Xalqlar do‘stligining ishonchli qo‘rg‘oni
Sobiq Ittifoq madhiyasidagi bu misralar "xalqlar do‘stligi"ni sovet davlatining asosiy mafkuraviy tayanchi sifatida mustahkamlagan. Ushbu shior ko‘plab ko‘rinishlarda namoyon bo‘lib, barcha darajalarda — maktab devoriy gazetalaridan tortib Sovet Ittifoqi qatnashgan xalqaro maydonlargacha tarqatilgan.
Rasmiy sovet ta’limotiga ko‘ra, Sobiq Ittifoq ixtiyoriy ravishda birlashgan "birodar" xalqlarning xohish-irodasi bilan tuzilgan. Shu bilan birga, Rossiya imperiyasi "xalqlar qamoqxonasi" deb ham nom qozongan. Ko‘pchilik bu keskin ibora Vladimir Leninga tegishli deb o‘ylaydi. Aslida esa uning muallifi fransuz yozuvchisi va sayohatchisi Astolf de Kyustin (1790-1857) bo‘lib, u "1839-yilda Rossiya" nomli sayohatnomani nashr etgan. Kitob Yevropada muvaffaqiyat qozonib, Rossiya imperiyasining ezilgan xalqlar davlati sifatidagi tasavvurini mustahkamlagan.
Sovet jamiyatshunosligi yillar davomida xalqlar do‘stligi tushunchasini takomillashtirish va aniqlashtirishga harakat qilgan. Ilmiy kommunizm lug‘atida (1983 yilgi nashri) u quyidagicha ta’riflangan:
"Xalqlar do‘stligi — sotsialistik taraqqiyot yo‘liga kirgan millat va elatlarning har tomonlama birodarlarcha hamkorligi, siyosiy, iqtisodiy, harbiy va madaniy jihatdan o‘zaro yordamidir".
Rus sotsiologi Svetlana Lurye ta’kidlaganidek, bu model bir vaqtning o‘zida 1917-yildan keyin chekka hududlarni imperiyacha o‘zlashtirish yo‘lini tutgan rus madaniyatiga ham, allaqachon ruslar bilan umumiy madaniy makonning katta qismini baham ko‘rgan parchalangan imperiyaning boshqa xalqlari madaniyatiga ham tatbiq etilgan.
Sovet xalqi o‘tmishga ega bo‘lmagan millatlar majmui sifatida imperiya tajribasini inkor etuvchi va kelajakka intiluvchi o‘zlikni anglash bilan baynalmilallikning idealiga aylanishi kerak edi.
Ushbu mafkuraviy tuzilmaning murakkabligi va ziddiyatliligi sovet xalqlari do‘stligi e’tiqodini o‘ziga xos tizim sifatida shakllantirdi. Bu tizimda rus va boshqa xalqlarning o‘zlari haqidagi tasavvurlari ham, bir-birlari haqidagi qarashlari ham aks etgan.
Bu tizim nozik murosalar asosiga qurilgan edi, ya‘ni bunda milliylik rasman inkor etilmagan, ammo unga mafkuraviy tus berilgan, e’tibordan chetda qoldirilgan yoki jamoaviy baynalmilal o‘ziga xoslik bilan almashtirilgan. Masalan, o‘zaro tarixiy ziddiyatlarga ega bo‘lgan xalqlar o‘z kelishmovchiliklarini oshkora muhokama qila olmagan.
Do‘stlikning ko‘rgazmali tili
Xalqlar do‘stligi g‘oyasi sovet madaniyatida muntazam ravishda takrorlanib, ko‘p millatli jamiyatning asosiy birlashtiruvchisi vazifasini bajargan. Bu tushunchaning asosiy ko‘rgazmali timsoli "katta" va "kichik" aka-ukalar o‘rtasidagi munosabatlarda aks etgan. Rus xalqi "katta" — ma’rifatli, ilg‘or, yetakchi, qolgan xalqlar esa "kichik" - minnatdor va sadoqatli tarzda tasvirlangan.
Sovet plakatlarida rus qahramoni odatda kompozitsiyaning markazida, yon tomonlarida esa boshqa xalqlar vakillari - ko‘pincha an’anaviy milliy kiyimlarda tasvirlangan. Ikkinchi jahon urushi haqidagi filmlarda rus askari bilan arman, gruzin yoki o‘zbek o‘rtasidagi do‘stlik majburiy syujet unsuriga aylangan. Reyxstag ustiga G‘alaba bayrog‘ini tikkan Mixail Yegorov va Meliton Kantariya haqidagi rivoyat ana shu mafkuraning ifodasi sifatida talqin etilgan.
