Kiyevlik Savitskiy qanday qilib Nukusga kelib qolgan?
Kiyevlik professor-ziyolilar oilasida tug’ilgan Igor Savitskiy Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘rta Osiyoga kelib qolgan. U 1941-yilda Surikov nomidagi Moskva davlat san’at institutiga o‘qishga kiradi va oliygoh bilan birga Samarqandga evakuatsiya qilinadi. U bu yerda nafaqat mintaqaning madaniy merosini o‘zlashtirdi, balki Konstantin Istomin va Robert Falk bilan ham tanishdi — keyinchalik bu rassomlarning asarlari Nukus muzeyi kolleksiyasini bezadi.
Savitskiy o‘mrining burilish nuqtasi uning urushdan oldin arxeolog Sergey Tolstov tomonidan boshlangan Xorazm ekspeditsiyasidagi ishtiroki hisoblanadi. 1950-yilda Savitskiyni ekspeditsiyaga rassom sifatida taklif qilishdi — u qazilmalar, Xorazmning qadimiy qal’alari va qoraqalpoqlar hayotidan lavhalar chizdi.
1950-yillarning oxirida Savitskiy O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston filialiga ishga o‘tadi va u yerda yosh olim Marat Nurmuhamedov rahbarligida etnografik tadqiqotlarda ishtirok etadi. 1950-yillarning o‘rtalarida ularning uchrashuvi muzeyning kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Nurmuhamedov O‘zSSR FA Qoraqalpog‘iston filialini boshqargan. Savitskiy dastlab u yerda rassom sifatida ro‘yxatga olingan va aslida bo‘lajak muzey kolleksiyasining asosini shakllantira boshlagan. Fanlar akademiyasi qoshidagi mo‘jazgina kabinetda Savitskiy dastlabki eksponatlarni — qadimiy sopol buyumlar namunalarini, terrakota haykalchalarini, qoraqalpoqlarning milliy liboslari va zeb-ziynatlarini va eng muhimi — kartinalarni yig’adi.
Aynan shu davrda Savitskiyda Nukusda badiiy muzey tashkil etish g‘oyasi paydo bo‘ladi. Keyinchalik u dunyoga ushbu o‘lka xazinalarini va o‘sha paytda taqiqlangan avangard durdonalarini namoyish etadi.
“Igorni hamma ham tushuna olmasdi”, — deya eslagan Nurmuhamedov. — “Ko‘pchilik uni g‘alati deb bilardi, chunki u muzeydagi pechkalarni o‘zi yoqar, tong yorishishi bilan derazalarni shamollatish uchun ochar, o‘z kvartirasini boshqalarga berib, o‘zi esa kolleksiya yonida yashar edi”. Uzoq Qoraqalpog‘istonda ishlash uchun Moskvadagi karyerasidan voz kechgan Savitskiy ba’zilar uchun telbadek ko‘rinardi.
Uning qo‘llari xuddi ishchining qo‘llaridek, tirnoqlari ostida qora kir o‘rnashib qolgan — bu ekspeditsiyalarda ishlashning oqibati edi. Shu bilan birga, u g‘oyat mehribon va saxovatli inson bo‘lgan: o‘zining kamtarona maoshidan muhtojlarga yordam ko‘rsatgan. O‘z mablag‘ining salmoqli qismini esa muzey ehtiyojlariga sarflagan.
"Uni ma’mur deb ham bo‘lmasdi. Ozg‘in, sochlari to‘zg‘igan, trikoda yurardi — xuddi aqldan ozgan professor kabi," — deb eslaydi 1984–2015-yillarda muzeyga rahbarlik qilgan Marinika Babanazarova.
"Ba’zan kulgili voqealar ham bo‘lib turardi. Bir kuni u soqol-mo‘ylovini olmasdan, kostyumsiz obkomga otlandi va to‘satdan galstugini qididrib qoldi. Yordamchisi unga galstuk uning bo‘ynidaligini, lekin orqaga tashlab qo‘yilganini aytdi. U go‘yoki osmondan tushgan kabi g‘aroyib ijodkor inson edi. Shuning uchun ham uning ko‘p xatolarini kechirishar edi — shu jumladan moliyaviy tomondan ham".
1957–1966-yillarda Savitskiy Qoraqalpog‘iston ASSR hududlari bo‘ylab ko‘plab ekspeditsiyalar uyushtirib, xalq kashtalari, o‘tovlar, idish-tovoqlar va kiyim-kechaklarning ulkan kolleksiyasini to‘pladi. O‘sha paytda bu narsalar bilan deyarli hech kim qiziqmasdi — an’anaviy san’at o‘tmish sarqiti sifatida qabul qilinardi. Ammo professional rassom Savitskiyning o‘ziga xos tasavvuri bor edi: u bu narsalarning ortida butun bir madaniyat dunyosi borligini va u yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini tushunardi.
