Rus yerlaridagi Osiyo madaniyati
“Rossiya –
bu Osiyomi yoki Yevropa?” degan savol asrlar davomida siyosiy munozaralarga
sabab bo‘lgan. XVI-XVII asrlardagi chet ellik
sayyohlar rus saroyidagi tartiblar, hatto podsho va boyarlarning kiyimlari ham
Turkiya va Eronning sharqona uslubiga o‘xshashligini qayd etgan. Qadimda rus erkaklarining
mashhur qiyshiq yoqa ko‘ylagi pravoslavlar nazarida ish paytida bo‘yindagi xoch
tushib ketmasligi uchun o‘ylab topilgan. Biroq, X asr turkiy xalqlar tasviriy
sanʼat asarlarida ham xuddi shunday qiyshiq yoqani ko‘rish mumkinligi haqida
hech qanday izoh berilmaydi.
Ovqatlanish
masalasida ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatiladi. Go‘yoki “Rossiya — fillar
vatani” va bizning oshxonamiz eng qadimiy, eng boy, hatto jahon
pazandachiligidagi eng yaxshi narsalar ham aynan undan kelib chiqqan. Bunday
sodda va bilimsiz yondashuvga necha bor duch kelganmiz. Vaholanki, atrofga bir
nazar tashlash, hech bo‘lmaganda qo‘shni xalqlar oshxonasi bilan qiziqib ko‘rish
orqali haqiqatga yaqinlashsa bo‘ladi. Shunda ko‘plab taomlar va oshpazlik
uslublari qadimiy ruslar, tatarlar, fransuzlar yoki o‘zbeklar paydo bo‘lishidan
ancha ilgari yaratilgani ayon bo‘ladi.
Hozirgi
kunda Rossiyada “Kiyev Rusi” atamasini ishlatish taqiqlanmagan, lekin unchalik
tavsiya ham etilmaydi. Ammo Kiyevning rus davlati shakllanishidagi ahamiyatini
kamaytirish, uning turkiy xalqlar va dasht ko‘chmanchilari bilan juda yaqin
aloqalariga ko‘z yumish kabi urinishlar juda kulgili deb hisoblayman.
Buyuk Ipak
yo‘li bo‘ylab, Shimoliy Qora dengiz sohili orqali harakatlangan savdogarlar faqat
qimmatbaho gazlama va idish-tovoqlarni emas, balki guruch, quruq mevalar hamda
ziravorlar ham olib o‘tishgan. Rus knyazliklari aholisi ularning yuklari bilan qiziqmagan,
deb o‘ylamayman. Darvoqe, ko‘plab rus knyazlari va sarkardalarining buvilari,
onalari yoki rafiqalari turkiy malikalardan bo‘lgan. Nahotki, ular turmushga
chiqqandan so‘ng o‘z vatanlaridagi taom va ne’matlarni butunlay unutib yuborgan
bo‘lsalar?
Afanasiy Nikitin “birinji” (guruchi)
Oddiy
chet el mahsuloti misolida uning rus oshxonasiga kirib kelish jarayonini
tushuntirishga harakat qilamiz. Xo‘sh, Rossiyada guruch yoki, aytaylik,
grechkani qadimiyroq deb hisoblash mumkinmi? Axir bugungi kunda grechka
bo‘tqasi — palovdan farqli o‘laroq — rus oshxonasining eng asosiy ramzlaridan
biri sanaladi.
Guruchning rus oshxonasiga kirib kelishi mo‘g‘ullar istilosidan ham avvalgi davrlarga borib taqaladi. Turli asrlarda ushbu mahsulot turlicha nomlar bilan atalgan. Ularning rus tilidagi shakllanishi guruchning bu hududlarga turli tillar orqali kirib kelganini ko‘rsatadi. Masalan, guruchning qadimgi ruscha nomi — “brinets” — fors tilidagi “birinj” (guruch) so‘zidan olingan bo‘lib, ehtimol, qrim-qipchoq tilidagi “brinch” varianti orqali rus tiliga kirgan bo‘lishi mumkin.
“Brinets” so‘zi XV-XVI asrlarga oid manbalarda ham uchraydi. Afanasiy Nikitin o‘zining Hindistonga qilgan sayohati haqida hikoya qilar ekan, shunday deydi: “Hindlar brinets, yog‘ qo‘shilgan kuchiri va turli o‘tlarni yeydilar”. Biroq, ko‘pincha rus voqeligiga nisbatan ham brinets tilga olinadi. Masalan, Kirillo-Belozersk monastirining 1560-yillarga oid solnomasida shunday yozuv bor: “Blagoveshchensk ruhoniysi Selivestr omonatga bir pud ladan, bir pud brinets va 15 grivenka qalampir berdi”.
XVI asr o‘rtalarida Ivan Grozniyning farmoni bilan Qozon arxiyepiskopi Guriyga har yili xazinadan “bir pud brinets” berilgan. “Brinets” atamasi mashhur “Domostroy” asarining 1550-yillarga oid ayrim tahrirlarida ham uchraydi. Ulardan birida quyidagicha jumlalar keltirilgan: “Za’faron qo‘shilgan brinets ostidagi tovuq”, “brinetsga shakar qo‘shib pishiriladigan piroglar”.
