Shu nuqtai nazardan kuratorlar mediator vazifasini bajaradi. Ular badiiy mahsulotni talqin qilib, mantiqiy aloqalar o‘rnatadi, asarni galereyachilar, tomoshabinlar va bozor uchun jozibali qiladi. Aynan ular badiiy ifodaning salmog‘i, qiymati hamda dolzarbligini belgilaydi.
Keyingi bosqich — galereyalar. Xalqaro tizimda ular bir vaqtning o‘zida asarlarni tanlash, taqdim etish va sotish bo‘yicha vakillik hamda tranzaksiya jarayoni vazifalarini bajaradi. Gagosian, David Zwirner, Pace, Hauser & Wirth yoki White Cube kabi yirik sanʼat maydonlari allaqachon o‘z siyosati, auditoriyasi va meʼyorlariga ega institutlarga aylangan. Ularning faoliyati sanʼat chegaralari haqidagi umumiy tasavvurni shakllantiradi.
Kolleksionerlar esa o‘z navbatida bozor barqarorligiga hal qiluvchi taʼsir ko‘rsatadi. Ularning sabablari turlicha bo‘lishi mumkin — investitsiyaviy qiziqishdan tortib madaniyatga jalb qilishgacha. Ammo, aynan ular talabni belgilab beradi, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlaydi va qonun-qoidalarni shakllantirishda ishtirok etadi.
Auksion uylari sanʼat sohasidagi eng qadimiy va barqaror narx belgilash mexanizmlaridan biridir. Christie’s va Sotheby’s savdolari nafaqat iqtisodiy hodisa, balki rassomning bozor iyerarxiyasidagi o‘rnini belgilovchi o‘ziga xos nufuz ko‘rsatkichidir. Ularning natijalari muntazam ravishda kasbiy tahlil mavzusiga aylanadi va ijodkorlarning keyingi ijodiy yo‘nalishlariga taʼsir ko‘rsatadi.
Infratuzilmani sanʼat yarmarkalari to‘ldiradi. Ulardan Art Basel, Frieze, Art Dubai, London Art Fair kabi tijorat, vakillik va tadqiqot vazifalarini birlashtiruvchi sanʼat yarmarkalarini tilga olish mumkin. Aynan shu yerda tendensiyalar haqidagi tasavvurlar shakllanadi, dolzarb nomlar doirasi aniqlanadi va kun mavzusidagi sanʼat qiyofasi belgilanadi.
Artprice maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilda jahon sanʼat bozori hajmi 1,89 milliard dollarni tashkil etgan. Zamonaviy sanʼat segmentida u 17 foizga o‘sdi, muvaffaqiyatli kimoshdi savdosi ulushi esa 65 foizga yetdi.
Biroq Art Basel va UBS tadqiqotlari boshqacha manzarani ko‘rsatmoqda: global bozorda sotuvlar 12 foizga, galereyalarda 6 foizga, zamonaviy sanʼatga ixtisoslashgan joylarda esa 11 foizga pasaygan. 1 million dollardan ortiq qiymatdagi sotilgan obyektlar soni ham sezilarli darajada kamaygan — 2022-yilda ularning soni 372 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda 224 taga qisqargan.
Ammo, qimmatbaho lotlar qiyinchilik bilan sotilayotgan bo‘lsa-da, arzonroq sanʼatga bo‘lgan qiziqish ortmoqda. O‘tgan yili sotilgan barcha asarlarning 81 foizi har bir buyum uchun 5000 dollardan oshmagan. Bu aholining o‘rta qatlami zamonaviy sanʼatga tobora ko‘proq eʼtibor qaratayotgani bilan izohlanishi mumkin.
Talabning bunday tus olishi galereyalarni yosh ijodkorlar asarlarini ko‘proq xarid qilishga undamoqda. 2023–2024-yillarda jahon auksionlarida 33 ming rassom ishtirok etgan bo‘lib, ularning har o‘n birinchisi qirq yoshdan kichik bo‘lgani ham tasodif emas. Artsy so‘rovi shuni ko‘rsatadiki, kolleksionerlarning 72 foizi aynan yosh rassomlar bilan qiziqsa, tan olingan ustalar bilan atigi 69 foizi qiziqar ekan.
