Milliy taomlar piramidasi
Oshxona nima? Albatta, bu tushuncha palov, shi,
beshbarmoq yoki befstroganovga borib taqalmaydi. U bir necha pog‘onalardan iborat bo‘lib, o‘ziga xos piramida hosil
qiladi.
Uning asosida maʼlum bir mamlakatda yetishtiriladigan va
ko‘paytiriladigan mahalliy mahsulotlar yotadi. Bugungi kunda ularning "millati"ni
aniqlash ancha qiyin — hammasi allaqachon aralashib ketgan. Biroq, mahalliy
aholining didi va xush ko‘radigan oziq-ovqatlari haqida gapirsa bo‘ladi.
Piramidaning
keyingi pog‘onasi - gastronomik tayyorlamalar, yaʼni achchiq
karam, quritilgan mevalar, dudlangan go‘sht, qimiz
va qatiq. Bu mahsulotlar mustaqil ravishda iste’mol
qilinishi yoki boshqa taomlar uchun o‘ziga xos "yarim tayyor
mahsulot" sifatida xizmat qilishi mumkin.
Piramidaning
tepasiga yaqinroq joyda oshpaz tomonidan
dasturxonga tortiladigan
tayyor taomlar turadi. Ularning milliyligini bir vaqtning o‘zida bir necha jihatlar belgilaydi.
Birinchidan, masalliq yoki ziravor sifatida ko‘pincha
milliy gastronomik mahsulotlar va tayyorlamalardan foydalaniladi. Achchiq karam sho‘rva, suzmali qurutob,
murabboli pirog — bu taomlarning mahalliy jihatlarga ega ekanligi bejiz
emas. Ikkinchidan, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyalari. Eng
yaqqol misol — rus pechi va tandir hamda
mahsulotlarni tuzlash usullari.
Nihoyat, milliy taom tushunchasini dasturxon
an’analari va
dasturxon atrofida shakllangan madaniyat yakunlaydi.
Endi
ushbu sxemani Osiyo va rus oshxonasining ko‘p asrlik o‘zaro ta’sirining
tarixiga nisbatan qo‘llab ko‘ramiz.
Savdo-sotiq – oshxona madaniyatining targ‘ibotchisi
Ruslarning Osiyo taomlari bilan tanishuvi hali Rossiya
ham, ruslarning o‘zi ham yagona xalq sifatida mavjud bo‘lmagan asrlarda
boshlangan. Slavyan
qabilalari Buyuk Ipak yo‘lidagi karvonlardan soliq undirishni o‘ziga kasb qilib
olgan ko‘chmanchilar bilan har kuni to‘qnash kelgan va ular dasht aholisi
iste’mol qiladigan oziq-ovqat va taomlar bilan tanish bo‘lmagan deb taxmin
qilish qiyin.
Shuni unutmaylikki, Don daryosi bo‘ylab o‘tgan mashhur "varyaglar
yeridan yunonlar hududiga eltuvchi yo‘l" dan tashqari, rus knyazlari tez orada Volga
bo‘yidagi savdo ishlarida ham faol qatnasha boshladilar. Rossiya hududida olib
borilgan arxeologik qazishmalar jarayonida topilgan dirhamlar Sharq va Markaziy
Osiyo bilan olib borilgan
savdoning yorqin ashyoviy
dalilidir. Qolaversa, arab
tangalari Vizantiya kumush tangalariga qaraganda bu yerlarda ancha ko‘p topilgan.
Ruslar tovar ayirboshlash jarayonida qanday
mahsulotlar bilan tanishgan? Shubhasiz,
savdo-karvonlarining yuklarida guruch va sharq ziravorlari — zira, kardamon,
zanjabil, za’faron bo‘lgan. Ular sotish uchun bo‘lmasa ham, uzoq yo‘lda o‘zlari
uchun kerak bo‘lib qolar degan ma’noda quritilgan mevalarni ham olib o‘tishgan.
