Trcman loyihasi Olmaotada 2023-yilda ishga tushirilgan. O‘sha vaqtda uning tashkilotchilari kutubxona ochish niyatida ekanliklarini e’lon qilishgan va Qozog‘istonning janubiy poytaxtida ommaviy tadbirlar o‘tkazishni boshlashgan. Ikki yil o‘tgach, Trcman to‘liq kuch bilan ishga tushdi.
Kutubxona loyihasining nomi Ismoil Gasprinskiy (Gaspirali) va "Tarjimon" gazetasiga ishora qiladi. "Tarjimon" XIX asr oxiri — XX asr boshlarida jadidchilik asoschilari tomonidan Bog‘chasaroyda nashr etilgan Rossiya imperiyasining birinchi xususiy turkiy tilli gazetasi edi.
Loyiha logotipidagi trcman so‘zi arab tilidagi kabi unli harflarsiz yoziladi. Arab tilida unlilar ko‘pincha harakat belgilari bilan ifodalanadi yoki umuman tushirib qoldiriladi. Trcman asoschilari tahririyatga ma’lum qilishlaricha, arab yozuviga bo‘lgan ehtirom loyihaning nafaqat adabiyotlarni to‘plashga, balki tillar, tarjima va ma’nolarga bo‘lgan qiziqishini ta’kidlaydi. Markaziy Osiyo xalqlari ma’lum bir tarixiy davrda arab yozuvidan foydalangan, hozirgi kunda ham Xitoyda yashovchi uyg‘urlar va qozoqlar arab yozuvidan foydalanadilar.
Hozircha trcman Olmaotadagi Egin san’at makonida joylashgan va ko‘rgazma zali, ma’ruzalar xonasi hamda munozara maydonini o‘z ichiga oladi. Egin kutubxona binosini ta’mirlash va kitoblarni tashish xarajatlarini qisman qoplagan hamda trcman’dan ijara haqi olmaydi.
image
Olmaotadagi Trcman kutubxonasi zali. Foto: Trcman
Kitob jamg‘armasi ancha salmoqli — ochilish paytida u loyiha asoschilaridan biri Artiom Slotaning shaxsiy to‘plamida saqlanib kelinayotgan 2200 jildni o‘z ichiga olgan.
"Kutubxonani ommalashtirish, ushbu loyihani institutsionalizatsiya qilish orqali biz hamkasblarimiz bilan nashriyotlar, jamg‘armalar va boshqa hamkorlardan kitoblarni sovg‘a sifatida olish hisobiga fondni sezilarli darajada kengaytirishga umid qilmoqdamiz", — deydi u. 
Trcman jamoasi kitoblarni sotib olish uchun qo‘shimcha mablag‘ jalb qilishni rejalashtirmoqda, chunki ingliz tilidagi zarur akademik adabiyotlarni xarid qilish katta xarajatni talab qilishi mumkin.
"Bizning orzuimiz o‘n minglab jilddan iborat jiddiy tadqiqot to‘plamiga ega bo‘lishdir".