Biroq sanʼat bozori tubdan o‘zgarish jarayonini boshdan kechirmoqda. Artlogic maʼlumotlariga ko‘ra, galereya egalarining 63 foizi biznesni boshqarish jarayoni sezilarli darajada qiyinlashganini taʼkidlayapti. Yirik muassasalarda xodimlar toliqqanini aytgan. Kichik joylarda ruhan charchash darajasi pastroq bo‘lsa-da, umumiy stress darajasi yuqori: kichik jamoalarda vazifalarni taqsimlab beradigan odam yo‘q. Baʼzilar xarajatlarni qisqartirishga, boshqalar pul aylanmasini tezlashtirishga, yana kimdir esa ofisini butunlay yopishga qaror qilmoqda.
Sanʼat bozori kichik biznes kabi bir qator xavf-xatarlarga duch keldi. Masalan, xavfsizlik yostiqchasining yo‘qligi, talabning tez o‘zgaruvchanligi, beqaror logistika va institutsional qo‘llab-quvvatlashning yetishmasligi.
Shu bilan birga, sanʼat bozorida ayollarning ishtiroki ortib bormoqda. Ayol rassomlar asarlari bugungi kunda galereyalardagi maydonlarning 41 foizini egallaydi va ularning birlamchi bozordagi ulushi 46 foizga yetdi. 2025-yilning bahorida asli janubiy afrikalik bo‘lgan niderlandiyalik rassom Marlen Dyumaning “Miss January” (1997) kartinasi Christie’s auksionida rekord darajadagi 13,6 million dollarga sotildi. Bu uni hozirgi kunda ayollar orasidagi eng muvaffaqiyatli rassomga aylantirdi va yaqin vaqtgacha beqaror bo‘lib tuyulgan sanʼat bozorini feminizatsiya qilish tendensiyasiga turtki berdi.
Aytish joizki, raqamli sanʼat hozir sokinlik davrini boshdan kechirmoqda. 2021-yilda NFT atrofidagi shov-shuvdan so‘ng “Beeplening Everydays: The First 5000 Days” asari 69,3 million dollarga sotilgach, bozor to‘xtab qoldi. Hozir esa bunday ishlarning narxi ancha kamtar bo‘lib, 15 mingdan 20 ming dollargacha o‘zgarib turadi.
2025-yilning bahorida Christie’s ilk bor sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan rasmlar uchun kimoshdi savdosini o‘tkazdi. 34 ta lotdan oltitasiga xaridor chiqmadi, 14 tasi kutilgan narxdan arzonga sotildi. Eng qimmat lot — turk-amerikalik rassom Refik Anadolning “Mashinalar gallyutsinatsiyasi” — XKSning tushlari asari bo‘lib, u 277,2 ming dollarga sotildi.
Bu mutlaq rekord bo‘lib, raqamli sanʼat anʼanaviy sanʼatni siqib chiqarmasligining istisno tariqasidagi amaliy tasdig‘i bo‘ldi. Aksariyat kolleksionerlar o‘z an’analariga sodiq qolib, raqamli kod emas, balki haqiqiy tasviriy san’at asarlarini sotib olishni afzal ko‘rmoqda.
Bunda nafaqat sanʼatni yaratish usuli, balki uning vazifasi ham o‘zgarmoqda. Bugungi kunda rassomlar ko‘proq qalb jarohati yoki shaxsiy tajribani anglashga intilmoqda. Sanʼat voqelikni aks ettirishning oddiy shakli emas, balki hissiy ishlov berish vositasiga aylanyapti. Bir tomondan, bunday sanʼat asarlari tomoshabin bilan aloqaga kirishib, unda kuchli his-tuyg‘ularni uyg‘otishi, fikrlashga va o‘zini anglashga undashi mumkin.