Masalan, anjir. Ipatyev solnomasida (Ипатьевская летопись) rus knyazlarining 1183 yilda polovetslar (ko‘chmanchi
turkiy qabilalar) ga qarshi yurishi haqida hikoya qilinadi, shu bilan birga Dnepr
orqali o‘tgan Anjir ko‘prigi haqida eslatib o‘tiladi. O‘sha davrlarda
savdogarlar ko‘prik orqali shirinliklarni olib o‘tganmi yoki bu meva nimasi
bilandir ko‘prikga o‘xshab ketganmi, nina bo‘lganda ham bugun buni aniqlashning
imkoni yo‘q. Ammo bu nom qadim davrlarda
odamlarga tanish bo‘lgani aniq.
Anjir (foto muallifi Olga
va Pavel Syutkinlar).
Hatto quritilgan shaftoli va o‘rik rus oshxonasida
ko‘p asrlar davomida "sheptala" nomi bilan atalib kelgan. Bu so‘z forscha
"šäftaly"dan kelib chiqqan bo‘lib, "shaftoli" ma’nosini
anglatadi. Rus tarixchisi Aleksandr Tereshenko bo‘lajak imperator Pyotr I ning
tug‘ilishi munosabati bilan o‘tkazilgan ziyofatni tasvirlab, tushlikdan so‘ng
dasturxonga "30 xil
obakidandon, 10 xil ziravorli donsimon shakar, qorag‘at, shakarli meva po‘stlog‘i, shaftoli, patokadagi
zanjabil..." («30 блюд леденцов, 10 блюд зеренчатого сахару с пряностями, смоквы, цукату, шапталы, инбирю в патоке…») kabi taomlar tortilganini qayd etadi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan
so‘zning ma’nosi o‘zgarib ketdi. Taxminan XVIII asr oxirlaridan,
"sheptal" nomi ostida quritilgan o‘rik ham tushunila boshlandi.
Qimizning Rossiyaga kirib kelishi
Avvalroq aytib o‘tganimizdek, oshxona tushunchasi
masalliqlarni tayyorlash jarayonini ham o‘z ichiga oladi. Qadimda har bir millat oshxonasi
sutni aynitib olmaslik uchun uni qayta ishlash ustida bosh qotirgan. Ko‘pincha ushbu
vazifa achitish yo‘li bilan amalga oshirilgan. Bunga Osiyo qimizi yorqin misol
bo‘la oladi.
Qadimgi Rusda qimiz haqidagi birinchi yozuv
Ipatyev solnomasida
qayd etilgan. Ushbu yozuv 1250-yilda
knyaz Daniil Galitskiyning Botuxon qarorgohiga safari bilan bog‘liq voqeani
gavdalantiradi. Unga ko‘ra qarorgohda knyazni
nisbatan iliq kutib olishadi. Mo‘g‘ul sarkardasining o‘zi unga qimiz tatib ko‘rishni taklif qiladi:
“Bizning ichimligimiz bo‘lgan qora sut, yaʼni biya qimizini ichasanmi?” deganida, unga knyaz shunday javob bergan ekan: "Ilgari ichmasdim, sen buyruq berganing uchun ichaman".
Ammo keyin qimiz rus knyaziga yoqmaganini ko‘rib, mo‘g‘ul unga odatdagi ichimlikni yuboradi: "Sut ichishga odatlanmagansan chog‘i, mayli pivo ichaqol".
Biroq, XVI asrdan boshlab, Volga bo‘yi bosib
olingandan so‘ng, rus aholisi qimiz ichimligi bilan yaqindan tanishadi. Yana bir-ikki asr
o‘tgach, uning shifobaxsh xususiyatlari keng e’tirof etiladi. Rus sayyohi va
akademigi Pyotr (Peter) Pallas shunday yozadi: "Boshqird cho‘llariga qimiz
ichish uchun Moskoviya va Dondan kasalmand odamlar kelar, chunki qimiz sog‘liq uchun katta
foyda keltirishini ular
bilgan". 1843-yilda Vladimir Dalning yozishicha, "qimizga
o‘rganib qolgan odam, uni barcha ichimliklardan afzal ko‘radi".