Biroq vaqt o‘tishi bilan “brinets” so‘zi kundalik iste’moldan chiqib bordi. Undan ham oldin, ya’ni XII asrdayoq guruchga nisbatan “saratsin (yoki sorochin) tariq” atamasi paydo bo‘lgan va asta-sekin adabiyotlarda o‘rnasha boshlagan. XVII asr oxiridan boshlab esa aynan shu nom ostida guruch umumiy iste’molda keng tarqalgan va XIX asr oxirigacha rus pazandachilik kitoblarida muntazam uchrab turgan.
Saratsin tarig’i
“Saratsin” so‘zi arablarga nisbatan Rusda kamida X asrdan beri qo‘llanilgani ma’lum. Ular haqidagi ma’lumotlarni Voskresensk, Nikon, Lavrentiy va Sofiya Birinchi solnomalarida uchratish mumkin. “Sorochin tarig’i” iborasi esa qadimgi rus yozma yodgorliklarida ilk bor Studiya nizomida (1193 yilgi ro‘yxat) qayd etilgan.
“Saratsin” so‘zi Moskvaga qayerdan kelgan bo‘lishi mumkin? Ehtimol, Vizantiyadan kelgandir, ammo bu jarayon murakkab kechgan. “Saratsin” atamasi aslida G‘arbiy Yevropada shakllangan. Salib yurishlaridan so‘ng yevropaliklar barcha arablarni shunday atay boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, Vizantiya poytaxti Konstantinopol 1204-yil aprelda 4-salib yurishi paytida yevropalik ritsarlar tomonidan bosib olingan. U yerda qisqa muddat (50 yildan sal ko‘proq) Lotin imperiyasi deb atalgan tuzum o‘rnatilgan. Shubhasiz, bu voqeadan oldin ham salibchilarning saratsinlar bilan to‘qnashuvlari haqidagi xabarlar rus knyazliklariga yetib borgan.
Ehtimol, aynan o‘sha paytda “saratsinlar” so‘zi arablar va turklar uchun umumiy nom sifatida rus tilida keng tarqalgandir? 1453-yilda Konstantinopol turklar hujumi ostida qulagan va Moskva “uchinchi Rim” maqomini qabul qilganidan so‘ng, bu atama uzil-kesil o‘rnashgan. Ko‘rinishidan, “saratsin tarig’i” atamasi rus tiliga aynan shu tarzda kirib kelgan.
Tabiiyki, o‘sha paytda guruch asosan janubdan — Volga bo‘ylab keltirilgan. Bu haqda 1615-yilda shved diplomati Pyotr Pyetrey quyidagicha yozgan: “Saratsin tarig’i [Astraxanda] arzon. Uning bir bochkasi ba’zida ikki yarim talerga, ba’zida esa, vaziyatga qarab, qimmatroq yoki arzonroq narxda sotiladi. Uni Midiya, Fors va Armanistondan Kaspiy dengizi orqali suv yo‘li bilan olib kelishadi”. Guruchning Forsdan keltirilgan tovar ekani haqida Iogann Filipp Kilburger ham 1674-yilda o‘zining “Rus savdosi haqida qisqacha ma’lumot” asarida to‘xtalib oֹ‘tgan.
Aslida osiyolik bo’lgan rus grechkasi
Grechkaning madaniy navlarini yaratish haqidagi zamonaviy qarashlar shuni ko‘rsatadiki, u taxminan 3 ming yil oldin Xitoyning janubi-g‘arbida xonakilashtirilgan va u yerdan O‘rta hamda Old Osiyoga, shuningdek Sibirga tarqalgan. Bu jarayon sekin kechgan: masalan, Yaqin Sharqda u atigi bir ming yil oldin paydo bo‘lgan.
Grechka Yevropaga aynan o‘sha hududdan kirib kelgan. Savdo-sotiqdan tashqari, bu yerda salib yurishlari ham muhim rol o‘ynagan. Rus hududlariga esa grechka bir necha yo‘llar orqali kirib borgan. Uni Dnepr bo‘ylarida yetishtirish bo‘yicha dastlabki tajribalar XI-XII asrlarga to‘g‘ri keladi. Ekinning nomi uning qayerdan kelganini ko‘rsatib turibdi.
O‘sha paytda Vizantiyadan kelgan hamma narsa yunonlarniki, yaʼni greklarniki deb atalgan. Masalan, Konstantinopoldan bo‘lgan knyaz Vladimir qabul qilgan “yunon (grek) dini” ham shular jumlasidan. Grechka tezda slavyan yerlarining shimoliy hududlariga tarqaldi. Mashhur sovet arxeologi Aleksandr Mongaytning ma’lumotlariga ko‘ra, “Pereyaslavl-Ryazan qazilmalari natijalariga qaraganda, XII asr oxiri – XIII asrda yangi ekin – grechka paydo bo‘lgan”.
