. Repning Qoraqalpog‘iston madaniyatiga shu qadar singib ketganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Mahalliy МС lar ushbu an’anani bitlar va mikrofonlarda davom ettirmoqda.
Ikki minginchi yillarning oxiridagi ice age
Qoraqalpog‘istonda birinchi rep guruhlari 2000-yillarning boshlarida paydo bo‘lgan. Nukus va boshqa shaharlardagi hip-hop muxlislari qozoq va rus repidan ilhomlanib, jamoalarga birlashgan. “Bizda birinchi bo‘lib Double B va MC.Rus (Xudo rahmatiga olsin)lar paydo bo‘ldi. 22-mikrorayon va G‘isht zavodi yigitlari eng ko‘p shovqin chiqaradigan hududlardan edi. Ular doim janjallashib yurar, shuning uchun ularga qiziqish katta bo‘lgan”, – deya eslaydi sobiq reper Dub-D.
Shulardan biri — Crazy Breakers (Crazy B) guruhi. Ular uchta albomni chiqarishdi. Eng mashhur treklar — Marianna Shagiyeva bilan “Dolce&Gabanna” va DJ Miran bilan aytilgan “Dildora”. Ohang bo‘yicha — “Kasta” va dastlabki 1klass ijodining o‘rtasi, yani ko‘cha tili, ochiq matn va jadal bit. Bolalar treklarni zamonaviy bitlar bilan uyg‘unlashtirib rus tilida yozishgan. 2000-yillarning boshlarida qoraqalpoqlarning birinchi rep albomlaridan biri — Renaissance vol.1 chiqqan.
Ovoz oddiy minusovkalar yordamida qo‘lbola usulda yozilgan edi. O‘n yillikning oxiriga kelib, Qoraqalpog‘istonda bir nechta guruhlar va alohida ijrochilardan iborat o‘ziga xos kichik sahna shakllandi. Treklarning mavzulari turlicha edi: “[tarbiyasi buzilgan qizlar] va pul” dan tortib gangsta vibe, sevgi va lirikagacha. Jiddiyroq treklar ham bo‘lgan: masalan, “Otamning so‘nggi so‘zlari” Crazy B tomonidan vafot etgan otasi xotirasiga bag‘ishlab yozilgan bo‘lib, u yo‘qotish va og‘ir taqdir haqidagi ta’sirli hikoyaga o‘xshaydi.
Qoraqalpoq sahnasining yana bir taniqli san’atkori – DJ Miran. U ko‘plab treklari bilan tanilgan va hali ham musiqa olamida faol. Uning “Don Juan” nomli xit qo‘shig‘ini deyarli barcha mahalliy yoshlar yoddan biladi. Klip esa ikki minginchi yillarda Nukusdagi holatni aks ettiradi: ochiq kiyimlardagi qizlar, ko‘chalar, hovlilar va yosh DJ Miranning o‘zi.
2010-yillarda qoraqalpoq repi VKontakte va Odnoklassniki tarmoqlarida faol tarqala boshladi. “Nukus Rap” kabi guruhlarda treklar almashish, onlayn battl uyushtirish va yangiliklarni muhokama qilish mumkin edi. Bu guruhlar yaqin-yaqingacha faol edi. Mazkur jamiyatlardan birida repper BUNTAY21 shunday yozgan edi: “Double B22 — hisobimizga yozilgan yana bir ijod mahsuli. Bu 21 vs 22 jangi emas, bu rep-battl. Bizning jangimiz (battl) 2008-yildan beri davom etmoqda”.
Qoraqalpoq repida who is who
Ko‘plab qoraqalpoq ijrochilari ikki yoki hatto uch tilda ijod qiladi – ular butun MDH davlatlari bo‘ylab mashhur bo‘lgan rus va qozoq rep musiqasini eshitib ulg‘aygan. Ba’zi MClar kengroq auditoriyaga chiqish maqsadida matnga ruscha satrlarni qo‘shgan yoki treklarni butunlay rus tilida chiqargan.
