Paxta — O‘zbekiston haqidagi eng barqaror madaniy stereotiplardan biri hisoblanadi. Tashqaridan singdirilgan bo‘lsa-da, u o‘zbekistonliklarning bir necha avlodlari ongiga chuqur o‘rnashib qolgan. "Oq oltin" xuddi "sharqona mehmondo‘stlik", palov, quyosh va "Yalla" guruhining qo‘shiqlari kabi taniqli sharqona ramzga aylangan.
Paxtachilik rasmiy darajada O‘zbekistonning sovet tizimidagi vazifasiga aylandi. O‘zbekiston SSRning dastlabki madhiyasida (1947-1956 yillarda qo‘llanilgan) "Bo‘l omon, paxtakor hur O‘zbekiston..." degan shior yangragan. Matnda o‘sha davr uchun majburiy hisoblangan "aziz Stalin" ("Assalom, dohimiz Stalin, jonajon") va "buyuk rus xalqi" ("Assalom, rus xalqi, buyuk og‘amiz") iboralari mavjud edi. Madhiyaning keyingi talqinida Stalin va paxta eslatilmay qo‘yildi, biroq respublikaning "yer xazinalari mamlakati" ("Tuprog‘ing xazina") ekanligi haqidagi ta’rif paydo bo‘ldi.
O‘zSSR gerbida "yer xazinalari" sovet respublikasi bayrog‘i ranglaridagi lentalar bilan o‘ralgan gulchambar ko‘rinishida tasvirlangan: o‘ng tomonida bug‘doy boshoqlari, chap tomonida esa ochilgan g‘o‘za ko‘saklari joylashtirilgan. Shunday paxta va bug‘doydan iborat gulchambarni 1992-yilda eskizi tasdiqlangan mustaqil O‘zbekiston gerbida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston gerbida ham ko‘rish mumkin.
image
Chapda O‘zbekiston SSR, o‘ngda – Qoraqalpog‘iston ASSR gerbi. 

Paxta vizual yo‘nalish sifatida

Paxta mavzusi sovet O‘zbekistoni madaniyatida ham o‘z aksini topgan edi. Shoir Quddus Muhammadiy "Paxta haqida qo‘shiq" nomli asarini yaratib, unda paxta tolasining daladan zavodgacha bo‘lgan yo‘lini zavqli ohanglar bilan tasvirlagan. Bolalar she’riyatida paxta oppoq qorga qiyoslangan. Qudrat Hikmat, O‘zbekistonning SSSR to‘qimachilik sanoatiga qo‘shgan hissasini, paxtamiz qordan ham oppoq ekanligi, har bir ko‘ylak bizning dalalarimizdan ekanligini ta’kidlagan.
Sovet matbuoti paxta sanoati ishchilarini ulug‘lar edi, davlat ularga muntazam ravishda faxriy unvonlar va mukofotlar berib keldi. 1950-yillarda Tursunoy Oxunova (1937-1983) shuhrat qozondi — u paxta terimida rekord natijalar ko‘rsatgani va paxta yetishtirish jarayoniga mexanizatsiyani joriy etgani uchun ikki marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Uning siymosi o‘zbek paxtakorining ramziga, o‘zi esa kinoxronikalar va targ‘ibot plakatlarining qahramoniga aylandi.
Sovet O‘zbekistonidagi paxtakorlarning mehnati konchilar va askarlarning jasoratlari bilan bir qatorda ulug‘langan. 1960-1970-yillarda Moskvadagi Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasida O‘zSSR ekspozitsiyasi tarkibiga Kim Pen Xva va Hamroqul Tursunqulovning bronza byustlari kiritilgan edi. Ular boshqargan "Qutb yulduzi" va "Sharq yulduzi" kolxozlarida yuz minglab tonna paxta terib olinardi. 1970-yillarga kelib, O‘zbekiston SSRda paxtakorlar haykallaridan iborat butun boshli bog‘lar paydo bo‘ldi.
image
Tursunoy Oxunova rassom Vladimir Petrov kartinasida.
O‘zbekiston amaliy san’atida g‘o‘za gulini eslatuvchi "paxtagul" naqshi o‘ziga xos o‘rin egalladi. 1950-yillardan boshlab Toshkentda choynak-piyolalar ko‘k asosga chizilgan oq g‘o‘za tasviri bilan bezash rusmga aylandi. Vaqt o‘tishi bilan "paxtagul" naqshli choynak va piyolalar milliy sovg‘alar savdosi bilan shug‘ullanadigan har bir do‘kon assortimentidan joy oldi. Paxta motivi nafaqat kulolchilikda, balki kashtachilikda ham uchraydi: so‘zanalarda farovonlik va mo‘l-ko‘lchilik ramzi sifatida g‘o‘za novdalarini ko‘rish mumkin.
Paxta tasvirlari metro va panelli uylarning tashqi qismlaridagi mozaikalarda ham aks ettirilgan. Aka-uka Jarskiylar tomonidan 1977-yildan buyon yaratilgan yashil-ko‘k ranglardagi paxta shoxlari tasvirlangan pannolar Toshkentdagi "Paxtakor" metro bekati perronlarini bezab turibdi. Toshkentda paxta naqshli 13 ga yaqin mozaika saqlanib qolgan bo‘lib, ularning ayrimlari madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan.