Toshkent, Lenin (hozirgi Mustaqillik) maydoni (1960-yil). Surat: Mirrorpix archive / Tashkent Retrospective
Yana bir muhim ramz Sobiq Ittifoq tarkibiga kirgan ittifoqdosh respublikalarni ifodalovchi o‘n oltita ayol haykali VDNX (Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasi)dagi "Xalqlar do‘stligi" favvorasi bo‘ldi. 1954-yilda ochilgan bu inshoot dastlab loyiha hujjatlarida "Bosh favvora" va "Oltin bog‘lam" deb nomlangan. Hozirgi nomi 1957-yilda "Tinchlik va do‘stlik uchun" shiori ostida o‘tkazilgan VI Butunjahon yoshlar va talabalar festivalidan keyin paydo bo‘lgan.
1976-yilda Toshkentda 1966-yilgi zilzilaning markazida "Jasorat" me’moriy-haykaltaroshlik majmuasi va Xalqlar do‘stligi muzeyi ochildi. Bu ittifoqdosh respublikalarga shaharni tiklashda ko‘rsatgan yordami uchun ramziy minnatdorchilik ifodasi edi. Fojianing o‘n yilligi O‘zbekiston SSR rahbariyati uchun poytaxtning me’moriy qiyofasini yangilashdagi ishtiroki uchun Sovet Ittifoqi hukumatiga ommaviy ravishda minnatdorchilik bildirish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Muzey ekspozitsiyasi urush yillari va urushdan keyingi davrda respublikalar o‘rtasidagi o‘zaro yordam haqida so‘zlovchi fotosuratlar, kinoxronika va boshqa materiallarni o‘z ichiga olgan edi. 1996-yilda bu obyekt Olimpiya shon-shuhrati muzeyiga aylantirildi va eski muzey haqidagi xotira deyarli yo‘qoldi.
O‘tish davri
Mustaqil nashr va ixtilovchilar harakatining rivojlanishi bilan xalqlar do‘stligining mafkuraviy modeli izdan chiqa boshladi. 1960-yillarning oxiriga kelib, sovet respublikalarida rasmiy targ‘ibot ta’siriga unchalik moyil bo‘lmagan milliy yo‘nalishdagi ziyolilar qatlami shakllandi. Olimlar, yozuvchilar va publitsistlar o‘z xalqlari madaniyatini anglay boshladi, adabiy-badiiy shakllarda tarixiy hikoyalar yaratdi, "biz"ni "ular"dan ajratib turadigan o‘ziga xos, noyob jihatlarni izlay boshladi. Shunday qilib, hali siyosiy tusga kirmagan madaniy shakldagi milliy o‘zlikni anglash jarayonlari boshlandi.
Shu bilan birga, vertikal tengsizlik muammosi hali ham saqlanib turdi. Madaniyatshunos Igor Yakovenkoning yozishicha, "ukalar" bag‘rikeng va murosasiz bo‘lishi kerak edi, "katta aka", ya‘ni ittifoqdosh respublikalarda yashovchi ruslar esa ko‘pincha mahalliy tillarni o‘rganishga yoki mahalliy madaniyatga qo‘shilishga intilmadi.
Toshkentdagi bayram namoyishi. 1971-1972-yillarga oid ochiqxat. Surat: Tashkent Retrospective
Milliy o‘zlikni anglash jarayoni va o‘ziga xoslikka bo‘lgan talabning o‘sishi maishiy irqchilikning kuchayishi bilan birga kechdi. Sovet davrining oxiriga kelib, bu muammo tobora yaqqol ko‘zga tashlandi. Moskva, Leningrad va RSFSRning boshqa imtiyozli shaharlariga milliy respublikalar aholisi ommaviy ravishda ish yoki ta’lim izlab ko‘chib kela boshladi.
"Savdogarlar va oddiy ishchilar, talabalar va o‘z kasbining ustalari Sovet Ittifoqining yuragida muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini fuqarolarning tengligi tamoyili bilan g‘oyaviy bog‘lagan edi va faqat kam qatlamgina muvaffaqiyatga intilishda aynan tengsizlik ularni bu yerga etaklab kelganini his qilgan", — deb yozadi kanadalik tarixchi Jeff Saxadeo "Sovet chekkalarining ovozi" kitobida.