Dastlab, loyiha jamoasi mintaqaviy tillarning barcha xilma-xilligini aks ettiradigan kitoblar to‘plamini yaratishni maqsad qilgan edi. Shu tamoyil asosida katalog to‘ldirib boriladi, adabiyotlarni tanlashda mahalliy mutaxassislar ko‘maklashadi. Akademik adabiyotlardan tashqari, mahalliy nashriyotlar, xususiy nashriyotlar, ommaviy axborot vositalari, madaniy tashabbuslar, shuningdek, noakademik bilim manbalarining boshqa har qanday shakllarini kuzatib boradi.
Hozirda trcman katalogida qozoq adabiyoti va o‘nlab mahalliy tillardagi nashrlar mavjud, biroq hozircha uning asosini rus va ingliz tilidagi kitoblar tashkil etmoqda. Loyiha asoschilaridan biri Aslanbek Kazbekovning ta’kidlashicha, bu ikki tilning ustunligi "bilimlarni ishlab chiqarish va tarqatishdagi zamonaviy tengsizlikni aks ettiradi".
Trcman Markaziy va Shimoliy Osiyo, Kavkaz, Volgabo‘yi, Ural, Qrim haqidagi badiiy, ilmiy va publitsistik adabiyotlarga e’tibor qaratadi. Loyiha asoschilarining fikriga ko‘ra, G‘arb ilmiy hamjamiyati uchun tushunarliroq bo‘lgan Sharqiy Yevropa, Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo o‘rtasida joylashgan bu hududlar deyarli tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolmoqda.
Misol uchun, so‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyo yo Rossiya/Sharqiy Yevropa tadqiqotlari doirasida, yo musulmon dunyosining bir qismi sifatida o‘rganib kelingan. Hozirgi kunda mintaqa tadqiqotchilarning qiziqishini ko‘proq uyg‘otmoqda, biroq ular ham ko‘pincha faqat Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan cheklanib qolmoqda. Sharqiy Turkiston, Sibir va Volgabo‘yi mahalliy aholisi, Erondagi ozarbayjon aholisi deyarli e’tibordan chetda qolmoqda.
"Bizning tadqiqot loyihamizning o‘ziga xosligi, avvalo, mintaqamizni qanday tasavvur etishimizda. Biz dastlab Markaziy Osiyoni faqat beshta mustaqil milliy davlat sifatida idrok etish juda tor yondashuv ekanligiga qo‘shilgan edik. Shu bois, biz asta-sekin mintaqa bilan aloqador bo‘lgan qo‘shimcha madaniy va lisoniy hududlarni qamrab olishni boshladik", — deydi Slota.

Trcman jamoasi kitoblar, matnlar, mahalliy bilimlar va ko‘p tillilik orqali ushbu geomadaniy makon ustida ishlashga e’tibor qaratmoqchi.
"Biz uchun mintaqa haqidagi bilimlarni to‘plash, hamkorlikka intilish, bilimlarni birgalikda yaratish va munozaralar o‘tkazish muhim. Kutubxonamizda ko‘proq tor doiradagi maxsus adabiyotlar mavjud, ammo biz kutubxona maydonini mahalliy tashabbuslar uchun ochiq qilishga harakat qilamiz va mehmonlarni doimo mamnuniyat bilan kutib olamiz", — deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Janar Bereketova.
"Bilim olish yanada qulayroq bo‘lishi uchun biz nashriyot dasturini yo‘lga qo‘ymoqdamiz, arzon narxlardagi kitoblarni chop etamiz, til bo‘yicha to‘siqlarini bartaraf etamiz", — deb ta’kidlaydi u.
Trcman asoschilari faqat kutubxona bilan cheklanib qolishni rejalashtirmayaptilar. Ular uning asosida mintaqa ichida ham, undan tashqarida ham translokal hamkorlik uchun onlayn platforma yaratmoqchi.
Loyihaning ulkan maqsadi bor — mintaqamiz haqidagi bilimlar aynan shu hududda to‘planishi, ularni o‘z vatanida yashaydigan va xorijiy, jumladan, G‘arb universitetlari kutubxonalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kishilar uchun ham ochiq qilish.

Trcman asoschilari ilhomlangan jadidlar Rossiya imperiyasining turkiy tilli hududlariga faol sayohat qilib, g‘oyalarni faol almashganlar. Ularning fikriga ko‘ra kutubxona ko‘chma bo‘lishi kerak edi, shuning uchun Olmaota uning yagona joylashuvi emas.
Har bir necha yilda kutubxona boshqa shaharlar va mamlakatlarga ko‘chib o‘tadi, butunlay boshqa madaniy va til muhitiga sho‘ng‘ib, davlat chegaralaridan tashqaridagi mahalliy bilimlar va munozaralarni o‘ziga jalb etadi. O‘zbekiston sayyor kutubxona to‘xtashi mumkin bo‘lgan mamlakatlardan biridir. Trcman asoschilarining aytishicha, logistika ularni qo‘rqitmaydi — jamoa allaqachon butun Yevroosiyodan adabiyotlarni to‘plash va ko‘chib o‘tish tajribasiga ega.
"Keyingi shaharni tanlashda asosiy mezon bizni qabul qilishga tayyor bo‘lgan muassasaning mavjudligi bo‘ladi. Shunday ekan, bu tanlov bizga emas, balki taklif qilayotgan tomonga ko‘proq bog‘liq", — deydi Slota.
Hikoya yoqdimi? Bizni Instagram va Telegramda kuzating — u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlarni topshingiz mumkin.