"Oq oltin"ning bahosi

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng O‘zbekiston rejali iqtisodiyot modelidan voz kechganini e’lon qildi, biroq paxta uzoq vaqt davomida davlat byudjetiga tushumlarning asosiy manbai bo‘lib qolaverdi. Hukumat monokulturaga qaramlikni kamaytirish yo‘llarini izladi: oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida paxta maydonlarining bir qismi bug‘doy va boshqa ekinlarga ajratildi. Mustaqillikning dastlabki 15 yilida paxta ekiladigan maydonlar 2 million gektardan 1,5 million gektargacha qisqardi, yalpi hosil esa 3 million tonnadan 1,2 million tonnagacha kamaydi. Paxtaning eksportdagi ulushi 45 foizdan 17 foizgacha tushdi — O‘zbekiston shu yo‘l bilan iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishga intildi.
image
Toshkent metropolitenining "O‘zbekiston" bekatida o‘rnatilgan plafonlar ochilgan g‘o‘za ko‘saklariga o‘xshatib bezatilgan
Shunday bo‘lsa-da, paxta valyuta daromadi va qishloq joylarda aholi bandligining asosiy manbai bo‘lib qolaverdi. O‘zbekiston xom paxta yetishtiruvchi jahonning yetakchi o‘n mamlakati qatoriga doimiy ravishda kirgan. 2023-yilda mamlakat 2,9-3 million tonna hosil yig‘ib, 8-o‘rinni egalladi, 2024-yilgi hosil esa 3 million tonnadan oshib ketdi.
Mustaqillikdan so‘ng ham paxta sohasi davlat nazoratida qoldi, paxta terimining majburiy tizimi esa mamlakat agrosanoat kompleksiga "ixtiyoriy yordam" niqobi ostida davom ettirildi. 1990-yillardan boshlab butun O‘zbekiston bo‘ylab maktab o‘quvchilari, talabalar va byudjet sohasi xodimlari sovet davridan meros qolgan shoshma-shosharlik ruhida ommaviy ravishda dalalarga safarbar etila boshlandi..
2010-yillar boshiga kelib, xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy va bolalar mehnati keng tarqalganligini tobora ko‘proq ta’kidlay boshladilar. 2011-yilda Adidas, H&M, New Balance, Zara, IKEA, Carrefour va Amazon kabi 331 ta kompaniya, agar o‘zbek paxtasi majburiy mehnat yordamida yetishtiriladigan bo‘lsa, undan foydalanmaslik to‘g‘risida ommaviy majburiyatni imzoladilar.
Karimov davrining so‘nggi yillarida paxta O‘zbekiston haqida yana bir barqaror tasavvurni keltirib chiqardi - yurtimiz qishloq xo‘jaligida yuz minglab odamlar ekspluatatsiya qilinadigan davlat sifatida qabul qilina boshlandi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilgacha har yili deyarli 2 million nafar katta yoshli fuqarolar va bolalar paxta yig‘im-terimiga majburan jalb etilgan.
Bu o‘rtahol o‘zbekistonlik uchun nimani anglatardi? Universitetlar, institutlar va kollejlarning auditoriyalari sentyabrdan noyabr oyi boshigacha bo‘shab qolardi — aynan shu paytda "hosil uchun kurash" avj olardi. Paxta terimiga nafaqat talabalar, balki o‘qituvchilar, hamshiralar, davlat xizmatchilari ham jalb qilinardi. Paxta majburiyatidan turli yo‘llar bilan qutulish mumkin edi: talabalar shifokorlardan ma’lumotnoma olishardi, davlat idoralari xodimlari, universitet xodimlari, maktab o‘qituvchilari o‘z o‘rniga mahalliy aholi vakillarini yollashardi. Aprel-may oylarida jarayon takrorlanardi — odamlar paxta dalalarini o‘toq qilishga safarbar etilardi.