Tadqiqotchi o‘z oldiga shunday savol qo‘yadi: sovet megapolislari imtiyozli tub rus aholisi — "oq tanlilar" hududi bo‘lganmi yoki u yerlar haqiqatan ham inson kelib chiqishidan qat’i nazar, hamma uchun ochiq edimi?
Slavyan bo‘lmagan sovet respublikalaridan kelgan migrantlar "teri rangiga befarq bo‘lgan davlat ularni ham ijtimoiy, ham geografik jihatdan qo‘llab-quvvatlashiga, kasb tanlashda o‘zlari uchun bo‘lmasa ham, hech bo‘lmaganda farzandlari uchun erkinlik berishiga chin dildan ishongan".
Biroq, haqiqat boshqacha bo‘lib chiqdi:
"Migrantlar [sovet milliy respublikalaridan] o‘zlariga nisbatan hurmatsizlik, yomon qarashlar, mensimaslik yoki kamsitish kabi irqchilik holatlarini seza boshladi, garchan zo‘ravonlik holatlari G‘arb shaharlaridagi mahalliy qora tanlilarga nisbatan shafqatsizlik darajasigacha yetmasa ham".
Nomutanosiblik to‘planib boraverdi va qayta qurish davrida millatlararo munosabatlar tizimi darz ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, "rus va rus emas" dixotomiyasidan tashqari, ittifoqdosh respublikalarda ko‘plab yashirin muammolar va eski ziddiyatlar mavjud edi. Ularning ko‘pchiligida Sovet Ittifoqi tarkibidan chiqish harakati avj oldi.
Dnestrbo‘yi, Qorabog‘, Gruziya, Ukrainadagi harbiy mojarolar sovet davrining so‘nggi o‘ttiz yilligida sovet xalqlar do‘stligi g‘oyasi sovet davlatining o‘zi bilan birga parchalanib ketganini ko‘rsatdi.
Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi "Kimyogar va metallurg" haykali (1978-yil). Hozirgacha saqlanib qolmagan. Surat: Tashkent Retrospective
Xotirasiz bayram
Sovet mafkurasida bu tushuncha markaziy o‘rin tutishiga qaramay, Sobiq Ittifoqda rasmiy xalqlar do‘stligi bayrami mavjud emas edi. Ko‘chalar, maydonlar, konsert zallari, Xalqlar do‘stligi ordeni, Xalqlar do‘stligi universiteti bor edi — lekin aniq sana bo‘lmagan.
Har yili 30-iyulda nishonlanadigan zamonaviy Xalqaro do‘stlik kuni (International Day of Friendship) 2011-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ta’sis etilgan. Uning tashabbuskori YUNESKO bo‘lib, Xalqaro tinchlik va zo‘ravonliksiz madaniyat o‘n yilligi (2001-2010-yillar) doirasida amalga oshirilgan Tinchlik madaniyati bo‘yicha Deklaratsiya va Harakat dasturi unga asos bo‘ldi.
O‘zbekiston bu sana rasman tan olingan postsovet hududidagi yagona davlatdir. Yangi bayram — Xalqlar do‘stligi kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun 2021-yil 10-fevralda qabul qilingan. Uning nomi beixtiyor sovet o‘tmishiga ishora qilsa-da, bayramning o‘zi O‘zbekistonning ksenofobiyaga qarshi kurashish va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro madaniy diplomatiya yo‘lidan borishga urinishini aks ettiradi.
Qozog‘istonda 1996-yilda Birinchi may o‘rniga ta’sis etilgan Xalq birligi kuni bunga o‘xshashdir. U ham totuvlik va do‘stlik g‘oyalariga suyanadi, ammo endi millat-davlat ma’nosida. Rossiya, Tojikiston va Sobiq Ittifoqning boshqa mamlakatlarida Xalqaro do‘stlik kuni rasmiy maqomga ega emas, lekin ba’zan jamoaviy yoki shaxsiy tarzda nishonlanadi.
Maqola yoqdimi? Instagram va Telegramda bizni qo‘llab-quvvatlang — u yerda yanada qiziqarliroq ma’lumotlarni topishingiz mumkin.



