Ogohlantirish
Dina Rubinaga nima bo‘ldi?
Dina
Rubina bilan bog‘liq mojaro uning 20-iyul kuni “Дождь” telekanalida bergan
intervyusidan so‘ng avj oldi. Yozuvchining boshlovchi Mixail Kozirev bilan
suhbati asosan adabiy yo‘nalishda bo‘ldi: Rubina asarlari uchun syujet topish, yozuvchilik faoliyatiga
yondashuv, Isroilga ko‘chib ketganligi
va mahalliy jamiyatga moslashish tajribasi haqida so‘zladi.
Biroq, suhbatning YouTube’dagi
videoyozuviga kiritilmagan qismlari eng ko‘p muhokamaga sabab bo‘ldi. 22-iyul
kuni Kozirev o‘zining Facebook sahifasida suhbatning qirqib olingan qismini
joylashtirdi hamda HAMASning Isroilga hujumi hamda Isroil qo‘shinlarining G‘azo
sektoriga javob zarbasiga oid Rubinaning uchta eng shov-shuvli iborasi rasmiy e’lon
qilingan intervyuga kiritilmaganini qo‘shimcha qildi.
Kozirev Rubinaning gaplarini qisman keltirib
o‘tgan:
“Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega. U ularning hammasini xlorid kislotada eritish huquqiga ega. Hatto G‘azoni tozalab, uning o‘rniga avtoturargoh qurish huquqiga ega. Chunki u yerda hech qanday tinch aholi yo‘q, yo‘q! Bir o‘qituvchi isroillik askarning boshini muzlatgichda, boshqasi esa jasad qoldiqlarini qayta sotish uchun yerto‘lada saqlagan. Menga “tinch aholi” haqida gapirmasinlar.”
Kozirevning
aytishicha, Rubina bilan intervyuning yakuniy varianti kelishilgan, ammo qirqib
olingan fikrlar kelishilmagan. 29-iyul kuni yozuvchi o‘zining Facebook
sahifasida “Дождь”
boshlovchisining postiga izoh berib, uni bu jumlalarni “hissiy va mantiqiy kontekstdan”
ajratib olganlikda
aybladi.
“Bu hatto tuzoq ham emas, bu
shunchaki o‘tkir kontekstga joylashtirilgan so‘zlarga yashirincha ma’no berib, ularni mohirona
boshqarishdir. Agar bularning barchasi siz uchun haddan tashqari
murakkab bo‘lsa, mana sizga
oddiyroq nom: razillik. Razillik va nayrangbozlik”, — deb yozadi yozuvchi.
Qizig‘i shundaki, ushbu suhbatdan ko‘p
o‘tmay, Toshkentda 10-oktyabr kuni “Turkiston” saroyida bo‘lib o‘tishi
rejalashtirilgan Rubinaning kitobxonlar bilan uchrashuviga chiptalar sotilishi
to‘xtatildi. Shundan so‘ng Rubinaning
turmush urtog‘i yozuvchining
chiqishlari Qozog‘iston va Gruziyada ham bekor qilinganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda Rubina rus tilidagi Toshkent
haqidagi “Ko‘chaning quyoshli tomonida” nomli eng mashhur roman muallifi
sifatida tanilgan. Ushbu asar uchun u 2007-yilda Rossiyaning «Большая книга» mukofotiga sazovor bo‘lgan.
Shuningdek, Rubinaning
kichik hajmli asarlari, jumladan, adabiy faoliyatining Toshkent davri haqidagi
avtobiografik hikoyalar turkumi ham bor. Lekin ular keng ommaga unchalik tanilmagan. Rubinaga
tegishli deb hisoblanayotgan “Panelda” hikoyasida muallif sovet davridagi o‘zbek
adabiyotida atigi “uch-to‘rt
kishi ishlagan... va ular
adabiy oqsoqollar legioniga xizmat qilgan” deb ta’kidlaydi yozuvchi.
Bu hikoyada o‘zbek yozuvchilari chala savod, layoqatsiz va iste’dodsiz shaxslar sifatida
tasvirlangan,
matnning o‘zi esa 2025-yilda ksenofobiyani eslatadigan iqtiboslarga to‘la:
“Bir necha kundan so‘ng meni Yozuvchilar uyushmasining kotibi, garchi savodsiz bo‘lsa-da, o‘zbek adabiyotining mashhur namoyandasi huzuriga chaqirdi. U bir paytlar uzoq yoshligida Chimyon tog‘laridagi yaylovlarda mol boqqan va rubobni ham yaxshi chalgan, hatto tuman xalq iste’dodlari ko‘rik-tanlovida sovrin ham olgan ekan. Aslida hammasi o‘sha tanlovdan boshlanib, oltin muqovali o‘n olti jildlik asarlar to‘plami bilan yakunlangan. Uyushma kotibining xonasida boyagi ulug‘ adib ham o‘tirardi. Stol ustida esa qalin papka yotardi, uni ko‘rib sergaklandim.Xato talaffuzlarga boy rus tilida u:- Biz sening ijodingni kuzatyapmiz, — deya gap boshladi sobiq cho‘pon vazirona jilmayib. — Qaror qabul qilindi: senga topshiriq beriladi. Katta roman bor, mashhur.”(Rus tilidagi matnda asl nusxaning imlo va tinish belgilari saqlab qolingan — HD magazine).