Albatta, ruslar Osiyo xalqlari bilan
aloqalar o‘rnatish jarayonida nafaqat qimiz haqida batafsil ma‘lumotga
ega bo‘ldi. Ivitilgan achigan
sut ko‘plab xalqlarning oshxonasida ishlatiladi. Qurt deb ataladigan tuzlangan va
quritilgan shar yoki silindr shaklidagi sut mahsuloti O‘rta Osiyoda keng
tarqalgan. Ba’zan ular
oddiy quritilgan,
ba’zan esa qaynatib
quritilgan.
Osiyoda
qurt qatiqdan tayyorlanadi, yaʼni qaynab achigan sutdan yoki ayrondan. Qatiq matodan tikilgan xaltachaga solinadi va soya joyga osib qo‘yiladi. Suvi oqib tugagandan keyin qolgan massa (suzma) ga
alohida kichkina shakllar beriladi va ular oftobda quritiladi. Agar qurt sut bilan aralashtirilsa, nordon
lekin tetiklantiruvchi ichimlik hosil bo‘ladi. Don hududlarida u hatto "iran"
degan o‘z nomiga ham ega bo‘lgan va bu "ayron" so‘zini eslatadi.
Yog‘
Rus o‘rta asr manbalarida yog‘ solingan ko‘zachalar, ularning bozorda sotilishi hamda zaxira uchun tayyorlanishi haqidagi ma’lumotlar ko‘p uchraydi. Gap zamonaviy
sariyog‘ haqida emas, balki eritilgan sariyog‘ haqida ketmoqda. "Rus
yog‘i" atamasi XIX
asrning oxirigacha aynan shu mahsulotni anglatgan.
O‘rta asr Rus hududlarida (boshqa mamlakatlarda bo‘lgani
kabi) yog‘ni eritish uning uzoq vaqt saqlanishiga erishishning tabiiy usuli
edi. Sovuq iqlimga qaramay, Markaziy Rossiyada yarim yildan ortiq vaqt mobaynida iliq harorat saqlanib turadi. Har bir rus oilasida qulay va
sig‘imli sovuq yerto‘la bo‘lgan degan
tushuncha bugungi kunda ko‘proq muqobil tarixda qolgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida aksariyat dehqon
xo‘jaliklarida oziq-ovqat mahsulotlarini buzmasdan saqlashning yagona yo‘li — isitilmaydigan dahlizlar hisoblangan. U
yerda eshikdan ko‘chaga goh sovuq havo esar, goh ichkaridagi xonadan pechdan
taraladigan issiq havo kelar edi. Shaharlardagi hunarmandlar va
posadlarning hovlilarida ham har doim yerto‘lalar bo‘lavermagan. Shining uchun, yog‘ni qayta eritish
hayotiy zarurat hisoblangan.
Pyotrgacha
bo‘lgan davrda sariyog‘ tez buziladigan mahsulot bo‘lib, cheklangan miqdorda
isteʼmol qilingan. Rossiyaliklar Boltiqbo‘yi mintaqasiga chiqqandan keyingina tayyorlash
jarayonida yuvib, tuzlanadigan
"Chuxon yog‘i" bilan tanishgan. U ancha yaxshi saqlangan va deyarli
taxir bo‘lmagan.
Eritilgan sariyog‘ (rasm — Olga va Pavel Syutkinlar)
Ammo qiziq jihati shundaki, eritilgan va
"chuxon yog‘i" o‘rtasidagi tanlov aslida oddiy "oziq-ovqat
masalasi"dan ancha chuqurroq edi. Vladimir Dalning ta’kidlashicha, "qaymoqdan yog‘
chiqarish odati barcha chuxon yoki, to‘g‘rirog‘i, chud, yaʼni fin avlodlariga xos bo‘lgan, uni
eritish bilan esa turk yoki tatar va mo‘g‘ul qabilalari shug‘ullangan. Mana shu
arzimas odat orqali, bizda shubha uyg‘otgan
joyda
bu ikki avlod haqida batafsil bilib olish mumkindek tuyuladi".
Bu maʼnoda Rossiyada Osiyo va Shimoliy Yevropa madaniyatlari
uyg‘unlashgani yaqqol seziladi, buni hatto oddiy bir taom misolida ham ilg‘ash
mumkin.
