Agent 007 haqidagi navbatdagi filmning rejissyori "Tig‘ ustida yuguruvchi 2049", "Arrival" va "Dyuna" dilogiyasi kabi filmlar orqali tanilgan kanadalik Deni Vilnev bo‘ladi.
Yangi loyihaga Emi Paskal, Devid Xeymen va Vilnev turmush o‘rtog‘i Tanya Lapuant prodyuserlik qiladi. Prime Video va Amazon MGM Studios rahbari Mayk Xopkins franshiza ishonchli qo‘llarda ekanligini ta’kidladi: "Jeyms Bond zamonamizning eng buyuk rejissyorlaridan birining qo‘lida va biz 007 agentining navbatdagi sarguzashtini boshlashga oshiqmoqdamiz".
Vilnevning o‘zi Bond haqidagi filmlarda ulg‘ayganini tan oldi va yangi qism ustida ishlash imkoniyatini "katta sharaf va mas’uliyat" deb atadi.
Bond rolini ijro etadigan aktyorning ismi, shuningdek, filmning chiqish sanasi hozircha oshkor etilmagan. Ammo ma’lumki, so‘nggi beshta filmda, jumladan, "O‘lishning vaqti emas" (2021) filmida agent rolini ijro etgan Daniel Kreyg 007 obraziga qaytmaydi.
Amazon franshiza huquqini 2022-yilda MGM Studiosni sotib olgach qo‘lga kiritdi, ammo kompaniya faqat 2025-yil fevral oyida prodyuserlar Maykl J. Uilson va Barbara Brokkolilarga qo‘shimcha 1 milliard dollar to‘lab, loyihani to‘liq o'z nazoratiga oldi.
Muxlislar kasting va syujet yangiliklarini intiqlik bilan kutishmoqda. Jeyms Bond tarixidagi yangi bosqich haqiqatan ham ulkan bo‘lishi kutilmoqda.