Bu matn
rus tilida ijod qiluvchi yozuvchilar imtiyozli mavqega ega bo‘lgan sovet adabiy
doirasidagi norasmiy pog‘onaviylikga
ishora qiladi. Shuningdek, u madaniyatlar tengsizligi haqidagi qoliplarni yaqqol namoyish etadi: guyoki rus, xususan, Lermontov nasri “maftunkor adabiy tilda” yozilganu, o‘zbek nasri esa sodda
va qoloq tarzda tasvirlangan.
Dina Rubina Toshkentda kitobxonlar bilan
uchrashuvda, 2018-yil. Foto: podrobno.uz
Rubina
bilan bog‘liq mojaro yozuvchining ommaviy nutqida adovat badiiy ifoda
chegarasidan chiqib, jamiyat kayfiyatiga ta’sir ko‘rsata boshlashining yorqin
misolidir. Bunda, u turli
nutq usullarini qo‘llashda namoyon bo‘lgan - kamsituvchi iboralardan tortib, zo‘ravonlik va urushni targ‘ib qilishgacha,
shuningdek, boshqa madaniyatga nisbatan umumlashtirish va qoliplashtirishga
moyillikda yaqqol ko‘ringan.
Joan Rouling va Salmon Rushdiy
Eslatib o‘tamiz, Joan Rouling
koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan paytda mazmun jihatidan shunga o‘xshash,
lekin ahamiyati bo‘yicha umuman boshqa mojaro markazida qolgan edi.
2020-yilda “Garri Potter” muallifi bir maqola sarlavhasini qayta ulashdi. Unda
ayollar, qizlar va “gender-nobinar shaxslar” uchun “hayz ko‘ruvchi odamlar”
degan umumiy inklyuziv atama ishlatilgan edi.
Rouling
o‘zining Twitter sahifasida nashrning majoziy tilini mazax qilishga urindi:
“Ishonchim komilki, ilgari bu toifadagi odamlarni ifodalash uchun qandaydir so‘z bo‘lgan. Iltimos, menga shu so‘zni eslatib yuboringlar. Ular ayollarmi yoki…?” (Asl matnda shunday yozilgan: “People who menstruate.” I’m sure there used to be a word for those people. Someone help me out. Wumben? Wimpund? Woomud? ").
Uning
tviti LGBTQ faollari, kitobxonlar va hatto Garri Potter filmlari turkumida bosh
rollarni ijro etgan aktyorlar tomonidan ham transfobiyada ayblash to‘lqinini keltirib
chiqardi.
Yozuvchining o‘zi bunga javoban o‘z
nuqtai nazarini tushuntiradigan batafsil esseni e’lon qildi. U feminizm
masalasida biologik jinsning ahamiyati muhimligini ta’kidlagan, transgender odamlarning
mavjudlik huquqini ham inkor etmagan, biroq jinslar o‘rtasidagi farqlar
yo‘qolishidan xavotirda. Rasman Roulingning javobida haqoratlar yo‘q, ammo
kinoyali ohanglar va keltirilgan dalillar uning pozitsiyasini passiv-tajovuzkor
deb talqin qilishga asos beradi.
Rouling
muxlislarining bir qismi uni boykot qilishga chaqirdi, shu bilan birga yozuvchini qo‘llab-quvvatlovchilar
jamoasi ham kuchaydi. Bu voqea shuni yaqqol ko‘rsatadiki, muallifning
ommaviy fikrlari uning asarlariga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishi
mumkin - hatto nashr etilganidan o‘n yillar o‘tsa ham.
2024-yilda
yana bir britaniyalik yozuvchi Salmon Rushdiy uni Rubina mojarosiga g‘alati
tarzda yaqinlashtiradigan shov-shuvli hodisa markaziga tushdi. Berlindagi RBB radiostansiyasiga
bergan intervyusida Rushdi G‘arb universitetlari hududlarini qamrab olgan
G‘azoni qo‘llab-quvvatlash namoyishlariga shunday izoh berdi:
“Mening fikrimcha, bugungi kunda har bir inson G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar, u yerda halok bo‘lgan begunoh odamlar soni haqida qayg‘urishi kerak. Shu bilan birga, ba’zi namoyishchilar vaqti-vaqti bilan HAMASni ham eslab turishlarini istardim, chunki hammasi aynan ulardan boshlangan. HAMAS - terroristik tashkilot. Yosh taraqqiyparvar talaba faollarining fashist terrorchi guruhini qo‘llab-quvvatlayotgani g‘alati.”
Salmon Rushdiy suiqasddan omon qolgan va 2022-yilda ko‘zidan ayrilishiga oz qolgan. Foto: Wikimedia Commons.