1960-yillarning boshlarida Savitskiy o‘z kolleksiyasini ommalashtirish uchun birinchi qadamlarni qo‘ydi. Do‘stlarining qo‘llab-quvvatlashi tufayli u dastlab Nukusda, keyin Toshkentda va 1960-yilda Moskvada qoraqalpoq xalq san’atining bir nechta ko‘rgazmalarini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi.
Uning Moskvadagi ko‘rgazmasi katta muvaffaqiyat qozondi: poytaxt jamoatchiligi ilk bor qoraqalpoqlarning o‘ziga xos gilamlari, kashtalari va zargarlik buyumlarini ko‘rdi. Bu tadbir ittifoqdosh mutaxassislarning e’tiborini jalb etdi va Qoraqalpog‘istonda alohida badiiy muzey tashkil etish zarurligini asoslovchi dalil bo‘ldi. Shundan so'ng Savitskiy hokimiyatdan Nukusda San’at muzeyini tashkil etishni iltimos qila boshladi.
Dastlab, muzey qoraqalpoq amaliy san’ati va qadimiy buyumlar to‘plami sifatida tashkil qilinishi kerak edi — tasviriy sanʼat asarlariga esa Savitskiy unchalik qiziqish bildirmagan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan aynan tasviriy sanʼat asarlari, ayniqsa avangard janridagi ishlar, muzey kolleksiyasining tashrif qog‘oziga aylanib, uning sayyohlik qiyofasini shakllantirdi.
"Biz bugun go‘yo "avangard" atamasining asiriga aylanganmiz... Savitskiyning o‘zi hech qachon kolleksiyaning bu qismini "avangard" deb atamagan, u buni "20-30-yillar san’ati" deb aytgan," — deya ta’kidlaydi Babanazarova. — "Uning uchun bu shunchaki rasmiy qonunlarga kiritilmagan san’at edi. Ularning orasida taqiqlangan va shunchaki tan olinmagan rassomlar ham bor edi... Uning vazifasi Sovet Ittifoqi muzeylaridagi kabi sterillangan, mafkuraviy jihatdan tozalangan kartinalarni emas, balki 1920-30-yillarning haqiqiy manzarasini ko‘rsatish edi."
Rossiyadan tashqarida joylashgan Savitskiy muzeyining eng yirik avangard to‘plamining obro‘si qayta qurish davrining boshida shakllandi. "Va shu payt birdaniga avangard atamasi mashhur bo‘lib, super modaga aylandi. Bizda esa bu janrdagi ishlar ko‘p edi! Holbuki, bu boshqa joylarda yo‘q bo‘lib ketgan yoki xususiy kolleksiyalarda saqlanayotgan o‘sha san’at qatlami edi," — deya eslaydi Babanazarova.
Bunday g‘oyani amalga oshirishning o‘zi bo‘lmasdi — buning uchun rasmiy ruxsatnoma va katta mablag‘ talab etilardi. Lekin bu yerda ham Savitskiyga uning safdoshlari yordamga keldi.
Nurmuhamedov va boshqa zamondoshlari
Nurmuhamedov ilmiy faoliyatdan tashqari, ijtimoiy hayotda ham sezilarli rol o‘ynagan: u nafaqat akademik, balki Qoraqalpog‘iston viloyat partiya qo‘mitasining mafkura bo‘yicha kotibi ham bo‘lgan. Aynan Nurmuhamedov dastlabki ko‘rgazmalarni tashkil etishga ko‘maklashdi va rahbarlarni Savitskiy faoliyatining muhimligiga har tomonlama ishontirishga harakat qildi.
Zamondoshlarning gapiga ko‘ra, Sovet hokimiyati haqida salbiy fikr bildiradigan Savitskiyni Nurmuhamedov yashirincha qo‘llab-quvvatlagan. Muzeyning bo‘lajak direktori, Nurmuhamedovning qizi Marinika Babanazarova eslashicha, Savitskiyning bu odatlari Nurmuhamedovning homiyligi va Nukusning ittifoq Markazidan uzoq joylashganligi tufayli e’tiborsiz qolgan edi. O‘sha yillarda Qoraqalpog‘iston ASSR chekka joyda joylashgan aholi punkti, Nukus esa yopiq harbiy shahar bo‘lib, u yerga deyarli samolyotlar uchmas, poyezdlar qatnamas edi.