“Rus tilidagi eng birinchi rep ijrochilari, albatta, Kreyzi Bi va “Plast Sostavit” hisoblanadi. Bu yigitlar birinchilardan bo‘lishgan. Keyin esa, agar butun sohani oladigan bo‘lsak, mikrorayonlararo ramslar boshlandi”, – deya eslaydi reper va shoumen Ruslan Tarantino.
Qoraqalpoq yoki qozoq tilida ijod qilgan ijrochilarning bir qismi keyinchalik Qozog‘istonga ko‘chib ketgan. Masalan, King Lider (Husan Turdiyev) “Есенин жаза алмай кеткен” ("Yesenin yozishga ulgurmagan") albomini chiqarib, o‘sha davlatda shu sohani davom ettirgan. Rep-pabliklardan birida aytilishicha, 2019-yili uni “Заманнын жаманы” ("Davrning yomoni") klipi uchun qo‘lga olishgan, chunki unda qisqa stvolli qurol, pul va qizlar kabi haqiqiy gangsta-tasvirlar bor edi.
KZ_PRO va ULT1MATUM nomlari bilan tanilgan MC.Rus ko‘pchilik singari faoliyatini 2009-yilda boshlagan. Uning ilk albomi shoirona tarzda “Даусым қара тұман, бұлттағы жылатқан” ("Ovovzim qora tuman bulutlarni yig‘latgan") deya nomlangan edi. Uning eng mashhur treki “Даулетова Виктория” — baxtsiz muhabbat qissasi Nukusda tez tarqalib ketgan va haligacha ularning eski ixlosmandlari tomonidan yaxshi eslanadi. Reperning o‘zi 2021-yilda vafot etgan.
Boshqa nomlar ham bo‘lgan. Masalan, aka-ukalar Dub-D & T-Shunk. Ikkinchisi hozirgi kunda DJ va “Stixiya” festivalida chiqish qiladi. San’atkorlarning eslashicha, ular maktab davridayoq rep o‘qishni boshlagan – avvaliga shunchaki ermak uchun, keyin esa jiddiy. Ular faqat o‘zlarining hayotini kuyga solishgan – bunday uslub “Represent” deb ataladi.
Rep-battl uchun yaxshigina pul mukofotlari
“Bizda biflar (reperlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik)faqat battllarda bo‘lgan. Ukam bilan Nukusda yuqori o‘rinlarni egallaganmiz. Ilk qoraqalpoq rep-battli Yokomoto Prod deb nomlangan. Birinchi o‘rinni ukam, ikkinchi o‘rinni men oldim. O‘shanda hamma biz bilan battl qilishni xohlardi”, – deydi T-Shunk. Duetning ikkinchi ishtirokchisi reper Dub-D o‘sha vaqtda ularda deyarli hech qanday ijro jangi bo‘lmaganini va butun tadbirlar Qozog‘istonda onlayn tarzda o‘tkazilganini eslaydi. Uning aytishicha, eng mashhur "jang"lar AshQazaqBattle, KulsaryBattle va OrtaJuzzBattle hisoblangan.
“Avval ro‘yxatdan o‘tish kerak edi, keyin ma’lum bir sanada birinchi raund mavzusi va trekni topshirish muddati e’lon qilinardi. Ishtirokchilar orasidan eng kuchlilari saralab olinib, qolganlari o‘yindan chiqarib yuborilardi, keyin esa yakkama-yakka raundlar boshlanardi: ikkita MC bir-biriga qarshi qo‘yilardi, mavzu va dedlayn berilardi. Kim trekni kuchliroq qilgan bo‘lsa, uzoqroqqa borardi. Shu tariqa finalgacha davom etardi”, – deydi u.