Biroq, shundan so‘ng uning tarqalishi to‘xtagan. Ba’zi mutaxassislarning fikricha, bu “dastlabki grechka madaniyati” XIII asr oxiriga kelib asta-sekin yo‘qola boshlagan. Muammo mazkur don ekinining hosildorligi pastligi va uning tuproq xususiyatlariga ta’sirchanligida edi. Bundan tashqari, grechka yanchilgandan keyingi qoladigan somon chorva mollari uchun yaroqsiz bo‘lib, bu ekinning qiymatini keskin pasaytirib yuborgan.
Volga bo‘yi va Qrimdan kelgan tatar grechkasi (“tatarka”)
Endi
grechkaning Rus hududlariga kirib kelishi haqidagi yana bir taxminni ko’rib
chiqamiz. Aslida, yovvoyi grechkaning tarqalgan hududlaridan biri Volga bo‘yi
hisoblanadi. U yerda qachondan beri ekilgani noma’lum, biroq madaniy
grechkaning yovvoyi qarindoshi Fagopyrum tataricumning botanik nomi ham shu
hududga ishora qiladi. Hozirga qadar Rossiyaning ayrim qishloqlarida grechkani
“tatarka” deb atashadi; ilgari bu nom Ukraina va Rossiyaning janubiy
hududlarida keng tarqalgan edi.
1552-yilda rus qo‘shinlari tomonidan Qozonning zabt etilishi Qozon xonligining Moskva davlatiga qo‘shib olinishi bilan yakunlandi. Bu voqea ikki madaniyatning, jumladan, oshxona madaniyatining o‘zaro uyg‘unlashuviga asos soldi.
Biroq, grechkaning tatar ildizlari faqat Volga bo‘yi bilan bog‘liq bo‘lishi shart emas. Ukraina yerlariga bu ekin Qrimdan kirib kelgan. Grechka bo‘tqasi kimning milliy taomi — Rus aholisinikimi yoki Qrim tatarlarinikimi degan masalada bahslashish mumkin. 1630-yillarda Polsha qiroli Sigizmund III xizmatida bo‘lgan fransuz muhandisi Giyom de Boplan Qrim va mahalliy aholining urf-odatlari haqida batafsil xotiralar qoldirgan: “Ularning [Qrim tatarlarining] odatdagi ovqati tariq, arpa hamda grechka yormalaridan iborat: ular bu turdagi donlarni o‘zlari yetishtiradilar” .
Demak bundan
maʼlumki, grechka Ukrainaning O‘ng qirg‘og‘idan Moskva davlatining qo‘shni hududlariga kirib
borgan va u yerlarda tarqalgan.
Bu
grechkaning Markaziy Rossiyaga kirib kelishining yana bir yo‘li edi. Shunday
qilib, Rossiyada bu yo‘llar bir nechta bo‘lib, ular turli davrlarda
shakllangan. Nima bo‘lgan taqdirdayam, XVI asr boshlariga kelib,
mamlakat hududida grechka faol ravishda yetishtirila boshlangan. O‘sha davr
solnomalaridagi yozuvlar bunga isbot bo‘la oladi.
Хo‘sh, asl taomlarni qayerdan izlash kerak?
Asrlar davomida mahsulotlar, urf-odatlar va tillar aralashib ketgan dunyoda qandaydir “sof milliy” oshxonani topish mutlaqo imkonsiz.
Biroq,
bu yerda chuqur maʼno ham bor. Dunyodan ajralgan madaniyatni, jumladan oshxonani (bu ham har qanday milliy madaniyatning bir qismi) yaratishga urinish doimo bitta natijaga — tanazzulga olib keladi. Buni oxirgi marta Sovet Ittifoqi tugash arafasida kuzatgan edik, o‘shanda bizni dunyoning qolgan qismidan ajratib turgan “temir parda” sovet umumiy ovqatlanishini butunlay tanazzulga uchratgan edi.
Shuning uchun ham har qanday milliy oshxona muvaffaqiyatining siri aynan turli xalqlar bilan muloqotda bo‘lish, ularning an’analari va ta’mlarini, mahsulotlari va taomlarini o‘rganish hamda ijodiy o‘zlashtirishdadir.
Bunga
juda ko‘p misol keltirsa bo‘ladi. Masalan, klassik fransuz oshxonasi Yekaterina
Medichi davrida Parijga olib kelingan italyan gastronomik merosi asosida
shakllangan. Hatto bugungi kunda oshpazlik dunyosini zabt etgan Peru oshxonasi
ham nafaqat ink-hindularning merosi, balki yapon va xitoy oshpazlik
an’analarining kuchli ta’siri natijasidir. Ehtimol, Rossiyada ham bir kun kelib
palov festivallari faqat foyda keltirishini tushunib yetarlar?
Hikoya yoqdimi? Instagram va Telegramda ham bizni kuzatib boring — u yerda yanada qiziqarli ma’lumotlar bor.