Aytgancha, Rushdiyning radikal
fundamentalizmga qarshi alohida munosabati bor. 1988-yilda Rushdiyning “Shayton
oyatlari” romani nashr etilganidan so‘ng, oyatulloh Ruhulloh Humayniy yozuvchiga
maxsus fatvoda la’nat o‘qigan. Bu romanda Qur’on va uning Muhammad payg‘ambarga
nozil bo‘lish tarixi musulmonlarni haqoratlaydigan darajada talqin qilingan. Shundan
so‘ng, Eron rasmiylari Rushdiyning kallasi uchun 6 million dollar mukofot e’lon qilgan
va 2005-yilda oyatulloh Ali Xomanaiy fatvoning amal qilishini tasdiqlab,
Rushdiyni o‘ldirish savobli ish ekanligini ta’kidlagan.
Agar
Rushdiy misolida dunyoviy va diniy qarashlar o‘rtasidagi ziddiyat haqida so‘z
borsa, Zahar Prilepinning misoli yozuvchi shaxsiyatining faol radikal harakatga
tizimli o‘zgarishini ko‘rsatadi.
Zahar Prilepin mojarosi
Adabiy
faoliyatini o‘tkir ijtimoiy nasr muallifi sifatida boshlagan (uning “Gunoh” va
“Sankya” romanlari shaxsiyat inqirozi va jamiyat tubidagi hayot tajribasini
tadqiq qiladi) Prilepin
2010-yillarga kelib rus tilida yozadigan eng mashhur yozuvchilardan biriga
aylandi. 2016-2017-yillarda Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari
uni yilning eng yaxshi yozuvchisi deb e’tirof etdi va 2019-yilda Colta nashri
so‘rovi natijalariga ko‘ra, u o‘n yillikning eng ta’sirli muallifi deb topildi.
Prilepinning
ijtimoiy mavqei asta-sekin siyosiy tus ola boshladi - ashaddiy milliy bolshevik sifatida u
2014-yilda Qrim bosib olinishiga qadar o‘z qarashlarini bir necha bor o‘zgartirdi.
O‘sha davrda Prilepin shov-shuvli publitsist sifatida ham tanilgan edi -
2012-yilda u tanqidchilarning fikricha, antisemitik va ksenofobik qarashlarni aks
ettiruvchi “O‘rtoq Stalinga maktub” nomli esse-pamfletni yozdi.
Prilepin
nafaqat adovat va zo‘ravonlikni omma oldida
targ‘ib qiladigan, balki unda o‘zi bevosita ishtirok etadigan
yozuvchining hozirgi davr uchun kamdan-kam uchraydigan namunasidir. 2010-yillarning
o‘rtalarida u Ukraina sharqidagi qurolli mojaroning va 2022-yil fevralida
Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining faol ishtirokchisiga aylandi. 2019-yil
avgust oyida u jurnalist va bloger Aleksey Pivovarovga Donbassdagi jangovar
harakatlarda ishtirok etishning shaxsiy tajribasi haqida so‘zlab berdi:
“Men hamma narsani to‘g‘ri qilayotganimni bilaman. Albatta, vijdon qiynaydi. Bu vijdon azobi bilan kelgusida qanday yashashimni ham o‘ylab qolaman. Nima deyishmasin, men katta miqdorda odamlarni o‘ldirgan jangovar bo‘linmani boshqarganman. Buni yaxshi bilaman va keyinchalik bu bilan qanday yashayman?.. Bu odamlar shunchaki o‘lib ketdi va yerning ostida yotibdi. Ular juda ko‘p edi... Biz qilgan barcha ishlar – qonunga zid bolib, ko‘nglimizga nima kelsa shuni qildik.”
Zaxar Prilepin Ukraina sharqida. Foto: zaharprilepin.ru
Yozuvchilar alohida ramziy mavqega ega
shaxslardir. Ularning so‘zlari nafaqat shaxsiy fikr, balki chuqur o‘ylangan
intellektual bayonot sifatida qabul qilinadi - bu ularning har qanday ommaviy
chiqishiga alohida vazn beradi. Shu bilan birga, madaniyatda ikki ma’noli va
noaniq narsalar maydoni boshqa sohalarga qaraganda kengroq bo‘lgani uchun
yozuvchilar siyosatchilar yoki shou-biznes yulduzlariga nisbatan kamroq rad
etiladi.
Hayot shuni ko‘rsatadiki, nafrat
nutqi qurolga aylangach, yozuvchi kuzatuvchi bo‘lishdan to‘xtaydi va ixtiyoriy
yoki ixtiyorsiz ravishda mojaroda qaysidir tarafni tanlaydi. Bu madaniy va qadriyatli ikkilanishni keltirib
chiqaradi: agar muallifning ijodi zo‘ravonlik va nafrat bilan bevosita bog‘liq
bo‘lsa, uni ijtimoiy pozitsiyasidan ajratish kerakmi?