O‘sha vaqtda Qozog‘iston rep musiqasi meynstrim (madaniyat, san’at, fan va jamiyat hayotining boshqa sohalarida ma’lum bir vaqtda keng auditoriya orasida eng mashhur bo‘lgan yo‘nalish) sanalgani boismi, reperlar matnlarni asosan qozoq tilida o‘qishgan. “Biz repga o‘zimizni ko‘rsatish, fikr almashish, pozitsiyamizni namoyish etish, mashhur bo‘lish usuli sifatida qarardik. Rep san’ati chindan ham juda ommalashgani sababli, har uchinchi o‘smir uni o‘qishga va ajralib turishga harakat qilardi”, – deydi Dub-D.
Uning aytishicha, “eski gvardiya”dan hozir deyarli hech kim qolmagan. “Shaxsan men uchun Qoraqalpog‘istonda rep 2016-yilda, o‘zim yozishni va o‘qishni to‘xtatganimdan keyin tugadi. Lekin men uni butunlay yo‘qolgan demagan bo‘lardim. Aksincha, u shunchaki meynstrim bo‘lishdan to‘xtadi. Qozog‘istonda bo‘lgani kabi MDH davlatlarini lol qoldiradigan san’atkorlarga o‘xshagan reperlar bizda ham chiqishiga umid qilaman, bugun bu ishni Kislo-Sladkiy, IK, Jaman T, Captown kabilar uddalamoqda”, — deydi Dub-D.
2010-yillarda qoraqalpoq rep san’ati mustahkamlandi: yangi MClar paydo bo‘ldi, bitlar va ohanglar sifati oshdi. Battllar boshlandi – avvaliga ko‘chalarda va podyezdlarda, keyinroq onlayn va sahnada. Nukusda reperlar mikrorayonlar o‘rtasida o‘z mahallasi sharafini himoya qilar edi. Nukus Rap Battle kabi turnirlar o‘tkazilar edi. 2017-yilda QarekenMuz Sound jamoasi ishqibozlari yaxshigina pul mukofoti uchun battl olib borishdi.
Savage va Yaniks miksi
Ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi bilan qoraqalpoq rep san’ati yangi bosqichga ko‘tarildi – studiyada yozilgan relizlar va sifatli kliplar paydo bo‘ldi. 2023-yili Akonning (QR) “Ajaga qalaysan” ("Aka qalaysiz") nomli treki ijtimoiy tarmoqlarda 194 000 dan ortiq ko‘rilib, xitga aylandi. Qoraqalpoq rep sahnasi faxriylari Ilhom Endigo va Ruslan Tarantinolar yaqinda yosh nukusliklarning ijtimoiy muammolari haqida trek chiqarishdi. Ilhomning o‘zi va uning do‘stlari haqida “Настоящее время” kanali hujjatli film suratga oldi.
Qoraqalpog‘istonlik reperlardan biri Kebzaru (hozir ijodiy ta’tilda) birinchi marta 8-9 yoshida akasi treklar yozib, onlayn battllarda qatnashib yurganida repga qiziqib qolganini eslaydi. Ular hammasini bir chetdan tinglashardi: Crazy Chab (xorazmlik mashhur reper), 50 Cent, Basta, Guf, АК-47. Kebzaruning o‘ziga bolaligida ko‘proq Guf ijodi ta’siri bo‘lgan, keyinroq — Yaniks kabi Atlanta san’atkorlarining.
“Mening uslubimga ko‘proq Yaniks katta ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa kerak. Ulg‘ayganimda esa ingliz ijrochilari Migos, 21 Savage, Future, Drake ijodi yoqardi. O‘shanda, ayniqsa Ukrainada yashaganimda, ularning musiqasi jonu dilim edi”, – deydi Kebzaru.
U to‘rtinchi-beshinchi sinflardayoq she’r yozishni boshlagan, keyinchalik battl-rep bilan shug‘ullangan – ST, Oksimiron va Slava KPSS larni kuzatgan. Maktab kezlarida ham o‘rtoqlari bilan asosan senzurasiz shaklda, lekin zavq bilan battllar tashkil etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi treklari tengdoshlariga yoqqan. 17-18 yoshidayoq u jiddiyroq – ijtimoiy, motivatsion, ba’zan lirik va hatto vatanparvarlik mavzularida yoza boshladi.