Bunday yondashuvni tanqid qiluvchilarning taʼkidlashicha, rassomlar asarning sifatini unutib, faqat qalb jarohatiga eʼtibor qaratmoqda. Italiyaning Aorta Social Art galereyasi asoschisi va kuratori Nadejda Navrotskayaning fikricha, sanʼat yordamida qalb jarohatini tuzatish bilan sanʼat orqali qalb jarohatini namoyish etishni farqlash muhimdir.
“Bu bir xil tushuncha emas. Birinchi holatda, agar rassomning o‘ziga xos usuli va texnikasi bo‘lsa, biz haqiqatan ham kuchli asarni ko‘rishimiz mumkin. Ikkinchisida ham o‘sha “dahshatli manzara” bo‘lishi mumkin, faqat endi gap “qalb jarohati” haqida ketyapti. Biror asarning sifati haqida jiddiy gapirish uchun muallifning butun kasbiy va shaxsiy yo‘lini bilish lozim”, — deydi galereyasi asoschisi.
Ha, sanʼat bozori jadallashmoqda, ammo bu bilan birga uning o‘zgaruvchanligi ham kuchaymoqda. Sanʼat sohasi dilerlari kuratorlik faoliyat va tijorat o‘rtasida, kolleksionerlar esa modaga aylangan shakl hamda mazmun o‘rtasida muvozanatni ushlashga majbur bo‘lyapti.
Onlayn platformalarning rolini eʼtibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Masalan, Artnet, Artsy, Saatchi Art onlayn tarzda ko‘rgazma va ekskursiyalar o‘tkazadi, ammo galereya egalarining o‘zlari kelajak gibrid bo‘lishiga ishonch bildiryapti. Yana o‘sha Artlogic maʼlumotlariga ko‘ra, so‘rov natijalari shuni korsatmoqdaki, javob berganlarning deyarli yarmi jonli maydonlar yo‘qolmasligini ta’kidlagan, chunki sanʼat bilan jonli muloqotni 3D sayohat bilan almashtirib bo‘lmaydi, ayniqsa, xaridlar haqida gap ketganda.
Bozorga sarmoyador ko‘zi bilan qarasak, manzara ikki xil ko‘rinadi. Yigirma yil ichida 66 ming dollardan 8,8 million dollargacha qimmatlashgan Jan-Mishel Baskiyaning "Sportchining to‘q sariq qomati" kartinasi kabi misollar oson daromad olish illyuziyasini yaratadi. Lekin sanʼat – fond birjasi emas. Bu likvid bo‘lmagan aktiv hisoblanadi va uning savdosi baholash, vositachilar va vaqtga bog ‘liq.
300 dollarlik rasmni sotib olish o‘n yildan keyin ham uning narxi bir necha barobar oshadi degani emas. Shu bilan birga, kolleksiya yig‘ish hayot tarzi sifatida to‘liq ishlaydigan strategiya bo‘lib, u shaxsiy dunyoqarashga qo‘yilgan sarmoyalarni qoplashi, madaniy muhitga kirish imkoniyatini berishi, bilim va aloqalarni rivojlantirishi mumkin.
O‘zbekistonda sanʼat bozori hali boshlang‘ich holatda, ammo infratuzilma allaqachon shakllanmoqda. Davlat muzeylari va zallari bilan bir qatorda xususiy galereyalar ham ish boshladi: HIMRDV Gallery, Bonum Factum, Regeneration Art Gallery. Mamlakatda kolleksionerlar bor va zamonaviy sanʼat hali ham “murakkab” deb qabul qilinishiga qaramay, jamoatchilikning unga bo‘lgan qiziqishi ortib bormoqda.
Eng muhimi, to‘xtab qolmaslik va tajriba o‘tkazishdan qo‘rqmaslik kerak. Barqaror bozor ishonch, professionallik hamda uning barcha ishtirokchilarini — rassomdan tortib kimoshdi savdosi o‘tkazuvchisigacha jalb qilishdan boshlanadi.