YUNESKO ma’lumotlariga
ko‘ra, kreativ sanoatning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 3 foizdan
oshadi va 30 milliondan ortiq ish o‘rinlarini ta’minlaydi. Agentlik nafaqat
kino va moda, balki arxitektura, noshirlik, raqamli media, hunarmandchilik,
video o‘yinlar va madaniy merosni – g‘oyalarni madaniy va iqtisodiy
mahsulotlarga aylantiradigan barcha sohalarni o‘z ichiga oladi.
Rivojlangan mamlakatlarning ijodkorlikni (kreativ
sanoatni) o‘sishning harakatlantiruvchi kuchi sifatida qabul qilganiga ancha
bo‘ldi. Britaniya kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada har
sakkizinchi biznes ijodiy sohaga tegishli bo‘lib, ularning iqtisodiyotga
qo‘shadigan umumiy hissasi yiliga 100 milliard funt sterlingdan oshar ekan.
Janubiy Koreya K-pop va dorama eksportiga e’tibor qaratib, nafaqat global
madaniy ta’sirga, balki ijod va texnologiyani samarali uyg‘unlashtirish orqali
sezilarli iqtisodiy samaraga ham erishdi.
O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot nisbatan yangi, ammo allaqachon institutsional jihatdan rasmiylashtirilgan yo‘nalishdir. 2024-yil oktyabr oyida mamlakat parlamenti "Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida"gi qonunni qabul qildi, prezident Shavkat Mirziyoyev esa har bir hududda kreativ sanoat parklarini tashkil etish niyatini e’lon qildi. Park rezidentlariga soliq imtiyozlari, infratuzilma va boshqa davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari va’da qilingan – O‘zbekistonda IT Park ham xuddi shunday ishlaydi.
Qonunga muvofiq ijodkorlik va intellektual mulkka asoslangan sohalar
kreativ iqtisodiyotga kiritiladi, yaʼni raqamli
texnologiyalar va video o‘yinlarni ishlab chiqishdan tortib dizayn, arxitektura
va modagacha bo‘lgan sohalar. Strategik islohotlar agentligi g‘oyasiga ko‘ra,
2030-yilga borib ushbu tarmoqlarning O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi
ulushi 5 foizga yetishi kutilyapti.
O‘zbekistonning kreativ iqtisodiyoti eksport salohiyatiga ega bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi iqtisodchi Yuliy Yusupov. "Birinchi navbatda, bu madaniy, ekologik, etnografik turizmga tegishli – bularning barchasi juda istiqbolli yo‘nalishlar", – dedi u HD magazine bilan suhbatda.
"Biz zamonaviy innovatsion rivojlanish salohiyatidan foydalanishimiz mumkin bo‘lganining 10 foizi miqdorida foydalanmoqdamiz. Ammo bu kreativ iqtisodiyot rivojlanmayapti, degani emas. U parvoz qilmoqda, lekin bu, birinchi navbatda, raqamli iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar. Bu bizning xizmatlarimiz emas – ularni biz o‘ylab topganimiz yo‘q, biz shunchaki olamiz va foydalanamiz".
IT Park va raqamli sanoat haqiqatan ham hozircha O‘zbekiston kreativ
iqtisodiyotining (yagona bo‘lmasada) asosiy drayveri hisoblanadi. 2019-yilda
tashkil etilgan parkda 2,5 mingdan ortiq rezident ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib,
ularga davlat tomonidan soliq va ma’muriy imtiyozlar berilgan. O‘zbekiston
Raqamli texnologiyalar vazirligi tahminlariga
ko‘ra, 2025-yilda IT-xizmatlar eksporti ilk bor 1 milliard dollardan oshishi
kutilmoqda, 2030-yilga kelib esa bu raqam 5 milliard dollarni tashkil qiladi.
IT sohasidan tashqarida muvaffaqiyat hikoyalari unchalik ko‘zga tashlanmaydi, lekin ular bor.
Toshkent shahri va hududlarda yangi galereyalar ochilmoqda, festivallar o‘tkazilmoqda, san’at maydonlari
ishga tushmoqda. Xususan, Samarqandda “Art Station” platformasi faol ishlayapti.
Unda ko‘rgazmalar, interaktiv tadbirlar va badiiy qarorgohlar o‘tkaziladi.
Zamonaviy san’at asta-sekin o‘z o‘rnini egallamoqda: galereyalar ochilmoqda,
rassomlar xalqaro biennalelarda ishtirok etmoqda, kuratorlar va art-menejerlar
professional hamjamiyatni shakllantirmoqda. Ilgari yetarlicha baholanmagan
mualliflar va qachonlardir ahamiyatsiz deb hisoblangan mavzularga qiziqish ortmoqda.
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida tashkil etilgan “ARTmosfera” yoshlar ko‘rgazmasida so‘nggi ikki yil ichida yaratilgan rangtasvir, haykaltaroshlik, installyatsiya, foto va video san’at janridagi asarlar namoyish etildi. 2025-yilda O‘zbekistonda ekologiya, madaniyatlararo muloqot, inklyuziya va ayollar yetakchiligi mavzulariga bag‘ishlangan “Art Station Residency 2.0” bo‘lib o‘tadi.
Mamlakatning endigina shakllanayotgan kreativ sanoati xalqaro hamkorlar – BMT Taraqqiyot dasturi, YUNESKO, Britaniya Kengashi va boshqa tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Britaniya Kengashi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “Creative Spark” dasturi O‘zbekiston universitetlarida akademik almashinuv va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda, Buyuk Britaniya bilan aloqalarni mustahkamlamoqda va ijodiy ta’lim ufqlarini kengaytirmoqda.