Manti, kundyum va levash
Tabiiyki, rus oshxonasiga mahsulotlar bilan birga
tayyor osiyo taomlari ham kirib kelgan. Bu haqida hech bo‘lmaganda oshpazlik terminologiyasi — "lapsha", "salma" (salamata), "kundyub",
"peremech", "belyash" va boshqa so‘zlar turkiy tillardan kirib kelganligini bildiradi.
Qadimgi rus chuchvarasining "kundyub"
nomi "kyunda" so‘zidan olingan bo‘lib, hozirgi kunda ham ozarbayjon
tilida non tayyorlashda ushlatiladigan xamirturushni anglatadi. O‘rta Osiyo mantilari esa rus oshxonasida besh
asrdan beri isteʼmol
qilinadi. 1610-13-yillarda Moskvada yozilgan "Podsho taomlarining
ro‘yxati" («Роспись царским кушаньям») asarida shunday yozilgan: "Laganda manti, ichida esa qo‘y
go‘shtining ikki bo‘lagi" («На блюдо манты, а в нее две части баранины»). Rus tiliga "manti" so‘zi turkiy
tillardan o‘tgan, ammo uning kelib chiqishi xitoycha "mantou" ("to‘ldirilgan
kalla")
so‘ziga borib taqaladi.
Rus oshxonasidagi qadimiy kundyumlar dastlab pechda pishirilib, keyin unga sho‘rva yoki smetana
qo‘shilgan (rasm — Olga va Pavel Syutkinlar)
Oshpazlik madaniyati bilan bog‘liq asosiy
atamalar ham Osiyodan kirib kelganini ko‘pchilik bilmaydi. "O‘choq"
(«Очаг») so‘zi — turk va
qrim-tatar tilidagi оǯаk so‘zidan, tatar tilidagi — uchak so‘zidan olingan (ikkala holatda ham "olov"
ma’nosini anglatadi). Badya, stakan, charka, bezmen, balik, arbuz, tuzluk — bularning hammasi turkizmlar hisoblanadi. Hatto fransuzcha eshitiladigan "bakaleya"
so‘zi ham rus tiliga turk tilidan kirib kelgan, baqqol so‘zi, yaʼni "sabzavot sotuvchi" degan
ma’noni anglatadi.
So‘zlar ko‘pincha nafaqat o‘xshash
nomlarni ifodalaydi, balki ba’zan shunga o‘xshash tayyorlash texnologiyasini ham ko‘rsatadi. Rus
madaniyatining o‘rta asr yozuv
yodgorligi bo‘lmish "Domostroy" asarida (1550-yillar) "levashlar" so‘zi
bir necha bor tilga olingan: "Bu mevalarni juda uzoq pishirish kerak,
pishgandan so‘ng elakdan o‘tkazib, patoka bilan quyuq qilib bug‘lash lozim...
Yaxshi quyuqlashgach, taxtalarga quyib, quyoshda yoki pech yonida quritish va
naychalarga o‘rash kerak." Bunga o‘xshash mahsulot hozirgi kunda
Ozarbayjonda "lavashana" deb ataladi. Ta’kidlab o‘tish lozimki, ushbu
taomda ham, qadimgi rus taomida ham oddiy lavash, yaʼni yupqa qilib
yoyilgan yopgan nonning aks-sadosini ko‘ramiz.
Osiyoda taomlanish qoidalari
Asrlar o‘tgan sari oshpazlik san’ati va dasturxon tuzash odobi asta-sekin
rivojlanib borgan. Hatto tatar-mo‘g‘ul bosqini va undan keyingi protektorat ham
bu jarayonni uzoq ushlab turmagan. Shuni unutmaylikki, mo‘g‘ullarning o‘zlari
ham Rus davlatini istilo qilishdan oldin Xitoyda, O‘rta Osiyo davlatlarida va Sharqiy Yevropada boy
ziyofatlar o‘tkazish tajribasiga ega edilar. Dasht an’analariga bo‘lgan ishtiyoqga qaramay,
Oltin O‘rda xonlarining bazmlari unchalik darveshona bo‘lmagan, yorliq
olish uchun u yerga borgan
rus knyazlari esa bunga shaxsan ishonch hosil qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Osiyoliklarga
хos tantanali ziyofatlarning
puxta tartibga solinganligi asta-sekin rus knyazlarining turmush tarziga aylandi. Knyaz
Vladimir o‘z drujinachilari bilan mansabga ham, unvonga ham e’tibor bermay
ziyofat qiladigan zamonlar o‘tib ketgan. Buyuk knyaz ham, xuddi mo‘g‘ul xoni
singari, alohida stol atrofida o‘tirib, ziyofatning u yoki bu ishtirokchisiga
o‘zining xayrixohligini ko‘rsatishi, o‘z nomidan non yoki tuz yuborishi kerak
edi.