Savitskiy kolleksiyasini boyitish uchun ko‘lidan kelgan hamma narsaga tayyor edi. Yangi san’at asarlarini xarid qilish uchun pul doimo yetishmagan va Savitskiy qimmatbaho topilmalarni sotib olish maqsadida ko‘pincha qarzga botgan. Ba’zan uni aldab ham ketishar, muzey buxgalteriyasi tushunarsiz, moliyaviy hisobotlar esa mukammallikdan ancha yiroq edi.
“Igor Savitskiyning vafotidan keyin muzeyga uning nomini berish kerak, tirikligida esa uni moliyaviy tartibsizliklar uchun ikki yilga qamoqqa tiqish kerak”, — deb Nurmuhamedov hazillashardi. Bu so‘zlarda jon bor edi. Chunki san’atni qutqarish yo‘lida Savitskiy chindan ham ba’zan rasmiy qoidalarni buzgan.
Nurmuhamedovdan tashqari, Savitskiyning eng yaqin yordamchilari orasida Qoraqalpog‘iston madaniyatining o‘sha yillardagi boshqa vakillari ham tilga olinadi.
Rassom Kidirboy Soipov va bir necha mahalliy ishtiyoqmandlar badiiy muzey tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, ko‘rgazma uchun joy topish maqsadida Savitskiy bilan birgalikda idorama-idora yurgan. Muzeyning dastlabki xodimlari orasida yosh haykaltarosh, keyinchalik taniqli usta va akademik Joldasbek Quttimuratov ham bor edi. Restavrator sifatida Savitskiy bilan ishlagan paytida u ko‘p narsalarni o‘rganadi va keyinchalik qoraqalpoq xalqining obrazlar galereyasini yaratib, mashhur haykaltarosh sifatida taniladi.
1950-yillarning oxiri — 1960-yillarning boshlarida Qoraqalpog‘istonning ijodkor ziyolilari Savitskiyning g‘oyalaridan ilhomlanib, uning atrofida safdoshlar davrasini shakllantiradi.
Ammo muzey faqat ishtiyoq emas, balki siyosiy iroda va moliyaviy ta’minotni ham talab etgan.
Muzey uchun 3 million
1963-1984-yillarda Qoraqalpog‘iston ASSRni boshqargan Qallibek Kamalov shunday bir shaxs ediki, uning ishtiroki va ma’muriy resurslari bo‘lmaganida, Savitskiy muzeyi vujudga kelmasligi mumkin edi. 1960-yillarning boshlarida Savitskiy Kamalovga murojaat qilib, muzey tashkil etish uchun o‘sha davr uchun juda katta mablag‘ — 3 million rubl ajratishni so‘raydi.
Kamalov Savitskiyning so‘rovini Qoraqalpog‘iston ASSR (QQASSR) moliya vaziriga yetkazganida, u vahimaga tushib, O‘zSSR moliya vaziri byudjet pullari ortiqcha sarf qilingani uchun "uning kallasini olishi" mumkinligini aytadi. Shunda birinchi kotib: “Kallangni kim olishining farqi nima — O‘zbekiston moliya vazirimi yoki menmi? Baribir kallasiz qolasan....”
Qallibek Kamalov va Marat Nurmuhamedov.
Babanazarova Kamalovga "savodli, uzoqni ko‘zlay oladigan rahbar" deya taʼrif beradi. Bu yerda siyosiy kontekstni ham tushunish muhim. Chunki o‘sha paytda respublikaga nufuzli olimlar va akademiklar kelar. Masalan, akademik Aleksandr Yanshin kelgan. Ularning barchasi muzeyga tashrif buyurib, ko‘rgazmadan taʼsirlanar va muzey uchun yangi bino qurish g‘oyasini ilgari surishga yordam berar edi.
"Ular bizning rahbarlarimizga real ta’sir ko‘rsatgan. Ular oddiy mehmonlar emas, balki akademiklar, professorlar, Moskvaning yirik arboblari edi."
Kamalov ajratgan pullar muzey ochilishiga emas, balki sanʼat asarlarini sotib olishga sarflanar edi. Babanazarovaning aytishicha, yakuniy qarorga Kamalovning shifokori, professor Sergey Yefuni ta’sir ko‘rsatgan. U kishi cho‘zib o‘tirmasdan, "Saviskiyga pul ber. U katta ish qilyapti", — degan.