Biroq, so‘nggi paytlarda xorijiy hamkorlar bilan hamkorlik qilish qiyinlashdi. "Agar bu xalqaro hamkorlik bo‘lsa va siz Shengen davlati yoki AQShga borishingiz kerak bo‘lsa, siz istalgan narsani rejalashtirishingiz, joylarni bron qilishingiz, odamlar bilan, PR bilan kelishib olishingiz va hokazolar mumkin, ammo bularning barchasi konsul sizga viza bermasligi bilan yakun topishi mumkin", – deydi Human House galereyasi art-direktori Lola Sayfi.
Mamlakat ichida ham kreativ biznes muammolari yetarlicha. Eng yaqqol ko’zga tashlanadigan "og‘riq" – inson kapitali sifatining pastligi. "Maktab ta’limi tizimining o‘zi kreativ ko‘nikmalarni singdirmaydi... Busiz esa na kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, na umuman barqaror rivojlanish mumkin", – deydi Yusupov.
IT Parkning faolligi, Britaniya Kengashi tashabbuslari va davlatning jalb qiluvchi loyihalariga qaramay, ijodiy hamjamiyat hali ham tarqoq, ta’lim, biznes va madaniyat o‘rtasidagi aloqalar beqaror. "Har kim o‘zi bilgancha harakat qilmoqda. Hozir bozor raqobat qila oladigan darajada emas. Birlashish va ekotizimni rivojlantirish kerak," – deydi rejissyor Doniyor Ahmadjonov.
Davlat katta umid bog‘lagan ijodiy biznes doimo davlat organlarining sinchkov e’tibori ostida qolmoqda. "Noaniqliklar juda ko‘p, o‘yin qoidalari oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarmoqda, mulk huquqlari yaxshi himoyalanmagan, biznesga soliq va ma’muriy bosim hali ham yuqori", – deydi Yusupov.
Bu nafaqat mahalliy ijodiy sanoatning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, balki potensial investorlarni ham cho‘chitadi. Yusupovning fikricha, kreativ iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar mavjud: "ularning yomon jalb qilinishi yana bir og’riqli masala". Buning uchun "bizda ulkan muammolar mavjud bo‘lib kelgan" mulk huquqini, jumladan, intellektual mulkni imkon qadar himoya qilish kerak.
MAVZU BO'YICHA O'QING:
"Mulk huquqlarining yomon himoyasi har qanday biznesni, birinchi navbatda, kreativ iqtisodiyotda faoliyatning yuqori xarajatlari va xatarlarini anglatadi. Chunki bu soha bu kabi masalalarga juda ta’sirchan", – deydi ekspert. Kreativ iqtisodiyot uchun qulay soliq muhiti zarur, bunda soliq tizimi "biznesni bo‘g‘ib qo‘ymaydi, balki biznesni ko‘proq sarmoya kiritishga, shu jumladan turli xil innovatsion mahsulotlarga ko‘proq sarmoya kiritishga undaydi".
"Bizda tizim mutlaqo eskirgan, barcha tirik jonlarni o‘ldiradi, biznes yuritish xarajatlari va xatarlarini oshiradi. Tushunarliki, bunday tizim bilan biz kreativ iqtisodiyotni va umuman innovatsion iqtisodiyotni rivojlantira olmaymiz", – deydi Yusupov.
Human House art-direktori aytishicha, amalda davlat kreativ biznesga hech qanday yordam bermaydi. "Hozir men oddiy biznesda emas, kreativ biznesda bo‘lganim uchun 12 foiz QQS va 15 foiz foyda solig‘i to‘lash o‘rniga, shunchaki aylanmaning 25 foizini to‘layapman. Va bu juda og‘ir", – deya tan oladi Sayfi.
"Agar davlat tashkiloti qandaydir sovg‘alarga buyurtma bersa, biz bir necha oy davomida ulardan o‘z pullarimizni so‘raymiz. Boshqa tashkilotlarda ham, masalan, soliq inspeksiyasida ham doim o‘z haq-huquqingni himoya qilishingiz, isbotlashingiz kerak", – deydi u.
"Bu yerda davlatga murojaat qilish mumkin – xo‘p, qo‘llab-quvvatlamasligingiz mumkin, lekin iltimos, xalaqit bermang".
Monetizatsiya va mualliflik huquqini himoya qilishning yaxshi rivojlanmagan tizimi intellektual mahsulotning qonuniy aylanishini murakkablashtiradi. Mualliflar va musiqachilar kontentni sotish va himoya qilish uchun yopiq Telegram kanallaridan foydalanishga majbur bo‘lmoqda, deydi Ahmadjonov. "Striming-platformalar qaroqchilikka qarshi faol kurashmoqda, menimcha, bu vaqt masalasi – biz odatlar asta-sekin o‘zgarayotganini ko‘rmoqdamiz", – deydi u.
Sayfining fikricha, kreativ biznes o‘zini o‘zi qoplashga qodir. "Men ko‘pincha o‘z ijodi bilan pul ishlashni istagan ijodkorlar moliyaviy savodxonlik va biznesni rivojlantirish texnologiyalarini, shu jumladan marketing va jamoa tuzishni o‘rganishlari kerakligini aytaman", – deya qo‘shimcha qiladi u.