Diniy mavzular haqida u o‘z matnida “qog‘ozga o‘rab” gapiradi. Hayot yo‘li, Vatan va ijtimoiy muammolar haqidagi “Men buni” trekini muhim deb hisoblaydi. “Uning 80 foizi hayotdan olingan, 20 foizi esa to‘qima. Ba’zida “Mersedes”ga o‘xshash biror narsa o‘ylab topaman – lekin bu timsol ekanligi aniq”, – deydi Kebzaru.
Hatto musiqa tarqatish mumkin bo‘lmagan yopiq Telegram kanalida ham uning treklari auditoriyani “portlatardi”. Ikki yillik ijod tanaffusidan keyin Nukusga qaytib kelganida, uni hamon reper sifatida tanishayotganini ko‘rib u hayratda qoldi. Uning fikricha, qoraqalpoq repining kuchi – xalqning tili va tarixiga murojaat qilishdadir. Hatto rus tilida o‘qisa ham, u madaniy aloqani saqlab qolish uchun qoraqalpoqcha so‘zlar va sempl(kichik raqamlashtirilgan tovush fragmenti)larni qo‘shishga harakat qiladi. Mashhurlik cho‘qqisida uning treklari 4500 martagacha tinglangan.
“Men Skriptonit bilan fit (qo‘shma musiqiy loyiha) qilishni istardim. Menimcha, unga qoraqalpoq tili yoqqan bo‘lardi”, – deydi u.
Senzuraga bo‘ysunmagan qoraqalpoq tili
O‘zbekistonda o‘zbek tilidagi rep ommalashdi, ammo senzura ostida qoldi – san’atkorlar qadriyatlar haqida kuylashlari, litsenziya olishlari va “nozik” mavzulardan qochishlari shart. Qoraqalpoq rep san’ati esa auditoriyasining cheklanganligi tufayli senzorlarning diqqat-e’tiboridan chetda qoldi. Bu matnlarda ijtimoiy muammolardan tortib yoshlar noroziligigacha kengroq mavzularni qamrab olishga imkon berdi, ammo ularda deyarli hech kim siyosat haqida ochiq gapirmaydi.
Tillar ham farq qiladi: qoraqalpoq tili qozoq tiliga yaqinroq – fonetika va qofiyalari qattiqroq, o‘zbek tili esa yumshoqroq eshitiladi. Bu qoraqalpoqcha treklarning jarangini o‘zbek tilida so‘zlashuvchi keng auditoriya uchun o‘ziga xos va noodatiy qiladi. 2022-2023-yillarda Qoraqalpog‘istondagi fojiali voqealar tufayli qoraqalpoq madaniyatiga qiziqish ortdi.
“Qozoqlarning o‘z uslubi bor, o‘zbeklarda hamma narsa senzura ostiga olingan. Qoraqalpoq tili o‘zbek tili kabi yumshoq yoki qozoq tiliga o‘xshab shiddatliroq emas. U yoqimli, muvozanatli eshitiladi. Shuning uchun o‘z tilimda rep o‘qishni afzal ko‘raman”, – deydi ismi sir qolishini so‘ragan qoraqalpog‘istonlik reperlardan biri.
2025-yilga kelib qoraqalpoq rep-sahnasi rivojlanishda davom etmoqda: treklar chiqib, yangi nomlar paydo bo‘lyapti. Rus tilidagi repning bozori chaqqon va aksariyat hollarda tijoratlashgan, o‘zbek repi esa Toshkent va viloyatlarda ommalashgan bir vaqtda, qoraqalpoqlarniki cheklangan maqsadli auditoriyaga mo‘ljallangan: unda mahalliy mavzular ko‘proq uchraydi (qadrdon shaharlar, sahro hududlari turmush tarzi, ijtimoiy muammolar), qolaversa, katta sahnaning o‘ta jozibadorligi va balandparvoz so‘zlari yo‘q.