"Yangi O‘zbekiston"dagi eski paxta 

2016-yilda hokimiyat o‘zgarganidan so‘ng paxtachilik sohasida islohotlar boshlanadi. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev paxta sanoatini boshqarishning eski usullaridan voz kechishni maqsad qildi. 2017-yildayoq Vazirlar Mahkamasi odamlarni paxta terimiga majburiy jalb etishni bekor qiladi. Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki nazorati ostida monitoring dasturi ishga tushirildi va 2022-yilda xalqaro ekspertlar O‘zbekiston paxtachiligida tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilganligini tasdiqladi.
Sohaning iqtisodiyoti ham o‘zgarib bordi. Davlat qat’iy rejalashtirish tizimidan voz kechib, bozor mexanizmlariga e’tibor qaratdi. Butun mamlakat bo‘ylab paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etildi: fermerlar xom ashyoni yetishtirsa, ayni shu tizim doirasida uni mato va kiyim-kechak sifatida qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi. Bu xarid narxlarining oshishiga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga va mamlakatning xomashyo eksportidan ichki ishlab chiqarishga o‘tishiga imkon berdi. 2023-yilga kelib, yig‘ilgan barcha paxta mamlakat ichida ip va yarim tayyor mahsulot sifatida qayta ishlanar edi.
Hozirda to‘qimachilik sanoati O‘zbekistonning eng yirik ish beruvchilaridan biriga aylangan. 2018-yilda sohada 200 mingdan kam kishi mehnat qilgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 600 mingdan oshdi. Ishchilarning aksariyatini ayollar va yoshlar tashkil etadi. Paxta terimchilarining daromadi ham sezilarli darajada ko‘tarildi: endi ular ixtiyoriy ravishda mehnat qilib, har bir kilogramm uchun 1500 so‘mdan 1800 so‘mgacha haq olmoqdalar.
O‘zbekiston farovon "paxta o‘lkasi"ga aylanishi uchun juda katta haq to‘ladi. Paxta mamlakat uchun iqtisodiy tayanch vazifasini bajardi, biroq uzoq muddatli muammolarning manbaiga aylandi — qurib qolgan Orol dengizidan tortib majburiy mehnatning keng qo‘llanilishi tufayli mamlakat obro‘sining tushishigacha aynan shu faolyatning natijasi hisoblanadi. U hamon agrar siyosatga ta’sir ko‘rsatmoqda, to‘qimachilik korxonalarini ish bilan ta’minlamoqda va eksportning muhim qismini tashkil etmoqda. "Oq oltin" O‘zbekistonning o‘n yillar davomidagi rivojlanishini belgilab berdi va uning madaniy hamda iqtisodiy qiyofasining ajralmas qismiga aylandi.
Hikoya yoqdimi? Bizni Instagram va Telegramda kuzating — u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlarni topshingiz mumkin.