Moskva Kremlining Granovitiy
palatasida podshoh ziyofati (1613-yil).
Nihoyat, Osiyodan kirib kelgan yana bir an’ana -
stolni erkaklar va ayollar uchun ajratish. Rus davlatida ayollar deyarli XVII
asrgacha uyning yarmida erkaklardan alohida ziyofat berishgan. Ziyofatning o‘rtasidagina uy
bekasi o‘z o‘g‘illari, aka-ukalari, jiyanlari va umuman qarindosh-urug‘larining
ayollari bilan mehmonlar uchun ichki xonalardan qadahlarda vino ko‘tarib chiqar
edi.
Jamoat joylariga kelsak, hatto XIX asrning o‘rtalarida ham Rossiyada
odobli ayol traktir
yoki restoranga faqat erkak hamrohligida kelishi mumkin edi.
Bevosita aloqa
Yuqorida
aytib o‘tganimizdek, Markaziy Osiyo taomlari
Rossiyada qadimdan tanish bo‘lgan. Oshxona madaniyati savdogarlar, askarlar yoki umuman sayohatchilarning
hikoyalari orqali kirib borgani u boshqa masala.
Ba’zida yaqin aloqalarni ham kuzatish mumkin edi. Masalan, 1722-23 yillardagi Petrning
Eronga harbiy yurishi yoki Kaspiy dengizi qirg‘oqlari bo‘ylab kazaklarning
"zipun yurishlari" mahalliy mahsulotlar va taomlar bilan tanishish
imkoniyatini berdi. Ammo bu harbiy harakatlarning tezkorligi oshpazlik
an’analarini tizimli ravishda o‘zlashtirishga imkon bermadi.
Rossiya
O‘rta Osiyoga o‘zining siyosiy va iqtisodiy
taʼsirini o‘tkazish uchun boshlagan qadamlaridan so‘ng hamma narsa o‘zgardi. 1840-yillarda qozoq juzlarining
qo‘shib olinishi XIX asrning ikkinchi yarmida Qo‘qon va Xiva xonliklariga
qarshi yurishlarga hamda Buxoro amirligi va Turkmanistonni bosib olishga imkon
berdi.
Rus oshxonasi bu jarayonlarga qanchalik tez munosabat
bildirgani hayratlanarli. 1837-yilda Moskvada mashhur oshpaz Gerasim
Stepanovning "Osiyo dasturxonini o‘z ichiga olgan tajribali rus
oshpazining eng so‘nggi qo‘llanmasi" kitobi nashr etildi. Unda muallif shunday yozadi: "Ushbu kitobda Osiyoda
dasturxon tayyorlash haqidagi ma‘lumotlar, menimcha, Rossiyada ilk bor yozilgan
bo‘lsa kerak".
Aynan shu kitobda "Yosh pulyardka (semiz tovuq
go‘shti) qo‘shilgan palov"ni topish mumkin. Lekin "Qozonga tariq soling"
degan maslahat sizni chalg‘itib qo‘ymasin. Gap XIX asr oxirigacha
Rossiyada mavjud bo‘lgan saratsin tarig‘i – guruch nomi haqida ketmoqda.
Markaziy Rossiya aholisi Markaziy Osiyo va Kavkazorti
oshxonalarini batafsil o‘rganib, munosib baholay boshlagan davr XX asrga
to‘g‘ri keladi. Biroq bu butunlay boshqa hikoya bo‘lib, uni keyingi maqolamizda
bayon etamiz.