Olis avtonom respublikadagi tushunarsiz san’at muzeyiga bunchalik katta mablag‘ ajratilishi yuqori hokimiyatning g‘azabini qo‘zg‘ashi mumkin edi. Shunday bo‘lsa-da, Kamalov tavakkal qildi. Bu pullarga Savitskiy va uning xodimlari Nukus shahri markazidagi Qoraqalpoq o‘lkashunoslik muzeyi binosidagi xonalarni jihozlashni va eksponatlar sotib olishni boshladi. Keyinchalik, QQASSR Vazirlar Kengashi Nukus muzeyiga san’at asarlarini sotib olish uchun har yili mablag‘ ajratadigan bo‘ldi.
Kamalov loyihani amalga oshirilishini shaxsan nazorat qilish bilan cheklanib qolmay, balki sovet mafkurasi nuqtai nazaridan shubhali bo‘lgan avangard san’at asarlarini saqlash va namoyish etishga ham amalda ruxsat bergan edi. Keyinchalik u shunday degan: “Savitskiy qoraqalpoq xalqi uchun hech bir qoraqalpoq qila olmagan ishlarni qildi”.
Savitskiy muzeyga sog‘lig‘i va umrini baxshida etdi. 1980-yillarning boshiga kelib, arxeologik topilmalarni tozalashda ishlatiladigan formalin bug‘lari uning salomatligini butunlay izdan chiqargan edi. U 1984-yil 27-iyulda Moskvada davolanayotganda vafot etdi. Lekin u o‘z muzeyi uchun yangi xaridlar bo‘yicha badiiy ustaxonalar bilan kelishib olish maqsadida hatto kasalxonadan ham qochib ketishga urindi.
Igor Savitskiy. Foto: fergananews.com
Ustaning vafotidan keyin do‘stlari uning kolleksiyasining naqadar katta ekanligini anglab yetdi: san’at asarlari yuklangan ikkita temir yo‘l vagoni Moskvadan Qoraqalpog‘istonga jo‘nab ketdi. Urushdan keyingi eng yaxshi sovet muzeylaridan birining asoschisi Nukusdagi xristianlar qabristoniga dafn qilindi. Do‘stining o‘limidan ikki yil o‘tib Nurmuxamedov ham vafot etdi (1986-yilda), ammo u 1984-yilda Savitskiy yaratgan muzeyga uning nomi berilganini ko‘rishga ulgurdi. Qoraqalpog‘istonda Nurmuhamedovni muzeyning hammuassislaridan biri deb bilishadi.
Kamalovning siyosiy taqdiri esa dramatik tarzda kechdi — 1984-yilda u o‘z vakolatlarini topshirdi, 1989-yilda esa “paxta ishi” bo‘yicha 15-yilga qamaldi va barcha mukofotlardan, shu jumladan Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvonidan mahrum qilindi. U mustaqil O‘zbekistonda ozodlikka chiqdi.
Savitskiydan keyin
"Savitskiy vafot etganida, uning bir yarim million rubl qarzi bor edi. Bu qarz muzey hisobidan qoplandi. Keyin, 1988-1989-yillarda katta ko‘rgazmaga tayyorgarlik ko‘rayotganimizda qarzlar, to‘lanmagan hisob-kitoblar oydinlasha boshladi. Qayta qurish davri boshlangan edi, didlar o‘zgardi, narx-navo ko‘tarildi - hamma birdaniga bizda haqiqiy xazina borligini tushunib yetdi... Biz juda katta yuklama bilan ishladik, qo‘limizdan kelganini qildik, zaxiradan ko‘rsatish mumkin bo‘lgan hamma narsani chiqardik," — deydi Babanazarova.
"Savitskiy hayotligida avangard atrofida shov-shuv bo‘lmagan va uni qo‘llab-quvvatlaganlar g‘alati deb hisoblangan. Qizig‘i shundaki, xuddi shu g‘alati odamlar o‘zlarini uning shogirdlari deb atay boshladilar," — deydi Babanazarova.
Hozir o‘z vaqtida qarama-qarshi rol o‘ynagan qanchadan-qancha odamlar paydo bo‘ldi. Esimda, muzeyni o‘ta "ruschalashib" ketishida ayblab, bizni tozalashga harakat qilishdi. Ustimizdan arz qilishdi, rus rassomlariga urg‘u bermaslikni talab qilishdi. O‘shanda Savitskiyni hozirgidek "muzey otasi" sifatida qabul qilishmagan edi.
Babanazarova bu tendensiya mustaqillik yillarida ham davom etganligini ta’kidlaydi. "Bizni chaqirtirib olib, "Savitskiyning nomini tilga olmanglar," kabi buyruqlar berishardi".
2025-yilda O‘zbekiston hukumati Savitskiyning “Go‘zallikning buyuk xaloskori” deb ta’riflangan qabrtoshini moddiy madaniy meros ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish taklifini berdi.